Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali bilan suhbat
– Muqaddas narsalar hamisha muhofazaga, himoyaga muhtoj boʻladi. Chunki ezgulikning dushmani koʻp. Gʻanimning koʻpligi, xavfning koʻlami esa EZGULIKning bahosini belgilaydi. Shu maʼnoda Vatan va uning hurriyati hamisha himoyaga muhtojdir.
Siz ijodingizda, xususan, tarixiy esselaringizda, sheʼriy roman va dostonlaringizda, tarixiy romanlaringizda Vatan tushunchasining naqadar ulugʻligi, hurriyat esa inson uchun nafas yangligʻ ehtiyoj ekani haqida yozgansiz. Ehtimol, sizni qalam olishga undagan ijtimoiy-tarixiy shart-sharoitlar bugun oʻzgargandir, biroq bu tushunchalarni sharh etmoq, yozmoq va yetkazmoq ehtiyoji hamon dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq. Ayniqsa, bugungi tezkor, shu bilan birga gʻarazli axborotlar oqimi tinim bilmayotgan zamonda millat oydinlari zimmasidagi yuk yanada vazminlashmoqda. Sizningcha, ziyolilarimiz bu masʼuliyatni qanchalik his etayaptilar?
– Albatta, meni qalamga olishga undagan ijtimoiy-tarixiy sharoitlar bugun oʻzgargan. Avval mustamlakada edik, bugun, Xudoga shukur, mustaqilmiz. Mazkur tushunchalarni sharh etmoq dolzarbligi ham haqiqat. Lekin haqiqiy ijodkor qaysi zamonda va sharoitda boʻlmasin, uning Vatanga, xalqqa, zamonga, tarixga, ijodga oʻziga xos yondoshish yoʻli boʻladi. Bu – oʻzgarmaydigan mezon. Buni sharh etsam, misolni oʻzimdan ola qolay. Biz mustamlaka zamonda yashadik, koʻnglimizdagi niyatlarni, orzularni, maqsadlarni ochiq-oshkora aytish imkonlari boʻlmadi. Natijada fikr va gʻoyalarni imo-ishora vositalari, maʼnolarni satrlar orasiga joylash, soʻzlar orqasiga yashirish yoʻllari bilan ijod qilib keldik. Oʻquvchilarimiz aqlli, oʻqib, magʻzini chaqarlar, biz yashirgan fikrlarni uqib olarlar degan umid koʻnglimizni yoritib turgan. Ijod, xususan, adabiyotning ajoyib usullari koʻp, uquv bilan ishlatilsa, qalovini topsa qor ham yonadi, deganlaridek, juda koʻp gaplarni ayta olish, oʻquvchiga yetkazib berish mumkin. Oʻzim shunday bir mezonga amal qilishga va undan chekinmaslikka tirishib kelaman.
Mustamlaka Vatan – xalq, millat – uning tarixi – shu xalq farzandi boʻlgan, shunday sharoitga mute ijodkor… Shunday vaziyatda ijodkorning vazifasi qanday boʻlishi kerak? Ochiq kurashish xatarli. Ijodkor oʻz ijodida Vatan tarixini yoritishi, ulugʻ va fidoyi qahramonlar siymosini chizishga harakat qilishi, bu bilan oʻz oʻquvchilarini tarixga muhabbat ruhida tarbiyalashi, ularni ruhan qoʻllab-quvvatlashi, mustaqillik, hurriyat (shaxsan oʻzim oʻshanda shoʻrolar tomonidan boʻgʻma ilonday oʻrab, boʻgʻib tashlangan, nafas olishga ham qiynalayotgan Vatanimning ozod boʻlishini koʻz oldimga keltirolmas edim) mavzularida qalam tebratishi lozim, deb hisobladim. Bunga imkonni tarixdan izladim. Shu sababli Spitamen, Muqanna, sarbadorlar, oʻsha paytlar bahsli boʻlgan Amir Temur, Boborahim Mashrab, Dukchi eshon kabi tarixiy siymolarimiz haqida qalam surdim. “Qadimgi qoʻshiqlar” sheʼriy turkumini yozdim…
1967 yilda (butun dunyoda Oktyabrning 50 yilligi, Leninning 100 yilligiga tayyorgarlik sanalari edi, har bir yozilgan asarda, har bosgan qadamda, nafasda bu soʻzlar jaranglab turardi) yozilgan “Gumbazdagi nur” dostonimda xalqimizning mehnatini, uning bunyodkor, quruvchi ekanini koʻrsatmoqchi boʻldim. Vosita qilib Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi qurilishi tarixi olindi. Yoritish asnosida dostonga Amir Temur obrazi ham tabiiy ravishda kirib keldi va toʻsiqqa uchramadi. Shu bilan qahramonimiz taqdirini ham koʻrsatish imkoni yaratildi. “Tarix tilga kiradi bir kun, Buguncha men aytay bilganim” satrlari koʻp takrorlangan edi dostonda. “Yana keldim, ey Tarix bobo, Yana senga daʼvo qilurman. Oʻz haqqimni qilmoqni daʼvo, Haqiqatning yoʻli bilurman!” satrlari dostonning leytmotivini yaqqol koʻrsatib turardi. Lekin oʻz haqimizni daʼvo qilishga qoʻymasdilar. Bu paytlar tarixiy asar yozgan adib “oʻtmishni ideallashtiryapti” deb ayblanadigan, tarixni badiiy yoritish ochiqdan-ochiq qoralanadigan zamonlar edi. Oybekning “Navoiy”, keyinroq Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” tarixiy romanlari taqdirlari bunga misoldir. Akademik Ibrohim Moʻminovning “Amir Temurning Oʻrta Osiyo tarixida oʻrni va roli” risolasini ham eslab oʻtish joizdir.
Shunisi gʻaroyibki, “Sharq Yulduzi” jurnalining 1968 yil 11-sonida eʼlon qilingan “Gumbazdagi nur” dostonida Oktyabrning “o”, Leninning “l” harfi ham yoʻq ekan! Menimcha, dostonning mazmun-mohiyati, badiiy haqiqat buni talab etmagan, mezonga sigʻdirolmagan koʻrinadi. Mustaqillikka erishganimizdan keyin doston hech bir oʻzgarishsiz 7-sinf maktab darsligiga kiritildi.
Ana shu mezonga sodiqlikni mahkam tutishga harakat qilaman.
Hamma zamonlarda ham haqiqiy maʼrifatparvarlar hisoblanadigan millat ziyolilari zimmasidagi yuk yengil boʻlmagan. Lekin birov bu yukni butun vujudi bilan his qilgan, birov esa yelkasini mayishtirib oʻltirishni istamagan, birov esa Xudo bergan isteʼdodini – u xalq mulki! – qadriga yetmagan yoki anglab yeta olmagan. Hozir ham shunday. Abdulla Qahhor bir paytlar ikkita ana shunday talantning oʻz isteʼdodlarini ichib sovurganidan yozgʻirib gapirganini eshitgandik. Ziyolilarimiz, – adiblar ular eng ilgʻor qismiga kiradi, deb hisoblayman, – zimmasida katta masʼuliyat bor. Bu – millat taqdiri. Millatning kelajagi, yosh avlod tarbiyasi hamisha yodimizda turmogʻi kerak. Jamiyatimizda bunga intilish bor, lekin bu intilishlarda bizning ishtirokimiz faqat kitob chiqarish – uni birov oʻqiydimi yoʻqmi, bu bilan qiziqishimiz kam, – va uni sotish, goh-goh uchrashuvlarda qatnashishdangina iborat boʻlib qolmoqda. Adabiyot insonni tarbiyalaydigan vosita, imkon, juda katta qurol. Mustaqillik sharoitida undan foydalanish yoʻllarini hali bilmayapmiz shekilli. Yaqinda Istiqlol saroyida nazm va navo kechasini tomosha qildim. Boʻlar ekan-ku! Keyingi paytlarda ovozi sustlashgan sheʼriyatimiz yana millionlar sahnasiga qaytmoqda! Oynai jahonda sheʼriyat kechalari, adabiy uchrashuvlar million-million tomoshabinlarga namoyish etilmogʻi kerak. Maʼrifat yoyishning eng zoʻr usullaridan biri bu.
Esimda bor, bir qishloqda mehmonda edik, kechqurun soat oʻnlar chamasi edi. Uy egasiga, maktabda oʻqiydigan oʻgʻli koʻchada kim bilandir urishib-janjallashgani, militsiyaning ham yetib kelgani haqida xabar qildilar. Hamma besaranjom boʻldi. Men, ota darhol oʻrnidan turib, oʻgʻlini qutqargani oʻsha yoqqa otlansa kerak, agar taklif etsa, yoʻq demay borishim lozim, deb oʻyladim. Ammo loqayd ota mehmonlardan ham xijolat chekmadi, oʻrnidan qoʻzgʻalib ham qoʻymadi. Bamaylixotir oʻtirishda davom etarkan, gapirgan gapi hammasidan oshib tushdi: “Kerak boʻlsa, oʻzlari tarbiyalab olsin-da!..” Ota maktab oʻqituvchilarini, mahalla-koʻy, hukumat odamlarini nazarda tutmoqda edi shekilli. Asli kim tarbiyalashi kerak oʻzi?.. Maʼrifatparvarlar sanaladigan koʻpchilik adiblarimizda oʻsha masʼuliyatsiz ota kayfiyatiga moyillik, loqaydlik borligi achinarli.
– Tarix – vaqtning qoʻlida sayqallangan surat. Bu “surat” shundoqki, undan ibrat olish, oʻrganish, tinglash va xulosa chiqarish mumkin. Tarixning qimmati ham ana shunda!
Asrlar kechmishida ajdodlarimiz qanday muvaffaqiyatlarga erishgan boʻlsalar, bir-biriga tayanch boʻlgan, hayotlariga ilmu maʼrifatni shior etgan zamonlarda boʻldi. Aksincha, koʻngillardan oqibatu ofiyat koʻtarilgan, maʼrifatdan uzoqlashgan va eng asosiysi, milliy birdamlik yoʻqolgan vaqtlarda parishon holatga tushib qoldilar. Dinu diyonatdan, ilmdan, milliy his-tuygʻulardan uzoqlashish buyuk Amir Temurdek zot markazlashtirgan saltanatni ham asta-sekin yemira bordi. Yillar oʻtishi bilan taxt talashishlar, fitnalar, oʻzaro urush-janjallar yurtni parokandalikka olib keldi. Johillik shu darajaga yetdiki, qarshisida beomon dushmanni koʻrib ham ular bir-birlariga ters oʻgirilib turaverdilar. Bu holat gʻanim uchun ayni muddao boʻldi. Parokandalik bizga sal kam 130 yillik qullikni taqdim etdi.
Endilikda bu mahzun tarixga – achchiq haqiqatga – tik boqib xulosa chiqarishimiz lozim boʻladi. Nazarimda tarixni oʻrganishning eng yaxshi usullaridan biri badiiy adabiyotdir. Chunki tarixning badiiylashtirilishi yoxud adabiyotning tarixiylik kasb etishi har ikki sanʼatning ham taʼsirchanligini oshiradi. Shunday emasmi?
– Juda toʻgʻri, tarixni oʻrganishning eng yaxshi usullaridan biri badiiy adabiyot. Badiiy adabiyot hamisha oʻquvchiga maktab vazifasini oʻtab kelgan. Ayniqsa, tarixiy mavzularda yozilgan asarlar hamisha oʻquvchilar tomonidan sevib oʻqilgan. Salohiyatli va insofli adib tarixni sinchiklab oʻqib-oʻrganib, oʻtgan davr haqida asar yaratadi, bir kishi yozgan asarni oʻqib millionlarda ana shu tariximiz haqida yorqin tasavvur uygʻonadi. Adabiyot insonni oʻziga tanitadi. Tarixiy badiiy adabiyot esa, insonga ham oʻzini, ham oʻzligini tanitadi. Olis tarix. Bobolar qismati. Vatan taqdiri. Millat iztirobi. Asrlar oʻtkinchiligi. Yillar bevafoligi. Zamonning beoqibatligi… Bari, bari – adabiyot nasibasi… Badiiy tarixiy kitoblarni oʻqish insonda gʻurur hissini uygʻotadi, faxru iftixor tuygʻularini tarbiyalaydi. Mustaqillik uchun kurashgan bobolarimiz hayoti bizlarga yuksak ibratdir, yozuvchi ana shuni oʻz asarida koʻrsatib bermogʻi lozim.
Bundan ancha yillar muqaddam, 1970 yilda “Sharq Yulduzi” jurnali savoliga bergan javobimda, xalqimizning badiiy tarixini yaratishimiz kerak, degan edim. Hozir ham shu fikrdaman – xalqimizning badiiy tarixini yaratish lozim! Bu yozuvchilarimiz zimmasidagi masʼuliyatli yuklardan biri. Tarix haqida hamma yozishi kerak, deb hisoblayman. Ammo bir shart bor: bilib, oʻrganib yozish kerak. Chunki tarixiy mavzuda yozayotgan adib, shuni unutmasinki, xalq ichida, oʻquvchilar ichida undan koʻra chandon-chandon bilimli insonlar bor, ularning oldida uyalib qolmaslik kerak. Ular rasmiy tarixni yaxshi oʻrganishgan.
Tarixiy mavzuda qalam tebratmoq uchun ijodkor ikki karra yozuvchi boʻlmogʻi lozim! Yozuvchilikdan tashqari unga olimlik, ilmiy mushohada, tarixiy faktlarni topa bilish, ulardan asar bosh gʻoyasi talab etganlarini umumlashtirib xulosa chiqara olish va barini badiiy haqiqatga boʻysundirish qobiliyati zarur boʻladi. Notoʻgʻri bir tushuncha hukmronki, tarixiy asarda tarixiy voqealar yoritilishi kerak degan. Yoʻq, tarixiy asarda ham, haqiqiy romanlardagidek, Inson va uning qalbi ochib berilishi kerak. Soddaroq taʼriflasak, tibbiyot Inson sogʻligi-sihhati haqidagi fan, anatomiya-fiziologiya Inson vujudi toʻgʻrisidagi fan boʻlsa, adabiyot – Inson qalbi haqidagi fan, demak badiiy adabiyot – inson qalbining ifodasi boʻlishi lozim.
– Muhammad Ali aka, endi sheʼriyat haqida gaplashsak. Zero, oʻtgan yillar davomida oʻnlab sheʼriy kitoblaringiz nashr etildi. Sheʼr – behalovat kechinmalar toʻlqini. Toʻgʻrirogʻi, haqiqiy sheʼr bedorlikka daʼvat, behalovat ruh inshosidir. Undagi “bedorlik” – inson qalbidagi kechinmalar poʻrtanasi, oʻz davri ruhidagi ogʻriqlar, achchiq haqiqatlar… Sheʼriyatning jozibasi – shu! Ana shu mezonlardan kelib chiqsak, bugungi zamonaviy oʻzbek sheʼriyati haqida nimalar deyish mumkin?
– Sheʼriyatimizda yaxshi izlanishlar jarayoni ketmoqda. Har bir sheʼr goʻzallikning namunasiga aylansa, uning zaminida albatta katta ijtimoiy, insoniy yuk yotgan boʻladi. “Modern” degan tushunchalar kirib keldi, ham sheʼriyatda, ham nasrda ularning yaxshi namunalari yaratilmoqda. “Modern” kerakmi, yoʻqmi, degan bahslarni ortiqcha hisoblagan holda, aytmoqchimanki, bizga izlanishlar kerak, modern esa izlanishlar mahsulidir. Oʻquvchi koʻpincha qofiyasi boʻlmaydigan, oq sheʼrda yozilgan modern sheʼrlarni oʻqib, zavqlanib, maqtanib birovga oʻqib berish uchun koʻtarib yurmasa ham, harqalay, ulardagi gʻalatilikka, gʻayritabiiylikka, “sheʼriyat” deb oʻrgangan tushunchaga uncha toʻgʻri kelmaydigan yondoshuvlarga, kutilmagan tasvirlarga, koʻz koʻrmagan yangicha tashbehlarga boqib hayratlanadi. Baʼzan, sheʼr ayni oʻsha “gʻalati” tuyulish uchungina yozilganga oʻxshab ketadi. Ustiga ustak, ularni tushunish ham murakkabroq kechadi. Oʻzimning ham bir-ikkita oq sheʼrdagi mashqlarimni eslayman. Umuman olganda, oq sheʼrning oʻziga xos ohanrabosi bor.
Ammo ayrim oq sheʼrlarni oʻqib, “oq” qilingan sheʼrlar, deging keladi. Ularda qofiya, musiqa, ritm yoʻqligidan tashqari fikr ham koʻrinmaydi, qup-quruq soʻz tizmasi xolos. Asli oq sheʼr dramaturgiyada qoʻllangan, undan Vilyam Shekspir oʻz fojealarida maromiga yetkazib foydalangan. Chunki oq sheʼr soʻzlashuv, sahna tiliga mos, dialoglarda qoʻl keladi. Rus sheʼriyatida M. Yu. Lermontovning “Podsho Ivan Vasilyevich va navjuvon jasur savdogar Kalashnikov haqida qissa” asari oq sheʼrning yuksak namunasi darajasiga koʻtarilgan. Oʻzbek adabiyotida Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulugʻbek” tragediyasi bunga misol boʻla oladi. Uolt Uitmenning sheʼrlari chinakam “modern” namunasi, ammo ularni tushunish qiyin emas. Ular ham qofiyasiz, biroq bunga ehtiyoj ham yoʻq, aksincha, qofiya xalal bergan boʻlardi. Uitmenda kuchli ehtiros, zavq, olmosday favqulodda fikrlar sheʼrni tutib turadi, shuurni nurlantiradi. Ayni paytda yigirmanchi asrning eng modern shoirlaridan biri Vladimir Mayakovskiy oʻz ijodida qofiyaga alohida urgʻu berar, uning xilma-xil, murakkab (masalan, “do sta rasti, nam bez starosti”) shakllarini izlab topardi.
Sheʼriyat – nafosat, nafislik, musiqa, ravon ohanglar deganini unutmaslik kerak. Modern sheʼrlarni yozish istagi shoirlarda, baʼzan Abdulhamid Choʻlpon aytmoqchi “bir xillik”dan qochish istagidan ham tugʻiladi, deyish mumkin. Lekin qanday boʻlganda ham, ijodkor oʻz asarini oʻzi uchun emas, birinchi galda oʻquvchi uchun yozadi, soʻzi, fikri uning qalb-qalbiga yetib borishini istaydi. Qoʻlga qalam olar ekan, asari oʻquvchiga yetib borsin, javonda qolib ketmasin.
Tabiiyki, sheʼr yozguvchilar koʻp, mustaqil zamonamiz barchaga ham qalam tutqazib, ilhomlar berib, oʻz koʻngil xohishu mayllarini qogʻozga tushirish imkonlarini yaratdi. Lekin, hozir adabiyotimizda negadir oʻtgan asrning oʻttizinchi, oltmishinchi, yetmishinchi yillariga oʻxshagan kuchli talantlarning guldasta boʻlib otilib chiqishi kuzatilmaydi, yoshlarda dadillik yetishmayli. Nazarimda, ozodlikka erishgan yurtning ijodkorlari, bu bemisl neʼmatdan hayratga tushdilar, hech qachon amalga oshmaydigan boʻlib tuyulgan ozodlik nashidasi nashu namosi ularni lol qilib qoʻydi… Bu jaʼmi ijodkorlarni chuqur oʻylashga daʼvat etmoqda. Ozodlik, hur mamlakat, buyuk tarix, qutlugʻ kelajak, millatimiz tarixida yuz berayotgan uchinchi renessans – bularning bari haqida adabiyotimizni boyitadigan oʻtli sheʼrlar, dostonlar, romanlar boshqa badiiy asarlar yozilishiga shubha yoʻq.
Bizlar, bizning avlodimiz qanday sharoitlarda ijod qilgan edi? Yuqorida aytib oʻtdim, bizlarga ozodlik, mustaqillik uzoq xayol boʻlib koʻrinardi. Shu sababdan, oʻz asarlarimizda koʻngildagi pinhon qutlugʻ niyatlarni aks ettirishga tirishardik. Lekin bizlarda ham sheʼrni anglashda murakkabliklar bor edi. Yana misolni oʻzimdan olsam. “Bahor kelganda” nomli sheʼrim bor, 1968 yilda yozilgan. Sheʼr bir qarashda, tabiat haqida. Bahor, togʻlar, lolaga boʻyalgan dalalar, yuzlarni siypalab oʻtayotgan shamol va hokazo. Goʻyo sheʼr umumiy bahor manzarasi tasviriga bagʻishlangandek. Sheʼrda osmonni taʼriflagan shunday satrlar bor:
Men bahor kelganda
Osmonga boqaman.
Osmonning koʻksiga
Yulduzlar taqaman.
Garchi keng, garchi sof
Ul osmon, ul falak,
Lekin ul ostida
Yer yotar jonhalak.
Maysalar oʻsadir,
Suyumli maysalar,
Barglarin, boʻylarin
Olamga yoysalar…
Maysalar niyati
Ulugʻdir, ey Osmon!
Sen ular tuprogʻin
Hibs etding begumon!
Maysalar oʻsadir
Seni-da yiqay deb!
Moviy yuksaklarga
Men ham bir chiqay, deb!
Choʻlpon sheʼriyati ohanglari shundoqqina sezilib turibdi. Kursivga olingan soʻzlarni oʻqib mulohaza qilinsa, shunday manzara namoyon boʻladi (shoir nazarida): osmon singari bepoyon boʻlgan Rossiya iskanjasida Yer (Oʻzbekiston) oʻzini jonhalak his etadi. Bunda maysalar (yosh oʻgʻlonlar) oʻsayotir. Ularning niyati ulugʻ: sen ular tuprogʻi(Vatani)ni bosib olding. Ular seni yiqitaman, deb voyaga yetmoqda, yuksaklarga chiqib, men ham ozodlik havosidan nafas olsam demoqda…
Sheʼriyatni nozik tushunadigan doʻstim, zukko olim Begali Qosimov bu sheʼrni oʻqib, hazillashib: “Agar boshqa tuzum boʻlganda, siz juda katta shoir boʻlar edingiz. Qanday fikrlar aytilgan! Buni oshkora sharhlash qiyin-da!..” degandi.
– Soʻnggi yillarda adabiyotshunoslarimiz islohida “Mustaqillik davri oʻzbek adabiyoti” degan atama tez-tez takrorlanadigan boʻlib qoldi. Ayting-chi, bu adabiyot prinsiplari qanday mezonlarga asoslanmoqda? Umuman, har qanday mafkuradan, taʼbir joiz boʻlsa, taʼmadan xoli mustaqil adabiyot yarata oldikmi yoki bu yoʻldagi urinishlarimizni qanday baholash mumkin?
– Ehtimol adabiyotni oʻrganish uchun shunday atama kerak boʻlar. Ammo adabiyotni maʼlum bir davrga bogʻlab oʻrganish, sinfiylikka boʻlish, ijobiy-salbiy qahramonlar masalasi, konfliktsizlik nazariyasi va hokazolar barchasi shoʻrolar mafkurasidan kelib chiqqan tushunchalardir. Xudoga shukur, hozir bular yoʻq.
Adabiyot – uzluksiz jarayon. Yusuf Xos Hojib, undan oldinroq “Oltin yorugʻ” yodgorligidan boshlab to bugungacha adabiyot insonni, ezgulik bilan yovuzlik, oq bilan qora oʻrtasidagi ayovsiz mangulik kurashini oʻrganib, aks etdirib keldi, kelmoqda. Mezonlar ham oʻsha – chinakam adabiyot mezonlari. Agar mustaqil Vatan fuqarosining qalbini ochib beradigan, jahoniy andozalarga mos, mayli, anʼanaviy yoki modern usulida boʻlsin, yetuk badiiy asarlar yaratsak, mustaqil adabiyot degani shu boʻladi, menimcha. Bu yoʻlda katta intilishlar borligi quvonchlidir.
– Bir vaqtlar rus adabiyoti klassiklaridan biri F. M. Dostoyevskiy shoir Pushkin dahosiga baho berib: “Rus boʻlaturib, Pushkinni anglamagan odam rus atalishiga noloyiqdir”, degan ekan. Ehtimol, bu taʼrif Dostoyevskiyning Pushkinga boʻlgan muhabbati sifatida jaranglar, ammo haqiqati shuki, har bir millat milliy adabiyoti va sanʼatini oʻrganishi, jillaqursa sevishi va hurmat qilishi lozimdir. Shu maʼnoda aytish mumkinki, insoniyat badiiy tafakkurining eng yuksak choʻqqilarini zabt etgan mumtoz adabiyotimiz vakillarining ijodini oʻrganish, tadqiq etish va ulgʻayib kelayotgan avlodlarga yetkazish zaruratini ham unutmasligimiz kerak. Biz bugun ana shu zaruratni qanchalik his etyapmiz?
– Juda ham oʻrinli savol berdingiz. Adabiyotni oʻrganish masalasini oʻrtaga qoʻyayotirsiz. Yana ham aniqlashtirsak – mutolaa masalasi sizni bezovta qilmoqda. Ulugʻ ajdodlarimiz ijodlarini tadqiq-u targʻib etish, avlodlarga yetkazish haqida soʻz yuritmoqdasiz.
Ayrim qalamkashlar, men oʻquvchimasman, yozuvchiman, degan chukcha latifasi qahramoniga oʻxshab ketadilar. Ha, hamma yozmoqda, oʻquvchi yoʻq. Afsuski, yozuvchilarning koʻpi oʻqimaydi. Bu juda achinarli hol. Yozuvchi biron mavzuda qalam tebratar ekan, loaqal shu mavzuda bitilgan asarlarni oʻqib qoʻyishi joiz. Toki maʼlum narsalarni takrorlab oʻtirmasin. Hatto oʻqimaganlik oqibatida Yozuvchilar uyushmasidagi muhokamalardan birida qaysidir bir asardagi toʻqima obraz ikkinchi bir asarga tarixiy shaxs(!) boʻlib kirib ketgani maʼlum boʻldi. Buni qanday izohlashga ham hayronsan kishi.
Hali ichimizda, kam oʻqiganimizdan albatta, oʻzbek adabiyotining butun boʻy-basti bilan tasavvur eta olmaydiganlar ham bor. Bir payt Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida oʻttiz jilddan iborat “Oʻzbek adabiyoti boʻstoni” seriyasi nashri boshlangan edi. Afsuski, obʼyektiv sabablarga koʻra nashr oxiriga yetkazilmadi. Hozir shunday nashrni amalga oshirish fursati keldi. Oʻzbekiston televideniyesi va radiosida doimiy ravishda mumtoz shoirlarimiz ijodiga bagʻishlab turkum koʻrsatuvlar, eshittirishlar tashkil etish joiz.
Mutolaa haqida gapirganda, Lev Tolstoyni eslagim keladi. Dunyo adabiyotining buyuk zahmatkashlaridan biri Lev Tolstoy vaqtdan unumli foydalangan, yozgan-chizgan, mutolaalar qilgan. Yetmish besh yoshli adib 1903 yilda betob boʻlib yotib qoladi. Ijodiy ish qilish imkoni boʻlmaganidan toʻshakda yotar ekan, har kuni ulugʻ mutafakkirlarning kitoblaridan oʻqib, erinmay taʼsirlangan fikrlarni yigʻib boradi. Natijada “Donishmand kishilarning fikrlari” kitobi dunyoga keladi va u 1903 yilda bosilib chiqadi. Unda Diogen, Mark Avreliy, Suqrot, Konfutsiy, Budda, Aristotel, Russo, Kant, Shiller, Volter, Dostoyevskiy va boshqalarning dono fikrlari bor. Har kungi sahifada bir yo ikki shunday fikr berilgan. “Oʻzimdan bilaman, – deb yozgan edi u xatlaridan birida, – Suqrot, Epiktet… lar kabi siymolar bilan hamsuhbat boʻlish kishiga qanchalar kuch, osoyishtalik baxsh etadi, bu tole siylovidir…” Lev Tolstoyday ulugʻ yozuvchi mutolaadan ana shunday rohatlanar edi.
Mutolaa fikrni charxlab, ishlashga majbur etadi. Ijodkorda fikr hamisha oʻsmogʻi, harakatda boʻlmogʻi kerak. Usmon Nosir bir sheʼrida: “Fikr – bola, bola oʻsuvchan” degan soʻzlarni bejiz ishlatgan emas.
– Oʻtgan asr tongida buyuk Choʻlpon maqolalaridan birida zamon odamlariga xitob qilgan edi: “Ovroʻponing moʻdasi, shishasi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan, asir, qul qiladur”. Ming vahki, bu “moʻda”dan qochib qutulolmadik, “shishasi” ham qadahlari bilan jaranglab kirib keldi. “Buzuq axloqi” esa tungi oshxonalar, jin koʻchalaru sokin xiyobonlarni oʻziniki qilib oldi.
Darhaqiqat, yaltiroq shiorlar va oʻziga xos demokratiya niqobi bilan kirib kelyotgan bu “madaniyat”larga qarshi kurashishning yagona yoʻli – ilm va maʼrifat. Menimcha, kurashish, qarshi turish zarurati bugun har qachongidan ham dolzarb masalaga aylandi…
– Ilk marta bundan oʻn toʻqqiz yil avval Amerika Qoʻshma Shtatlariga borganimda, taajjublanadigan narsalar koʻp ekan, shulardan biri – qizlarning koʻkrakdan past – beli-qornini ochib yurganlarini koʻrib hayron qolgandim. Ichimda, xayriyat, bizda bunday emas, deb quvongandim. Afsuski, besh yildan keyin oʻzimizning Toshkentda ham qizlarning oʻshandoq kiyinganlari guvohi boʻldim. Bu faqat birginasi. Qizlar orasida chekish, ichish urf boʻlib boryapti, koʻplari “tungi kapalaklar”ga aylanib ketyapti. Juda xunuk narsalar…
Fikrimcha, tungi oshxonalar, klublar faoliyatini yaxshi oʻrganib chiqib, izga solish zarur. Yaxshi soʻz bilan, qonun talabi bilan. Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi munosib qonunlar ishlab chiqishi kerak. Yurtimizda ochilayotgan xorijiy tashkilotlar boʻlimlari faoliyati ham nazardan chetda qolmasligi shart. Tan olishga majburmiz, xorijdan kelayotganlarning oʻndan toʻqqizi mutlaqo boshqa, millatimizga, bizning manfaatlarimizga zid niyatlar bilan keladi, deyish mumkin. Bu – aksioma. Oʻzlarida boʻlmagan demokratiyani bizlarga olib kelib tiqishtirishga urinish hollari yuz bermoqda. Keyingi paytlarda huquq-tartibot organlarining hushyorligi natijasida gʻarb mamlakatlariga tegishli har xil demokratik balandparvoz nomlar bidan ataladigan ancha-muncha idoralarning eshiklari yopilib ketgani buning isbotidir.
Oʻtgan asr boshlarida ulugʻ shoirimizning qilgan bashorati nechogʻlik haq boʻlib chiqmoqda. Bunga qarshi albatta kurashish kerak. Lekin bir kishi emas, butun jamoatchilik bel bogʻlashi lozim. Kurash davlat siyosati darajasida olib borilishi kerak.
– Soʻnggi yillarda matbuot sahifalarida kam koʻrinayotgandaysiz. Bu “jimlik”ni qanday tushunaylik? Ijodiy rejalar haqida soʻrasam maylimi?
– Toʻgʻri aytasiz, kam koʻrinayapman. Balki bu “faqir kishi – panada” degan maqolni yaxshi koʻrganimdan boʻlsa kerak. Tez-tez koʻrinish shart emas, deb hisoblayman. Amir Temur mavzuiga bagʻishlangan publitsistik maqolalar yozyapman, matbuotda chiqib turibdi.
Xabaringiz bor, “Ulugʻ saltanat” tetralogiyasi ustida ish davom etmoqda. Uchta kitob nashr qilinib, oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi. Xudoga shukur, yaxshi kutib olishyapti, oʻqishyapti. Matbuotda taqrizlar eʼlon qilinyapti. Shu kunlarda toʻrtinchi kitob – “Shohrux Mirzo” romanini qogʻozga tushirish bilan qattiq bandman. “Jimlik” deganda siz albatta keyingi paytlarda sheʼrlar yozmayotganimni, aniqrogʻi, sheʼrlar eʼlon qilmayotganimni nazarda tutdingiz shekilli. Albatta¸ sheʼrlar eʼlon qilib oʻquvchi bilan diydorlashib turish kerak. Uchrashuvlarda oʻquvchilardan ham shunday talablarni eshitaman. Bir dasta sheʼrlarimning chiqqaniga ham sal kam uch yil boʻlibdi. Bu – kamchiligim. Shunisi qiziqki, yozgan sheʼrlaring tobora oʻzingga yoqmay borar ekan. Hatto birovga oʻqib berging ham kelmay qoladi. Taniqli shoirlarimizdan biri yaqinda bunday dedi: “Bizning vaqtimizda, ajabo, bir joyda sheʼr eʼlon qilinsa, falonchining sheʼri chiqibdi, zoʻr yozibdi! – deb ovozalar tarqalardi. Oʻshani qidirib topguncha tinchimasdik. Hozir har qanday zoʻr sheʼr yaratsang ham, birov oʻqib hayron qolmaydi…”
Ha, sheʼrlarni moʻjizaday fahmlab hayratlanish davrlari oʻtdi shekilli.
Sheʼrlar yozishdan tinganim yoʻq. Yozmay boʻladimi? Izlanganim sari bir fikrga kelaman: “Sheʼr – bu aql emas, sheʼr hissiyot ham emas, sheʼr – bu, aql bilan his-tuygʻuning birlashuvidan iborat tafakkurdir.”
Koʻp ishlash, oʻqish kerak.
Suhbatdosh: Alisher NAZAR
“Yoshlik”, 2011 yil, 7-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/umid-konglimizni-yoritib-tursin/