UMAVIYLAR MASJIDI, Katta masjid — Suriya (Damashq)dagi oʻrta asr arab yirik meʼmoriy yodgorligi. AlValid hukmronligi davrida Yupiter ibodatxonasi masjidga moslashtirilib qayta qurilgan (705—715). Umaviylar masjidi koʻp ustunli jozibador shaklda boʻlib, meʼmoriy bezakka ega dastlabki yodgorliklardan.
Masjid keng maydon (385×305) oʻrtasida joylashgan, atrofini bozorlar egallagan. Hovli sahnining 4 burchagiga minora oʻrnatilgan (ulardan faqat shim. sharqiy qismidagisi saqlangan). Tashqi devori bal. 14 m ga yaqin. Bosh tarzi devorlari oraligʻiga ustungoʻsha (pilyastra)lar ishlangan. 2 darvoza jez bilan qoplangan. Masjid hovlisi 3 tomondan galereyali peshayvon bilan oʻralgan. Jan. dan xonaqoh (132×37 m) tutashgan. Mil. 1-a. dagi bazilika xonaqoh uchun moslashtirilgan. Bosh tarzi 3 nef (ravoq)li, har bir nef bal. 15 m, ulardagi ravok^ar qator qilib terilgan marmar ustunlarga tayangan. Tepasidagi mayda ravoqchalar bezak sifatida qoʻllanilgan. Tomi 2 nishabli, toʻsinli. Ustunlar asosi marmardan, kallagiga tilla hal yurgizilgan. Devorlari va shipiga koshinkori naqshlar b-n bogʻ va saroylar tasviri tushirilgan. Umaviylar masjidi yongʻindan keyin qayta qurilgan (1893). Jan. sharqiy burchagiga minora oʻrnatilgan (1340), jan. gʻarbidagi minora tepasiga qafasa ishlangan (1488). Hovlida tomi gumbazli, 8 qirrali, ustunli 3 ta koʻshk oʻrnatilgan, gʻarbida xazinaxona (778), markazida hovuz saklangan. Umaviylar masjidi keyingi davr Suriya va b. mamlakatlar meʼmoriy rivojiga taʼsir koʻrsatgan yodgorliklardan.