Bobur tugʻilganida otasi Umarshayx Mirzo farzandiga nom qoʻyishni oʻz davrining murshidi komili Xoja Ahrordan iltimos qilgan. Buyuk avliyo goʻdakka Zahiriddin deb nom qoʻyish barobarida bir ilohiy nafas ham qilgan boʻlsa kerakki, u keyinchalik buyuk saltanatga asos solgan ulugʻ shoh, mohir sarkarda, zabardast shoir boʻlib yetishdi.
Bobur xonadoni naqshbandiya pirlariga hamisha ixlos-eʼtiqod koʻrsatib kelgan. Xoja Ahror Boburga nom qoʻygan boʻlsa, uning xalfasi Mavlono Muhammad Qozi bu xonadonning piri edi. Bu najib insonning Boburga taʼsiri katta boʻlgan, unga oʻzining qimmatli maslahatlarini berib turgan. Bobur birinchi marta Samarqandni olganida Ahmad Tanbal va Uzun Hasanlar Andijonda fitna koʻtarib, uning ustozi va tarafdori boʻlgan “Xojai Mavlonoi Qozini ark darvozasida osib shahid qildilar”. Keyinchalik Bobur Mavlono Qozining jiyani va xalfasi, “naqshbandiya tariqatining balandparvoz shahbozi” Maxdumi Aʼzamni oʻziga pir tutib, unga muridlik izhor qilgani maʼlum. Bobur olis Hindistonda turib ham u bilan yozishmalar olib borgan. Hasanxoja Nisoriyning yozishicha: “Podshohning naqshbandiya oliy xonadoniga irodat nisbati bor edi. Yuksak shon-shavkatli bobosi va saltanat nishonli otasining Hazrat Xoja Ahrorga irodati boʻlgan Bobur podshoh ham bu ulugʻlar xonadoniga nisbatan izzat-ikromni soatma-soat oshirar va biror daqiqa bu ishni kanda qilib, gʻaflatda qolmas edi. Barcha darveshlarga lutf eshigini ochib, niyozmandlik yumushini bajo keltirardi. Hazrat Maxdumiy mullo Xojagiy Kosoniyga bir boʻlak oltin quymasini niyoz tariqasida yuborib, yonida oʻzining ushbu qitʼasini ham shohid qilgandi:
Dar havoi nafsi gumroh umr
zoyeʼ kardayem,
Peshi ahlulloh az atvori
xud sharmandayem.
Yak nazar afkan ba soʻi mo,
ki az rohi vafo
Xojagiro mondayem,
xojagiro bandayem.
Mazmuni: “Gumroh nafs koʻyida umrimizni zoye qildik. Buning uchun Ollohning xos bandalari oldida uyatlimiz. Biz tomonga bir nazar sol: vafo yoʻlida xojalikni tashlab, Xojalikka bandamiz”.
Maʼlumki, Maxdumi Aʼzam tariqati xojagiy – xojalik deb ham atalgan. Bobur shundan foydalanib, soʻz oʻyini qilgan: Olloh oldida hammaning qulligini anglab, birovlar ustidan xoʻjayinlik – xojalik qilishni tashlaganmiz, lekin xojalar tariqatiga qullikni boʻynimizga olganmiz.
Ayon boʻladiki, Boburning oʻzi ham naqshbandiya tariqatida boʻlgan.
Maxdumi Aʼzam Boburning maktubiga javob tariqasida hamda Xoja Ahrorning “Risolai volidiya”si tarjimasiga bagʻishlab “Risolai Boburiya”ni yozgan.
Bobur husayniya-ishqiya tariqati piri sifatida tanilgan Shayx Husayn Xorazmiyning haj niyatida Makka va Madinaga safar qilish xabarini eshitgach, unga shohona tuhfalar bilan maktub yoʻllab, Hindiston orqali oʻtishni soʻraydi. Lekin uning bu orzusi amalga oshmagan koʻrinadi.
Bobur Xoja Ahrorni bir umr oʻziga pir sanab, muridlik muhabbati va sadoqatini saqlab kelgan. Xususan, mushkul vaziyatlarga tushib qolgan damlarda u buyuk pirning muborak ruhidan madad soʻragan va oʻz navbatida, bu valiy inson ham oʻz duojoʻyini hamisha qoʻllagan. “Boburnoma”ning guvohlik berishicha, Xoja Ahror ruhi Boburni uch ogʻir vaziyatda qoʻllaydi:
Bobur Samarqandni ikkinchi marta olish uchun qoʻshin tortib kelganida shaharning Sulton Ali Mirzo tomonidan Shayboniyxonga topshirilganligini eshitadi. Lekin Samarqandni qoʻlga kiritishdan umidini uzolmay shahar atrofida aylanib yuradi. “Oʻshal fursatta ajab tush koʻrdum, – deb eslaydi Bobur. – Tush koʻrarmankim, hazrati Xoja Ubaydulloh kelmishlar, men istiqbollariga chiqmishmen. Xoja kelib oʻlturdilar. Xojaning oligʻa, gʻolibo, betakallufroq dastorxon solmishlar. Bu jihattin Hazrat xotirigʻa nima kelmish. Mullo Bobo mening sari boqib, ishorat qiladur. Men ham imo bila dedimkim, mendin emastur. Dastorxon solgʻuchi taqsir qilibtur. Xoja fahm qilib, bu uzr masmuʼ tushti. Qoʻptilar. Uzata chiqtim. Ushbu uyning dolonida oʻng qoʻlumdin yo soʻl qoʻlumdin tutub, andoq koʻtardilarkim, bir oyogʻim yerdin qoʻpti. Turkiy dedilarkim: “Shayx maslahat berdi”. Oʻshul necha kunda-oʻq Samarqandni oldim”. Bu – buyuk pirning birinchi madadi edi. Oʻshanda Bobur “yaxshi-yamon ikki yuz qirq kishi”si bilan temuriylar poytaxtini qoʻlga kiritadi.
Keyingi gal Xoja Ahror ruhi Boburni muqarrar oʻlimdan saqlab qoladi. Bu quyidagicha sodir boʻladi: Ahmad Tanbal isyoni tufayli Andijon ikkinchi bor boy berilgach, Bobur sakkiz navkari bilan qurshovdan qochib chiqadi. Uni taʼqib qilishadi. Qattiq toʻqnashuv boʻlib, Mirzaquli Koʻkaldoshdan boʻlak barcha hamrohlaridan ajraladi. Yoʻlda Mirzaqulining ham oti yurolmay, Bobur yolgʻiz qoladi. Banda Ali bilan Bobo Sayromiy degan kishilar uning izidan tushadilar. “Ukalaringiz qoʻlga tushdi. Siz ham ortga qayting”, deyishadi. Lekin Bobur koʻnmaydi. Ulardan togʻalari boʻlmish xonlar qoshiga olib borishlarini soʻrab, katta lavozim va hadyalar vaʼda qiladi. Kelishganday boʻladilar. Baribir Bobur ularga ishonmaydi. Karnon degan joyda Boburdan xabar topib, uning Yusuf otligʻ dorugʻasi ham keladi. Uchovlari “Sizni taxtga oʻtqazadilar” degan bahona bilan uni Andijonga olib ketmoqchi boʻladilar. Bu haqda Bobur shunday yozadi:
“Olamda jon vahmidin yomonroq nima boʻlmas emish. Men dedimkim: “Rostligʻini ayt! Agar ish oʻzgacharak boʻlgʻudektur, xud vuzuʼ qilay”. Yusuf ontlar ichti vale aning ontigʻa kim inonadur. Oʻzumda betoqatligʻe fahm qildim. Qoʻptum, bogʻ goʻshasigʻa bordim. Oʻzum bilan andisha qildim. Dedimkim, kishi agar yuz, ming yashasa, oxir oʻlmak kerak…
Oʻzumni oʻlumga qaror berdim. Oʻshal bogʻda suv oqib keladur edi, vuzuʼ qildim, ikki rakʼat namoz oʻqudim, boshimni munojotqa qoʻyub, tilak tiladur edimkim, koʻzum uyqugʻa boribtur. Koʻradurmenkim, Xoja Yaʼqub – Xoja Yahyoning oʻgʻli, hazrati Xoja Ubaydullohning nabiralari roʻbaroʻyimga ablaq ot minib, koʻp jamoati ablaqsuvor bilan keldilar. Dedilarkim: “Gʻam yemangiz, Xoja Ahror meni sizga yubordilar. Dedilarkim, biz alargʻa istionat tegurub, podshohlik masnadigʻa oʻlturgʻuzubbiz. Har yerda mushkul ish tushsa, bizni nazarigʻa kelturub yod etsun, biz anda hozir boʻlurbiz. Holo ushbu fath va nusrat sizning soridur. Bosh koʻtaring, uygʻoning”.
Shu orada otlar dupuri eshitiladi va Boburning tarafdorlaridan Qutlugʻ Muhammad Barlos va Boboi Pargʻariy kelib, uni xalos qiladilar. Qizigʻi shundaki, Qutlugʻ Muhammad Barlos ham tush koʻrgan va tushida Xoja Ubaydulloh Boburning qayerda ekanligini aytib, uni olib kelishni buyurgan ekan.
Uchinchi marta Hindistonda ogʻir kasal boʻlganida Xoja Ubaydullohdan madad soʻrab, uning “Volidiya” asarini tarjima qilish orqali sihat topadi: “Hazratning ruhigʻa iltijo qilib, koʻnglumga kechurdimkim, agar bu manzum ul Hazratning maqbuli boʻlur, xud nechukkim, sohibi “Qasidai Burda”ning qasidasi maqbul tushib, oʻzi aflaj marazidin xalos boʻldi, men dogʻi bu orizadin qutulib, nazmimning qabuligʻa dalile boʻlgʻusidur. Ushbu niyat bila ramali musaddasi maxbuni arzuz va zarbgohi maxbuni mahfuz vaznidakim, mavlono Abdurahmon Jomiyning “Subha”si ham bu vazndadur, risola nazmigʻa shuruʼ qildim”. Boburning eʼtirof etishicha, har gal bunday dardga mubtalo boʻlganida kasallik oʻttiz-qirq kunga choʻzilgan. Bu gal Olloh inoyati-yu Hazratning himmati tufayli u bir haftaga qolmay oyoqqa turadi.
“Volidiya” risolasining tarjimasi sabablariga toʻxtalar ekan, Bobur Xoja Ahrorni “Xudo siridan ogoh”, “xojalar xojasi”, “Shibliy va Junayd kabi buyuk shayxlar ham unga faqat xodimlikkagina yaraydi”, “holat-u martabasi zohirdur, vasf-u taʼrifida til qosirdur” deb madh etadi.
Xalqimizda “Ixlos – xalos” degan ajoyib hikmat bor. Ota-bobolarimiz qadimdan boshlariga biror mushkulot tushganida aziz-avliyolarga sigʻinib, ular ruhidan madad soʻrab kelganlar. Zero, bunday komil insonlar Haq bilan xalq oʻrtasida vosita boʻlganlar va odamlar oʻz iltijolari ular orqali Olloh taologa yetib boradi, deb ishonganlar. Yoshligidan aziz-avliyolarga eʼtiqod, ehtirom ruhida tarbiya topgan Bobur ham ana shunday ixlos sohibi edi.
Ergash OCHILOV,
filologiya fanlari nomzodi
Manba: ishonch.uz sayti
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ulug-pirga-ixlos/