Yaqinda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Imom Termiziy xalqaro tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda taʼkidlanganidek, Islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma Abu Iso Termiziy va termiziy allomalarning merosini ilmiy asosda oʻrganish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash, ular qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yanada kuchaytirish maqsadida Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.
Imom Termiziy xalqaro markazining asosiy vazifalari etib islom dinining, Qurʼoni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, hadisshunoslik maktabining ilmiy-maʼnaviy asoslarini, Imom Termiziy hamda termiziy allomalar, yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkir zotlar merosini har tomonlama chuqur oʻrganish va keng targʻib etish; yuksak insoniy gʻoyalar va muqaddas qadriyatlarimizni oʻzida ifoda etgan manbalarni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy taʼlim, maʼnaviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlash yuzasidan doimiy ish olib borish; turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bugungi kunda ajdodlarimizning maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, ulardagi ezgu gʻoya va taʼlimotlarni keng xalq ommasiga yetkazish va shu asosda yoshlarda sogʻlom dunyoqarashni kuchaytirish, ularni azaliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash va boshqa masalalar oʻrin oldi.
Darhaqiqat, istiqlol yillarida hayotimizning turli jabhalarida tarixiy ahamiyatga molik koʻplab oʻzgarishlarning guvohi boʻldik. Ayniqsa, boy tariximiz, qimmatli maʼnaviy qadriyatlarimiz, uzoq oʻtmishda yashab olamshumul ahamiyatga ega asarlar yaratgan buyuk allomalarimizning tabarruk nomlarini tiklashdek salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Koʻhna Turonzamindan yetishib chiqqan yuzlab allomalar, ahli donishlarning muborak nomlari, ularning meroslari haqida nodir maʼlumotlarga ega boʻldik. Abu Iso at-Termiziy ana shu allomalarning peshqadamlaridan biri sanaladi.
Olimning toʻliq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhok Abu Iso as-Sullamiy az-Zariyr al-Bugʻiy at-Termiziy boʻlib, u hijriy 209 (melodiy 824) yili Termiz yaqinidagi Bugʻ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) qishlogʻida tavallud topgan. Tarixchilar uning “Bobom asli marvlik edi, u kishi Lays ibn Sayyor zamonida yashagan, soʻng u yerdan Termizga koʻchib kelgan”, – degan fikrini keltiradilar.
At-Termiziy yoshligidan oʻta tirishqoq, idrokli va zakovatli boʻlgani sababli oʻz tengdoshlari orasida ajralib turgan. Ilmga oʻta qiziqishi tufayli oʻsha davrning koʻpgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallagan. Termiz, Samarqand, Marv va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida istiqomat qilgan mashhur ulamo va muhaddislar asarlarini qunt bilan oʻrgangan. Yoshligidan ilm-fanga tashna at-Termiziy 850 yildan, yaʼni yigirma olti yoshidan boshlab uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlar va shaharlarga safar qiladi. Jumladan, u Hijozda – Makka va Madina, Iroq, Xurosonning qator shaharlarida koʻplab muhaddis, ulamolar bilan muloqotda boʻlib, ulardan taʼlim oladi, qizgʻin ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Tarixchi Shamsuddin az-Zahabiyning taʼkidlashicha, at-Termiziy Misr va Shomni shaxsan ziyorat qilmagan, shu boisdan ham bu mamlakatlar ulamolaridan bilvosita hadislar rivoyat qilgan.
Uzoq yillar davom etgan safarlari chogʻida at-Termiziy nafaqat hadis ilmidan, balki ilm al-qiroat, al-bayon, fiqh, tarix kabi fanning boshqa sohalari hamda koʻplab ustozlardan saboq oladi. At-Termiziy paygʻambar alayhissalom hadislarini toʻplashga alohida eʼtibor qaratib, bu yoʻlda u har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradi. U oʻzi oʻqigan yoki biror roviydan eshitgan hadisini alohida qogʻozlarga qayd etib borar, ularning asli va isnodini izchillik bilan aniqlab toʻgʻriligiga toʻliq ishonch hosil qilsagina maxsus qogʻozlarga qayd etardi. Hadislarning toʻgʻriligiga shubha boʻlganda ularni alohida ajratib yozardi. Shu tariqa hadislar sahiyh (toʻgʻri, ishonchli), hasan (yaxshi, maʼqul), zaif (boʻsh, ishonchsiz), gʻariyb (gʻalati) kabi xillarga ajratilgan.
Imom at-Termiziyning ustozlaridan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim ibn al – Hajjoj, Abu Dovud, Qutayba ibn Saʼid, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn oʻiylon, Said ibn Abdurrahmon, Muhammad ibn Bashshor, Ali ibn Hajar al-Marvaziy, Ahmad ibn Muniyʼ, Muhammad ibn al-Musanno, Sufyon ibn Vaqiyʼ va qator taniqli muhaddislarni koʻrsatish mumkin.
Maqhul ibn al-Fazl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Abu ibn Muhammad an-Nasafyun, Hammod ibn Shokir, Xaysam ibn Kulayb ash-Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf an-Nasafiy, Abul-Abbos Muhammad ibn Mahbub al-Mahbubiy kabi yetuk olimlar imom at-Termiziyning shogirdlari hisoblanadi. Koʻrib oʻtganimizdek, at-Termiziyning ustoz va shogirdlari orasida turli mamlakat va elat vakillari boʻlgan. Uzoq oʻtmishda ham ilm-fanning taraqqiyoti va maʼrifat urugʻlarini tarqatish borasida turli oʻlkalarning vakillari yakdil boʻlib faoliyat koʻrsatib samarali hamkorlik qilganliklari, umumbashariy qadriyatlar ravnaqi yoʻlida haqiqiy baynalmilallik ruhi mavjud boʻlganligi bugun ham gʻoyatda ibratlidir.
At-Termiziy koʻplab diyorlarga safar chogʻida hadislarni toʻplab, kitoblar taʼlif qilishga ham kirishgan. Safardan qaytgach, olimu fuzalolar bilan ilmiy munozaralarda qatnashadi, koʻplab shogirdlarga ustozlik qiladi. Ayniqsa, mashhur muhaddis alloma al-Buxoriy bilan koʻplab ilmiy bahslar yuritgani haqida at-Termiziy oʻzining “Al-Ilal” kitobida ham yozadi. At-Termiziyning koʻpchilik tasniflari, jumladan, uning mashhur asari “Al-Jomiʼ” ham oʻz vataniga qaytganidan keyin yaratilgan. Imom at-Termiziy 892 yilda Termiz yaqinidagi Bugʻ qishlogʻida vafot etgan va shu joyda dafn qilingan.
Oʻz ijodiy faoliyati davrida at-Termiziy oʻndan ortiq yirik asarlar yaratdi. Uning madaniy ilmiy merosida “Al-Jomiʼ” asari katta oʻrin tutadi. Mazkur asar “Al-Jomiʼ as-sahiyh” (“Ishonchli toʻplam”), “Al-Jomiʼ al-kabiyr” (“Katta toʻplam”), “Sahiyh at-Termiziy”, “Sunan at-Termiziy” (“Termiziy sunnatlari”) nomlari bilan ham yuritiladi. Muallifning yirik asarlaridan yana biri “Ash-shamoil an-nabaviyya” (“Paygʻambarning alohida fazilatlari”)dir. Ushbu asar Saudiya Arabistonida istiqomat qilgan vatandoshimiz Said Mahmud Taroziy (u 1992 yili vafot etgan) tomonidan oʻzbekchaga oʻgirilgan (arab alifbosida va kirillchada Toshkentda bir necha bor nashr qilingan).”Kitob at-taʼrix”, “Kitob al-ilal as-sagʻiyr va al-ilal al-kabiyr”, “Kitob uz-zuhd” (“Taqvo haqida kitob”), “Kitob al-asmo val-kuna” (“Roviylarning ismi va laqablari haqida kitob”), “Al-ilal fil-hadiys” (“Hadislardagi illatlar yoki ogʻishlar haqida”), “Risola fil-xilof val-jadal” (“Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola”), “Asmo us-sahoba” (“Paygʻambar sahobalarining ismlari”) shular jumlasidandir.
At-Termiziyning ijodiy faoliyatida yaratilgan asarlari ichida “al-Jomiʼ as-sahiyh” (“Ishonchli toʻplam”) eng asosiy oʻrinni egallaydi. Ushbu asar yuqorida qayd qilganimizdek, “al-Jomiʼ al-kabiyr”, (“Katta toʻplam”), “Sahiyh at-Termiziy”, “Sunan at-Termiziy” (“Termiziy sunnatlari”) kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Tarixchi Ibn Xajar al-Asqaloniyning yozishicha, at-Termiziy ushbu asarini 270 hijriy (884 melodiy) yilda, yaʼni qariyb oltmish yoshlarida, ilm-fanda katta tajriba orttirib, imomlik darajasiga erishgandan keyin yozib tugatgan. Asar qoʻlyozmalari dunyoning bir qancha shaharlarida, shuningdek, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda. Muhim manba sifatida “Al-Jomiʼ as-sahiyh” bir necha marta nashr qilingan”.
Hijriy uchinchi asr (melodiy toʻqqizinchi asr) hadis ilmining rivojida oltin davr hisoblanadi. Dastlab bu davrda yashab ijod qilgan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim kabi allomalarning sermahsul faoliyati katta ahamiyat kasb etadi. Oʻz ustozlari Imom al-Buxoriy, Imom Muslim asos solgan xayrli ishni Imom at-Termiziy chuqur masʼuliyat bilan davom ettirdi. Hadisshunoslikning ilmiy asosda rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshib, musulmon dunyosidagi eng nufuzli muhaddislardan biri darajasiga koʻtarildi. Abu Iso at-Termiziyning shoh asari boʻlmish “Al-Jomiʼ as-sahiyh” olim mashaqqatli mehnatining mahsuli sifatida hadis ilmida katta ahamiyatga ega. Muallif oʻz asarini alohida-alohida boblarga boʻlgani holda, imkoni boricha har bir hadis roviylarini keltiradi.
Tarkibiy jihatdan asar quyidagi boblarga boʻlinadi. Undan tahorat, salot (namoz), zakot, roʻza, haj, janoza, nikoh, emizish, taloq, savdo-sotiq, qozilik ahkomlari, tovon toʻlash, meʼyor, sayd (ov), qurbonlik, nazr-nuzur, iymon, siyratlar, jihod, kiyim-kechak (libos), taomlar, ichimliklar (al-ashriba), xayr-ehson va saxovat, tabobat, farzlar, vasiyatnomalar, xayrixohlik va taqdir, xuruju fitnalar, bashoratlar, shahodatlar, zohidlar, jannat va jahannam sifatlari, ilm, izn soʻrash, odob va axloq, masallar, Qurʼon fazilatlari, qiroat, tafsir, duolar, manoqiblar (fazilatlar), illatlar haqidagi boblar keltirilgan.
Mashhur olim Toshkoʻbriyzoda Imom at-Termiziy faoliyatiga yuqori baho berib shunday yozadi: “Imom at-Termiziyning hadis ilmi sohasida koʻplab tasnifotlari bor. Ul zotning “As-Sahiyh” asari ushbu kitoblarning eng yaxshisi va gʻoyat foydalisidir. Bu kitobda “sahiyh”, “hasan”, “gʻariyb” kabi turli xildagi hadislar bayon etiladi. Kitobning “Kitob al-ilal” qismi illatli hadislarga bagʻishlangan holda foydali mulohazalarni oʻz ichiga olgan. Ushbu asarni mutolaa qilgan kishi uning noyob durdonalaridan bebahra qolmaydi”.
At-Termiziy zamonidagi olimlar uning hadis ilmidagi xizmatlarini yuksak baholaganlar. Hadis imomlaridan biri Abdurahmon ibn Muhammad al-Idrisiy “at-Termiziy hadis ilmida iqtido qilinadigan imomlardan biridir”, deb yozsa, Taqiuddin ibn Taymiya “Abu Iso at-Termiziy birinchi boʻlib hadislarni sahiyh, hasan, zaifga taqsim qilgan olimdir”, deb yozadi. Hofiz ibn Rajab oʻzining “Sharh ilal al-Jomʼ” nomli kitobida “bilgilki, Imom at – Termiziy birinchilardan boʻlib oʻz kitoblarida hadisni sahiyh, hasan va gʻariybga boʻlganlar”, deb allomaning xizmatlarini alohida taʼkidlaydi.
Imom at-Termiziyning ushbu asarida hadis ilmining turli masalalari kabi roviylar masalasiga ham alohida eʼtibor berilgan. Bu jihatdan mazkur asar muallifning boshqa asarlaridan tubdan farq qiladi.
Imom at-Termiziy asarining ushbu foydali tomonlari xususida al-Hokim an-Naysoburiy “al-Madxal ilo maʼrifat kitob al-iqliyl”, al-Muqaddasiy “Shurut al-aimmat as-sitta” kabi asarlarida alohida taʼkidlab oʻtgan. Shu bilan birga hadis ilmining istilohlarini yaratishda ham Imom at-Termiziyning hissasi katta. Hadis ilmiga doir istilohlarni oʻrganishda asosiy manbalar hisoblangan “Uʼlum al-hadiys” (“Hadis ilmlari”) kitoblarida uchraydigan barcha istilohlar “al-Jomiʼ” asarida keng koʻlamda keltirilgan.
Imom at-Termiziy oʻz ustozi Imom al-Buxoriy suhbatida boʻlganda u at-Termiziyga “Men sendan koʻrgan foyda sen mendan koʻrgan foydadan koʻproq”, deb uning bilimi va aql-idrokiga yuksak baho bergan. Mana shu fikr-mulohazadan ham koʻrinib turibdiki, Imom at-Termiziy hadis ilmi ravnaqiga munosib hissa qoʻshgan buyuk alloma boʻlgan.
Abdumajid AZIMOV
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/ulug-muhaddis/