UDI

UDI (asl ismi Lyu Che) (mil. av. 156 — 87) — Xitoy imperatori (mil. av. 140 — 87); Gʻarbiy Xan sulolasidan. Taxtni Udi (jangovar imperator) nomi b-n boshqargan. Nihoyatda qattiqqoʻl, qobiliyatli, shuhratparast va jangovar shaxe boʻlgan. Markaziy hokimiyatni mustahkamlash yoʻlida siyosiy, iqtisodiy, harbiy islohotlar oʻtkazgan. Mil. av. 127-y. zodagonlar yer mulklarini vorislar oʻrtasida taqsimlash haqida farmon chiqargan. Mamlakat hududini 14 okrugga taqsimlab, mahalliy hokimlarni nazorat qilib turish uchun u yerlarga yoʻriqchilarni joʻnatgan. Maʼmuriy lavozimlarni egallash uchun davlat imtihonlari topshirish tizimini joriy qilgan. Uning davrida konfutsiylikni rasmiy mafkuraga aylanish jarayoni yakunlangan. 40 y. dan ortiq hoz. Koreya, Vyetnam, Mongoliya hududlarida mavjud boʻlgan davlatlarga qarshi bosqinchilik urushlari olib borgan. Bu urushlar saltanat hududlarini ancha kengaytirgan, lekin Xitoyni zaiflashtirgan, mehnatkash xalq ommasi ahvolini keskin yomonlashtirgan. Hun xoqonligiga qarshi kurashda Gʻarbdagi davlatlar bilan ittifoq tuzish uchun Markaziy Osiyoga 2-marta Chjan Syanni elchi qilib yuborgan, uning hisoboti natijasida xitoyliklar ilk bor Oʻrta Osiyo xalqlari bilan tanishish imkoniga ega boʻlganlar. Udi oʻz qoʻshinlarining jangovarlik imkoniyatlarini oshirish maqsadida Fargʻona (Dayyuan, Davan) otlarini sotib olmoqchi boʻlgan. Fargʻonaliklar bunga koʻnmagach, mil. av. 104-y. Li Guangli boshchiligida Fargʻonaga qoʻshin joʻnatgan. Birinchi yurishda Xitoy qoʻshinlari Oʻzgandan nariga oʻta olmagan. Mil. av. 101-y. Xitoy qoʻshini Fargʻona davlatining markazi — Ershi sh. ni 40 kun qamal qilgan (q. Ershi mudofaasi). Udi qoʻshini Fargʻonani qoʻlga kirita olmagach, u bilan bitim tuzishga majbur boʻlgan boʻlsada Udi buni gʻalaba deb baholagan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x