Shifoxona quyuq daraxtzor orasida joylashgani uchun tuni bilan chigirtkalarning chirillashidan quloqlar qomatga keladi. Saharga yaqin ularning ovozini qushlarning chugʻurlashi bosib ketadi. Yoʻlaklari nurga choʻmilib yotgan shifoxona esa mitti parrandalarning bu shovqin-suroniga butunlay beparvo, mudrab tongni kutadi. Aslida shifoxonada kunduzlari ham juda sokin kechadi. Bu yerda asosan martabali va nishondor kishilar yotib davolanishadi va ular koʻpincha kasal boʻlganliklari uchun emas, kasal boʻlmaslik uchun har yarim yilda oʻn-oʻn besh kun yotib, turli tekshiruvlardan oʻtishadi, dam olishadi. Ularning oʻzlari ham, izidan keluvchilar ham kasalxona tartiblarini juda hurmat qilishadi, unda-munda yoʻlakka chiqib qolishsa ham, yumshoqqina shippaklarda oyoqqinalarining uchida ohistagina yurib, bir-birlari bilan pichirlashib gaplashishadi.
Uzun va orasta yoʻlaklar, odam boʻyidan ikki baravar baland, doimo yopiq eshik ortidagi xonalar uzra qalqib turuvchi bu sokinlikni faqat bir odam – bosh shifokorning birinchi oʻrinbosari gursillagan qadam tovushlari bilan buzib, yanchib yuraverardi. Hamshira qizlar beradigan gurunglarga qaraganda uning bu “tartibsiz”ligi shifoxonaning yigʻilishlarida juda koʻp marta muhokama ham qilingan, bosh shifokor “Hakim Sattorovich, bu yer shifoxona. Shifoxonada qanaqa kontengent yotib, davolanishini yaxshi bilasiz. Sal u yoq-bu yogʻingizga qarab yuring, el qatori shippak kiying. Tuflingizning ovozi hammaning tinchini buzayapti”, deb koʻp marta aytgan. U esa “xo-xo”lab kulib, “Davron Berdiqulovich! Men mushuk emasman-ku, ovoz chiqarmay yuradigan. Men odamman, shifokorman. Bemorlarimning atrofida aylanib yotgan insu jinslarni hurkitib yurmasam boʻlmaydi-da”, der ekan. Bosh shifokor “Shippak, shippak…” deb mingʻirlayvergan ekan, oxiri “Aka, ket, desangiz, ketayin, lekin men shippak kiymayman, bu menga toʻgʻri kelmaydi”, debdi.
“Lekin Hakim Sattorovichning bilimi zoʻr. Hamma unga koʻrinishni istaydi. Bosh shifokorimiz ham hamma tanishlarini shu kishiga koʻrsatadi”, deyishardi qizlar.
Bosh shifokorning koʻrsatmasi bilanmi, yoki shunchaki tasodif tufaylimi, viloyatning mashhur gimnastikachi qizi, ayni paytda viloyat madaniyat boshqarmasida ishlayotgan Aliya Shodimetova aynan shu xushsurat, oʻktam shifokor yigit – Hakim Sattorovich qaraydigan palataga tushib qoldi. Kim-kimlar bir marta koʻrinishga zor boʻlgan shifokor uning yoniga kuniga oʻn marta kiradi: “Qani-i, Aliyaxonim, tuzukmisiz?”. Oʻziyam kun ora navbatchilikda turadi, ayni sahar payti, atay unga qarash uchun kelib yotgan onasi palatani boshiga koʻtargancha xurrak otib, uyquni urayotgan paytida ham kirib keladi-da, bamaylixotir tunchiroqni yoqib, uning qon bosimini oʻlchaydi, yuragini eshitib koʻradi, choyshabning bir chetini koʻtarib, badanini egallab olgan toshmalariga qaraydi. Ketayotib, bemalol uyqusini davom ettirayotgan onasiga bir qarab, soʻng Aliyaga hazilnamo koʻz qisib qoʻyadi: “Siz ham uxlang”.
U xonadan chiqib ketgach, Aliya – besh yoshidan buyon el oralab yurgan sarvqomat gimnastikachi – anchagacha qon bosimini oʻlchayotgan, yuragini eshitayotgan payt badaniga tekkan qoʻllarining taftini, hatto ustiga engashgan dam yuziga urilgan issiq nafasini his etib yotadi. Uning ortidan qoladigan atir hidi ajib dasht gullarini yodga soladi, koʻngli ham bepoyon dashtlardek huvullab qoladi. Soʻng beixtiyor eshikka tikilib, uni yana kuta boshlaydi. Yoʻlakdan eshitilayotgan gursillagan qadam tovushlari, zalvorli eshiklarning ogʻir gʻiyqillab ochilib-yopilishlari bora-bora asabini buza boshlaydi. Keyin yotgan joyida oʻzining ustidan kuladi: “Hey, oʻn sakkiz yashar qizmisan? Buncha hayajonlanmasang? U shunchaki vazifasini bajarayapti, xolos. Senga biror soʻz degan, yoki biror ishora qilgan boʻlmasa… Qolaversa, shunday aqlli, bilimli yigit uch bolasini qoʻyib, yoshi oʻttizga yetgan bir qari qiz bilan hayotini qaytadan boshlarmidi? Bu ivirsiq hayotda shundan boshqa tuzukroq mashgʻulot yoʻqmi? Oʻzi-chi, oʻzi? Oʻzi ham hech qachon hech kimning bunday qurbonlik berishiga yoʻl qoʻyarmidi? Hech qachon!..”. Lekin uning ixtiyori allaqachon oʻzidan ketgan, na tiyiqsiz xayollar tizginini, na eshikka qarab moʻltirab turaveradigan koʻzini boshqara olmas edi. Har qancha oʻzini urishsa ham, u yoʻq payti uni kutaveradi, kelganida esa hayajonini zoʻrgʻa ichiga yutadi.
Yigiti tushmagur ham atay qilgandek ertalab ust-boshini ham almashtirmasdan qilichdek boʻlib kostyum-shimda toʻgʻri uning xonasiga kirar, ketgunicha ham bir kirib, ahvol soʻrar edi. Toʻgʻri, Aliyaning ahvoli ancha ogʻir. Shifoxonaga tushganiga bir hafta boʻlibdi hamki, badanini bosib ketgan toshmaning na asl sababini topa olishdi, na uni qaytara olishdi. Tekshirishdi, maslahatlar qilishdi, boshqa shifoxonalardan mutaxassislar chaqirib koʻrsatishdi, bilgan bor ilmu amallarini qilib koʻrishdi, ammo tirsagidan tangadekkina boʻlib boshlangan toshma hamma joyini bosib, quloqlarining ichi, tilining uchigacha toshib ketdi, qaytmadi. Qishloqdagi momoginasi “Bu eshak yemi-ku, irimini qilmasa, qaytmaydi”, deb otasini qistay-qistay, mashinaga bir eshakni yuklab, uch hovuch arpa berib, shaharning qoq oʻrtasida joylashgan kasalxonaga joʻnatibdi: “Arpani etagiga solib, eshakka yedirsin”. Uni bir amallab aravachaga oʻtirgʻizib, eshakning yoniga chiqarishdi-yu, ammo mashinada 30-40 chaqirimdan izzat-ikrom bilan keltirilgan eshak arpani hidlab ham koʻrmadi. Toshma ham qaytmadi.
Bir hafta oʻtgach, Hakim Sattorovich yangi dori boshlatdi: “Buyam bir tavakkal, hech narsa qilmasdan qarab tura olmayman-ku, axir. Lekin negadir ijobiy samara berishiga koʻnglim ishonib turibdi”. U engashib, Aliyaning qoʻllarini ohistagina siqib qoʻydi: “Siz ham ishoning, albatta hammasi yaxshi boʻladi”.
Dard uni butunlay holdan toydirgan, qon bosimi pasayib ketgan, nazarida yuragi ham yarador qushchadek zoʻrgʻa urib turardi. Uning qaroqlariga yosh qalqdi. Agar shu inson qoʻllaridan tutsa… jahannamga ham borishga tayyor edi u. Oʻlsa, shu yigit uchun, uning qoʻllaridan tutgan holda oʻlsa!.. Yashasa, shu yigit uchun, shu yigitning qoʻllaridan tutmoq uchun yashasa!..
Doktor uning qoʻllarini qattiqroq siqdi: “Birgalashib Xudodan soʻraymiz, hammasi yaxshi boʻladi. Siz menga ishoning”. Aliyaning nazarida uning ovozi titrab ketdi, koʻzlari ham namlangandek boʻldi. U boshqa hech narsa demadi, tez-tez yurib xonadan chiqib ketdi.
Birpasdan keyin bosh shifokorning oʻzi kirdi. Davolovchi shifokor har kirganida bir talab olayotgan onasi endi unga jovullab ketdi: “Men sizlarni tushunmayapman. Sizlar uchun inson hayoti hech qanday qimmatga ega emasmi? Kechagina ish boshlagan bir yigit mening qizimning ustida intuitsiyasiga ishonib, tajriba oʻtkazmoqchi. Siz esa indamay qarab, tomoshabin boʻlib oʻtiribsiz. Tibbiyot aniq fan, aniq ilmga asoslangan soha, unda intuitsiya emas, ilm, tajriba muhim. Qoʻllaringdan kelmasa, javob beringlar, Toshkentga olib ketamiz”.
Bosh shifokor yupatmoqchi boʻlgandek uning yelkalariga qoqdi: “Alfiya opa! Men sizni tushunib turibman. Lekin siz ham meni tushuning va ishoning. Birinchidan, doktoringiz juda bilimli mutaxassis, ikkinchidan, bu kasallikni hamma joyda, hatto Amerikada ham biz davolagan usulda davolaydi. Dunyoda davo usullari hech qachon sir saqlanmaydi, bu mumkin emas. Qoʻlimizdan kelgan hamma ishni qilayapmiz. Xudo xohlasa, bugun-erta natijalarga erishib qolsak, ajab emas”.
Alfiya opa yana jovulladi: “Ana, koʻrdingizmi! Qilayotgan ishingizning natijasiga oʻzingiz ham ishonmaysiz. “Erishib qolsak, ajab emas” emish. Menga bunday mujmal gap kerak emas, menga “Albatta erishamiz” deydigan doktor kerak!”
Bosh shifokor bir muddat jim qoldi. Soʻng ona-bolaga bir-bir qarab, hamon yoqasidan olishga ham tayyordek xezlanib turgan onaga yuzlandi: “Opa, kasalning boshida turib bekordan bekorga vahima qilmang. Siz soʻrayotgan gapni hech qachon hech qanday doktor ayta olmaydi. Sabrli boʻlish kerak”.
Yangi muolajaning foydasini Aliya kechga yaqin his qildi: aʼzoi badanidagi kuyishish biroz pasaygandek edi. Shungacha yuz marta uning yoniga kirib, “Yaxshi-i-i”, degan doimiy javobidan ruhi tushib ketgan Hakim Sattorovich endi uning “Negadir toshmalarim kuyishmayotgandek”, deganini eshitib, koʻzlari chaqnab ketdi: “Rostdanmi?!”. U darhol choyshabni tizzasigacha koʻtarib, diqqat bilan kasallikka razm soldi, soʻng bilaklarini ochib koʻrdi: “Yest!”, suyunganidan boladek bitta tovonida turib, parket polda “chir” aylandi va deyarli yugurgan holatda tashqariga chiqib ketdi.
U oʻsha kecha navbatchi boʻlmasa ham, yarim tunda kasalxonaga Aliyani koʻrgani keldi. Yoʻlakda uning gursillagan qadam tovushlarini eshitib, Aliyaning yuragi hapqirib ketdi. U xonaga dimogʻida qandaydir shoʻx kuyni xirgoyi qilgancha kirib keldi: “Sira uxlay olmadim. Sizni bir koʻrib ketmasam boʻlmas edi”.
U yana Aliyaning toshmalarini koʻzdan kechirdi, qon bosimini oʻlchadi, yuraklarini eshitib koʻrdi, soʻng oʻz-oʻzidan mamnun bir holatda xona chetida turgan stulni olib, oyoqlarini chalkashtirgancha oʻtirib, Alfiya opa bilan darvozalarining oldiga kimdir tashlab ketgan kichkinagina kuchukcha, uning qanchalar shirinligi, qanday ovqatlanishi, qanday yugurishi, qanday dumalashi, endi shu kuchukchani oʻzlari boqib olishga qaror qilganliklari haqida gurunglashdi. Ketayotib, Aliyani tanqid qilib qoʻydi: “Bu qizingizning lugʻatida “yaxshi” degan soʻzdan boshqa soʻz yoʻq, shekilli. Juda zerikib ketmadingizmi u bilan yotib? Lekin mening yuraklarim qon boʻlib ketdi-yey. Oʻzi oʻlay deb yotibdi, qandaysiz, desam, “yaxshi-i”, deydi. Uni deb butun kasalxona xavotirda oyoqqa turgan, bunga qandaysiz, desa, yana “yaxshi-i-i”, deydi. Qoyil-ye!”.
Qizining ahvoli oʻnglana boshlaganidan mamnun ona ham kulimsirab uning fikrini maʼqullaydi: “Ha, rost aytasiz, bu bilan bir soat birga oʻtirgan odamning yuragi “tars” yorilib ketsa kerak. Ona boʻlganingizdan keyin chidar ekansiz-da. Lekin uning shunday boʻlishiga oʻzim sababchiman, maktabda hamma fanlardan beshga oʻqirdi, qaysi institutga topshirsa ham kirib ketardi. Bu bogʻcha yoshidan gimnastikaga qatnadi, qaddi-qomati ham gimnastikaga mos edi, gimnastikachi boʻladi, deb turib oldim. Momosi bilan, dadasi bilan talashib-talashib, gimnastikachi qildim. Qaynonam “El boʻlmading”, deb xafa boʻldi. Men “Begonaligimni yuzimga soldingiz”, deb xafa boʻldim. Baribir aytganimdan qaytmadim. Gimnastikachi qilib-ku, yutqizganimiz yoʻq. Kasbining ortidan dunyo kezdi, obroʻ-eʼtibor topdi. Bugun ham viloyatda shu soha boʻyicha yagona murabbiy. Ammo yana bir tomoni bor, gimnastikachilar, koʻryapsiz, gapirmas ekan, ichida nima gap boʻlsa, harakat bilan aytib qoʻya qoladi”. Hakim Sattorovich kuladi: “Yaxshi emas. Unda-munda gapirib ham turish lozim, Aliyaxon”. “Albatta-da. Tumtayib yurib, mana, yoshi oʻttizga yetdi. Allaqanday sochi pahmoq Alvastilar “men” degan yigitlarning burnidan ip oʻtkazib, istagan joyiga yetaklab yuribdi. Bu boʻlsa, shuncha husni, shunday aqli bilan!.. Ogʻzimning soligʻi, qizimning qiligʻi yoʻq, degan xotin aslida mening oʻzimman”.
Onasining bu xil hasratlarini avval ham koʻp eshitgan boʻlsa-da, Aliya shifokor yigitning oldida juda xijolat boʻldi: “Ona-a-a!”.
Uch kun deganda hamma toshmalar qaytib ketdi, ammo uni yana uch kun olib qolishdi: “Men ishonch hosil qilishim kerak”. Ketayotgan kuni Hakim Sattorovich shifoxona hovlisida barq urib gullab yotgan atirgullardan katta bir guldasta tayyorlab, unga keltirib berdi: “Uyga borgach, suvga solib qoʻyasiz”. Yana tayinladi: “Oʻzingizni urintirmang. Toshmalar sizni juda charchatgan, oʻzingizga kelib olguncha, ehtiyot boʻlib turing. Yana qaytalab qolmang”, “Xoʻp, rahmat…”
Aliya koʻz yoshlarini yashira olmadi. Shunday ogʻir xastalikdan tuzalib uyga qaytayotgan odamning yigʻlashi gʻalati edi, lekin yigit undan “Nega yigʻlayapsiz?” deb soʻramadi. Uning ham negadir kayfiyati yoʻq edi.
…Shu boʻyi ularning yoʻllari koʻp yillar kesishmadi. Bu orada Aliya turmushga chiqdi, farzandli boʻldi. Onasi uxlab qolgan paytlar uxlamasdan uning boshida bedor tong ottirgan shifokor yigit baʼzan-baʼzan yodiga tushishini aytmasa, deyarli unutib yubordi. Chunki yigit ham uni biror marta boʻlsin, izlamadi. Lekin Aliyaning yodiga tushgan dam oʻsha paytlar jonu jahonini yondirgan his-tuygʻulari, kasalxonadan chiqayotgan payt oʻzini toʻxtata olmay yigʻlaganlari uchun juda-juda xijolat tortar edi. Bir safar qandaydir yigʻinda qoramagʻizdan kelgan tiqmachoqdek bir ayol bilan yonma-yon oʻtirib qolgan edi, uni “Hakim Sattorovichning oilasi”, deb tanishtirishdi. Beixtiyor Aliyaning yuzlariga qon tepdi, koʻnglida kechgan tuygʻularni sezdirmaslik uchun “Eringizni yaxshi bilaman, juda bilimli, kasbiga sadoqatli shifokor”, deb, ayolga mulozamat qilgan kishi boʻldi, u esa “Akangiz siz bilan faxrlanib yuradi, mening singlim, deydi doim”, deb takalluf qildi.
Keyingi vaqtlarda tez-tez Aliyaning yuragi bezovta qiladigan boʻlib qoldi. Sal narsaga nafasi boʻgʻziga tiqilib, qora terga tushib qolaveradi. Oʻzi ham jonining tinchini bilib hech narsaga urinmaydigan boʻlib qoldi. Kamharakatlilik oqibatida ancha vazn toʻpladi, bu esa yana harakatini chegaralab qoʻydi. Baʼzan oynaga qarab, qarshisida unga termulib turgan qovoqlari salqi, baqbaqalari osilib qolgan, rangi zaxil keksa ayolni koʻrib, oʻzidan koʻngli qolib ketardi. Bir zamonlar faollar shifoxonasi boʻlgan joy Kardiologiya markaziga aylantirilgan ekan. Eri uni qoʻyarda-qoʻymay shu markazga olib kelib yotqizdi.
Taqdirning hazilini qarangki, unga yana oʻsha ancha yil avval yotgan xonani berishdi. Devorning bir tomonini egallagan derazasiga qalin shoyi parda tutilgan nim qorongʻi xonada yotib, oʻzi istamagan holda xotiralarga berildi. Eshikdan kirgan har bir odamga jovullab yopishuvchi onasi, ertayu kech yelkasiga eshikbondan olgan koʻkish xalatni nomigagina ilgan holda kirib keluvchi otasi… Oʻshanda otasiga qarab, odamzod ovoz chiqarmasdan, bir tomchi yosh toʻkmasdan ham yigʻlay olishi mumkinligini koʻrgan edi. Otasi ham juda bosiq, kamgap odam edi. Aliyaning oldiga kelar-ketar, kelganida ham, ketganida ham qizining boshini bir hidlab qoʻyardi. Eh, odamzod shunchalar ham moʻrt boʻlmasa, odamning qoʻli bilan yasaluvchi eshik-deraza, jihozlar ham odamdan koʻproq yashar ekan. Onasining ovozi quloqlari ostida jaranglab turibdi, ammo oʻzi yoʻq. Otasi ham… Aslida jonu jahonini na qayoqdan kelgani, na qachon ketishi nomaʼlum boʻlgan dard oʻrtab yotgan bir paytda ham kim ahvol soʻrasa, jilmayib, “Yaxshi-i-i…” deb javob beradigan xushroʻy, sarvqomat gimnastikachi qiz ham yoʻq. Uning oʻrnini turib-oʻtirgandagina emas, u yonidan bu yoniga agʻdarilganda ham malollanadigan bir kampir egallagan. Yana… gursillagan qadam tovushlari bilan bemorlari atrofida aylanib yurgan insu jinslarni hurkituvchi oʻsha oʻktam shifokor yigit ham yoʻqligi aniq. Qiziq, hozir u qayerda ekan, nima ish bilan shugʻullanayotgan ekan? Oʻshanda chamasi qirqlarga kirgan edi, hozir yetmishdadir… Allaqachon nafaqaga ham chiqib boʻlgandir? Balki, oʻtib ketgandir… Juda ajoyib yigit edi. Oʻshanda Aliyaning koʻnglida emas, yigitning qalbida ham Aliyaga nisbatan bir oʻtli tuygʻular uygʻongani aniq. Bu uning koʻzlaridan anglashilib turardi. Onasi ham sezgan ekan, keyinroq bir gap ochilganda aytgan edi. Ehtimol, oʻsha tuygʻular boʻlmaganda tavakkal qilishga jurʼat topa olmagan va Aliyani qutqarib qololmagan boʻlarmidi?
Hammasi oʻsha-oʻsha, oʻsha xonalar, oʻsha uzun yoʻlaklar… Faqat ovoz koʻp, shovqin koʻp edi: tapir-tupur, shaqir-shuqur. Biri-biridan shoshib, gursillab yuradigan, baland-baland ovozda gapiradigan shifokorlar, hali u yoqqa, hali bu yoqqa boshlab ketaveradigan hamshiralar… Aliya esa keksaygan, asablari charchagan. Kun boʻyi unga tinim berishmadi, bir dunyo apparatlardan oʻtkazishdi, tahlil uchun qon, peshob olishdi. Soatlab tomchi ukollar qilishdi. Kechgacha butkul holdan toydi. Kechqurun oʻgʻli bilan kelini olib kelgan ovqatdan nomigagina totingan boʻldi-da, ular ketgach, shipdagi qandilni oʻchirdi, yondevorga oʻrnatilgan bejirim tunchiroqni yoqib, oʻrniga choʻzildi. Juda charchagan edi, darrov koʻzi ilindi. Shu yotishda qancha vaqt yotganini bilmaydi, ammo bir tiniqib uxlab olgani aniq. Eshik ohista chertilib, ogʻir gʻiyqillab ochilganda, charchoqlari ancha tarqagan edi, sergaklik bilan boshini koʻtarib, eshikka qaradi. Ostonada shumshayib turgan oq xalatli kishini koʻrib, avvaliga hayron qoldi. Qariya unga kimnidir, aniqrogʻi, unga juda qadrdon boʻlgan bir insonni eslatdi, ammo koʻngliga kelgan fikrga ishongisi kelmadi, shunday boʻlsa-da, keksa kishining hurmati uchun oʻrnidan turib oʻtirdi. Keluvchi esa uni koʻrib, negadir xijolat tortdi. Tomoq qirib, ichkarilash uchun undan izn soʻradi: “Mumkinmi, Aliyaxon?”. Aliya beixtiyor oʻrnidan turib ketdi, keluvchi jurʼatsizgina pichirlab gapirgan boʻlsa-da, bu ovozni tanimasligi mumkin emas edi: “Assalomu alaykum! Keling, kelavering, Hakim Sattorovich!”.
Aliya xonaning umumiy chirogʻini yoqib, unga stul qoʻyib berdi. Keyin oʻzi ham karavotining bir chetiga omonatgina oʻtirib, hurmat bilan hol-ahvol soʻradi: “Qarang-a, siz shuncha yildan beri haliyam shu yerda ishlayapsizmi? Men sizni allaqachon nafaqaga chiqib ketgan boʻlsangiz kerak, deb oʻylagandim”. Hakim Sattorovich hamon kalovlanardi: “A-a-a, yoʻ-oʻ-q, ishdan ketganim yoʻq. Nafaqaga chiqdim, oʻn yillar boʻp qoldi, lekin ishlab yuribman”. “Ha, endi sizday ilmli, fidoyi mutaxassislarga javob berisharmidi? Yoshlar siz egallagan malakani egallagunlaricha bemorlar qiynalib qolmasliklari kerak-da”, “Ha-a, yoʻgʻ-e, juda-a unchalik emas. Hozir yoshlar orasida ham zoʻrlari koʻp, lekin shunday yoshlar borki, oʻzlaridan boshqa hech kimni tanimaydi ham, tan olmaydi ham. “Sizni hammi?” – bu gap Aliyaning ogʻzidan “lop” etib chiqib ketdi-yu, ammo darhol tilini tishladi: “Dilini ogʻritib qoʻydim-da…”. Ammo suhbatdoshining yuz-koʻzlarida hech qanday ranj alomatini koʻrmagach, biroz yengil tortdi. “Ha, allaqachon ketishim kerak edi. Oʻzi, sogʻligʻim ham yoʻq. Bodim bor. Oʻn besh yillar boʻldi, koʻp azob beradi. Ayniqsa, havo buziladigan boʻlsa, juda mazam boʻlmay qoladi. Menikiyam noilojlikdan-da. Birinchi ayolimiz oʻtib qoldi. Ikkinchi ayoldan tugʻilgan bolalar hali yosh. Bir stavka ish berishgan, navbatchiliklarim bor. Nafaqaga qoʻshimcha-da. Bugun ham navbatchi edim. “Kasallik tarixlari” bilan tanishayotib, sizning ismi-sharifingizga koʻzim tushib qoldi…”.
Aliya mingʻir-mingʻir qilib, tili bilan tanga sanab, arz-hol qilayotgan suhbatdoshini tinglab oʻtirib, beixtiyor uning loyi qotib qolgan kulrang rezina shippagining tumshugʻidan koʻrinib turgan barmoqlariga koʻzi tushdi. Ham ishlik, ham koʻchalik qilib kiysa boʻladigan och kulrang shimi ham picha uzun ekan, shekilli, pochasi poyabzal poshnasi ostida bosilaverib, yirtilib, shatmoq boʻlib ketgan edi: “Bechora, rostdan ham juda mazasi yoʻqqa oʻxshaydi. Butunlay hafsalasiz boʻlib qolibdi. Qarichilik, oiladagi yoʻqotishlar… Keyingi xotin ham uyiga tilsiz-jagʻsiz xizmatkor boʻlib kirib kelmagandir… Oʻgay ona-bolalar oʻrtasida qancha dilxiraliklar oʻtganligi aniq. Bular odamni xarob qilmay, nuratmay nima qiladi? Shoʻrlik!..”
U avvaliga yuraklari achishib, qadrdon doktorning yarim ovozda berayotgan gurunglarini jon qulogʻi bilan hech bir malolsiz tinglab, oʻrni kelganda dalda berib oʻtirdi. Ammo har safar koʻzi rezina shippakning tumshugʻidan moʻralab turgan barmoqlarga, shatmoq boʻlib ketgan pochalarga koʻzi tushganda mazasi qochib ketardi. Qariya esa vaqt allamahal boʻlib qolganini ham, oʻzining navbatchiligini ham, qarshisida ensasi qotib, esnab oʻtirgan ayolning bemorligini, uning dam olishi kerakligini ham butkul unutgan holda, har ikkalasiga ham umuman aloqasi yoʻq allanimalar haqida mingʻir-mingʻir gap berardi. Navbatchi hamshira, uni koʻrib, ochiqdan ochiq zarda bilan, bemorlardan biri soʻrayotganini aytdi-yu, Aliya undan qutulib, yengil nafas oldi: “Keksalik uni butkul xarob qilibdi”. Ammo u chiqib ketgach, bu odam soatlab oʻtirib, nimalar haqida gapirganini eslamoqchi boʻlib harchand urinmasin, hech narsani eslay olmadi. Yuragi toriqdi. Deraza yoniga borib, kuz osmoniga qaradi, miltillab turgan yulduzlar juda olislab ketgandek edi.
Jamila ERGASHYeVA,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.
“Yoshlik”, 2016 yil 9-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/uchrashuv-2/