“Uchinchi oʻgʻil” yoxud osiyolik supermen

Gonkongdagi har yettinchi kvartira­ni u qurgan. Gonkong porti orqali oʻtadigan yuklarning 70, dunyo miqyosidagi kontenerda mol tashishning 14 foizi uning nazo­ratida. Dunyoning 53 mamlakatidagi unga qarashli kompaniyalarda 270 ming nafardan ortiq kishi mehnat qiladi.

Bu taʼriflar Osiyoning eng badavlat kishilaridan biri, 89 yoshli mashhur ishbilarmon Li Kashinga tegishli. Kambagʻal oilada tugʻilgan, musofirlik azoblarini boshidan kechirgan va 14 yoshida otasidan ayrilib, oilani boqish uchun turli ishlarga oʻzini ura boshlagan bolakay ishbilarmonligi, tirishqoqligi va mehnatsevarligi bilan ulkan yutuqlarga erishdi. Uning tarjimai holi va biznesda erishgan yutuqlari Garvard universiteti talabalariga dars sifatida oʻtiladi.

 

BOLALIK MASHAQQATLARI

Li Kashin 1928 yilning 13 iyun sanasida Xitoyning Chaochjou shahrida, oddiy qishloq oʻqituvchisi oilasida dunyoga kelgan. 1940 yilda yapon askarlarining Xitoyga hujumi kambagʻallikda kun kechirayotgan ushbu oila boshiga ham mislsiz uqubatlarni keltirdi. Oila jon saqlash uchun Gonkongga qochib oʻtishga majbur boʻladi. Musofirlikdagi hayot, qashshoqlik azoblari esa yanada ogʻir edi. Bu musibatlarni koʻtara olmagan Li Kashinning otasi sil kasalligiga chalinadi. Davolanish uchun esa pul topilmasdi. Natijada ota vafot etadi va hali maktabning be­shinchi sinfini ham bitirmagan oʻsmir onasi bilan birga oila yukini zimmasiga oladi. U avvaliga soatsozlik hunari bilan kun kechiradigan bobosiga yordamchi boʻldi, keyin soat tasmalarini sotish bilan shugʻullanib koʻrdi. Biroq oʻsha vaqtda bu ishlar bilan kun kechirish qiyin edi. Shu bois Li Kashin plastmassa gullar ishlab chiqaruvchi zavodga ishga kiradi. U koʻproq maosh olish uchun kuniga 16 soat ishlar, ishdan soʻng kechki maktabga borardi.

 

“SOXTA ATIRGUL”LAR SAVDOSI

Li Kashin zavodda qanchalik koʻp ishlamasin, bu yerda olayotgan maoshi bilan oilasini toʻla-toʻkis taʼminlay olmasligini bilardi. Shu bois mustaqil savdo bilan shugʻullanish fikriga keldi.

U zavoddagi ish jarayonida atirgullar savdosiga qiziqib koʻrgandi. Oʻsha davrlarda bu gullar eng soʻnggi modaning bir koʻrinishi hisoblanib, talab juda kuchli edi. Buni anglagan Li bobosining soat tuzatadigan kichik doʻkonchasini “univermag”ga aylantirib, “soxta atirgul”lar savdosini yoʻlga qoʻydi. U har kuni savdo qilar, orttirgan arzimagan pullarini esa yigʻib borardi. Li Kashin yangi ish boshlashdan ham, turli tajribalar oʻtkazishdan ham umuman choʻchimasdi. Savdo orqali biroz pul yigʻib olgach, hech ikkilanmay oʻzining shaxsiy plastmassa buyumlar zavodchasini ham ochishga muvaffaq boʻldi. Bu vaqtda u endigina 22 yoshni qarshi olgandi.

Lining kichik zavodida sunʼiy gullardan tashqari plastmassa oʻyinchoqlar, sovun idishlari va taroqlar ham ishlab chiqarilar, bu mahsulotlar ichki bozorda ancha xaridorgir edi. Biroq yosh Lini bu yutuqlar qoniqtirmadi. U kompaniyani yanada rivojlantirish uchun eksportni ham yoʻlga qoʻyish kerakligini bilardi. U xuddi shu niyatda ishlab chiqarayotgan mahsulotlariga xorijdan xaridor izlay boshladi. Nihoyat bunga erishdi ham. Kompaniya oʻz plastmassa buyumlarini AQSHga eksport qilishni yoʻlga qoʻydi.

Ammo ish yurishgan sari muammolar ham ortib borardi. Lining zavodi yaxshi pul keltirayotganini koʻrgan yer xoʻjayini (U zavod qurgan yerini ijaraga olgandi) ijara haqini tez-tez oshirib turardi. Ijara haqining bu qadar yuqorilashidan ranjigan Li Kashin zavodni koʻchirish uchun yangi joy izlay boshladi. Qidiruv jarayonida u Gongkongda yer narxi koʻtarilib borayotganini va endi faoliyatini oʻzgartirishi kerakligini tushundi va hech ikkilanmay plastmassa zavodini sotib yuborib, pullarini koʻchmas mulk biznesiga yoʻnaltirdi.

 

SZEDUN INQILOBI VA LI KASHINNING TANLOVI

Oʻsha paytlarda koʻchmas mulk bozorida faoliyat yuritish uchun juda katta mablagʻ egasi boʻlish talab etilardi. Chunki bu vaqtda Gongkongda yerning narxi qimmat, qurilish ishlari uchun ham ozmuncha sarmoya sarflanmasdi. Shu bois Li bu borada juda aql bilan ish yuritdi. U yerlarni sotib olar va biror narsa qurish oldidan tadbirkorlarga hamkorlikni taklif etardi. Yaʼni tadbirkorlar katta miqdorda ijara xaqi toʻlashdan qutilib, qurilayotgan obʼyektga sarmoya kiritar va shu bilan undan keladigan foydadan oʻz ulushiga ega boʻlardilar. Tez orada Li bilan hamkorlik qilishni istovchilar soni ortib ketdi.

1966 yilgacha Li Kashin yerlarni asta-sekin sotib ola boshladi. Ammo Xitoyda “madaniy inqilob” davri boshlangach, Mao Szedunning siyosatidan norozi ingliz tadbirkorlari Gongkongdan koʻchib keta boshladi. Yer narxi suv tekin boʻlib qoldi. Bundan foydalangan Li yerlarni arzongarovga sotib olib, arzon uy-joy qurib, ijaraga berishni yoʻlga qoʻydi. Oʻsha paytda hamma Li Kashinni ahmoqqa chiqardi. Ammo oradan oʻn yil ham oʻtmay uning kelajakni koʻra bilish qobiliyati ish berdi. 1976 yil Mao Szedun vafot etdi. Yangi hukumat Szedun siyosatini qoralab, mamlakatda yangi iqtisodiy islohotlarni amalga oshira boshladi. Chet el investorlari Gongkongga jalb etildi. Li Kashinga qarashli yerlar narxi esa aql bovar qilmas darajada koʻtarilib ketdi.

 

MILLIARDLAR OGʻUSHIDA

Koʻchmas mulk bozoridagi faoliyati sabab kattagina mablagʻ toʻplagan Li Kashin 1979 yili Gonkongdagi “Hutchison Whampoa” deb nomlanuvchi Britaniyaning yirik kompaniyasini sotib oldi. Kompaniya savdo-sotiq, koʻchmas mulk, omborchilik, yuk tashish, salqin ichimliklar ishlab chiqarish bilan shugʻullanardi.

Li Kashin kompaniyani tubdan isloh qilib, samarasiz faoliyat yuritayotgan tarmoqlardan voz kechdi va kelajagi bor sohalarga yanada katta eʼtibor qaratdi. Deyarli qayta tashkil etilgan kompaniya tez orada dunyodagi yirik port operatori hamda savdo, qurilish, telekommunikatsiya va energetika korporatsiyasiga aylandi. 1980 yildan boshlab u birja operatsiyalari va iqtisodiyotning yangi sohalariga sarmoya kiritish bilan ham shugʻullana boshladi. Li Kashin kelajakda daromad keltiruvchi sohalarni oldindan koʻra olar va pul tikar, keyin esa biznesini qimmat narxga sotardi. 1985 yili u “Hongkong Electric” energetika kompaniyasining aksiyadoriga aylandi.

1991 yili Buyuk Britaniya mobil aloqa bozoriga kirgan Li Kashin inqirozga uchragan “Rabbit” xizmatini sotib olib, uni “Orange” brendi ostida qayta shakllantirdi va 1999 yili 14,6 milliard dollarga sotdi.

1996 yili Li Kashinning kompaniyasi Panama kanalining har ikki tomonidagi portlar nazoratini oʻz qoʻliga oldi.

 

TURLI KOMPANIYALARDAGI SARMOYALAR

2000 yillarga kelib, biznesda katta tajriba va katta mablagʻ toʻplagan Li Kashin asosiy eʼtiborini turli loyihalarga sarmoya kiritishga qaratdi. U bu borada olamshumul, ogʻizdan-ogʻizga koʻchayotgan loyihalar emas, balki oʻzi kelajagiga ishongan sohalarga eʼtibor qaratdi. Masalan, 2005 yilda “Skype” xizmatiga, 2007 yili “Facebook” ijtimoiy tarmogʻiga, 2009 yili “Siri” kompaniyasiga, “Spotify” musiqiy xizmatiga, “Magisto” videoredaktoriga sarmoya kiritdi. Hatto 15 yoshli kompyuter dasturlovchisi Nik D`Aloyzioning gʻoyalarini amalga oshirish uchun pul tikishdan ham choʻchimadi.

Shu bilan birgalikda, jahon boʻylab turli kompaniyalarni sotib ola boshladi. Xususan, 2010 yili Fransiyaning “Electricite de France” kompaniyasini, bir yildan soʻng Britaniyaning “Northumbrian Water Group” (suv bilan taʼminlash va kanalizatsiya), keyinroq Avstriyaning “Orange Austria” mobil operatorini sotib oldi. Shuningdek, Avstraliyada ham yirik savdolarni amalga oshirdi. Xususan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va sotuvchi “Peaty Trading Group”, tuz ishlab chiqaruvchi “Cheetham Salt” kompaniyalarini xarid qildi.

Bugunga kelib esa bu loyihalarning barchasi mashhur brendga aylangan. Ulardan Li Kashinga daromad suvdek oqib kelmoqda. 2017 yil boshidagi hisob-kitoblarga koʻra, Li Kashinning boyligi 29,6 milliard dollarni tashkil etadi.

 

ShAXSIY HAYOT VA XAYR-SAXOVAT ISHLARI

Li Kashin muvaffaqiyatining asosiy omillaridan biri uning mehnatsevarlik, intiluvchanlik va intizomlilik fazilatlaridir. U ogʻir va uzoq ishlaydi. Oʻta badavlat boʻlsa-da, juda oddiy hayot kechiradi, haligacha arzon poyabzal kiyadi, plastmassa soat taqadi, oʻgʻli bilan ikki qavatli uyda istiqomat qiladi.

Uning xotini Ley Chon Yutmin 1990 yili 56 yoshida yurak xurujidan vafot etgan va Li qaytib oila qurmagan. Uning ikki oʻgʻli boʻlib, katta oʻgʻli Viktor (1964 yilda tugʻilgan) otasining kompaniyasida rais oʻrinbosari, kichik oʻgʻli Richard (1966 yilda tugʻilgan) esa “Pacific Century Group” deb nomlanuvchi oʻz korporatsiyasiga ega.

Li Kashin boshqalarga nihoyatda mehribonligi, saxovatpeshaligi tufayli “Uchinchi oʻgʻil” deya nom olgan. Koʻplab nashrlar esa unga nisbatan “Osiyolik supermen” degan sifatni ishlatishadi.

Li Kashin har yili juda katta miqdordagi pullarni xayr-saxovat ishlariga yoʻnaltiradi. U biznesda endigina oʻz oʻrniga ega boʻlgan 1980 yildayoq xayriya jamgʻarmasini tashkil etgan edi. Bir yildan soʻng ushbu jamgʻarma Shantou universiteti qurilishi uchun 3 million dollar pul ajratdi, keyin Singapur menejment universiteti kutubxonasi, Singapur milliy universiteti, Gonkong universiteti, Kaliforniyadagi Berkli va Albert universitetlariga katta miqdorda mablagʻ ehson qildi. Kashin shuningdek, Hind okeanidagi sunami (2004 yil), Chaochjoudagi suv toshqini (2006 yil) va Sichuandagi zilzila (2006 yil) jabrdiydalariga dori-darmonlar va ilk yordam vositalari uchun pul ajratdi, uy-joylarni tiklash ishlarini moliyalashtirdi. Li taʼlim, tibbiyot va madaniyat uchun jami 1,6 milliard dollar mablagʻni grant sifatida sarfladi. Bugungi kunda ham har yili milliardlab mablagʻlarni xayriya ishlariga yoʻnaltirmoqda.

 

Agar yaxshi obroʻ qozonsangiz, qattiq mehnat qilsangiz, vaʼdangizda tursangiz, biznesingiz gullab-yashnaydi.

***

Men uchun eng rohatlanarlisi qattiq mehnat qilish va katta daromad koʻrishdir.

***

Men bugungi ishlarni hal qilishdan koʻra, ertangi kunimni rejalashtirishga koʻproq vaqt sarflayman.

***

Kelajak koʻplab narsalardan tashkil topadi, ammo insonlar qalbi va ongida paydo boʻladi. Shuning uchun faqatgina oʻz maqsadiga erishish haqida oʻylamasdan, butun insoniyat taqdiri haqida oʻylash kerak.

 

 

Manbalar asosida

JAHONGIR

tayyorladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/uchinchi-ogil-yoxud-osiyolik-supermen/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x