UBAYDULLAXON, Ubaydulla Sulton, Ubaydiy (toʻliq ismi: Abulgʻoziy Ubaydulloh Bahodirxon ibn Mahmud Sulton ibn Shoh Budogʻ Sulton ibn Abulxayrxon) (1486, Xorazmning Vazir sh. yaqinidagi Tirsak mavzesi — 1540.17.3, Buxoro) — Buxoro xoni (1533—40), shoir. Shayboniylar sulolasidan. Muhammad Shayboniyxonning jiyani, Mahmud Sultonning oʻgʻli. Otasining iltimosiga kura, unga Xoja Ubaydulloh Ahror oʻz ismini bergan. Tasavvuf boʻyicha dastlabki saboqni otasining piri Mavlono Muhammad Qozidan olgan. Ubaydullaxonga oʻz davrining mashhur ulamolari Fazlulloh ibn Roʻzbehon, Maxdumi Aʼzam, Mavlono Muhammad Azizon, Mavlono Xoja Muhammad Sadr va b. ustozlik qilgan. Xususan, unga davlat arbobi va sarkarda amir Abdulla Yamaniy (Buxoroda Mir Arab nomi bilan mashhur boʻlgan) harbiy sanʼatdan saboq bergan va oʻziga murid qilib olgan.
Xorazm va Buxoro hokimi boʻlgan otasi Mahmud Sulton Qunduzda vafot etgach (1504), unga Oʻrusbek Doʻrmon (1512-y. Koʻli Malikda boʻlgan jangda oʻldirilgan) otaliq qilib tayinlangan. Ubaydullaxon amakisi Shayboniyxonning Xorazm (1505), Balx (1506), Hirot va Mashhad (1507)ga qilgan harbiy yurishlarida qatnashgan. Dastlab safaviylar qoʻshinining Movarounnahr ichkarisiga bostirib kirishidan choʻchigan Ubaydullaxon va Muhammad Temur Sulton (Shayboniyxonning oʻgʻli) shoh Ismoil I bilan elchilar almashib, sulh tuzishga uringanlar. Shayboniylar sulolasining xoni Koʻchkunchixonikng asosiy noibi (1510-y. dan) va Buxoro hokimi (1504-y. dan) sifatida Ubaydullaxon dushmanga karshi kurashga otlangan. 1511-y. da boʻlgan jangda yengilgan Ubaydullaxon va Koʻchkunchixon, Samarkand hokimi Suyunchxoʻjaxon, shunnngdek, Muhammad Temur Sulton va Jonibek Sulton oʻz yaqinlari bilan Turkiston sh. ga chekinadilar.
1512-y. 28 apr. da Koʻli Malik jangida Ubaydullaxon gʻalaba qozonib, Buxoro va Samarqandni egallaydi. 1512 i. bahorida Ubaydullaxonning shijoati natijasida Movarounnahr yana shayboniylar kuliga oʻtdi. Biroq Ismoil I yuborgan Najmi Soniy boshchiligidagi 60 ming kishilik safaviylar qoʻshiniga suyangan Bobur 1512-y. kuzida Gʻuzor va Qarshini egallaydi (q. Qarshi mudofaasi). Najmi Soniy qoʻshini Gʻijduvonni qamal qilishga kirishdi. Ubaydullaxon va Jonibek Sulton Karmanaga; Kuchkunchixon va Temur Sulton Miyonkolga chekinib, hal qiluvchi jangga tayyorgarlik kurishadi. 1512-y. 24 noyab. dagi Gʻijduvon jangida Ubaydullaxon boshchiligidagi qoʻshin gʻalaba qozongan.
1513-y. yanv. da Ubaydullaxon boshchiligidagi qoʻshin Xurosonga harbiy yurishlar qilib, safaviylarga kuchli zarbalar berdi. 1513-y. 11-martda U. Marvni egallaydi. Bu orada U. Xorazmni ham egallab, oʻgʻli Abdulazizxonni hokim qilib tayinlaydi. Uzoq davom etgan harbiy toʻqnashuvlardan soʻng Mashhad, Hirot (1529) va b. shaharlar egallandi. U. Hirotdagi murakkab vaziyatni tartibga solish (bu yerda shialarning taʼsiri kuchayib ketgan edi) va uning Buxoro bilan aloqalarini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratgan. Kuchkunchixon vafot etgach, uning oʻgʻli Abu Saidxon davrida ham Ubaydullaxon noiblik vazifasida qolgan.
1533-y. da Abu Saidxon vafotidan soʻng, turkiy anʼanaga binoan sultonlar ichida eng yoshi ulugʻi U. Buxoroda shayboniylar sulolasining xoni qilib koʻtarilgan. Poytaxt ham Samarqanddan Buxoroga koʻchirilib, davlatning nomi rasmiy ravishda Buxoro xonligi deb atalgan. Ubaydullaxon hukmronligi davrida Buxoroning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaz sifatidagi mavkei kuchaydi. Buxoroda Mir Arab madrasasi, Mirak Sayd Gʻiyos bogʻi, Koʻhak (Zarafshon) daryosi ustida Mehtar Qosim koʻprigi va b. inshootlar qurildi.
Ubaydullaxon yassaviya va naqshbandiya tariqatlariga eʼtiqod qilib, shayx sifatida muridlar ham tarbiyalagan. Ubaydullaxon «Ubaydiy», «Qul Ubaydiy», «Ubaydulloh» taxalluslari bilan uzbek, fors va arab tillarida ijod qilgan. Uning uchala tildagi devonlarini oʻz ichiga olgan kulliyoti keyinchalik Mir Husayn alHusayniy tomonidan koʻchirilgan (1583). Ubaydullaxonning turkiy devonida 310 gʻazal, 430 ruboiy, 11 tuyuq, 18 masnaviy, 7 muammo, 2 yoryor mavjud. Shuningdek, devondan diniy-tasavvufiy va axloqiydidaktik ruxdagi «Omonatnoma», «Shavqnoma», «Gʻayratnoma», «Sabrnoma» manzumalari urin olgan. Forsiy devonida esa 163 gʻazal, 418 ruboiy, 7 qitʼa, 1 fard, 1 masnaviy, 1 tarjeʼband va 3 muammo bor. Arab tilidagi merosi 35 ga yaqin gʻazal, qitʼa va fardlardan iborat. Ubaydullaxon Ahmad Yassaviy asos solgan hikmatnavislik anʼanasini rivojlantirgan. Undan 1786 baytdan iborat 220 dan ortiq hikmat yetib kelgan. Ubaydullaxon ijodida diniytasavvufiy gʻoyalar yetakchilik qiladi.
Ubaydullaxon oʻzbek va fors adabiyotidagi yirik ruboiynavislardan hisoblanadi. Uning bu 2 tildagi ruboiylari 850 ga yaqin. Xususan, oʻzbek adabiyotida ruboiyning Boburdan keyingi taraqqiyoti Ubaydullaxon nomi bilan bogʻliq. Shoir sheʼrlarida oʻzbek tilining boy imkoniyatlaridan, uziga xos xususiyatlaridan mahorat bilan foydalangan.
U. Buxoro yaqinida joylashgan Bahouddin majmuasidagi Daxmai shohon (Shoxlar daxmasi)dagi shayboniylar xilxonasida dafn etilgan. Ubaydullaxon kulliyoti yagona nusxada Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-tining qulyozmalar fondida (inv. №8931), «Devoni Ubaydulloxon» qoʻlyozmasi Turkiyaning Nuri Usmoniya kutubxonasida (inv. №4904), «Masoil ussalot» nomli terma bayozi Koʻniyodagi Izzatquyun xususiy kutubxonasida saklanadi.
As: Qul Ubaydiy, Vafo qilsang, T., 1994.
Ad: Fazlallah ibn Ruzbixan Isfaxani, Mixmannameyi Buxara, M., 1976; Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri aqbob, T., 1993; Mirza Muxammad Xaydar, Tarixi Rashidi, T., 1996; Hofiz Tanish alBuxoriy, Abdullanoma, 1 — 2kitoblar, T., 1999—2000.