Darvoqe, hayotni yaxshi koʻrmagan odam yozuvchi boʻla oladimi? Yana deng Shukur Xolmirzayevdek yozuvchi. Bu haqda adibning oʻzi shunday degandi: “Men hayotni yaxshi koʻrardim… Vassalom! Boricha, butun tovlanishlari, hatto fojialari bilan…”
Shukur Xolmirzayev biz mayda-chuyda deb bilgan narsalardan ham goʻzallik topardi va koʻngli yayrab ketardi: “Bir mahal deng, bir-birini quvlab ikkita oppoq kapalak keldi. Shundogʻ oyogʻim ostida enishdi. Qiygʻos gullagan ziralar ustida pildirab ucha boshlashdi. Voy, shunday chiroyli, shunday chiroyli”. (“Quyosh-ku falakda kezib yuribdi” hikoyasidan).
Adib voqealarni oddiy kuzatuvchi sifatida tasvirlamaydi, balki ishtirokchiga aylanadi. Shu asnosda har bir tasvirga, manzaralarga, qahramonlar siymosiga qalbini, butun borligʻini baxsh etdi. Shu uchun ham asarlarini kitobxonlar qoʻlidan qoʻygisi kelmaydi. Takror-takror oʻqiyveradi, oʻqiyveradi, aslo toʻymaydi.
“… zim-ziyo tunning ham oʻziga xos goʻzalligi boʻladi-da. Yulduzlar yaqin, boyqush sayraydi, har qadamingda jir degan tun qushi uchib oʻtadi. Eshakkina beparvo. Oy chiqqan mahallarda archazorlar negadir tinch boʻladi. Ulkan-ulkan archalar soyaga oʻxshab turadi. Eshakning tuyoq tovushi yiroq-yiroqlardan baayni aks-sado beradi…”
Naqadar goʻzal, naqadar tanish manzaralar. Xuddi shunday qorongʻi kechada siz ham yurgansiz, shunday tovushlarni eshitgansiz.
Yozuvchi asarlari qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, qon-qonimizga singib ketgan milliy ruh bilan sugʻorilgan. Hammasi qadrli, yurakka yaqin: “… Uychaning oldida esa bilasizmi nima, oʻrmak… oʻrmak tikilgan. Bir ayol katta taroq bilan gursillatib urib, kalavani qatimlar orasidan, u yoq-bu yoqqa otib sholcha toʻqiyapti”.
Yosh kitobxonlarga bagʻishlab yozilgan “Uchinchi hamroh”, “Qush tili”, “Toʻp oʻyini”, “Qorbobo keladi”, “Koʻkboy”, “Olma yemadim”, “Zov ostida adashuv” hikoyalari ajoyib soʻzlar bilan chizilgan goʻzal suratga oʻxshaydi. Ular kishi ruhini, qalbini asir qilib oladi. Surxon shevasida gapirayotgan qahramon yoningizda oʻtirgandek, uning nafas olishlarini eshitayotgandek boʻlasiz va tabiiylikdan hayratga tushasiz.
“… – Berman ke, ulim, berman ke! – dedi otam. Bunday vaqtda borishim kerak. Enam ham yelkamga qoqdi. Otam yoniga oʻtqazib: – Sher ulim – dedi”. (Oʻzbekning soddasi” hikoyasidan).
Mana shu qisqa parchadan hikoya qahramonlarining kayfiyati yaxshiligini, voqealar yaxshilik tomon borayotganini sezish mumkin.
“Olma yemadim” hikoyasi halollik haqida. Yumush bilan eshak minib kelayotgan bir guruh bolalar yoʻllarida uchragan bogʻdan olma oʻgʻirlamoqchi boʻladi. Qahramonimiz oʻgʻirlik qilishdan bosh tortadi. Yaqin doʻsti Moʻmin ismli bola olib chiqqan olmasidan tutadi: “U xurjunini eshagiga ortar ekan, bir pallasini ochdi: – Ol, paxtasb.
– Yemayman, bu oʻgʻirlik, – dedim. Paxtasb – olmaning bir turi – kichkina, sargʻish boʻladi. Lekin juda mazali”.
Ammo havo nihoyatda issiqligi tufayli qahramonimiz chanqab qoladi va hamrohi uzatgan olmani tishlayotgan paytida bolalar koʻrib qolib, uning ustidan kuladi. U esa olmani yemay tuflab tashlaydi.
“… – Qanday boʻlarkan? – dedi Habibullo.
– Yemayman, yemayman! – dedim.
– Koʻrdik, yemaganingizni.
– Yemadim.
– Ha, ha oʻgʻirlikni yeding-ku?
Men quloq solmadim. Eshagimni haydab ketdim. Dovonga chiqib oldim, endi alam qildi. Nega chidamadim. Hech kimdan soʻramay olingan olmani ogʻzimga soldim. Chidash mumkin ekan-ku? Demak, kishi toʻgʻri yashay oladi…”
“Zov ostida adashuv” hikoyasi qahramoni – 6-7 yoshlardagi bola togʻ oʻrmonida adashib bir kecha yolgʻiz qolib ketadi. Bola aql bilan ish tutib xatarlarni yengadi. “… bir toʻda yovvoyi choʻchqalarga duch keldim, chetda turgan kichikroq bir choʻchqa “huq” etib ovoz chiqardi-da, suzmoqchi boʻlgan novvosdek boshini egib olib menga yugurdi. Men hangu mang boʻlib qoldim va jon holatda yonboshimdagi xarsangga tirmashdim… Choʻchqa xarsangga chiqa olmadi, u toʻgʻriga yuradigan hayvon. Unga toʻgʻri kelgan kishining holiga voy, oppoq tishlari bilan yorib tashlaydi”.
Hikoya qahramoni dahshatli joydan omon-eson chiqib shunday xulosaga keladi: “Agar ilgariroq tabiat sirlariga qiziqmagan, hayvonlar, atrofimizni oʻrab turgan sharoit haqida hech narsa bilmaganimda, kim biladi, men u yerdan qanday qilib chiqolardim? Har holda qiziquvchanlik boʻlgani yaxshi ekan, doʻstlar!”
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev asarlari oʻzi aytganidek hayotga boʻlgan ulkan muhabbat hosilalaridir. Hayotni sevgan odam, insonlarga befarq boʻlmaydi, ularni ham sevadi, hech kimga yomonlikni, nohaqlikni ravo koʻrmaydi.
Boʻston RAHMONOVA
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/u-hayotni-yaxshi-korardi/