U hayotligida toʻqigan afsonalar

Buyuk yozuvchi Hemingueyning avval sheʼr yozganini koʻpchilik bilmaydi. Uning sheʼrlarida ham nasridagi mavzular asarlar markazida turadi – bu urushning maʼnisizligi, inson qadrining fojiaviy toptalishlari, qoʻmondonlarning xatolariga qurbon ketgan oddiy askarlarning taqdiri, xonashinlikdan toriqish va sarguzashtlar ishtiyoqi chizgilaridir.

 

Ernest HEMINGUEY

 

Sheʼrlar

 

Askarlarga nasib etmas sokin oʻlim,

Ular nasibasi – janggohdagi xoch.

Yiqilgan jangchining boshi ustida

Xochday tuprogʻiga tiqilar ogʻoch.

Askar yoʻtaladi, bukchayar, oʻqchir,

Toʻrt tomon – alanga, otash, dod-voy, sas…

Tokim janglar toʻxtab, tun tushmas ekan,

Askar tirik qolganiga ishonmas.

 

 

Oʻgʻlimga nasihat

 

Hech qachon ishonma oqlar irqiga,

Juhudni, hech kimni oʻldirma, bolam,

Imzo chekma hech bir shartnomalarga,

Cherkovda muk tushib yotma hech qachon.

Yaratganga ishon.

Harbiy kishi boʻlma hech qachon, bolam;

Koʻpaytirma xotin sonini hech choq;

Jurnallarga aslo yozma maqola;

Tikonlarga hech vaqt urmagin tirnoq.

Qogʻozlarga aslo umr bogʻlama,

Urushdan hal boʻlmas muammo sira,

Fahsh maydonida taning bulgʻama,

Oʻzingni pok saqla, asra bokira.

Taʼmagirga aslo toʻlama tovon,

Sudlarga tushmasing ishing hech qachon,

Noshirlarga aslo ishonma, bolam,

Yoʻqsa, toʻshaklaring boʻlar xas, somon.

Bir-bir tashlab ketar seni doʻstlaring,

Hamma kirib ketar oxir qabrga.

Agar pok, sabrli umr kechirsang,

Falak ayvonida boʻlarsan birga…

 

 

Sarlavha

 

Koʻproq fikrlasang, oʻylasang chunon,

Maqsadga oson yoʻl topilar, ishon.

Biz-la avval raqs tushar shayton,

Keyin tavba tomon sudraydi iymon;

Tunda Yaratganga sigʻinarmiz biz,

Kunduzlari egamiz – Iblis…

Essiz!

 

 

Ruzvelt

 

Ishchilar unga ishonardi,

Ishonchni yoʻqotdi u oxir,

Oʻziga ishonmasalar ham

Suratin osarlar devorga axir.

“U Farangistonda boʻlsa, nima qilardi!” –

Dedilar.

Balkim, tirik qolardi –

Oʻlgan boʻlardi,

Ehtimol,

Askarlar oʻlarlar jang maydonida,

Generallar toʻshakda oʻlar doimo,

U ham oʻldi nihoyat.

U hayotligida toʻqigan afsonalar

Hali ham tirik, rivojlanmoqda butkul,

El koʻndi.

U oʻldi, afsonalari uchun toʻsiq yoʻq endi.

Kanadaliklarni

yaxshi koʻraman

 

 

1918 yil 8 iyulda

Payvda halok boʻlganlar

 

Men siz bilan orzu qilganman,

Armonlarga koʻmilganman, ogʻringanman,

Jang qilganman,

Yaralarimizni bogʻlaganmiz birga.

Sizlar bilan edim,

Keyin ketdingiz qorongʻu yerga.

Endi tunda kelasiz Siz,

Kulgu yoʻq yuzingizda,

Yonimda yotasiz uzala,

Horgʻin, sovuq, tigʻingiz keskir,

Qaynoq yuragimni kesasiz, dilni tilasiz tonggacha,

Payvda halok boʻlgan doʻstlarim…

 

 

Sheʼr

 

Meni qachondir astoydil sevgan yagona odam

“Alvido” dedi

Va ketdi.

U quyoshli bir kunda

Pikardiyada halok etildi.

 

 

Yigitlik talabi

 

Yigitlik bizdan kuylashni talab etardi,

Ammo kesdilar tilimizni.

Yigitlik bizdan yugurishni talab etardi,

Ammo toʻsdilar yoʻlimizni.

Yigitlik soʻrardi oʻynab-kulishni,

Ammo joʻnatdilar urushga.

Biz istamagan edik aslo oʻlishni,

Toʻgʻri keldi,

Qarimasdan,

Goʻrga kirishga…

 

 

Halok boʻlgan zoʻr yigitlarga

 

Ular bizni simirib chaynadilar,

Tuflab tashladilar;

Qirol va davlat,

Isoi Masih

Va boshqalar.

Vatanparvarlik,

Demokratiya,

Burch –

Safsatalar va yasama nutqlar,

Ular bizni buzdi va oʻldirdi, yigitlar…

 

Inglizchadan

Karim BAHRIYEV

tarjimalari

 

 

“Ijod olami”, 2018/4

https://saviya.uz/ijod/nazm/u-hayotligida-toqigan-afsonalar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x