Uzoqning ishi qiyin-da.
Hech bunaqa boʻladi deb oʻylamagandi. Otasining soʻnggi damlarida yonida turolmadi. Akasi bilan ukasi har qalay boshida boʻlishdi. Issiq-sovugʻiga qarashdi. Oxirgi soʻzlarini, nasihatlarini eshitishdi. U boʻlsa… hech kimmas, oʻziga-oʻzi shunday baho berardi: kimga kerak bunaqa obroʻ… Oʻylagan sari yuragi eziladi.
– Sizni otam uzoq kutdi. Oxirgi kunlari faqat eshikka termulib yotdi. Biror nima demoqchi boʻldi shekilli. Bizga aytolmadi, – dedi ukasi.
U indamadi. Nimayam desin. Shahardan turib harakat qilganini aytsinmi yoki ulgurib kelolmaganinimi?.. Oʻylab oʻyining adogʻiga yetolmayapti.
– Yarim soat, bir soat ilgariroq qimillasang boʻlardi-yu, uka! Olis yoʻl boʻlsa. Otamni senga aytar soʻzi boridiykan, – dedi akasiyam toʻngʻillab.
Nima qilsin, shunday boʻlib qoldi. Vaqtni ortga qaytarib boʻlmasa. U bilan hech kimning ishi yoʻq. Shundogʻam ich-eti shalvirab boʻldi. Endi hammasi kech. Oʻzi biladi oʻzidan oʻtayotganini. Hozir dashnomning paytimi?..
Holiroq joyga oʻtdi. Odamlarga koʻringisi kelmasdi. Nazarida hamma “Sadqai oʻgʻil ket-e”, deyayotgandek tuyulardi. Ularning nigohlariga bardosh berolmadi. Ukasi yoniga keldi.
– Otamning uch oʻgʻli borligini hamma biladi. Oʻzingizni opqochmang, aka. Qatorda turing.
U ukasi aytganidek qildi. El ogʻziga elak tutib boʻlarkanmi. Shuniyam gapirishmasin tagʻin.
* * *
Janozada tumonat odam boʻldi. Fotihadan soʻng barisi ketma-ket koʻngil soʻray boshlashdi. Shu koʻyi uchovlon shomgacha tik turishdi. Otasi feʼli keng odam edi. Katta-yu kichikning hurmatini qilardi. Adashmagan boʻlsa yaqin atrofdagi yetti qishloqdan odam yopirilib keldi. Mayyitni qabristonga qoʻyib qaytgan payti eʼtiborini oppoq, bahaybat it tortdi. Odamlar orasidan indamaygina darvozaxonaga termulib turardi. Har bir kishiga tikiladi. Hech kim unga parvo qilmasdi. U ham bir chetda kelgan-ketganga qarab ancha turdi. Keyin koʻchaning narigi betidagi qoʻshnining devori tagiga borib, oyogʻini uzatib yotib oldi.
– Oʻsha mashhur zotdanmi, deyman? – odamlar gʻala-gʻovurida togʻasining ovozi qulogʻiga chalindi.
– Ha, shunaqaga oʻxshaydi, – dedi amakisi ham tasdiqlab.
– Eshitardimu, hech koʻrmagandim bunaqa itni. Ancha haybatli ekan.
– Ha-a… Qanchalik rost bilmadim-ku, mana shu Qoradaryo boʻylarida qadimda bir dev boʻlgan deyishadi. U atrofdagi toʻqayzorda kun kechirgan ekan. Har tunda yemish izlab chiqib naʼra tortarkan. Unga hech kim bas kela olmagan ekan, – deb gap boshladi amakisi. Togʻasi jimgina eshitib bosh qimirlatib oʻtirardi. – Qishloqda bir pahlavon choʻpon boʻlgan. Otini Qorayagʻir deyishganakan. U odamlarning chorvasini ana shu devdan asrab boqarkan-u, hech kosasi oqarmaskan. Uning xuddi shunga oʻxshash Oqtoy nomli bahaybat iti boʻlgan emish…
Amakisining gapi chala qoldi. Bir toʻpda odam fotihaga kelib qoldi. Togʻasi bilan amakisi oʻrnilaridan turib ularni kutib olishdi. Tilovat boshlandi. Qiroat ohangi odamga oʻtmishni eslatardi. Yodiga otasining ayvonda ertak aytib bergan kunlari tushdi.
…Bir kuni Yagʻir choʻpon odamlarga yolgʻizligidan nolibdi. Qishloq kattalari maslahatlashib uni sagʻir bir qizga uylantirishibdi. Yagʻirboy qirq kun xotini bilan boʻlib, choʻponlik tayogʻini devorga suyab qoʻyibdi. Noshukurlik-da. Bu vaqt ichida dev odamlardan har kuniga beshtadan qoʻy talab qilibdi. Boʻlmasa qiron solishi aniq ekan. Qishloq keksalari kengashib Yagʻirning oldiga borishibdi. Bor gapni aytishibdi. Pahlavon yana choʻponlikka qaytibdi. Ammo dev quturgandan-quturganmish. Yagʻirboy u bilan kurashishga ahd qilibdi. Ammo xotini qarshilik koʻrsatibdi. Shunda harchand koʻnmasa ham Oqtoyni daraxtga bogʻlab yori bilan qoldiribdi va yoniga katta idishda suv qoʻyib:
– Agar Oqtoy suvidishga qaramay qoʻysa, undagi suv ayniy boshlasa bilginki, menga biron kor-hol boʻlgan. Shunda itni qoʻyib yubor, – deb tayinlabdi.
Kunlar ketidan kunlar oʻtibdi. Yagʻir choʻpondan darak boʻlmabdi. Oqtoy kechalari uvlab chiqarmish. Kelin suvidishdagi suvga qarasa ayniy boshlabdi. Itning yoniga borib, boʻshatib yuborishga qoʻrqibdi. Shunda Oqtoyning oʻzi oldinga tashlanib, tuproq timdalabdi. Jon jahdi bilan zanjirni gʻajib, nihoyat uzibdi. Yeldek uchib borib egasini topibdi. Qarasa dev choʻponni bandi qilganmish. Oqtoy mahluqqa tashlanib olishibdi. Devni yengib Yagʻir choʻponni ozod qilibdi.
Itning vafodorligi haqida koʻp oʻqigandi. Bolaligida otasidan eshitgan bu ertakni eslab itga qarab qoʻydi. Zotdorligi rostga oʻxshaydi. Bu hikoyani otasiga bobosi aytib bergan boʻlishi kerak, amakisi ham xuddi oʻzi eshitganidek hikoya qila boshlagandi.
Odam koʻp edi. Keldi-ketdi tinmasdi. Baʼzilar itdan choʻchigandek oʻzlarini chetga torta boshlashdi. U hatto pinagini buzmasdi. Old oyoqlari ustiga boshini qoʻyib, atrofga alang-jalang qarardi. Kimning iti ekan, xayolidan oʻtkazdi u. Hech kimga ergashmaydi ham. Bu yogʻi qiziq boʻldi-ku. Uch kun deganda ham yana oʻsha oq it paydo boʻldi. Endi odamlarga yaqinlashmasdi-yu, uzoqdan – chetkoʻcha boshida turib kuzatardi. U qoʻshnilardan soʻrashga iymandi. Unga ermak topilgandi. Ahyon-ahyon itga qarab chalgʻirdi. Hatto otasining birinchi payshanbasi, yakshanbasi, yettisi, yigirmasida ham jonivor keldi. Faqat bugun – qirqida koʻrinmadi. Oʻrganib qolgan ekan. Zimdan u yoq-bu yoqni qidirdi. Koʻrinmadi. Shomgacha kutdi. Kelmadi. Biron kor-hol boʻldimikin?.. Xayoliga kelgan oʻydan allanechuk boʻlib ketdi. Nega bunchalik qaygʻurmasa. Egasi bogʻlab qoʻygandir-da. Qarovsiz boʻlmasa kerak hoynahoy. Biroz tinchlandi. Jon kuydirishga arzimaydi. Axir bir jonivor boʻlsa.
…Odam oʻtgandan keyin marosimlari juda koʻp boʻlarkan. Oldinlari ahamiyat bermaganmidi, arang qirqigacha chidadi. Ertaga ketadi.
Bugun kechki yoʻlga chiqmoqchi edi:
– Qirqiga chidading, qirq biriga ham chida! – deyishdi ammalari.
Yana ellik ikkisiyam yaqin. Bu marosimga bolalari bilan qaytib keladi. Ellik ikkinchi kun mayitning tovoni yorilarkan. Unga shunday deyishdi. Bu oson boʻlishi uchun arvohga yoʻqlov kerak. Paxtadan pilik yasaladi. Soʻng moyga botirib olib, chiroq yoqishadi. Yoniga behi novdalaridan qoʻyiladi. Arvoh kelib unga oʻtiradi va pilik shuʼlasida oʻynoqlab, xursand boʻladi. Odamning ruhi shunday yoʻqlanadi. Har tugul shunaqa-da!.. Tirik vaqtlarida yoʻqlashga vaqt topolmaysan. Holidan xabar olishga erinasan. Dunyoning ishlari, bola-chaqa deysan, yana oshna-ogʻayni… Lekin bu udumlarni oʻtkazish shart. Bir tarafdan toʻgʻri. Shunday qilinmasa, esdan chiqarib yuborilishi aniq. Oʻlding – oʻchding!..
* * *
Ogʻasiyam, inisiyam hamon dakki berishdan charchashmasdi. U boʻlsa jonivorni qidirishdan. Qayoqda qoldiykin. Rostdanam koʻnikib qopti shekilli. Oʻtgan kunlar davomida buni sezmabdiyam. Mayli, tirik boʻlsa kelar…
Kechki ovqatga hammalari jam boʻlishdi. Xuddi bolalik chogʻlaridagidek. Akasi, ukasi, singlisi, oʻzi, onasi… Faqat qatorda otasi yoʻq, xolos. Shu hol unga ozor berardi. Yuragining bir chetini nimadir pastga qarab tortqilaydi. Bir kam dunyo-da. Oʻzicha tasalli izlaydi. Yoʻq. Ichidagi kemtikni yopadigan hech narsa yoʻq, topolmaydi. Oʻtgan oʻtib ketdi. Yigʻi-sigʻi foydasiz. Hech kimni ortga qaytarib boʻlmaydi. Xoh koʻzyoshlar daryo boʻlib oqsin. Baribir… Vallomatlarining ham bunga qurbi yetmaydi. Faqat Yaratgandan boshqa. Biroq Tangri taolo buni istamaydi. Hayot qonunlarini oʻzgartirmaydi. Bu toshga oʻyilgan bitik. Taqdiri azal deyishadi buni.
…Tomogʻidan taom zoʻrgʻa oʻtyapti. Ammo yeyish kerak. Ertalabdan beri tuz totmadi. Lekin qandoq?.. Majburlab, faqat majburlab yutardi har bir luqmani. Xuddi shunday. Buncha tansiq boʻlmasa bu taom. Shu boʻlsa kerak-da uning rizqi, tuz-nasibasi. Hali u uchun hayot oldinda. Bazoʻr boʻlsa ham tomogʻidan osh-ovqat oʻtyaptimi, demak yeyish kerak. Ha-ha! Yashash uchun yeydi.
Unga nima boʻldi. Bugun hatto yigʻlamadiyam. Odamning bardoshi metin boʻlarkan. Chidarkan. Hamma narsaga koʻnikarkan-da. Biroq barisining chegarasi bor.
Qahri qanchalik qattiq boʻlmasin, otasining oʻrni bilina boshladi. Oʻzini tanho sezyapti. Esida, chaylada kutib oʻtirishni soʻraganda qirga ketib qolgani. Oʻshanda otasi yarim kun qidirgan. Qattiq shamol boʻlgandi. Tulkilar inidan chiqib, izgʻiy boshlagan. Toʻq qizil jonivorni shunda yaqindan koʻrgandi. Yonginasidan chopib oʻtgan. Yuragi yorilayozgandi. Otasini uzoqdan tanigan. Yelkasiga pidjagini tashlab yurardi. Quchoq ochib, chopib boruvdi oldiga. Avvaliga qattiq urishdi. Yerga qarab milt-milt koʻzyosh toʻkkandi. Soʻng ikkalovlari tuyani oʻrkachiga oʻxshash adirlikning ilonizi yoʻlidan anchagacha indamay yurib borishgan. Otasi chidayolmay, mahkam bagʻriga bosib erkalagandi. Boshidan chaqalarni aylantirib, yerga sochgandi.
– Bundan keyin quloqsizlik qilmagin, – deb pichirlovdi.
Erkalashlarini sogʻinyapti. Mehrini qoʻmsayapti. Nahot oʻzini dunyoga keltirgan zot yoʻq endi. U yolgʻiz… Jigarlari-chi, ogʻa-inilari-chi?!.. Ularga bir-bir zimdan razm soldi. Ovqat yeyishyapti. Hammalari ochiqqan. Bilmadi. Unga shunday tuyulyapti.
Onasi:
– Ol! – deb ovqatga undadi.
Uning boʻlsa ishtahasi yoʻq. Bir qoshiq ovqatni u lunjidan bu lunjiga olib uzoq chaynab oʻtirardi. Yaqinlari qatori majbur yedi. Koʻngli xira tortgandi. Hech yorishmasdi. Qanday yorishsin.
Hammalari ovqatlanib boʻlib, qoʻllarini sochiqqa artishdi. Onasi duo qildi. Yaratgandan oilasiga xotirjamlik soʻradi. Keyin:
– Endi uy-uylaringga boringlar! Qirq kun aza tutdinglar. Yetar. Eshik-elga ham qaranglar, – dedi vazmin ovozida, oʻzi istamasa ham.
Birozdan keyin qoʻni-qoʻshnilarni chaqirtirdi. Ulardan bitta-bitta hamroh qilib hammalarini kuzatdi. Taomil shunday-da. Onasi ham toliqqandi. Har kungi marosimlar charchatgan koʻrinadi, turishga ham majol topolmadi. Hamma ketdi. Faqat u qoldi.
* * *
Uzoqning ishi qiyin-da.
Unga hech kim hamrohlik qilolmaydi. Erta boʻlsa oʻzi ketadi. Yakka-yolgʻiz. Hamrohsiz. Dara, dovon oshib… Tong sahar yoʻlga chiqadi. Ishqilib shu tunni tinch oʻtkazib olsa boʻlgani. Yuragi gʻash.
Onasi bilan yolgʻiz qolishdi. Gaplashishga hollari yoʻq edi. Faqat bir-birlariga termulib oʻtirishardi. Anchadan keyin akasi bilan ukasi qaytib kelishdi.
– Ukam ketmay gaplashvolsak degandim, – dedi onasiga akasi.
U hayron boʻldi. Dakkilardan quloqlari endi tingandi. Onasi ham “Nima boʻldi?” degandek kiprik qoqdi. U yelka qisib, indamay oʻtiraverdi.
– Bogʻni sotmoqchimiz, – dedi ukasi ham.
Onasi bir qalqib tushdi.
U ham buni kutmagandi. Quloqlariga ishonmadi. Toʻgʻri eshitdimi oʻzi?!.. Quloqlari ostida ukasining gapi shangʻillay boshladi. Sotishmoqchimi?.. Ota bogʻini-ya. Yetimqirda katta bogʻlari bor edi. Otasi parvarishlardi. Rostdanam qondoshlari shu ishni qilishadimi?!
– Nima uchun? – qatʼiy ovozda soʻradi onasi.
– Kim qaraydi boʻlmasam? – savolga savol bilan javob berdi akasi.
– Ss… sizlar-chi?! Axir, otang…
U yogʻini aytolmadi onasi. Qirq kun ezgʻilangan yurakka bu gaplar ogʻir edi. “Nima bu, sinovmi yo cholining bu dunyoda chala qolgan ishlarimi?! Farzandlari oxiriga yetkazib qoʻymoqchidir balki. Otalarining soʻnggi tilagi shudir-da”, oʻylardi mushtipar ona.
Hammasi qorongʻi va mavhum. Tushunmayaptimi yoki tushunishni xohlamayaptimi?.. Shunday boʻlishi kerakdir. Onasi rostdanam toliqqanga oʻxshaydi. Najot bilan unga termuldi. U hamon jim oʻtirardi. Nimayam derdi. Qaror aytildi-ku.
– Bogʻ otamdan meros. Hammamizga asqotadi hali, – dedi anchadan soʻng arang akasi bilan ukasiga qarab.
– Koʻchib kel unda! – keskin javob qildi akasi.
U yana jimib qoldi.
Gapga onasi aralashdi.
– Katta boqqa otangni mehnati singgan. Hech boʻlmasam yili oʻtsin, – dedi chorasiz alfozda.
– Ungacha hamma daraxtlar qurib bitadi, – dedi ukasi keskin, gapni choʻrt kesib. – Mening… qarashga vaqtim yoʻq.
– Meniyam ishim boshimdan oshib-toshib yotibdi, – qoʻshildi akasi. Soʻng kinoyaomuz tikildi unga. – Sen kelib qarolmasang kerak?
Bu aniq edi. Ogʻa-inisining rejasi puxta. Qarshilik qilishning iloji yoʻq. Bir tomondan ular haq. Boqqa qarov kerak. Parvarish qilinmasa daraxtlar quriydi. Uvoli bor. Hech kimga kerakmas bu. Hozir bitta gap ham ortiqcha. Soʻnggi soʻzni onasi aytadi. Lekin jim. Nimayam desin bechora onasi. Boshiga tushgan dardni endigina unuta boshlagan edi. Oradan hech qancha oʻtmay yana bu gʻavgʻo.
Onasi oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Sekin yurib, ichkari uyga kirib ketdi. Chiroqni yoqib deraza yoniga oʻtirib oldi. Oʻgʻillari ortidan tikilib turardi. Onasi qoʻliga tasbeh olib, birma-bir oʻgira boshladi. Akasi bilan ukasi oʻrnidan dast turib, chiqib ketishdi. Sukutni rozilik alomati, deb bilishdi. Oʻzi ham shunday edi. Na iloj. Ularni yoʻldan qaytarishga hech kimda kuch ham, istak ham yoʻq edi. Shu asnoda oʻtirgan oʻrnida koʻzi ilindi. Ancha mizgʻibdi. Biroz dam olgandek boʻldi. Tashqaridagi gʻala-gʻovurdan choʻchib uygʻondi. Vaqt ham allamahal. Tun yarim boʻlishiga qaramay onasi hanuz tasbeh oʻgirib, bir nimalarni pichirlab oʻtirardi. Ayvondan hovliga qaradi. Ishkom tagidagi soʻrida akasi bilan ukasi, yana allakimlardir bir-birlari bilan bahslashishardi. Hoynahoy bogʻ savdosiga oʻxshaydi. Uyqusiragan koʻyi jim kuzatib turdi. Onasining nigohlari ham ikki deraza osha ularga qadalgandi. Borgan sari koʻzlaridan reza-reza yosh sizardi. U onasining oldiga kirdi. Yoniga tiz choʻkib mahkam quchdi. Qoʻllarini yuzlariga bosdi. Bolalarcha suykalib yolvorishga tushdi.
– Xoʻp desangiz sizni oʻzim bilan olib ketaman, – dedi.
Onasi lom-mim demadi. Koʻrpasining qatlarini timirskilab, qinli pichoqni olib unga uzatdi.
– Shuni otangdan yodgorlik deb bil, doim yonida olib yurardi. Yigit kishining koʻrki, hamisha hamroh, derdi.
Birozdan soʻng:
– Senga boshqa hech nima berolmayman, – deb qoʻshimcha qilib qoʻydi aybdordek yerga boqib.
Nima kerak yana. Shuning oʻzi kifoya-ku!..
– Kulala-kulala! Meni oʻgʻlim kula-a-laa… a! – otasining ovozi eshitilgandek boʻldi quloqlari ostida. Ukasining toʻyi kuni koʻrpaga shunday yotqizishgandi. Otasi chalgʻitishga ulgurmasdanoq usta ishini bajarib boʻlgandi. Ukasi chinqirib yigʻlab yuboruvdi. Hammalari birin-ketin oldiga kirishgandi yupatishga. Soʻng amma-xolalari shirinliklar sochishuvdi. Ur-toʻpolon qilib terib olishgan oʻrtoqlari bilan. Otasi boʻlsa, ukasiga tuxum bilan mana shu pichogʻini tutqazgandi. Odat shunaqa shekilli. Yigit boʻlganiga ishora boʻlsa kerak-da.
Pichoqni qinidan sugʻurib biroz tomosha qildi. Xuddi oʻzi. Otasining pichogʻi. Bezaklari koʻzni qamashtiradi. Bolalik chogʻlarida shunga havas qilardi. “Hay-hay, tigʻi oʻtkir-a. Qoʻlingni kesvolasan”, degandi bir kun bogʻlaridan katta bir olmani uzib, archimoqchi boʻlib qoʻlga olganda otasi. Baxtiyor damlar edi… Pichoqning sopiga tikilib ancha turdi. Soʻng qiniga tiqib, choʻntagiga solib qoʻydi.
Birozdan keyin:
– Birga ketaqoling, iltimos. Nevaralaringiz ham xursand boʻladi, – dedi yana onasiga suykanib.
Onasi indamadi. Pinagini ham buzmadi. Nigohini tashqariga qadab, jim oʻtirardi.
– Otangni chirogʻini kim yoqadi men ketsam, – dedi birpasdan keyin gʻamgin tovushda.
– Akam, qolaversa ukam bor-u, – dedi u beixtiyor.
Onasi boshini sarak-sarak qildi. Tasbehning tez-tez shiqillagan ovozi eshitila boshladi.
– Yoʻq, – dedi onasi qatʼiy. Yana nimalardir demoqchi boʻlib ogʻiz juftladi-yu, ammo aytolmadi. Bu payt tashqaridagi gʻala-gʻovur tindi.
– Hammalaring ham meni bolalarimsan. Oʻla oʻlgunimcha shunday boʻlib qoladi. Baringizniyam yaxshi koʻraman. Shundan boshqa narsa qoʻlimdan kelmaydi, bolam.
Onasining ovozida titroq bor edi. Lunjlari pastga osilib, oʻzini tutolmay qoldi. Koʻzyoshlari tomchilab, piqillab yigʻlab yubordi. U gʻazabdan qoʻllarini musht qildi. Shu topda nima qilishini bilmasdi. Bu dunyoning barcha azoblaridan xalos boʻlishni istadi. Ammo bunga jurʼat qayoqda. Aqlu hushi oʻzida emasdi. Vajohat bilan tashqariga otildi. Soʻrida hech kimsa koʻrinmasdi. Qiyiqcha ustida bir dasta pul sochilib yotardi. Bu uning ulushi edi. Shu choqda odam zotining barchasidan nafratlanib ketdi. Kulishini ham, yigʻlashini ham bilmadi. Yana ichkariga qaradi. Onasi koʻzlarida yosh bilan tashqariga tikilib oʻtirardi. U koʻchaga chiqdi. Garangsib ancha yurdi. Qayoqqa borarini bilmasdi. Yoʻl otasining bogʻi sari yetakladi.
Hammayoq zim-ziyo. Biron sharpa koʻrinmasdi. Xayolida yolgʻiz qolgan onasi.
– Oh onam-a. Mening mushtipar onajonim-a. Dunyoga keltirib, yuvib-tarab, voyaga yetkazgan mehribonim onam-a, – deyardi pichirlab.
Daraxtlarning shitir-shitiridan boqqa kelib qolganini angladi. Barglar shabadada shivirlardi. Qulogʻiga yoqimli eshitildi. U bogʻ oʻrtasidagi katta oʻrik daraxti tagiga borib choʻkkaladi. Tanasini quchib, bir-ikki boshini urdi va:
– O, Yetimqir! – dedi mahzun.
Shu zarb bilan tepadan besh oltita oq oʻriklar oyoqlari ostiga potirlab tushdi. Bittasini olib ogʻziga soldi. Toza yetilibdi. Otasiga rahmat aytdi. Yana birini olib yedi. Tanasiga quvvat kirganga oʻxshadi. Biroz dadillashdi. Taskin topgandek boʻldi. Shu payt oyoqlarning dupur-dupur tovushidan choʻchib tushdi. Odamnikiga oʻxshamasdi. Ortiga qarasa tunov kungi it. Oʻzi tomon chopib kelyapti. Quvonib ketdi. Tirik ekan. Dumini likillatib oldiga keldi. Bahaybat bu mahluq, xuddi qadrdonlardek oyoqlariga suykaldi. Shundagina tushundi uning begona emasligini. Ha-ha. U otasining hamrohi, bogʻning qoʻruvchisi… Bu aniq. U itni boʻynidan mahkam quchoqlab oldi. Shu taxlit ancha turdi. It qimir etmadi. Qarshilik ham qilmadi. U qorongʻu tunda oʻziga hamroh topilganidan xursand boʻldi. Yunglaridan silab erkaladi. Ikkov bogʻ aylanishdi. Soʻng chaylaga bordi. Ustunda osigʻliq turgan xaltadan bir boʻlak quritilgan goʻshtni olib itga tashladi. Anchadan beri ovqat yemagani koʻrinib turardi. Ozib-toʻzib ketgandi. U ham bir yamlashda hammasini paqqos tushirib, yana umidvor qaradi. Xaltadagi bari goʻshtni itning yoniga otdi.
Shu payt chaylaga nuroniy, oppoq soqollari selkillab, oʻziga yarashib turgan sakson yoshlar chamasidagi moʻysafid kirib keldi. It bilan boʻlib sezmabdiyam.
– Xush kelibsan oʻgʻlim, – dedi yoshiga xos vazminlik bilan.
– Xushvaqt boʻling, – dedi u ham.
– Qaytyapsanmi?.. – soʻradi yana xuddi eski tanishlardek.
–…
– Men qoʻshni bogʻdanman. Otang bilan qadrdon edik. Mana bu hujjatlarni olib qoʻy. Bogʻniki. Otang rahmatli qachonlardir bogʻ sotilsa xaridor boʻlishni tayinlagandi. Kayvoni odam edi rahmatli. Avvaldan bilgan chogʻi. Men doʻstim aytganday qildim. Asli pullar ham otangniki. Bogʻdan boʻlsa xavotir olma. Men kunda shu yerdaman. Qarovsiz qolmas.
U xijolat boʻlib oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Qoʻlidagi qogʻozlarga uzoq termuldi. Yozuvlarga koʻz yugurtirdi. Boshini koʻtarganda moʻysafid yoʻq edi. Nima boʻlganiga tushunolmadi. Tushmasmikin deb yuzini chimchilab koʻrdi. Kim edi bu?.. Xuddi hazrati Xizrbuvaga oʻxshaydi-ya. Bogʻni sotib olib oʻzlariga qaytargani uchun otasiga yana rahmat aytdi. Otasining tadbiridan koʻngli quyoshdek yorishib ketdi.
Tong shamoli esa boshladi. Daraxtlar bir xilda chayqalardi. Uzoqdan shafaq koʻrindi. U tashqariga chiqdi. Ketmoqchi boʻldi. It bilan xayrlashib yoʻlga tushdi. Jonivor jilgʻagacha ortidan ergashib bordi. Faqat adirlikka chiqa boshlaganda toʻxtab qoldi. Qayoqdandir kuchli shamol koʻtarildi. Jilgʻadagi charxpalak gʻiyqillab harakatga keldi. Shundagina bildi boqqa suv chiqmayotganini. Birdaniga hammayoqni chang-toʻzon qopladi. It vovillab u yoqdan-bu yoqqa chopa boshladi. Goʻyoki jilgʻa u uchun chegaradek edi. Yetimqirda bogʻ yastanib yotardi. Bepoyon adirliklar allanechuk goʻzal boʻlib koʻrindi koʻziga. Tepalikka yetib pastga enib boshlaganda itning uzun-uzun ulishi eshitildi…
Uv-vv…
Hamma narsa ortda qolgandi. Uy, qishloq, qir-adir, it va yana deraza ortidan yolgʻiz moʻltillab termulib turgan onaizori, oppoq soqolli moʻysafid… bari barisi xotiralar tubiga choʻkayotgandi.
Baxtiyor NURIDDINOV
“Yoshlik”, 2013 yil, 10-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/u-dunyo-xaridori/