Tuz ichgan dargohim

Bir kun tuz ichgan joyingga qirq kun salom ber, deydilar. Agar hisobni shundan boshlasak, Milliy universitetda besh yil oʻqigan har bir talaba bu moʻtabar dargohga ikki yuz yil salom berishi kerak boʻladi. Buning ustiga ushbu ilm mas­kanida yuz minglab odam tahsil olgan va bu muddat toʻqson yildan beri davom etib kelayotgan boʻlsa, hisob-kitobimiz millionlardan oshib ketadi. Universitet shunday ulkan daryoki, uning suvidan ne-ne allomalar, arboblar, shoir va adiblar suv ichgan!

“Talabalik oltin davrim”, degan gap bor. Rostini aytsam, mening talabaligim unchalik ham oltin boʻlgan emas. Garchand maktabni medal bilan bitirgan boʻlsam-da, avval sirtqi boʻlimda, uchinchi bosqichdan boshlab kunduzgi boʻlimda oʻqishga majbur boʻldim. “Temiryoʻlchi”, “Qizil Oʻzbekiston”, “Toshkent haqiqati” gazetalarida ishlab turib oʻqishimga toʻgʻri keldi. Kunning birinchi yarmida oʻqishga borsam, ikkinchi yarmida ishga yugurar yoki aksincha boʻlar edi… Ammo talabalikning joʻshqin va hayajonga toʻliq yillari hamma qatori menda ham nurli xotiralar qoldirgan.

Talabalar Gʻulom Karimov, Subutoy Dolimov, Siddiq Fuzailov, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʻshjonov, Anvar Shomaqsudov, Laziz Qayumov, Karim Nazarov, Toʻgʻon Ernazarov, Umarali Normatov, Abdugʻafur Rasulov, Vohid Abdullayev, Tohir Pidayev kabi domlalar sabogʻini eʼtibor bilan tinglashar, ularga oʻxshashni orzu qilardi. Domlalarning dars oʻtish usuli ham, talabchanligi ham har xil, biroq barchasi birdek fidoyi insonlar edi. Ayniqsa, Ozod domlaning darsiga boshqa kulliyotlar, hatto boshqa institutlardan ham talabalar kirib oʻtirishardi. Ozod aka hech qanday daftar, “shpargalka” koʻtarib yurmas, sabogʻini shu qadar shavq va hayajon bilan oʻtar, fikri shu qadar ravon, daryodek oqib kelardiki, hayron qolardik…

…Oʻtgan asrning oltmishinchi yillari gʻalati zamon boʻldi. Bir qadar hurfikrlilik shabadalari esib, totalitar tuzumning millionlab begunoh insonlar boshiga solgan kulfatlaridan oz boʻlsa-da, ogoh boʻldik. Hamma ulugʻlagan Stalin “xalqlar otasi” emas, xalqlar jallodi ekanini ang­lay boshladik. Mustabid tuzumning shiorlari har qancha goʻzal boʻlmasin, imorati zulm poydevoriga qurilganini, partiya adabiyotni “dastyor”ga, shoirni maddohga, jurnalistni yugurdakka aylantirganini tushuna boshladik. Bu masalada biz yoshlarning mustaqil fikrlashiga Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʻshjonov kabi ustozlar yordam berdilar. Ozod domlaning imtihon olishi qiziq edi. Chiptadagi savolga “bulbuligoʻyo” boʻlib javob qilayotganingizda shartta toʻxtatar, “Xoʻp, mulla, bu yogʻini qoyil qilarkansiz, endi ayting-chi, eng keyin oʻqigan kitobingiz qaysi? Nimasi yoqdiyu nimasi maʼqul kelmadi – shundan gapiring. Soljenitsinning “Ivan Denisovichning bir kuni” qissasini oʻqidingizmi, Yevtushenkoni bilasizmi, Voznesenskiyning nimasini oʻqigansiz, Xeminguey qanaqa yozuvchi?” degan savollarni qalashtirib tashlardi. Domla bejiz shunday qilmaganini keyin angladim. Ustoz bilan koʻplab safarlarda boʻlganimda, oʻz mashqlarimni oʻqishga berib, fikrini eshitganimda Ozod aka faqat atoqli olim boʻlibgina qolmay, vijdoni uygʻoq Inson ekaniga koʻp bor ishonch hosil qildim.

Chindan ham oʻshanda biz talabalarni oʻylantirgan javobsiz savollar anchagina edi. Abdulla Qodiriy oqlanib, oʻzbek adabiyotining buyuk asari “Oʻtkan kunlar”ning nashr etilishi tarixiy voqea boʻldi. Ammo Choʻlpon, Fitrat va yana talay qalamkashlaru olimlarning shaxsi oqlandi-yu, ijodi negadir “qora”ligicha qolaverdi. Ajab, haqiqiy shoir, haqiqiy adib qalbida borini yozadi. Bu ijodkorlar “oqlangan” boʻlsa, demak, yaxshi odam ekan. Yaxshi odam boʻlsa, yozganlari nega “qora” boʻlishi kerak, degan savolga javob yoʻq edi. Biz, tabiiyki, bu masalada oʻzimiz ixlos qoʻygan domlalarga murojaat qilardik. Boʻka tumanidagi paxtazorlarning tili va xotira qobiliyati boʻlganida edi, salqin kuz kechalari gulxan atrofida oʻtirib, bir talay yoshlarning ustozlarga shunday ogʻriqli savollar berganiyu domlalarimizning javobini aytib berishi mumkin boʻlardi. Bunday paytda Ozod aka Choʻlponning sheʼrlarini yoddan oʻqir, soʻng xoʻrsinib bir gapni koʻp takrorlar edi. “Choʻlpon buyuk shoir. Koʻrasizlar, hali bu shoʻrpeshona shoirga haykallar qoʻyiladi!” Xudoga shukr, Vatan istiqloli sharofati bilan Choʻlpon va talay adib, shoir, olimu ulamolarning pok nomi tiklandi, asarlari chop etildi.

Biz qattiq hurmat qiladigan domlalardan tagʻin biri Matyoqub Qoʻshjonov edi. Aytishlaricha Matyoqub aka urushda snayper (mergan) boʻlgan ekan. Mergan odamga eng oldin sabr-bardosh, mustahkam asab kerak! Matyoqub akaning feʼlida chindan ham qandaydir osoyishtalik bor edi. Domla maʼruzalarni sokin ovozda oʻqir, har bir jumlasida teran mantiq sezilib turar, “bolalar”ning jilovsiz savollariga xotirjam javob qaytarar va bu bilan bizni ham shoshilmasdan, mantiqiy fikrlashga daʼvat etayotganday boʻlar edi.

Talabalarga badiiy ijod va jurnalistika sirlarini oʻrgatgan Ahmad Aliyev, Bahodir Gʻulomov, Rahmatilla Inogʻomov, Abdulla Sayfutdinov, Hasanxoʻja Muhammadxoʻjayev, Ochil Togʻayev, Sattor Haydarov kabi taniqli olimlar yoshlar qalbidan oʻziga xos oʻrin olgani shubhasiz.

Biz talabalar uchun eng esda qolarli, hayajonli damlar – atoqli adib va shoirlar bilan uchrashuvlar edi. Gʻafur Gʻulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Said Ahmad singari mashhur ijodkorlar bilan yuzma-yuz muloqotda boʻlish, oʻzimizni qiziqtirgan son-sanoqsiz savollarga ulardan javob olish unutilmas taassurot qoldirar edi. Filologiya, jurnalistika fakultetlarida ijodiy muhit barq urib turar, ijodkor talabalarning ilk sheʼriy toʻplamlari, hikoya va qissalari qizgʻin muhokama qilinardi… Oʻsha yillari adabiyotga koʻplab isteʼdodli yoshlar aynan shu dargohdan kirib kelgani bejiz emas.

…Yillar oʻtib, saboq bergan ustozlarimning koʻpi bilan yanayam qadrdon boʻlib ketdik. Nimaiki yozsam, ularning nazaridan oʻtkazishga harakat qildim, xolis maslahatlaridan foydalandim. Milliy universitetning minglab tolib­laridan biri sifatida mana shu muqaddas daryo suvidan bahramand boʻlganimdan faxrlanaman. Bu daryodan ne-ne ulugʻ insonlar suv ichgan va bundan keyin ham bahramand boʻladi.

 

Oʻtkir Hoshimov

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/tuz-ichgan-dargohim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x