Nobel mukofoti laureati, atoqli ingliz adibi Tomas Sternz Eliot(1888–1965)ning adabiy qarashlari “Adabiyotning vazifasi va tanqidchilikning maqsadi” nomli kitobiga kiritilgan maʼruzalarida yaqqol ifodasini topgan. “Oʻzining adabiy merosiga gʻamxoʻrlik qilishdan toʻxtagan xalq yovvoyilashib boradi, – deb yozadi Eliot mazkur toʻplamida. – Oʻzining adabiyotini yaratishdan toʻxtagan xalq esa, tafakkur rivoji va idrok etishdan toʻxtaydi. Xalq sheʼriyati xalq tili bilan barhayot va oʻz navbatida unga ham hayot baxsh etadi. U oʻzida xalq tafakkurining oliy bosqichini, uning buyuk kuch-qudratini, uning nozik idrokini namoyon etadi”. Bu fikrlar dunyodagi barcha xalqlar va ijodkorlarga daxldorligi shubhasiz. Quyida ushbu toʻplamdan olingan kitob mutolaasi haqidagi parchada adibning oʻz ijodiy tajribalaridan kelib chiqib bildirgan xulosalari bilan tanishasiz.
Tomas ELIOT
Balki avvalgi boblarda ilgari surilgan masalalarga bogʻliq ravishda, Badiiy Didni oʻstirish borasidagi ayrim fikr-mulohazalarimni umumlashtirish oʻrinli boʻlar. Umid qilamanki, ushbu xulosalar maktab va kollejlarda adabiyotni oʻqitish masalasiga muayyan darajada aloqador.
Balki, badiiy did masalasida men oʻz tajribalarimning umumiy xarakterini qayd etishim notoʻgʻridir yoki, boshqa tomondan, ehtimol aksariyat oʻquvchilar, chamasi, oʻn ikki-oʻn toʻrt yoshlarga borganda badiiy adabiyotdan maʼlum maʼnoda oʻziga yarasha zavq olishga layoqatli boʻlishadi deganimda oʻqituvchi va ruhshunoslar orasida hammaga ayon boʻlgan haqiqatni takrorlarman; taxminan balogʻatga yetish arafasida esa bu bolalarning aksariyati kitob oʻqishga qiziqishini yoʻqotadi, biroq kamdan-kam oʻsmirlargina adabiyotga avval his etgan zavqidan ham kuchliroq, joʻshqinroq ehtiyoj tuyadilar. Badiiy did masalasida qizlar oʻgʻil bolalardan farqlanadimi, yoʻqmi, bilmayman, ammo oʻgʻil bolalarning bir xil boʻlishiga ishonchim komil. Ular Tennisonning “Goratsiy”, “Janob Jon Murning dafn marosimi”, “Bannokbern”, “Qasos” singari ayrim harbiy mavzudagi balladalarini – jangovar va ur-yiqit asarlarni maʼnisiz oʻyinchoq askarchalar va qurolchalardan kam sevmasliklari aniq. Bu yoshda mening Shekspirdan olgan birgina huzurim – uni oʻqiyotganim uchun maqtov eshitganim edi…
Xotiram tez-tez pand berib turishini tan olib aytsam, mening sheʼriyatga oshnoligim barcha oʻsmirlar singari oʻn ikki yoshda boshlanganini, oradan ikki yil oʻtgach, umuman kitob mutolaasiga qiziqishim soʻnganini eslayman. Yodimda, oʻn toʻrt yoshimda tasodifan qoʻlimga tushgan Fitsdjeraldning Umar Xayyomdan tarjimalar kitobini varaqlaganimni va undagi sheʼrlarni oʻqib, tuygʻularning yangi dunyosiga tushib qolganimni aniq-tiniq eslayman. Bu xuddi tuyqusdan yangi eʼtiqodga yuz burgandek: olam yasharib, yarqirab, yorqin va qiynoqli ranglarda namoyon boʻldi. Keyin men oʻsmirlarga xos ketma-ketlikda Bayron, Shelli, Kits, Rosetti, Suinbernga yuzlandim.
Bu davr, eslashimcha, oʻn toʻqqiz yoki yigirma yilcha davom etdi. Bu davr shiddatli oʻqish-uqish bilan oʻtdiki – uning oxirida ibtidosini qanday kechganini eslash qiyin – haqiqatan did tubdan oʻzgarishga yuz tutadi. Xuddi bolalikdagiday, bu davrda koʻplar oʻqigan kitoblarining taʼsiridan chiqib keta olmaydi, aslida ularning yillar davomida shakllangan badiiy didi boshqa ezgin xotiralari zamiriga singigan oʻsmirlik zavqu shavqining izlaridan oʻzga narsa emas. Shubhasiz, bu pallalar chindan-da joʻshqin kechadi, ammo biz oʻsmirlikning yorqin badiiy taassurotlarini badiiy asarni tub mohiyatiga yetib, diqqat-eʼtibor bilan tushunish tajribasidan farqlay bilishimiz lozim. Odatda, maʼlum bir shoirning asari (yoki butun ijodi) oʻsmir ongini egallab oladi va maʼlum muddat uning qalbini sehrlab qoʻyadi. Biz asarga oʻzimizdan tashqarida boʻlgan narsaga qaraganday qaramaymiz, xuddi oʻsmir muhabbati avjlangan pallada xolis turib fikrlay olmaganday uning taʼsiriga tushib, yangi va ajoyib tuygʻular ogʻushida qolamiz. Ayrim hollarda taqlid deb atash mumkin boʻlgan shunday qogʻoz qoralashning oqibatida sodir boʻladigan bu jarayon haqiqiy ijodkorning ongli tanlovi emas, balki taqlidchi qalamkashga telbalarcha ergashishdir.
Badiiy adabiyotga oshuftalikning uchinchi yoki barkamollik bosqichi asarini oʻqiyotgan adib oʻrnida oʻzimizni koʻrishni bas qilganimizda, tahliliy-tanqidiy qarashlarimiz shakllanganda, muallifdan qanday asar kutish mumkinligini – u nimaga qodir va nimaga qodir emas – bilganimizda boshlanadi. Zero, badiiy asar oʻz holicha, bizdan tashqaridagi narsa-hodisa: u bizdan avval ham boʻlgan va bizdan keyin ham boʻladi. Faqat shu bosqichdagina oʻquvchi asarning badiiy qimmati qay darajadaligini farqlashga tayyor boʻladi; endi uning haqiqiy asarni soxtasidan ajrata olishiga ishonish mumkin. Bunday farqlashni uddalay bilish birinchi galdagi vazifa boʻlishi kerak. Biz yoshlikda yaxshi koʻrgan shoirlarga iqtidoriga yarasha xolisona baho berolmaymiz, ularni oʻz dunyoqarashimizdan kelib chiqib, azaliy bogʻliqlikka asoslanib joylashtiramiz: aslida shunday boʻlishi lozim. Men maktab oʻquvchilariga, hatto talabalarga ham adabiyot namoyandalari oʻrtasidagi farqni tushuntirish mumkinligiga shubha bilan qarayman va bunday harakat samara keltirishiga ham shubhalanaman: ularning hayotiy tajribalari bu masalaning ahamiyatini anglash darajasida emas. Shuning uchun Shekspir, Dante yoki Sofokl ijodi naqadar yuksakligini anglash asta-sekin, butun umr mobaynida davom etadigan jarayon hisoblanadi. Bunday adabiyotni uqishga ongli harakat tabiiy moyilliksiz amalga oshmaydi, shunda ham, baribir asarning bir qismi tushunilmay qolaveradi va bu aslida komil ongning vazifasi boʻlishi kerak; natija esa, sarf etilgan kuchga arziydi. Ammo sabr va tajriba bilan egallanadigan bu vazifa yoshlarga ogʻirlik qiladi, majburlash esa, oxir-oqibat yoshlarning badiiy adabiyotga moyilligini, ishtiyoqini yoʻqotadi va haqiqiy badiiy didni oʻstirish oʻrniga shunchaki arzimagan natijani beradi.
Maʼlumki, “badiiy didni oʻstirish” – mavhum tushuncha. Oʻz oldiga badiiy yuksak adabiyotdan zavqlanishni (uning badiiy qimmatiga muvofiq, xolisona) maqsad qilib qoʻyish, demak, sharpa ortidan quvishday gap, bunday quvish orzusida yurganlar – “madaniyatli” va “nazokatli” boʻlishni istaydiganlardir, yaʼni ular uchun sanʼat – dabdaba, asarni tushunish esa – gʻoliblik. Chin tuygʻular negizida haqiqiy badiiy didni oʻstirish shaxs va xarakter rivojidan ajralmas hodisa (Men bu mulohaza bilan aniq bir “shaxs” va “xarakter” borasida qandaydir muhokamaga aralashmoqchimasman). Chinakam badiiy did – har doim ham nomukammal boʻladi, axir biz hammamiz ham, mohiyatan, mukammal emasmiz; insonda va uning badiiy didida shaxsning oʻziga xosliklari aks etmasa, oʻxshashlik va farqlarda boʻlmasa, u biz sevgan narsalarni sevsa va hokazo – bunday odamlar bilan adabiyot haqidagi suhbatlar zerikarli boʻlardi.
Hatto aytish mumkinki, sizning saviyangizga muvofiq yaxshi adabiy “did”ga ega boʻlish, demak, boshqa narsaga nisbatan “did”ga ega boʻlmaslikdir. Adabiyotdagi badiiy didingiz qiziqishlaringiz va ehtiroslaringiz bilan mushtarak, ular oʻzaro bir-biriga taʼsir koʻrsatishi mumkin, bu taʼsirlar idrok etiladi va shaxs imkoniyatlari darajasida chegaralanishi kerak.
Mohiyatan, yuqorida taʼkidlangan fikr-mulohazalar ulkan va murakkab savolni oʻrtaga tashlaydi: umuman, talabalarni ingliz adabiyotini anglashga oʻrgatish kerakmi va shunday boʻlsa, universitetning oʻquv dasturlariga ingliz adabiyoti taʼlimini qay darajada kiritish lozim, agarda, umuman, kiritilsa?..
1932 yil, noyabr
Rus tilidan Humoyun AKBAR tarjimasi
“OʻzAS”dan olindi.
https://saviya.uz/shaxsiy-tarbiya/tuygular-dunyosida/