Post Views:
1 339
Qadimgi davrlarda turkiy qabilalar Sibirdan O‘rta yer dengizigacha bo‘lgan hududda, ba’zilari o‘troq, ba’zilari ko‘chmanchi holda yashaganlar. Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘ati-t turk” (XI asr) asarida shunday yozadi: “G‘arbda Rum chegarasidan Sharqda Chin ichigacha bo‘lgan hududda turk urug‘ va qabilalari shu tartibda joylashgan: pecheneg, qipchoq, o‘g‘uz, yemek, boshqird, basmil, qayi, yabaqu, tatar, qirg‘iz, chigil, to‘xsi, yag‘mo, ug‘roq, charuq, cho‘mul, uyg‘ur, tangut, xitay”. Keyingi sahifalarda u G‘arbdagi bulg‘or va suvar qabilalarini ham tilga oladi. Mazkur hududlarda topilgan qadimiy qabrlar va toshlarga bitilgan yozuvlar ham bu ma’lumotlarni tasdiqlaydi.
Turkiy xalqlar Sharqiy va hatto G‘arbiy Yevropada, Kichik Osiyo, Markaziy Osiyo va G‘arbiy Sibirda turli nomlar bilan bir necha ming yildan buyon yashab keladi. Ularning etnik tarkibi asosan o‘zgarmagan bo‘lsa-da, turli davrlarda turli turkiy xalqlar va qabilalarning hukmron mavqyega erishuvi natijasida umumiy nomlari o‘zgarib turgan. Sharqiy Yevropa va Kichik Osiyo turkiy xalqlari tarixini o‘rgangan daniyalik olim P.F.Sum XIX asrdayoq shu fikrga kelgan edi. U shunday deb yozadi: “Turklarning umumiy nomi bir qabilaning ikkinchisi ustidan g‘olib chiqishiga bog‘liq ravishda tez-tez o‘zgarib turgan. Skiflar, Sarmatlar, Alanlar, Xunlar, Xazarlar, Uzlar yoki Komanlar, Tatarlar – mohiyatan bir-birining ortidan kelgan umumiy nomlardir”.
Yevropa va rus tarixchilari mo‘g‘ullar va turklarni umumiy nom bilan “tatarlar” deb ataydilar. Ingliz tarixchisi va tarjimoni Uilyam Erskin “Bobur hukmronligi davridagi Hindiston tarixi” (1854 y.) asarida bu atamani shunday izohlaydi:
“Biz tatar deb atagan qabilalar tarixan uchta katta irqqa bo‘linadi va ular bir-biridan urf-odatlari, tili va turmush tarzi bilan farqlanadilar:
- Tunguslar yoki manchjurlar. Osiyo sharqida, Shimoliy Xitoyda yashaganlar.
- Mo‘g‘ullar. Shimoliy Tibet markazida, G‘arbda Turfon va Yoyiq (Ural) daryosi oralig‘ida yashaganlar.
- Turklar. Ular ko‘p asrlar davomida Gobi cho‘llari va G‘arbiy Mo‘g‘uliston, janubda Qashqar va Pomir tog‘larigacha, Xuroson, Kaspiy va Qora dengizlarigacha, g‘arbda esa Don va Volga bo‘ylarigacha, shimolda esa Sibirgacha ulkan hududni egallab yashagan.
Bu uchala qavm ichida turklar son jihatidan eng ko‘p urug‘ bo‘lib, juda ulkan territoriyaga tarqalib ketgan.”
Alp Er To‘nga (Afrosiyob) nomi ko‘pchilikka yaxshi ma’lum. U miloddan avvalgi VII asrdan milodning II asrigacha O‘rta Osiyodan Qora dengizgacha bo‘lgan hududda hukm surgan Sak imperiyasining mashhur hoqoni edi. Eronliklar bu imperiyani Turon deb ataganlar. Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asarida “Turon hoqoni Afrosiyob” haqida bir qator rivoyatlar qalamga olingan. Keyinchalik bu davlatga Omurg‘, Malika Tumar (Tumaris), Shu ismli xonlar boshchilik qilganlar.
Uyg‘ur tarixchisi Turg‘un Olmos bu haqda shunday yozadi: “Saklar aslida qadimgi davrlarda G‘arbiy Sibirda yashagan. Ular miloddan 10 asr oldin o‘zlarining Sharqda yashaydigan qarindoshlari – sarmatlarning hujumiga uchraydi. Shu sababli saklar Janubga ko‘chib, Qora dengizning shimoliga yerlashgan. Saklarning bir qismi Eron naslli xalqlar ta’siriga uchrab, fors tili va madaniyatini qabul qilgan. Ammo turkiy irqqa xos xususiyatlarini asosan saqlab qolgan. YOqutlar hozir ham o‘zlarini “sak” deb ataydilar. Saklarning diniy e’tiqodi va urf-odatlari xunlar va turklarniki bilan bir xildir. Ular shamanizmga va Ko‘k tangriga e’tiqod qilishgan. Quyosh va Oyga sig‘inishgan. Shu sababli turklar o‘z ismlariga kun, oy so‘zini qo‘shib atashni yaxshi ko‘rganlar”.
Mashhur qozoq shoiri O‘ljas Suleymenov “Az i Ya” asarining “Shumernoma” bobida turk tili bilan shumer tilini qiyoslaydi va ko‘pgina o‘xshashliklarni topadi. Ma’lumki, shumerlar eramizdan ming yil oldin Mesopotamiyada insoniyat tarixida ilk bor davlatshaharlar qurgan. Ularning tili turk tili bilan qarindosh ekanligi haqida bir qator jahon olimlari fikr bildirishgan.
“Az i Ya” kitobida yozilishicha, eramizdan oldingi VII asrda Ashshuriy solnomalarda Kaspiy dengizi shimolidagi cho‘llardan Mesopotamiyaga ko‘chmanchilar bosqini ro‘y berganligi, bu qabilalar nomi “ishguz”, yetakchilari esa Ispaka ekanligi qayd etilgan. Muallif ular aslida turkiy ich-o‘g‘uz qabilalari ekanligini aniq dalillar asosida isbotlagan.
Turkiy xalqlar haqidagi dastlabki ma’lumotlar yunon tarixchilari va adiblari Gekatey, Gesiod, Gerodot, Strabon, Pliniy, Pomponiy Mela, Ptolemey, arman tarixchilari Movses Xorenatsi, Ananiy Shirakatsi, arab va fors solnomachilari Ibn alAsir, Rashididdin, Xordadbeh, Abul-Fida, Ibn Xavkal va boshqalarning asarlarida keltirilgan. Ammo turkiy xalqlar tarixi haqidagi ilk ilmiy tadqiqotlardan biri shved ofitseri F.I. Tabbert-Stralenberg qalamiga mansub. U 1713-1722 yillarda Sibirda harbiy xizmatda bo‘lgan va bu yerdagi qadimiy qo‘rg‘onlarni o‘rganib, turkiy xalqlarning ilk vatani – Oltoy degan fikrga kelgan. Lekin keyinchalik akademik E.I.Eyxvald turkiy qabilalar eramizdan oldin ham Yevropada yashagan, degan qarashni ilgari surdi va bu fikrni yunon tarixchilari asarlarida keltirilgan misollar bilan isbotladi.
Turkiy xalqlar qadimdan yashagan yana bir hudud Amudaryo va Sirdaryo bo‘ylaridir. Tarixdan ma’lumki, eng qadimiy madaniyatlar ulkan daryolar sohillarida paydo bo‘lgan. Masalan, Shumer, Akkad va Bobil madaniyatlari Tigr va Yevfrat daryolari havzasida shakllangan. Amudaryo va Sirdaryo sohillarida ham ming yillar davomida o‘nlab davlatlar va madaniyatlar vujudga kelgan. Tabiiyki, bu hudud o‘zining tabiiy go‘zalligi va boyliklari bilan hamisha bosqinchilarning ishtahasini qo‘zg‘agan. Shu sababli ajdodlarimiz ko‘pincha qo‘lda qurol bilan o‘z erkinliklarini himoya qilishga majbur bo‘lganlar. Ba’zi davrlarda esa kuchli dushmanlar asorati ostida yashaganlar. Yunonlar, Eron Axamoniylari, arablar istilolari bunga misol bo‘la oladi.
Milodiy VI asrning 60-yillarida Naxshab shahri yaqinida Turk hoqonligi askarlari bilan Eftaliylarning qo‘shinlari to‘qnashadi. Bu jangda Istami yabg‘u boshchiligidagi turk askarlari g‘olib chiqadilar. Sug‘d, Xorazm, Usrushona, Farg‘ona va Shosh vohalari hoqonlik tarkibiga kiradi. 567 yilda Istami yabg‘u sosoniylarga qarshi hujumni davom ettirib, Toxaristonni ham qo‘lga kiritadi. Turk hoqonligining bu yerdagi hokimiyati qariyb VIII asrning birinchi choragigacha davom etgan.
Tarixiy manbalarda “Turon” atamasi ikki ma’noda qo‘llangan:
- Keng ma’noda – turkiy qabilalar yashaydigan hududlar.
- Tor ma’noda – Amudaryo havzasi va undan Sharqda joylashgan hamda asosan turkiy qabilalar yashaydigan hudud.
Ko‘pgina manbalarda bu joylar Turon deb atalgan. Jumladan, zardushtiylarning muqaddas kitobi “Avesto”da va Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asarida bu haqda ma’lumotlar mavjud.
Taniqli fors shoiri Asadi Tusiyning qadimgi afsonalar asosida yozilgan “Gershosbnoma” dostonida (milodiy 1066 y.) shunday misra bor:
Hama Movarounnahr to marzi Chin
Shumurdand ongoh Turonzamin.
Ya’ni, Movarounnahr hududidan to Xitoy yerlarigacha u paytda (qadimgi davrlarda) Turonzamin deb hisoblanardi.
Biz mazkur kitobda atamaning xuddi shu ma’nosiga asosan Markaziy Osiyo va unga tutash hududlardagi davlatlar haqida hikoya qildik.
“Devonu lug‘oti-t turk” asari yozilganidan buyon 1000 yil vaqt o‘tdi. Ammo turkiy xalqlar hozir ham aynan ushbu asarda qayd etilgan hududlarda yashamoqdalar (Kitobga ilova qilingan suratlarga qarang). Endi ularning ko‘pchiligi nomlari o‘zgargan. Qadimgi nomlardan faqatgina tatar, boshqird, qirg‘iz, uyg‘ur va bulg‘or atamalarigina saqlanib qolgan. Ko‘pgina qabila va urug‘lar hozirgi turk, ozarbayjon, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, qoraqalpoq va boshqa turkiy xalqlar tarkibiga kirgan. Jumladan, o‘zbeklar dastlab 92 urug‘dan tashkil topgan bo‘lsa, keyinchalik unga yana o‘nlab qabila va urug‘lar qo‘shilgan.
Ushbu kitobda 2,5 ming yildan ortiqroq vaqt mobaynida mintaqamizda hukm surgan qadimgi davlatlar va hukmdor sulolalar, turkiy qabila va urug‘lar haqida qisqacha tushuncha berishga intildik. Davlatchiligimiz tarixi, mashhur hukmdorlar, turkiy xalqlar kechmishining noma’lum sahifalari haqidagi ma’lumotlar tarix ixlosmandlarini, eng avvalo, yoshlarimizni qiziqtirishi shubhasiz.
Tabiiyki, ma’lumotlar turli manbalardan olingani uchun ismlarda va sanalarda ayrim xatolar bo‘lishi mumkin. Bildirilgan taklif va mulohazalar asosida ular keyingi nashrlarda albatta tuzatiladi.
Nosir Muhammad,
“Turon davlatlari yilnomasi”
Toshkent nashriyoti, 2011 y
https://shosh.uz/uz/turon-atamasi-haqida-bir-necha-so-z/