Turkmanlarning hamdard doʻsti

Insoniy komillik hamda osuda hayot uchun qaygʻurgan va kurashgan zotlar qatorida adolatli hukmdor, benazir shoir, donishmand olim Zahiriddin Muhammad Bobur alohida oʻrin egallaydi. Ul zot haqida oʻylaganimda atoqli turkman olimi, akademik Agʻajan Boboyevning fikrlari xotiramda jonlanadi.

– Bobur deganda “komillik va osudalik” formulasi xayolga keladi, – degan edi Turkmaniston Fanlar akademiyasi “Choʻl instituti” direktori A. Boboyev. – Tugʻilganidan umrining oxirigacha jang-u jadallar ichra, oʻlimga yuzma-yuz boʻlib yashagan bu siymo insoniyatning maʼnaviy kamoloti haqida oʻylashdan biron daqiqa ham chekinmagan…

Darhaqiqat, Boburning oʻziga xos betakror hayoti va faoliyati insoniyatga maʼnaviy yetuklik, osuda, tinch hayot sogʻinchi va intilishini bagʻishlab kelayotgan noyob ijtimoiy-maʼnaviy hodisadir.

 

Ahbob, yigʻilmoqni farogʻat tutungiz,

Jamʼiyatingiz borini davlat tutungiz,

Chun gardishi charx bu durur, tengri uchun,

Bir-birni necha kuni gʻanimat tutungiz.

 

Bu daʼvat shoir ijodi, axloqiy-maʼnaviy qarashlarining oʻzagi, yetakchi tamoyili hisoblanadi. Jang-u jadallar ichra ham u doʻstlarning hamjihatligi, maʼnaviy komilligi haqida qaygʻurgani, odam odamga gʻanimat ekanligini uqtirish tashvishi bilan qalam tebratgani hayratlanarlidir.

 

Bu olam aro ajab olamlar koʻrdim,

Olam elidin turfa sitamlar koʻrdum,

Har kim bu “Voqoyeʼ”ni oʻqur, bilgaykim,

Ne ranju ne mehnat-u, ne gʻamlar koʻrdum.

 

Bu misralarda uning murakkab va ayni vaqtda ezgulikka yoʻgʻrilgan hayot yoʻllari, iztirob-u kurashlari “ne ranj-u ne mehnat-u ne gʻamlar” ichra kechgani qalamga olingan.

Bobur uchun yaxshilik, adolat, diyonatni kasb etmagan kishi “bedard habib” (dardsiz, maʼnaviyati sayoz doʻst) hisoblanadi. “Bedard habib” kim? Uning qiyofasi, feʼli, maqsad-umidini tasavvur etib boʻladimi? Bedard habib – bu oʻzga bilan ishi yoʻq, doʻst-u yaqin deb bilgan kishilariga beparvo, ular dardiga malham boʻlish xayoligayam kelmaydigan nokasdir. Bu obraz Boburning axloqiy-falsafiy dunyosida mana bunday jonlantirilgan:

 

Bedard habib bilmadi dardimni,

Tufroqcha koʻrmadi ruhi zardimni.

 

Bobur mardlikning chinakam namunasi edi. U inson zotini aziz va mukarram bilar, hatto yomon odamni ham tuzatish, yaxshilar safiga qoʻshish umidi bilan yashardi.

 

Dushman soʻziga kirma, eshit doʻst soʻzin,

Eshitmasa soʻzni doʻst, dushman ne degay?

 

Ushbu misralar insonga kim doʻst, kim dushman ekanligini anglab yetish imkonini beradi. Shu oʻrinda Boburning “Eshitmasa soʻzni doʻst, dushman ne degay?” ritorik soʻrogʻi alohida eʼtiborni tortishi tabiiy. Qolaversa, sheʼrda Boburning teran tanqidiy qarashi ham aks etadi. Doʻst soʻzingiz, dardingizni tinglamasa, bu – beixtiyor dushman uchun dushmanlik, taʼna qilish imkoniyatini kengaytiradi, demakdir.

 – Turkmanistonda Navoiy va Bobur ijodi yuksak qadrlanadi, – deydi turkmanistonlik Gʻayrat Jumayev. – Adabiyot va tarix fani qoʻllanmalarida Bobur hayoti va ijodiga keng oʻrin ajratilgan. Maʼnaviyatning rahnamosi boʻlgan zotning tinchlikparvarlik, xalqlar doʻstligi, oʻzaro hamjihatlik yoʻlida olib borgan kurashi aks ettirilgan.

Bobur komil shaxs, ulkan shoir va adib, maʼrifatli olim va adolatli hukmdor sifatida mehr-oqibat tuygʻusini hamisha ulugʻlab, uni shoh misralari, haroratli satrlarida kuyladi.

 

Gar mehr bila bu charx evrulsa edi,

Jonlardin aning navfi kerak toʻlsa edi,

Bobur kibi jongʻa mehr bogʻlar erdim,

Gar ushbu jahonda mehri jon boʻlsa edi.

 

Bu charxi kajraftorning mehr kuchi bilan aylanishi, harakat qilishini orzu qilgan Boburning ulkan maʼnaviy jasoratini tasavvur qilish qalbni junbushga soladi. Bu goʻzal talqin keyingi misralarda izchil rivojlantirilgan. Shoir odamning joni ichra mehrning oʻz oʻrni boʻlishini istaydi. Joni mehrdan, mehri esa jondan iborat inson – komillik pillapoyasiga koʻtarilgan siymo tasavvurini shakllantiradi. Pirovardida mehr-muhabbat, mehr-oqibat insoniy fazilatlar gultoji ekanligi haqidagi yorugʻ tasavvur va falsafiy fikr butun borligʻimizni egallaydi. Darhaqiqat, ezgu gʻoyalar kuychisi Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiyati va ijodining mislsiz kuch-qudrati ham ana shunda, desak yanglishmaymiz.

 

Abdugʻaffor XON,

Oʻzbekiston – Turkmaniston Doʻstlik jamiyatining faoli,

adabiyotshunos va tarjimon

 

Manba: ishonch.uz sayti

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/turkmanlarning-hamdard-dosti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x