Turkiston Muxtoriyatiga bol’shovoylar tajovuzi


Post Views:
30

1918 yil 19 – 26 yanvarda bo‘lib o‘tgan Turkiston o‘lkasi sovetlarining IV qurultoyida Turkiston muxtoriyatini tugatish masalasi ochiqdan-ochiq ko‘rildi. Qurultoyda so‘zga chiqqan, o‘zini “O‘rta Osiyo Lenini” deb hisoblagan, Toshkent soveti raisi I.O.Tobolin shunday degan edi: “Biz nafaqat Rossiya haqida, balki mehnatkashlar to‘g‘risida qayg‘uramiz, agar xalq xohish-irodasi bu o‘lkaning Rossiyadan ajralib chiqishini referendum orqali hal etishni istasa, uning ajralib chiqish xuquqini saqlab qolamiz”.

U Turkiston muxtoriyatiga qarshi fikrini yashirib o‘tirmaydi: “Biroq muxtoriyatni hozir, zudlik bilan amalga oshirish to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas. Zero, muxtoriyatning eng birinchi shartiga ko‘ra, bu o‘lkadan harbiy qo‘shinlar olib chiqib ketilishi kerak. Agar bu muxtoriyat tushunchasidan kelib chiqadigan ana shu asosiy holatni amalga oshiradigan bo‘lsak, unda inqilob biqiniga zarba bergan bo‘lur edik, o‘lkada esa yana aksilinqilobchilar hokimiyati qaror topar edi”. Bu qurultoy Turkiston muxtoriyati hukumatini tan olishdan bosh tortadi, uning a’zolarini qonundan tashqari deb e’lon qiladi, hatto ularning boshliqlarini qamoqqa olish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bol’sheviklarning ishchi va askar deputatlari sovetining “… boylar tomonidan e’lon qilingan Qo‘qon hukumati tan olinmasin, uning a’zolari esa qonundan tashqari deb topilsin, boshliqlari qamoqqa olinsin!” degan talabi masalani yanada o‘tkirlashtirib yuboradi.

Qurultoy inqilobiy sosial-demokratlar partiyasi bir to‘da rus va musulmon pensionerlari boshchiligidagi burjua muxtoriyatiga qarshi shafqatsiz kurash e’lon qiladi va o‘lkada proletar muxtoriyati tuzishga intiladi degan qaror qabul qiladi.

Turkiston muxtoriyatini tugatishning otashin va faol tashkilotchilari I.O.Tobolin, F.Kolesov, Ye.Babushkin, Turkiston harbiy komissari Ye.Perfilev va boshqalar bo‘ldilar. Ular o‘z faoliyatlarida qizil saltanat yo‘lboshchilari Lenin, Stalin va boshqa jallodlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruq va ko‘rsatmalarini ado etdilar.

Turkiston muxtoriyati rahbarlari 1918 yil boshlarida Toshkentda o‘zlariga qarshi katta qirg‘inga tayyorgarlik ketayotganida zo‘r matonat va irodani ishga solib muxtoriyatni mustahkamlash yo‘lidagi qiyinchiliklarga qarshi sabr-toqat bilan ishlayotgan edilar. Bu qiyinchiliklar nimalardan iborat edi? Eng asosiy qiyinchilik mahalliy tub yerli aholi siyosiy saviyasining milliy istiqlol darajasida rivojlanmaganligi edi. Bu Turkiston muxtoriyatini himoya qilish, uni qo‘llab-quvvatlashda istiqlolchi kuchlarning yagona jabha, yakmusht bo‘la olmaganligida ko‘rindi. Yanada kattaroq qiyinchilik Turkiston muxtor hukumatining yashab qolishining sharti bo‘lgan moddiy yetishmovchilik edi. Bu ham, albatta, yana birinchi qiyinchilikka borib taqaladi. Bol’shovoylar oktyabr’ to‘ntarishini Germaniya hukumatining bergan bir milliard nemis markasi evaziga amalga oshirgan edi. Moddiy mablag‘siz esa hech narsa qilib bo‘lmaydi. Turkiston muxtoriyatiga yahudiylar yarim million so‘m yordam tariqasida berishgan. Namangan va Andijon banklari juda katta qiyinchiliklar bilan 500 ming so‘m ajratganlar. Albatta, bu mablag‘lar muxtor hukumat sarf qilishi lozim bo‘lgan xarajatlar oldida urvoq ham bo‘lmasdi. Chunki birgina «Birlik tug‘i» gazetasini moliyaviy qo‘llab turish uchun 5 ming so‘m, «Svobodniy Turkestan» uchun 50 ming so‘m xarajat qilinar edi. Qo‘shinni ta’minlash uchun ketadigan moliyaviy xarajat to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi.

Uchinchi eng muhim qiyinchilik Turkiston muxtoriyatini ko‘krak kerib himoya qilib oladigan milliy qo‘shinning yo‘qligi edi. Asosan tayoq, bolta, ketmon, oshpichoq, qilich, ayrimlari pilta miltiq bilan qurollangan 2 ming kishilik qo‘shin bilan uzoqqa borib bo‘lmas edi. Chunki tish-tirnog‘igacha zamonaviy qurollar, samolyotlar, o‘ziyurar tanklar, bronepoezdlar, nayzali beshotar miltiqlar, pulemyotlar bilan qurollangan qizil kallakesarlarga qarshi turishning o‘zi bo‘lmas edi. Buning ustiga, 1918 yil 19 yanvarda qizil qo‘shinlar Orenburgni qo‘lga kiritgach Moskva bilan Toshkent o‘rtasida uzilib qolgan aloqa tiklandi. Natijada markazdan Turkistonga qo‘shimcha kuchlar va qurol-aslaha yuborish imkoniyati tug‘ildi. Bu hol, o‘z navbatida, milliy istiqlolchilarning vaziyatini yanada og‘irlashtirdi.

Toshkent sovetlar hukumati 1918 yil yanvarining oxirlaridan qurolli hujumga tayyorlandi va ig‘vogarlik bilan turli bahonalar izlay boshladi. Qo‘qonga sovetlar hukumati ixtiyoriga eng ashaddiy qizil gvardiyachilar, avstro-venger harbiy asirlar, asosan, armani dashnoqlardan tashkil topgan kallakesar qismlar yuborildi.

29 – 30 yanvarda Qo‘qonda favqulodda vaziyat mislsiz darajada keskinlashdi. Bu vaziyat arzimagan bir bahona uchquni ila alangalanib ketishi hech gap emas edi. Ana shunday bir sharoitda 30 yanvarda Qo‘qon ishchi va askar deputatlari sovetining majlisi bo‘lib, unda muxtoriyatni daf etishni amalga oshiruvchi organ – inqilobiy qo‘mita (revolyusion komitet) tuzildi. Uning raisi etib bol’shevik Ye.G.Babushkin saylandi. Inqilobiy qo‘mita tarkibiga tub yerli aholi vakillaridan biror kishi kiritilmagan.

Qo‘mita o‘z qo‘lida cheklanmagan hokimiyatni mujassamlashtirdi, unga katta vakolatlar: favqulodda choralar ko‘rish, hamma narsani sovetlar hokimiyatini himoya qilishga bo‘ysundirish va safarbar etish huquqi berildi. Inqilobiy qo‘mita oldidagi eng asosiy vazifa muxtoriyat hukumatini tugatish, shahar aholisini qurolli kuch bilan sovet hokimiyatini tan olishga majbur qilish, «inqilobiy tartib» o‘rnatishdan iborat edi. Inqilobiy qo‘mita ishni ovrupalik ishchilar va temiryo‘lchilarni qurol bilan ta’minlashdan boshladi.

Shahardagi arman millatiga mansub dashnoqlarni qurollantirishdan razil va jirkanch maqsad ko‘zlangan edi. Toshkent, Skobelev, Andijon, Namangan va boshqa shaharlardan harbiy madad keldi. 30 yanvarga o‘tar kechasi noma’lum kishilar Qo‘qon stansiyasiga, Qo‘qon sovetlar binosiga hukum uyushtirdilar. Bu hujum Qo‘qonda qizil qo‘shin jallodlarining ommani vahshiylarcha qirg‘in qilishni boshlashi uchun shunchaki bir bahona bo‘ldi. Shu kuni inqilobiy qo‘mita Toshkentga I.O.Tobolinga, F.Kolesovga va Skobelev shahriga telegraf orqali ulanib zudlik bilan yordam berishni so‘radi. Inqilobiy qo‘mita aholiga qarata murojaat qabul qilib, unda sodir etilgan voqealar uchun barcha ayb muxtoriyatchilarga qo‘yildi. Inqilobiy qo‘mita o‘z tarkibidan maxsus guruh tuzdi va uning oldiga muxtoriyat hukumati a’zolarini hibsga olish vazifasini qo‘ydi.

Inqilobiy qo‘mita Turkiston muxtoriyati a’zolariga 31 yanvarda ul’timatum topshirdi va 2 soat muddat bilan taslim bo‘lishni talab qildi. Mustafo Cho‘qaev shunday xotirlaydi: «31 yanvar’ kunduz soat 12 da Xo‘qand bol’sheviklarining bizga bergan ul’timatumini tekshirib o‘tirganimizda to‘xtovsiz miltiq ota boshladilar. Bu miltiq otuvchilar bol’sheviklar bo‘lib chiqdi. Bol’sheviklarning ul’timatumida bizga 2 soat muddat tayin etilgan va ul muddat 2 soat 20 minutda to‘lar edi. Nechundir alar shartnomasini xilof harakatga kirishib muomala yo‘lin kesdilar».

«Sho‘roi Islomiya yurtinda hukumat qo‘shinlarindan boshqa xalqda jiyilgan edi. Bol’shevik soldatlari yaqinlashib kelarlar degan xabarni eshitib boshqa xalq tarlan kibik hukumat kishilarida ikkinchi bosh qo‘shurga yo‘l qolmagach tarqalishdilar. Chunki xalq muvaqqat hukumatning (Qo‘qon muxtoriyati-mualliflar) alida bo‘lsa kelishurmiz, bol’sheviklarga qarshi qurol ko‘tarmangiz» degan so‘ziga quloq solmay, har qaysi borincha sugish asboblarini olib o‘ramga chiqdilar. Bol’sheviklarning va’dalarindan ilk ota boshlovlari xalqning ko‘nglina, alar muvaqqat hukumatigina tugil, butun xalqqa qarshi harakat boshladilar degan qo‘rquv soldi. Bu vaqt muvaqqat hukumatining yo‘li butunlay kesilgan edi.

Qo‘qonda bo‘lgan bu ko‘ngilsiz voqeani siyosiy sabablaridan boshdan-oyoq yozuvni hozirgi zamon ko‘tarmiy».

27 yoshlik Turkiston milliy harakatining oldingi saflarida bo‘lgan Mustafo Cho‘qaev Turkiston milliy muxtor hukumatining eng asosiy va kuchli a’zolaridan biri edi. Samarqand, Toshkent va Farg‘onadan kelgan Qo‘qon shahrini qamal etgan bol’sheviklar rahbarligidagi harbiy kuch pulemyot, zambarak, granata va minglab miltiqlar bilan o‘sha vaziyatda hukumat boshlig‘i Mustafo Cho‘qaevga mana bu ul’timatumni qo‘ygan: 1. Muxtor hukumat sovet hokimiyatini tanishi. 2. Turkiston xalqini sovet hukumatiga bo‘ysunishga chaqiruvchi bayonnoma chiqarishini. 3. Axoli qo‘lidagi qurollarni yig‘ib olib, bol’sheviklarga taslim etishini. 4. Milliy hukumat milliy tashkilotining tarqatilishini va hokazolarni talab qilganlarida Mustafo Cho‘qaev ularga shunday javob bergan:

– Kuch sizlar tarafda. Biz esa hozircha o‘z milliy xalqlarimizni taniganmiz va idrok etganmiz. Shundan boshqa kuchimiz yo‘q. Bu kurashda bizni yengasiz, bunga hech shubha qilmayman. Shunday bo‘lsa ham, biz na sizning hokimiyatga kelish haqingizni, na-da Turkistonda sovet hukumatini aslo tanimaymiz…

Shu javobdan so‘ng 20 daqiqa o‘tgach, ya’ni kechasi soat o‘n biru qirqda bol’sheviklar milliy hukumat arqoni binosini otashladilar.

Ana shu tariqa Qo‘qon shahrida bol’shevoylar musulmon xalqlarni qirib tashlashdan iborat dahshatli fojeani boshlab yubordi. Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlar Soveti Turkiston muxtoriyatiga chetdan keladigan har qanday yordamning oldini olish choralarini ko‘rdi. 1918 yil 14 fevralda Butun Farg‘ona vodiysida harbiy holat e’lon qilindi. Farg‘ona temir yo‘lida esa qamal holati joriy etildi. Toshkent, Samarqand, Namangan shahar dumalari yopildi va faoliyatlari to‘xtatildi. Sobiq general-gubernator kanselyariyasi tugatildi. Paxta zaxiralari musodara etildi, neft’ qazib chiqarish, baliq sanoati va boshqalar milliylashtirildi. Din davlatdan va maktab dindan ajratilganligi e’lon qilindi.

Albatta, bunday og‘ir sharoitda Turkiston muxtoriyati o‘zini o‘zi himoya qilishga ojiz edi. U boshlangan dahshatli qirg‘inga qadar tinch vositalar yo‘li bilan hokimiyatni qo‘lga olishga ishonar edi. Shunga qaramay, Turkiston muxtoriyati qo‘shinlari oddiy qurollar bilan bo‘lsa-da shaharni uch kun davomida himoya qildilar. Muxtoriyatchilarning shiori «Turkiston – turkistonliklar uchun» edi.

Muxtor hukumat vaziyatning nihoyatda og‘ir ekanligini hisobga olib so‘nggi imkoniyatni ishga soldi va bol’shovoylar bilan boshlangan muzokara tashabbuskori bo‘ldi. Bu muzokara 17 fevralda boshlandi. Muzokarada muxtoriyatchilar quyidagi talablarni o‘rtaga qo‘ydilar:

  1. Shaharni birgalikda boshqarish va uning tarkibida muxtoriyatchilarning ko‘proq vakillari bo‘lishini ta’minlash.
  2. Harbiy qal’ani shu organning nazorati ostiga olish.
  3. Milisiyadan boshqa barcha kuchlarni qurolsizlantirish. O‘lka sovetlar hukumatining shariatga zid dekretlarini bekor qilish.

Ammo bol’shevik Ye.G.Babushkin rais bo‘lgan inqilobiy qo‘mita muxtoriyatchilarning bu takliflarini qat’iyan rad etdi. 18 fevral’ kuni muzokara yana davom ettirildi. Muxtor hukumat nima bo‘lsa bo‘lsin-u, ammo o‘rtada qon to‘kilmasligi uchun harakat qildi. Harbiy vazir polkovnik M.Chanishev inqilobiy qo‘mitaga ul’timatum qo‘yib, soat 4 gacha qal’ani topshirishni talab etdi.

Lekin musulmon ishchi va dehqonlar konferensiyasi qatnashchilari ul’timatumni qaytarib olishni talab etdilar.

«Sho‘roi Ulamochi»lar o‘z tarafdorlari bilan bunga qattiq norozilik bildirib ul’timatumni qaytarib olishga qarshilik qildilar. Muxtoriyat hukumati a’zolari o‘rtasida ixtilof kelib chiqdi. Hukumat rahbari Mustafo Cho‘qaev iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Uning hukumat mahkamasi ag‘darildi, o‘zi esa yaqin kishilari bilan hukumatni tashlab Qo‘qonni tark etishni lozim topdi.

Muxtor hukumat Harbiy kengash raisi M.Chanishev va uning eng yaqin safdoshlari – rus ofiserlari qamoqqa olindi. «Ulamo»chilarning yordami bilan muxtoriyat hukumati milisiyasiga boshchilik qiluvchi Ergash hukumat rahbari va bosh qo‘mondon etib tayinlandi. Ana shu tariqa muxtor hukumatda davlat to‘ntarishi yuz berdi. Hokimiyat ashaddiy murosasiz kuchlar qo‘liga o‘tib qoldi. Turkiston muxtoriyatidagi bu bo‘linish sovetlarga qo‘l keldi. Ular bu qulay vaziyatdan foydalanib Qo‘qon shahriga hujumni yanada kuchaytirdilar. 18 – 19 fevralda Toshkentdan Ye.O.Perfil’ev Qo‘qonga yetib kelgach, bosim yanada kuchaydi. Uning ixtiyorida 2 eshelon harbiy qismlar bor edi. Otliq askarlar, artilleriya va piyoda qismlariga ega bo‘lgan Turkiston o‘lkasi harbiy komissari, so‘l eser, vahshiy general Qo‘qonni uch tarafdan qurshab oldi.

Qizil qo‘shinlar Eski shahar hududiga bostirib kirdilar. Dahshatli va mislsiz qirg‘in boshlandi. Qo‘qon o‘t ichida qoldi. Qo‘qondagi xunrezlik, genosid dahshatlarini amalga oshirganlarning o‘zlari ham e’tirof etganlar. O‘sha paytda 28 yoshda bo‘lgan o‘lka harbiy komissari Ye.Perfil’ev jang tafsilotlarini shunday hikoya qildi: «Machitlarni yana bir necha marotaba to‘pdan o‘qqa tutishga to‘g‘ri keldi. Qizil gvardiyachilar bo‘g‘izlangan ovrupaliklarning jasadlarini ko‘rganda shunday tutaqib ketdilarki, ularni hech qanday kuch to‘xtatib qololmasdi, askarlar oldidan chiqqan hamma narsani yakson qilib ketaverdilar. Hatto shunday holat ro‘y berdiki, 5 ta qizil gvardiyachi yerli banditlarning 200 tasini oldiga solib quvladi. Otryad katta qahramonlik ko‘rsatdi. Jang ishtirokchilari orasida birorta ham qo‘rqog‘i yo‘q edi. Biz qiyinchilik bilan Toshko‘prikni qo‘lga kiritdik va Eski shaharga yorib kirdik. Isyonchilar to‘dasi Skobelev tomonga chekinishdi. Badavlat kishilar qimmatbaho boyliklarini, pullarini o‘zlari bilan olib qochdilar, lekin narsalari o‘zlariga nasib etmadi. Qochayotganlarni tezotar to‘pdan o‘q uzib yanchib tashladik, bir qismini esa orqaga chekinishga majbur etdik. Ularning ko‘rpa-yostiqlari, gilamlari, qimmatbaho narsalari yo‘lda sochilib qoldi».

Qo‘qonda dahshatli fojealar va qirg‘inlarni o‘z qo‘zi bilan ko‘rgan va uning shaxsan ishtirokchisi M.K.Shkorupaning iqrori, ayniqsa, diqqatga loyiqdir: «Tinch aholining uylari, Turkiston, Rossiya uchun ham tansiq bo‘lib qolgan manufaktura, g‘alla omborlari yonardi. Qo‘qon uch kun o‘t ichida qoldi».

«O‘sha kunlarda, – deb yozadi tarixshunos olim Sh.A.Shomagdiev, – talonchiliklar ham avj olgan. Askar, qizil gvardiyachilarga bo‘ysunmay qolgan olomon mayda burjuaziyada nima bo‘lsa, shuni talab, tashib keta boshladi… Eski shahar va barcha do‘konlar, tijorat firmalari, savdo qatorlari, banklar, mayda xonadonlar talon-toroj qilindi. Talonchilar talagan mulklarini aravaga ortib vokzal va qal’aga tashidilar. U yerda begona mulkni bo‘lib olish boshlandi».

1918 yili Qo‘qonga kelgan ingliz kapitani Brun shaharni yarim bo‘sh holida ko‘rgan. Uning yozishicha, shahar bosqinida ishtirok etgan nemis, avstriyalik va venger asirlardan yollangan askarlar 100 ming so‘mdan ortiq pulni o‘marishgan. Ayniqsa, armani millatiga mansub dashnoqlar Qo‘qon shahrida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan vahshiyliklarni amalga oshirdilar. Qo‘qon fojeasi qatnashchilaridan yana biri, Turkiston xalqlarining jallodi A.T.Karavaysev o‘z esdaliklarida bunday deb yozadi: «Konovalov to‘dasidagi arman dashnoqlari o‘zboshimchalikni haddan oshirib yubordilar. Ular Qo‘qonga kelguncha tinch aholini talab, qirg‘in qilganlar. Ular, xususan, Eski shaharni, ayniqsa, savdo tarmoqlarini, do‘konlar, rastalarni, omborlarni taladilar, qolganlariga o‘t qo‘yib yondirib yubordilar. Dashnoqi armanlar musulmonlar yashaydigan xonadonlarga bostirib kirdilar, hech kimni ayamasdan qirg‘in qildilar, hatto cholu kampirlarga va yosh go‘daklarga ham rahm qilmadilar. Homilador ayollarning qorinlarini yorib tug‘ilmagan go‘daklarini qilichlar tig‘idan o‘tkazdilar, yosh, norasida go‘daklarni beda qirqadigan jodida burda-burda qilib tashladilar. Yosh qizlarning nomuslarini toptadilar, ayollarni esa erlari ko‘z oldida zo‘rladilar. Ibodatxonalar, masjid va madrasalarning kuli ko‘kka sovurildi. Hamma yerda qamoqqa olishlar boshlandi, ayg‘oqchilar muxtor hukumat a’zolaridan Hidoyatbek Og‘aev, Mirodil Mirzaahmedov qatl etilgan. Mahalliy aholini qamoqqa olish to‘g‘risidagi order bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham hibsga olaverdilar. Qamoqqa olinganlarning ko‘plari sud va tergovsiz otib tashlandi. Qo‘qonni tashlab ketishga majbur bo‘lgan muxtor hukumat a’zolari Farg‘ona shahriga borib xalqni namoyishga chorladilar. Ularni tub yerli aholi qo‘llab-quvvatladi. Lekin sovetlar hukumati bu harakatni bostirdi. Nosirxon To‘ra Namanganda, S.Gersfel’d Samarqandda, Obidjon Mahmudov Buxoroda qo‘lga olingan.

Ubaydulla Xo‘jaev, Abdulhamid Sulaymon (Cho‘lpon) Qo‘qondagi fojeaviy hodisalarni Ashxoboddan Samarqandga kelayotganlarida yo‘lda eshitadilar va ular o‘z yo‘llarini o‘zgartirib Orengburg tomon yo‘l oladilar. Bu yerda ular Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘on bilan uchrashadilar. U Orengburgda Boshqirdiston muxtoriyatining ichki va harbiy ishlari bilan band edi».

Xullas, hamma alomatlarga ko‘ra tarixga Turkiston muxtoriyati nomi bilan kirgan Qo‘qon muxtoriyati tor-mor qilindi va tarqatib yuborildi. Qadimgi madaniy va boy savdo shahri bo‘lgan Qo‘qon tag-tugi bilan vayron qilindi, qonga botirildi. Qo‘qon xalq milisiyasiga boshchilik qilgan Ergash o‘z kuchlari bilan shaharni tashlab chiqdi va sovetlarga qarshi kurashni davom ettirdi.

Rahbarsiz va tashkilotsiz qolgan Qo‘qon shahri mudofaachilari fojeaning yanada og‘irroq tus olmasligi maqsadlarini ko‘zlab sovetlar rahbariyati bilan muzokaralar boshlashga majbur bo‘ldilar. Nihoyat, 22 fevralda (9 fevral’) bol’shovoylar tomonidan taqdim etilgan va mahalliy musulmon xalqining milliy manfaati va izzat-nafsini kamsituvchi «Tinchlik shartnomasi»ga imzo chekdilar. Shartnomaning birinchi moddasida: «Aholi Xalq Komissarlari Sovetining hokimiyati va mahalliy sovet muassasalarini tan oladi», – deyilgan edi.

Shunday qilib, Turkiston muxtoriyati hukumati beshikligidayoq bo‘g‘ib o‘ldirildi va tugatildi, mustamlakachi bosqinchi sovetlar hukumati o‘z g‘alabasini tantana qildi. Turkiston muxtoriyati singari 1918 yil dekabrda qozoq milliy demokratlari tomonidan Orenburgda tashkil etilgan Alash muxtoriyati ham tor-mor qilindi. Ammo zo‘rlikka, bosqinchilikka asoslangan va Turkiston muxtoriyatini tugatishga qaratilgan sovetlarning sharmandali va adolatsiz siyosati mehnatkash xalq ommasi ko‘zi oldida bu hukumatning asl maqsadi va mohiyatini ochib tashladi. Natijada butun Turkiston xalqlari istiqlol uchun, erk va milliy ozodlik uchun kurashga otlandilar.

Bol’shovoylarning Qo‘qon shahrida amalga oshirgan dahshatli qirg‘inlaridan hatto Turkistonda yashayotgan Ovrupo aholisiga mansub eserlar, kadetlar va men’sheviklarning vakillari ham nafratlangan edilar.

Men’shevik-internasionalistlar fraksiyasining boshlig‘i Vaynshteyn Toshkent shahar sovetining 1918 yil 23 fevraldagi yig‘inida respublika harbiy komissari 26 yoshli Ye.Perfil’evning qizil gvardiyachi jangchilari bilan Qo‘qonda dahshatli xunrezliklar qilganini taftish etish kerak va aybdorlar javobgarlikka tortilishi lozim deb talab qildi.

Turkiston muxtoriyatiga nisbatan adolatsiz siyosatni ba’zi bir bol’shevik arboblarning o‘zlari ham tanqid qilgan edilar. Jumladan, D.Manjara shunday degan: «Milliy siyosatda yo‘l qo‘ygan xatolarimiz tufayli Qo‘qon muxtoriyati vujudga keldi… Uni yo‘qotish payti yana bir xatoga yo‘l qo‘ydik. Qurol-yarog‘i deyarli bo‘lmagan muxtoriyatchilar joylashgan Eski shaharni qamal qilish o‘rniga biz to‘plardan o‘qqa tutdik, keyin dashnoqlarning qurolli to‘dalarini ishga soldik. Natijada talon-toroj, nomusga tegish, qirg‘in boshlandi. Bundan muxtoriyatchilarga aloqasi bo‘lmagan tinch aholi katta zarar ko‘rdi».

Umuman olganda, Turkiston muxtoriyati qonga botirilishining bosh aybdori V.Lenin bosh bo‘lgan sovetlar hukumati, qolaversa, markaziy hukumatning Turkiston filiali va uning jallod malaylari bo‘lmish endigina 26 yoshga to‘lgan Kolesov rahbarligidagi Turkiston Xalq Komissarlari Soveti va uning a’zolaridir. Bu hukumat a’zolarining deyarli barchasi mahalliy musulmon xalqlarga nafrat va shovinistik ruh bilan sug‘orilgan, ongi zaharlangan shaxslar edilar.

Garchand Turkiston muxtoriyati bol’shevizm yovuzligi bilan yo‘q qilingan bo‘lsa-da, uning g‘oyasi, amaliyoti, ruhi so‘nmadi, istiqlol kurashchilari tomonidan Turkiston muxtoriyatini tiklash uchun shiddatli kurash ketdi. Turkiston muxtoriyatini yangitdan tiklash, milliy davlatchilikni oyoqqa turg‘izish borasida sovet rejimiga qarshi, qizil armiya tajovuziga qarshi kurash davom etdi.

Rustambek ShAMSUTDINOV
AndDU, t.f.d., prof.,

Shodi KARIMOV

(“Turkiston Muxtoriyati – milliy davlatchiligimizning yorqin sahifasi” maqolasining uchinchi qismi)

“O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari,

2017 yil 12 oktyabr’

https://shosh.uz/uz/turkiston-muxtoriyatiga-bolshovoylar-tajovuzi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x