Post Views:
47
1917 yil fevral oyidan boshlab Rossiyaning milliy o‘lkalari, shu jumladan Turkistonda ham “muxtoriyat” g‘oyasi ilgari surila boshladi. O‘sha davr milliy matbuotida Turkiston muxtoriyatining faoliyati va uning qismatiga doir juda ko‘p maʼlumotlarni uchratish mumkin. Ushbu maqolada muxtoriyat xukumatining faoliyati va uning qismatiga oid baʼzi bir manbalarga to‘xtalib, ularni tahlil etib o‘tamiz.
Tatar ziyolilaridan Nushirvon Yovushev: “Muxtoriyatni qo‘lga kiritgandan keyin uni boshqarish masalasi ham yuzaga keladi. Buning uchun moddiy va maʼnaviy kuch kerak bo‘ladi. Baʼzi birovlar xalq nochor, deb bunga qarshi turibdilar. To‘g‘ri, hozir ayrim yetishmovchiliklar bor. Lekin yosh taraqqiyparvarlar bilan ishga kirishilsa, keng yo‘llar ochiladi. Shundan keyin tez orada mamlakatni boshqara oladigan darajaga yetamiz”, degan edi.
Ziyolilardan Islom Shoahmedov tomonidan Turkiston musulmonlarining II qurultoyida muhokama qilish uchun tayyorlangan “Turkiston federatsiyasi” nomli loyiha katta ahamiyatga ega. Loyiha 27 moddadan iborat bo‘lib, unda muxtoriyat xukumatining barcha jabhalari qamrab olingan.
Qurultoy kunlari Qo‘qon shahri aholisi va butun xalq muxtoriyat xukumati tarafdori ekanligani ko‘rsatdi, uni quvvatlab ko‘p ming kishilik namoyishlar bo‘lganligini maʼlumotlar tasdiqlaydi. Xalqimiz: “Turkistonning yeri – bizning tanamiz, suvi – qonimizdir. Kimda – kim ikkisiga tegadigan bo‘lsa, bizni qonimizni to‘kish bilan barobardir”, -degan shiorni ilgari surdilar.
1917 yil 1-dekabrda Namangan uyezdida ham aholining muxtoriyat xukumatini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan namoyishi uyushtirildi. Bu namoyishda 100 ming kishi ishtirok etdi. Ko‘chalar aholi bilan to‘lib, “Yashasin Turkiston muxtoriyati va uning hukumati”,-degan shiorlar yozilgan plakatlar ko‘tarib xursandligidan yig‘lar edi.
Shu yilning 3-4 dekabr kunlari muxtoriyat bayramini o‘tkazdilar. Rossiya va Kavkazdan kelgan musulmonlar birgalikda musiqa sadolari bilan yangi shaharga keldilar. 4 dekabrda “Ittifoq” jamiyat idorasida maktab bolalari bayram uyushtirdilar. O‘sha kuni maktabda dars bo‘lmadi. “Ittifoq” jamiyat aʼzolari, maktab o‘quvchilari va musulmon askarlari bilan birgalikda musiqa sadolari ostida eski shaharga borib mahalliy aholini Andijon tatarlari nomidan muxtoriyat eʼlon qilinganligi munosabati bilan tabrikladilar.
13 dekabrda Toshkent shahrida Turkiston muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan 100 ming kishilik namoyish bo‘ldi. Namoyishda “Ulamo” jamiyati aʼzolari ham qo‘shildilar. Musulmon jamiyatlari bilan bir qatorda yevropalik jamiyat aʼzolari tomonidan maʼruzalar o‘qilib, ular ham o‘zlarini xalq komissalari deb atayotgan bolsheviklarning zo‘rovonliklaridan shikoyat qildilar va birgalikda namoyishni yangi shaharga ko‘chirishni iltimos qildilar.
Turkiston muxtoriyati hukumatining, umuman musulmonlarning muxtoriyat eʼlon qilgandan keyin ro‘y bergan vaziyatni eʼtiborga olib, muhitga bergan bahosini Orif Klevleyevning Petrogradga yuborgan telegrammasidan ham bilish mumkin. Unda shunday satrlar yozilgan: “Turkiston xalqi bir ovozdan Turkiston muxtoriyatini eʼlon qilib, o‘lkaning boshqaruv usulini Turkiston Taʼsis majlisi tomonidan ishlab chiqishni taklif qildi. Ruslar va yevropaliklar o‘lkaning 2 foizini tashkil qilsada, xalq sho‘rosi (milliy majlisi M.A.) ga saylanganlarning 33 foizini tashkil etdi. Biroq, Rossiya komissarlari tomonidan Turkiston muxtoriyatini tugatish yo‘lida harakatlar qilmoqdalar. Sizni Rossiya demokratik jumhuriyatining oliy idorasi ekanligingizdan boshqaruvni Toshkentdagi komissarlar sovetidan Turkiston muxtoriyati xukumatiga topshirishga buyruq berishingizni iltimos qilaman. Toki orada tortishuv boshlanib, Turkiston mamlakati halokatga duchor bo‘lmasin. Harbiy sho‘ro raisi Orif Klevleyev Qo‘qon 1917 yil 26 dekabr”.
Keyingi siyosiy jarayonlar, bu bolsheviklarning Turkistonda olib borgan bosqinchilik siyosatini ko‘rish mumkin. “1918 yil 18-25 yanvar kunlari Toshkentda bo‘lgan bolsheviklarning syezdi Turkiston muxtoriyatini tugatishga qaror qilinib, muxtoriyat aʼzolarini darhol hibsga olish kerakligi ilgari surilgan”. “Turkistondagi barcha milliy mahkamalar tugatildi, sud ishlari to‘xtatildi. Bularning o‘rniga oddiy rus soldat va ishchilaridan “jamoat hukmi” degan yangi sudlar tashkil qilinadi. Mahalliy aholining yerlarini qurol kuchi bilan tortib olib, bolsheviklar o‘zlari yer qo‘mitalarini tuzib, Turkiston yerlarini yersiz rus krestyanlariga olib bera boshladilar. Bolsheviklarning fikriga qo‘shilmagan hukumat muassasalari va boshqa milliy jamoat idoralarining barchasini faoliyati to‘xtatilib, ularning o‘rniga rus soldat, ishchi va krestyanlaridan tayinlay boshladilar”.
“Ulug‘ Turkiston” gazetasi sahifalari maʼlumotning guvohlik berishicha, “Soldat va ishchilar bir necha bor qurollanib eski shaharga tushib oziq ovqat va g‘alla topish uchun tintuv o‘tkazadilar. Yangi shahar (ruslar yashaydigan qismi – M.A.)da o‘zlarining oziq-ovqatlari tugashi bilan eski shahar (musulmonlar yashaydigan qismi – M.A)ga ko‘z olaytira boshladi. Musulmonlar bu holni adolat yuzasidan bo‘lmayotganligini maʼlum qildilar. Shuningdek, “El bayrog‘i” gazetasida eʼtirof etganidek, 1918 yil 13 yanvarda qaysidir komissarning farmoniga ko‘ra bir guruh qazil askarlar Qo‘qonga keldilar va O‘rdani ishg‘ol qiladilar. Uchinchi kuni esa barcha banklarni o‘z tasarrufiga o‘tkazishadi. 14 yanvar kuni bir necha million so‘mni olib ketadilar. Bu mablag‘ Turkiston xalqining mehnati evaziga hosil bo‘lganligini maʼlum qilsa,”, ikkinchi bir manbada shunday maʼlumotlar bor: “Ushbu banklardan olingan mablag‘larni Toshkentga keltirib, undan foydalanish huquqi faqat komissarlar soveti ixtiyorida bo‘lishi kerakligi aytilgan. O‘sha kuni Qo‘qon bankidan 8 million 223 ming so‘m 17 tiyin olib ketilgan”.
Buning ustiga Rossiyadan g‘alla keltirish to‘xtab qolgan edi. Bolsheviklar mahalliy xalqning bor-budini talay boshlaydilar. Aholi och-yalang‘och holatiga tushib qoladi. Natijada Turkiston muxtoriyati xukumati va milliy ziyolilar boshchiligida “Ochlarga yordam” qo‘mitasini tuzilib, xalqni ushbu holatdan olib chiqib ketishga harakat qiladilar. Har bir dahalarning markaziy qismida ko‘plab qozonlarda ovqat tayyorlanib tekin tarqata boshlaydilar. Bolsheviklar talonchilik, bosqinchilik qilayotgan bir vaqtda, ajdodlarimiz, milliy ziyolilarimiz va o‘ziga to‘q tabaqa kishilari ana shunday oliyjanoblik ishlarini amalga oshirganlar. Buni quyidagi manbalardan ham ko‘rish mumkin:
№ | Maqolalar | Nashri | Yil | Oy, kun |
1 | “Ovqat masalasi” | “Ulug‘ Turkiston” | 1917 yil | 31 dekabr |
2 | “Dahshatli ochlik oldidan” | “Ulug‘ Turkiston” | 1918 yil | 4 yanvar |
3 | “Ochlik balosi” | “Ulug‘ Turkiston” | -/- | 24 yanvar |
4 | “Ochdan o‘lganlar” | “Ulug‘ Turkiston” | -/- | 3 fevral |
5 | “Ochlarga yordam etaylik” | “Ulug‘ Turkiston” | -/- | 3 fevral |
6 | “Ochlar foydasiga” | “Ulug‘ Turkiston” | -/- | 23 fevral |
7 | “Och qolgan ishsizlar foydasiga” | “Ulug‘ Turkiston” | -/- | 23 fevral |
8 | “Ochlar foydasiga teatr” | “Ulug‘ Turkiston” | -/- | 2 mart |
9 | “Ochlarga yordam” | “Ulug‘ Turkiston” | -/- | 7 mart |
10 | “Ochlarga yordam” | “Ulug‘ Turkiston” | -/- | 12 mart |
11 | “Ochlarga yordam” | “Ulug‘ Turkiston” | -/- | 14 mart |
12 | “Ochlik qurbonlari” | “Ulug‘ Turkiston” | -/- | 8 iyun |
13 | “Va yana jamiyati hayriya” | “Hurriyat” | -/- | 26 dekabr |
14 | “Jamiyati hayriya” | “Hurriyat” | 22 mart | |
15 | “Ochlarga yordam” | “Hurriyat” | 22 aprel |
Milliy matbuot sahifalarida bolsheviklarning bu milliy muxtoriyat xukumatini shavqatsiz tarzda bostirganligi to‘g‘risida juda ko‘p manbalarni uchratish mumkin. Xususan, “Ulug‘ Turkiston” gazetasining 1918 yil 26 fevral sonida “Turkiston musulmonlarining fojeasi”, 8 mart kungi sonida “Qo‘qon fojeasi”, 9, 12, 14, 19 mart kungi sonlarida esa “Qo‘qon fojealari”, 3 may kungi sonida “Qo‘qon muxtoriyatini avf umumiy”, 30 may kungi sonida “Qo‘qonda bo‘lgan voqea” nomli maʼlumotlar bor.
Qo‘qonlik fuqaro Yusuf Xaliliy Qo‘qon fojealarini shunday taʼriflaydi: “Qo‘qon ko‘chalari tamom yonib bo‘ldi. Madaniy mussasalar, optika, tipografiya, banklar, natorius kontoralari, ambulyatoriya, bozorlardagi barcha do‘konlar, jumladan 11 ming hovli, 19 ta madrasa, 37 ta masjid yonib kulga aylandi. Musulmon oilalari dashnoq armanlari qilichi bilan o‘ldirilmoqda. “Qaroqchi qum” stansiyasidan Oltiariq stansiyasigacha bo‘lgan 117 chaqirim yerdagi qishloqlardagi musulmonlar dashnoq armanilari tomonidan o‘ldirilib, uylariga o‘t qo‘yib yuborilmoqda. Musulmonlardan tortib olingan g‘allalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri qalʼaga olib keltirilmoqda. Shahar va qishloqlardagi musulmonlarning puli, g‘allasi, qo‘y va mollari qolmadi. Hattoki, eski qozi va mingboshilarni tutib keltirib ellik va yuz minglab pullarini tortib oldilar. Farg‘onada har bir rus soldati o‘zi hokim, o‘zi podshodir. Ular nimani xohlasa, shu ishni qiladilar. Bu g‘alamisliklarni javobgarlikka tortish u yoqda tursin, hatto surishtirib ham o‘tirmaydilar”,- deb yozadi.
Boylik talashishda, hatto bolsheviklarning o‘zlari o‘rtasida ham o‘zaro kelishmovchiliklar kelib chiqa boshladi. 1918 yil 8 mart kuni O‘rta Osiyo temir yo‘l xizmatchilari bilan kasaba ittifoqi aʼzolari katta namoyish qilib, komissarlar sovetidan nima sababga ko‘ra Pershin va boshqa komissarlarga yiliga 12 ming so‘m daromad tayinlanganligini, komissarlar gazetalarni zo‘rlik bilan yopishgani, matbuotda haqiqiy voqealarni yoritishga ruxsat bermayotganligi va shunga o‘xshash 18 taga yaqin savollariga javob berishlarini talab qildilar. Shuningdek, Buxorodagi davlat bank shoʻbasidan olingan 40 million so‘m pul bilan 175 pud (1pud- 16,3kg) kumush, va 37 qadoq (1 qadoq-409,5 gram) oltin qayerga qo‘yilganligini so‘radilar. Ammo komissarlar soveti bu namoyishni tarqatib yuborishadi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, 1917-1918 yillardagi milliy matbuot sahifalarida Turkiston muxtoriyatiga doir manbalarni to‘liq o‘rganib, ularni tahlil etgandagina ushbu davr voqelariga, siyosiy, iqtisodiy, madaniy jarayonlariga to‘laqonli baho berish mumkin. Qolaversa, Turkiston muxtoriyatiga doir voqeʼliklar haqida qiziquvchilar ham haqqoniy maʼlumotlarga ega bo‘la oladilar.
Abduxoliq MINGNAROV
t.f.n., dotsent, Toshkent moliya instituti
“O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari,
2017 yil 12 oktyabr
https://shosh.uz/uz/turkiston-muxtoriyati-va-uning-qismati-turkiston-milliy-matbuoti-sahifalarida/