2012 yilning koʻklamida xizmat safari bilan Urumchida boʻldim. Oʻshanda menga oʻtmish sivilizatsiyasining oʻchoqlaridan boʻlmish Turfonga safar qilib, uning eski xarobalarini koʻrish nasib etdi.
Turfon Urumchidan 182 kilometr uzoqliqda joylashgan. Ikkisini bogʻlab turuvchi yangi qorayoʻl (avtomobil yoʻli) qurilgan: Ulovda Urumchidan chiqib keng va tekis yoʻldan kunchiqarga yuriladi. Shahar tevaragidagi ekinliklar tugab yozi-yobonga chiqasiz. Yoʻlning ikki yogʻi tap-taqir. Tuprogʻining beti qoramtir. Katta yoʻl ochiq yerga tushganidanmi, Turfonga yetguncha yoʻl yoqasida biror qishloq yo qoʻrgʻon uchramaydi. Ancha yurgach, son-sanoqsiz shamol elektr pirpiraklari tiklangan yerga yetasiz. Bu joyni Dabanchin deyiladi. Bu yerning yeli kuchli, kishini uchirib yuborguday, izgʻirin. Elektr pirpiraklarining ana shu tuzlikka tiklangani bejiz emas. Turfonga dovur shunday pirpiraklar oʻrnatilgan joydan yana birovi bor. Yarim yoʻldan oʻtgach, yoʻl Tangritogʻ (Tyanshan) tizmalari etagidan oʻtadi. Togʻning etagida katta koʻl ham bor. Aytishlaricha, undan tuz olinadi, suvi shoʻr. Umuman, bu yerlar shoʻrtuproq. Betini shoʻr qoplagan dalalarga ham tez-tez koʻzingiz tushadi.
Ancha yurgach, qorayoʻl ilon izi boʻlib oqqan soy yoqalab togʻlar orasini kesib oʻtadi. Ikki yondagi toshqoyalar oʻta salobatli. Bir vohadan boshqasiga oʻtiladigan yoʻl ham shuning oʻzi. Oʻtmishda arqish (karvon) yoʻllari ham ana shu yerdan oʻtgan. Togʻlar tugab, kenglikka chiqasiz.
Turfonga yaqinlashgan sayin dasht-tuzlik tugab, paxta dalalari, ekinliklar boshlanadi. Tuprogʻi unumli boʻlgani uchunmi, Turfon vohasida paxta, don-dun burundan ekib kelingan (Tarixini aniq aytish qiyin, ziroatchilikning bu xili qadimgi bitiklarda ham tilga olingan). Shaharga yetmay, oʻngga burilib, eski xarobalar tomon kirib boriladi. Yoʻli tor, ikki yonda uygʻur qishloqlari. Bu va umuman Turfondagi qishloqlar kishi eʼtiborini oʻziga tortadi: oddiy uylar, tevaragi uzumzor. Fargʻonaning chekka hududlari, Samarqand, Shahrisabz tevaragidagi qishloqlarni eslatadi kishiga. Burilishdan boshlab, qishloqlar oralab keta-ketguncha uzumzor. Bu yerlarda uzumchilikka katta eʼtibor beriladi. Yerli kishilarning soʻziga qaraganda, Turfon uzumining dovrugʻi dunyoga ketgan: donasi yirik-yirik va shirin, ikki-uch boshi savatni toʻldiradi. Xalqi mehnatkash, tirikchiligi uzumdan. Tokning parvarishi ham bizdagidan farqli: qishda tok yerga koʻmiladi, koʻklam kelishi bilan ildiziga taqab ochiladi. Ishkomlar tartibli, toklar nihoyatda tekis taralgan, navdasi ham baquvvat. Yana bir jihati, har qaysi eshikda uzum saqlash va mayiz quritish uchun maxsus boloxonalar qurilgan; ular pishiq yoki xom gʻishtdan panjarasimon ishlangan boʻlib, orasidan shamol oʻtib turadi. Tomlar loysuvoq. Uzum quritiladigan ushbu boloxonalar xalq tilida chunja deyiladi. Bunday qurilmalar bizning mayizchilik bilan shugʻullanuvchi vohalarimizda ham bor. Chunonchi, Kitob tumanidagi Qaynar qishlogʻida shu usulda mayiz qilinadi.
Turfon uygʻurlarining shevasi, urf-odati, tashqi koʻrinishi ham oʻziga xos.
Qorayoʻldan ichkariga ikki-uch chaqirim yurilgach, eski xarobalarga yetasiz. Xalq bu yerni Bezaklik ming uylar deydi. Buddaviylik davridan qolgan ushbu obida ikki soy oʻrtasidagi tepalikda, nihoyatda katta majmua. Soy hozir ham oqib turibdi, lekin suvi sayoz. Bu joylarning tarixi ikki ming yilga boradi. Umrimda bunday haybatli obidani koʻrmaganman. Bizdagi Afrosiyob yoki Panjikent xarobalariga oʻxshab ketadi, lekin ancha katta. Tepaliklarni oʻyib qurilgan eski ibodatxonayu uylarning son-sanogʻi yoʻq; orada loy gʻishtdan ishlanganlari ham bor; uylarni tutashtiruvchi tor yoʻlaklar; devorlarda tokchalarning oʻrni. Shuncha zamonlar oʻtib ham toʻkilib tushmagani aqlga sigʻmaydi.
Bezaklik ming uylar xarobasi hozir ochiq muzeyga aylantirilgan. Oraga ziyoratchilarning yurishi uchun pishiq gʻisht terib yoʻl solingan, ayrim joylarga taxta toʻshab qoʻyilibdi. Kelib-ketuvchilarning keti uzilmaydi.
Biror tepalikka chiqib tevarakka boqqan kishi ajoyib manzarani koʻradi: oldinda haybatli qoʻrgʻon xarobalari; soyning narigi tomonida yam-yashil ekinzorlar, uygʻur qishloqlari, uzoq-uzoqlarda qurama togʻlar.
Izga qaytishda Turfon shahriga yetmay turib, Koriz muzeyi degan joyga kelasiz. Hovlisi keta-ketguncha ishkom. Oʻtmish dehqonchiligining yorqin izlari ana shu yerda yaqqol koʻrinadi. Qadimda bu yerlarda korizlar (suv quvurlari, yer osti hovuzlari) koʻp boʻlgan. Buning sababi, togʻ bilan bu yerning oʻrtasi choʻl boʻlib, tepadan suv keltirish uchun yer osti korizlari qazilgan. Quvurlar shu yergacha tortib kelingan, soʻng ustidan quduqlar qazilib, suv yerning yuziga chiqarilgan. Muzeyning yangi qurilgan binosi ostida ana shunday qadimiy korizlardan biri bor: yaxshi saqlangan, quvuri sopoldan, suvi hozir ham sharqirab oqib turibdi; nihoyatda tiniq va muzday, bir qultum ichsangiz, tanangiz yayraydi, onadan qayta tugʻilganday boʻlasiz (Koriz suvini ichib yurgan odam umr boʻyi dardga chalinmasa kerak, nazarimda). Bu inshootning qurilishi oʻz zamonida qanday katta kuch talab qilganini tasavvur qilish qiyin emas. Bu korizning tarixi ham ming yildan nariga boradi. Hozir Turfonda eski korizlardan anchasi saqlangan, baʼzilari qurigan. Dehqonchilik va bogʻdorchilikda, xalqni ichimlik suvi bilan taʼminlashda ota-bobolarning ana shu kashfiyoti hanuz qoʻl kelyapti.
Turfon (uygʻurlar Turpan deb talaffuz qiladi; xitoychada Gaoʻchan) – togʻ etaklarida joylashgan voha. Uning geografik sharoiti, iqlimi, Buyuk ipak yoʻlida joylashganligi oʻlkaning doimiy gullab-yashnashiga imkon bergan. Iqlimi tufayli bu tuproqda yaratilgan osori atiqalar, yozma yodgorliklar bizning kunimizgacha yaxshi saqlangan.
Madaniyat sohasida ham bu koʻhna oʻlkaning imkoniyatlari cheksiz edi. Oʻtmishda qadimgi turkiy, sugʻd, tohar, budda, moniy madaniyatlari shu tuproqda tutashgan. Ayniqsa, buddaviylik davrida Turfon kishilik sivilizatsiyasi yuqori boʻlgan yirik madaniyat oʻchoqlaridan boʻlib, ulugʻ yuksalishlar ana shu zamonda yuz berdi. Koʻhna Turfon bir qancha yuksalish va madaniyatlarning tutash nuqtasi boʻlgan.
Turfon xalqi asrlar osha turli madaniyatlar, diniy-falsafiy qarashlar taʼsirida boʻlib kelgan: boshda tangrikanlik, soʻng buddaviylik, moniylik, nasroniylik qarashlari amal qilgan. Keyinchalik esa ularning oʻrnini islom egalladi. Bu oʻlkada oʻtmishda, turkiy qavmlar bilan bir qatorda, sugʻd, tohar jamoalari ham yashagan. Bu tuproqlardan qadimgi turkiy asarlar bilan bir qatorda sugʻdcha, toharcha asarlar topilganligining boisi ham shunda. Sugʻdlar bu oʻlkaga tijorat ishlari, diniy-missionerlik harakatlari tufayli kelib, oʻrnashib qolgan edi. Turkiy xalqlar orasida buddaviylik, moniylik, nasroniylik qarashlarining yoyiluvida ham sugʻdlarning xizmati katta boʻlgan. Buning singari bogʻlanishlar izini ota-bobolarimizning yozuv madaniyatida ham kuzatamiz.
Qadimgi budda va moniy madaniyatlarining klassik davri ham Turfonda kechdi. Hatto buddaviylik Xitoy va Moʻgʻulistonga ana shu yoʻl orqali kirib borgan. Xitoy rohiblari muqaddas safarga ana shu yoʻldan oʻtganlar. Xullas, Turfon qadimdan Markaziy Osiyoning yirik madaniy, ijtimoiy-siyosiy, savdo markazlaridan biri boʻlib keldi. Bu oʻlkada ulugʻ va oʻlmas obidalar yaratilganining sababi ham ana shunda.
Turfon IX–XIII asrlarda, toʻrt yuz yil davomida hukm surgan Qoʻchu davlatining markazi boʻlgan. Bu davrlarda ana shu tuproqlarda yozuv madaniyati gullab-yashnadi; budda, moniy, nasroniy mazmundagi asarlar yaratildi; yozma adabiyot, ayniqsa, tarjima adabiyot rivojlandi. Bu davlatning rasmiy dini buddaviylik edi, shunga qaramay, boshqa diniy jamoalarga-da yoʻl berilgandi. Budda, moniy jamoalaridan yetishib chiqqan oʻqimishli kishilar dinning falsafiy-taʼlimiy, axloqiy gʻoyalarini keng ommalashtirish maqsadida oʻz asarlarini xalqqa tushunarli tilda, badiiy asar darajasida bitishga uringanlar. Shuning uchun ham ushbu asarlar qadimgi turkiy, sugʻd, tohar adabiyotlarining klassik namunalariga aylangan.
Koʻhna Turfon, uning tarixi sharqshunoslikning, xususan, gʻarb sharqshunoslarining doimiy diqqat markazida turadi. Olimlar bu tuproqlarda juda katta tadqiqot ishlari olib borgan, arxeografik ekspeditsiyalar uyushtirganlar. Oʻtgan asrning boshlarida Turfon xarobalaridan son-sanoqsiz arxeologik obidalar, yozma yodgorliklar topildi. Ushbu topilmalar miloddan avvalgi davrlardan boshlab oʻrta asrlargacha boʻlgan davrlarga tegishlidir. Devoriy rasmlar, ibodatxona va saroylardan chiqqan haykalchalar, qimmatli buyumlar, nodir qoʻlyozmalarning bari tashib ketildi. Hatto eski mozorlardan chiqqan mumiyolangan jasadlar, taxta tobutlari bilan qoʻshib olib ketilgan. Hozir ular yirik muzeylar va qoʻlyozma fondlarida saqlanmoqda. Bezaklik ming uylarning bebaho obidalari Turfon va Urumchidagi tarix muzeylari, Berlin, London, Sankt-Peterburgdagi muzeylar va qoʻlyozma xazinalarini boyitib turibdi (Urumchidagi Shinjon tarix muzeyida mumiyolangan jasadlardan tortib, haykalchalar, sopol buyumlar, asl qoʻlyozmalar deysizmi, hamma-hammasidan bor, koʻrib hayratga tushadi kishi).
Turfon xarobalaridan chiqqan obidalar ichida yozma yodgorliklar alohida oʻrin tutadi. Ular qadimgi turkiy, sugʻd tillarida boʻlib, budda, moniy jamoalari tomonidan bitilgan. Yozuv ashyosi – teri, qogʻoz, yogʻoch, sopol idish va metall. Orada devoriy rasmlarga yozilgan bitiklar ham bor.
Yozma yodgorliklarning muayyan boʻlagi oʻsha davrlarga tegishli rasmiy hujjatlardir. Muhim qirrasi, Turfondan topilgan rasmiy bitiklar xonlarning yorliqlari yoki yurt egalarining oʻzaro yozishmalari, diplomatik hujjatlar emas. Ular yirik yer egalari, boylar, dehqonlar, oddiy kishilarning oldi-berdisi, xoʻjalikning kirim-chiqimi, kimgadir sotilgan yer hujjati, ijaraga olingan yer uchun yozilgan tilxatlar, qarzga olingan don-dunni, matoni evazi bilan qaytarish toʻgʻrisidagi vasiqalar, qullarning oʻz beklari ustidan yozgan shikoyatlari yoki yirik boylarning oʻz quliga bergan erk hujjatlaridir. Qadimgi turk ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotini butunicha qamrab olgan ushbu hujjatlar jamiyat hayoti, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy munosabatlar tarixini oʻzida yaqqol aks ettirgan.
Eski, sargʻayib ketgan qogʻozlardagi bitiklarning hammasi ham yaxshi saqlangan emas; koʻpi chirib, matn boʻlaklari toʻkilib tushgan; ayrimlardan kichik parchalar qolgan. Ularning ichida matni uzuq-yuluq saqlanganlari ham ancha, orada ayrim joylarini oʻqib maʼno chiqarish qiyin. Shunday esa-da, siyohi hanuz tiniq.
Hujjatlar turkiy tilda boʻlib, davlat ishlarida uning mavqei yuqori ekanini bildiradi. Ular eski uygʻur xatida bitilgan. Baʼzi hujjatlar tartibli, chiroyli xatda, ayrimining esa shoshib yozilgani bilinib turadi. Ora-orada idoralarning muhr-tamgʻalari urilgan, hujjatlarning oxiriga esa qarz oluvchi va guvohlarning belgi-nishonlari qoʻyilgan.
Hujjatlar matnida ularni bituvchi kishilarning ismlari ham saqlanib qolgan. Bu yumush bilan, odatda, yurt boshliqlari, davlat idorasining xizmatchisi (bek, tudun yoki notarius), qarz beruvchining oʻzi yoki uning ishonchli kishisi shugʻullangan. Matnning savodli, yuksak darajada yozilganiga qaraganda, ular qonunlarni, toʻru-tuzuklarni yaxshi bilgan, bilimli kishilar oʻtgan.
Taʼkidlamoq oʻrinliki, ushbu bitiklar turkiy hujjatchilikning ilk namunalari emas. Ular, Qoʻchu davlati zamonidan qolgan (ayrim hujjatlarda Qoʻchu nomining berilganligi ham shuni koʻrsatadi). Vaholanki, turkiy hujjatchilik bundan-da eski zamonlarga borib taqaladi. Shunday esa-da, ular hujjatchilikning nodir namunalari boʻlib, turkiy rasmiy uslubning yuzaga kelishi va tarixiy taraqqiyotini oʻrganishda katta ahamiyatga ega.
Bitiklar hujjatchilikning barcha talablariga javob beradi: tuzilishi puxta; matn komponentlari oʻzaro uygʻun; matn uslubi, atamalar tizimi yuksak bosqichda. Qadimgi turkiy hujjatchilik uzoq uslubiy taraqqiyot bosqichini bosib oʻtganidan dalolat beradi. Hujjatlarda buning singari kishini hayratga soluvchi oʻrinlar talay.
Maʼlumki, oʻrta asr jamiyatida, davlat siyosatida kishilar oʻrtasidagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy munosabatlarning huquqiy asoslari chuqur ishlab chiqilgan edi. Qanday boʻlishidan qatʼi nazar, kishining haq-huquqini belgilovchi ishlar, oldi-berdi, davlat idoralari va xoʻjalikdagi kirim-chiqimlar rasmiylashtirilgan, ular hujjatlarda qayd etib qoʻyilgan.
Shu oʻrinda bir masalaga eʼtibor bersak. Qonunga koʻra, har qanday oldi-berdining kafolatlanuvi, olingan narsa oluvchining oʻzi yoki uning yaqinlari tomonidan albatta qaytarilmogʻi kerak. Biror narsani qarzga beruv hujjatlarida berginčä yoq bar bolsar-men degan jumlaga koʻzimiz tushadi. Bu jumla “qarzni berguncha bormanmi-yoʻqman, berolmasam (qarzni uzolmasam)” degan maʼnoni bildiradi. Masalan, Berlin fondida saqlanayotgan T. M. 222 koʻrsatkichli Bulmish ismli kishining soliq toʻlash maqsadida Qara Oʻgʻuldan qarzga olgan kumush tanga uchun bergan tilxatida bu holat shunday kafolatlangan: Asïğï bilä köni berür-men. Berginčä yoq (ba)r bolsar-men kišim Tüzüg köni (b)ersün. Maʼnosi: “(Kumushni) foydasi bilan toʻliq qaytaraman. Berguncha yoʻq-bor boʻlsam (borman-yoʻqman), xotinim Tuzug toʻliq bersin”. Bu oʻrinda berimchi berimni kishisi (xotini) Tuzugni oʻrtaga qoʻyib kafolatlamoqda.
Shu oʻrinda oʻrta asr hujjatlari uslubining muhim qirrasi toʻgʻrisida ikki ogʻiz soʻz. Odatda, rasmiy uslub oʻzining aniq va ravshanligi, koʻchma maʼnoli soʻzlar, frazeologik birikmalar, tasviriy ifodalar, koʻtarinki jumlalar, turli badiiy vositalarning uchramasligi bilan ajralib turadi. Lekin bu oʻlchovni, cheklovni hech bir oʻzgarishsiz qadimgi turkiy tildagi rasmiy bitiklarga, qolaversa, oʻrta asr hujjatchiligiga nisbatan qoʻllash oʻzini oqlamaydi, nazarimizda. Sababi, oʻsha davr hujjatlarida, yuqorida rasmiy uslubga tegishli deb qaralayotgan belgilardan tashqari, ogʻzaki uslubga, badiiy matnlarga xos vositalar ham uchrab turadi. Bituvchi-kotiblar fikrni teran anglatish, uning taʼsirini kuchaytirish, vasiqani mazmunli va shirali bayon qilish, matn uslubining silliq va ohangdor chiqishi uchun, oʻrni bilan, badiiy vositalardan ham foydalangan. Bir soʻz bilan aytganda, hujjatlar uslubiga ogʻzaki, soʻzlashuv uslubi bilan bir qatorda, badiiy tafakkurning, badiiy uslubning, qadimgi turkiy adabiyotning taʼsiri boʻlgan. Shunday qilib, vasiqalarda ogʻzaki va badiiy uslubga xos boʻlgan stereotip jumlalar tizimi amal qiladi. Ular rasmiy matnlarga badiiy boʻyoq berishi bilan bir qatorda, yuridik kimsalar nutqining taʼsirli va mazmunli chiqishi, haqqoniyligini taʼminlashga xizmat qiladi. Bu narsani qadimgi turkiy yozma adabiy tilidagi uslublar sinkretizmi sifatida baholash mumkin. Masalan, Koʻni Quz ismli xoʻjayinning Burxan Quli ismli quliga bergan erk hujjatida shunday jumlani oʻqiymiz: Bu kntd mpnča Burxan Qulïnïŋ ya örü tağqa, qudï quumqa barsar, öz köŋülinčä buyan berip yorpsun. Mazmuni: “Bugundan boshlab Burxan Qulining (erki oʻzida), yuqori toqqa (boradimi), quyi qumga boradimi, oʻz koʻnglicha yoʻl tutsin, savob uchun yuraversin”. Ushbu misolimizdagi örü tağqa, qudï quumqa barsar birikmasidagi örü tağ – “yuqori togʻ” hamda qudp quum – “quyi qum”, ularni oʻzaro qarshilantirish yoʻli bilan badiiy sanʼat hosil qilinmoqda; “yuqori toqqa (boradimi), quyi qumga boradimi” degani “istagan yerida; hamma yerda” anglamida kelgan. Fikrni bu tarzda ifodalash rasmiy bitiklar uslubi uchun gʻayriodatiy, lekin matnning taʼsirini oshirish, ifoda badiiyligini taʼminlash, “erkinlik” tushunchasini teran anglatish maqsadida ana shu ibora qoʻllangan.
Vasiqalarda, oʻrni bilan, koʻchma maʼnoli, ekspressiv boʻyoqli soʻzlar ham uchrab turadi. Shuningdek, hujjatlarda sintaktik paralellizmlar, alliteratsiya singari badiiy vositalarga ham murojaat etiladi. Ayrim jumlalar sajda yozilgan.
Vasiqalarda soʻzlovchi nutqining berilishi ham oʻziga xos. Matn bituvchi, odatda, yerni ijaraga yoki narsani qarzga berayotgan kimsa, shuningdek, davlat idorasining xodimi, biror oʻqimishli kishi boʻladi. Matn, asosan, qarz oluvchi tilidan oʻquvchiga qarata soʻzlanadi. Turgan gap, hujjat bitishning javobgarligi bor. Bu narsa uning xotimasida albatta qayd etiladi: agar yerni ijaraga yoki biron narsani qarzga berayotgan kimsa vasiqani bitgan boʻlsa, oxirida “men bitdim” yoki “mening oʻzim bitdim” (men özüm bitidim; meniŋ özüm bitidim) deb yozib qoʻyadi. Mabodo, hujjat idora xodimi yoki boshqa kimsa tarafidan bitilgan boʻlsa, unda Men, Mpspr, ayptpp bitidim; Men, Torčp, ağa-inildrkd ayptpp bitidim cingari jumlalar bilan yakunlanadi. Bu jumla “Men, Misir, (qarz oluvchining) aytib turgan soʻzlari boʻyicha yozdim”; “Men, Toʻrchi, ogʻa-inilarning (yaʼni qarz olayotganlarning) aytgan soʻzlari boʻyicha yozdim” degan mazmunni anglatadi.
Qizigʻi shundaki, biz soʻz yuritayotgan hujjatlarda matn qarz beruvchi kimsa tilidan bitilayotganiga qaramay, asosiy qismda, qarz beruvchining qarz bilan aloqador muhim soʻzlari, taʼkidlari uning oʻz tilidan beriladi. Hujjatlarda yuridik shaxslar nutqining bu shaklda berilishi bejiz emas: ular oʻzaro uygʻunlashib, matn taʼsirini oshiradi, hujjatlarda soʻz borayotgan yuridik shaxslar nutqining legitimligi, ishonchliligi, hujjatning rasmiyligini taʼminlaydi.
Eski hujjatlarda rasmiy va badiiy uslublarning qorishiq holda uchrashi yoki yuridik kimsalar nutqining bu koʻrinishda uygʻunlashuvi turkiy rasmiy uslubning toʻla shakllanib ulgurmaganidan emas, aksincha, uning oʻta taraqqiy etgani, fikrni ifodalash, hujjatning rasmiyligini taʼminlash imkoniyatlari kengligidan dalolat beradi.
Turfon hujjatlarining muayyan qismi nemis, rus, uygʻur olimlari tomonidan chop ettirilgan. Berlin Akademiyasining qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan Turfondan topib keltirilgan hujjatlarning koʻpi hozirgi kezda internet saytlariga ham kiritilgan. Biroq ularning oʻqilishi, matn talqini masalasida hali tortishuvli oʻrinlar bor. Shuningdek, matn uslubi, ularning turkiy hujjatchilik tarixida tutgan oʻrni, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jihatlari va shuning singari muhim masalalar ochiq qolmoqda. Yana ularning barini yigʻib, hozirgi turkshunoslik talablariga mos boʻlgan ilmiy nashrini yaratishning vaqti keldi. Shularni koʻzda tutgan holda, oʻzbek sharqshunosligida tarixiy sfragistika, hujjatshunoslik sohasini rivojlantirish, bu sohaga yosh, bilimli yigit-qizlarni jalb etish, oliy oʻquv yurtlarida ayni sohalar boʻyicha fanlar kiritilmogʻi kerak.
Qosimjon SODIQOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7
https://saviya.uz/hayot/nigoh/turfon-obidalari/