Tarjimai hol
Turdiyeva Kavsar Sheraliyevna 1997 yil 2 sentabrdan Toshkent Pediatriya institutining o‘zbek tili kafedrasi mudiri.
1981 yil A.A. Jdanov nomidagi Sankt-Peterburg universitetining “Jurnalistika” fakultetini bitirgan. Mutaxassisligi bo‘yicha jurnalist, filologiya fanlari nomzodi.
Uning birinchi ilmiy diplom ishi “O‘zbekiston bolalar nashrining vujudga kelishi va rivoji” nashr uchun tavsiya qilingan.
1994 yil “Hozirgi zamon o‘zbek bolalar she’riyatida ma’naviyat muammolari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan.
Hozir u “So‘nggi davr o‘zbek bolalar adabiyotining rivojlanish tamoyillari” mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda.
50 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 18 ta o‘quv qo‘llanma, 2 ta “O‘zbek tili” darsliklari muallifi.
Kafedra mudiri sifatida ochiq darslar o‘tkazadi va namunaviy darslar tashkil qiladi, ilmiy-metodik bilim salohiyatini oshiruvchi jamoani birlashtirish, tadbirlar tashkil etishga usta. Ta’lim jarayoniga, uning tashkiliy jihatiga katta e’tibor qaratadi. U boshqarib kelayotgan kafedrada tartib-intizom doirasidagi o‘zlashtirish ko‘rsatgichi ortib bormoqda. O‘zbek va rus tili fanlari bo‘yicha so‘nggi yillardagi o‘zlashtirish ko‘rsatgichi 87% ga oshgan.
Kavsar Sheraliyevna muntazam ravishda ilmiy-pedagogik imkoniyatlarini oshirib boradi. 2-sonli Toshkent Davlat Tibbiyot akademiyasida, Milliy universitetda o‘z malakasini oshirgan, Moskva hamda Yaltada bo‘lib o‘tgan anjumanda bolalar adabiyoti vakili sifatida ishtirok etgan.
Ommaviy talabalar tadbirlarining mohir tashkilotchisi. Uning rahbarligi ostida turli uchrashuvlar o‘tkazilgan. Shu o‘rinda, shoira Zulfiya tavalludining 100-yilligi ham nishonlangan.
20 yildan ziyod “Nishona” nomli ijodiy yoshlar klubini boshqargan. Ijod namunalari alohida to‘plam ko‘rinishida chop etilgan.
U, shu bilan birga, “Yuzma-yuz” talabalar munozara klubini olib boradi. Mazkur klub talabalar, litsey o‘quvchilari va magistrlar orasida faoliyat yuritadi. Shuningdek, klub to‘plami ham tayyorlangan.
Yunusobod tumani ayollar hay’ati a’zosi hisoblanadi.
Juda mas’uliyatli, insofli, sodda, mehnatkash, haqqoniy va talabalarga bo‘lgani kabi, o‘qituvchilarga nisbatan talabchan.
U O‘zbekiston Yozuchilar uyushmasi a’zosi. U tomonidan 20 dan ziyod badiiy kitoblar chop etilgan. Uning “Toshkesaklar mamlakatida” nomli sahna asari “Sog‘lom avlod” yilida o‘tkazilgan dramatik asarlar tanlovida 3-o‘rin sovrindoriga aylangan. 2004 yil YuNISEF tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tanlovda uning “Tozalik — go‘zallik” kitobi uchinchi o‘rin sovrindoriga aylangan. “Zumrasha” hajviy jurnalidagi ko‘plab senariylar muallifi. Uning senariysi asosida “Katta oyi” filmi, “Irkitvoy va Kirketjon”, “Sumalak va ming tilak”, “Zumrad va Qimmat” multiplikatsion filmlari suratga olingan.
Bulardan tashqari, Kavsar Sheraliyevna tomonidan Chuykovskiy, S. Marshak, tatar lirikasi o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
2001 yil “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan, 2009 yil “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovida badiiy adabiyot nomzodi g‘olibi bo‘lgan. 2010 yil “Sevimli bolalar shoiram” nomzodi g‘olibiga aylangan.
Uning she’rlariga ko‘plab musiqalar bastalangan. Ular har yili “Mustaqillik”, “Navro‘z”, Konstitutsiya kuni, 8 mart va boshqa respublika bayramlarida ijro etiladi. 9 yildan buyon Turkiston saroyida o‘tkazib kelinuvchi Prezident archasi bayramining madhiya qo‘shig‘i muallifi. Yaqin kunlarda uning “O‘ynab, o‘ylab o‘rganamiz” nomli ingliz tilini o‘rgatuvchi bolalar uchun kitobi nashr etilgan. “Proffessions” nomli ingliz tilidagi she’rlar to‘plami nashr uchun tayyorlangan.
Kavsar Sheraliyevna hamkasblari va talabalar muammolariga chin dildan yondashadi. Jamoada obro‘ va nufuz qozongan.