Qatrayam nochiz[1], ammo zoti qulzum[2] Turdiman,
Kelturan amvojgʻa[3] bahri[4] talotum[5] Turdiman.
Qirq, Yuz, Ming aqrabolar etdilar mandin nufur[6],
Ne balo, baxti qaro-yu toliyi shum Turdiman.
Rishtadek ming pech-u tob[7] chashmi soʻzondin[8] oʻtar,
Bovujudi eʼtibori chashmi mardum Turdiman.
Turdi oʻzbek adabiyotining hajviy yoʻnalishini juda yuqori darajalarga koʻtargan ijodkor sifatida ajralib turadi. Uning ijtimoiy-siyosiy, maishiy, madaniy hayotdagi illatlarni koʻradigan koʻzlari nihoyatda oʻtkir.
Turdining sheʼrlari real hayot manzaralari bilan uygʻun. Ularning asosiy qismi avtobiografik mazmun kasb etgan. “Turdiman” radifli gʻazal ham shu siraga mansub:
Qatrayam nochiz, ammo zoti qulzum Turdiman,
Kelturan amvojgʻa bahri talotum Turdiman.
Bir qatragina suvning kuch va qudratini tasavvur qila olasizmi? Toʻgʻri, u hech qanday xavf va xatar solmasligi, hech kimni choʻchita olmasligi mumkin. Ammo uning “zoti qulzum” – dengizga taalluqli ekanligini ham unutmaslik lozim. Lirik qahramon mana shunga ishora qilmoqda. Zero, qatralarning yigʻilgani – jami hududsiz dengizlarda ham poʻrtanalarni hosil qila oladi. Bundan murod shuki, meni nazarga ilinmaydigan birgina ushoq odam deb oʻylash toʻgʻri emas, menga oʻxshaganlarning hammasi jamlansa, uyushsa, dengiz kabi olamni, yaʼni shu dunyoni, mavjud hayotni agʻdar-toʻntar qilib yuborishning ham uddasidan chiqadi deganidir.
Navbatdagi bandda Turdining hayotiga oid yana bir muhim hodisani ilgʻash mumkin:
Qirq, Yuz, Ming aqrabolar etdilar mandin nufur,
Ne balo, baxti qaro-yu toliyi shum Turdiman.
Yaʼni, (endilikda) Qirq, Yuz, Ming urugʻining boshliqlari mendan yuz oʻgirmoqdalar, buni qarang, men qanday baxti qora va toleyi past kishiman.
Demak, oldinroq uning oʻzi sanayotgan kishilar oldidagi obroʻ va eʼtibori ancha baland boʻlgan. U oʻz umridan rozi va minnatdor boʻlib yashagan. Faqat keyingi paytlardagina vaziyat oʻzgargan. Mana shu holat shoirning oʻziga “baxti qaro”, “toleyi shum” sifatlarini qoʻllashga majbur qilgan.
Hayot shoir uchun minglab sinovlarni, koʻplab qiyinchiliklarni roʻpara qilgan. Hozir u hatto ignaning teshigidan ham oʻtadigan darajaga yetib kelgan:
Rishtadek ming pech-u tob chashmi soʻzandin oʻtar,
Bovujudi eʼtibori chashmi mardum Turdiman.
Buni turlicha talqin qilish mumkin:
U shu darajada ozib-toʻzib ketganki, hozir ignaning teshigidan oʻtadigan ipga oʻxshab qolgan. Hayot qiyinchiliklari uni shu darajada pishitganki, u hatto hayotning har qanday toʻsiq va mashaqqatlaridan ham oʻtishni uddalay oladi.
“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.
[1] N o ch i z – arzimas.
[2] Q u l z u m – dengiz.
[3] A m v o j – mavjlar, toʻlqinlar.
[4] B a h r – dengiz.
[5] Ta l o t u m – poʻrtana.
[6] N u f u r – nafrat.
[7] Pech-u t o b – buralgan, oʻralgan.
[8] Ch a sh m i s oʻ z o n – igna koʻzi; s oʻ z o n – kuygan, yonib turgan, yolqinli; alamli.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/turdiman/