Tumor

Odam boʻlib ogʻzidan beparda gap chiqmagan, moʻmin-qobil bir yigitning badfeʼl, badkor, behayo, qoʻying-chi, beetak xotini bor ekan. Boz ustiga:

El qochsa birovdin el yomoni bil oni,

Ahvolida idbor nishoni bil oni,

deganlariday, bu ayolni xudo nogiron – maymoq qilib yaratgan ekan. Oʻsha yigit Ergash Jumanbulbul oʻgʻliga:

– Shoir bobo, Siz koʻpning ustida yurgan, Xizr koʻrgan odamsiz. Men shunday bir baloga yoʻliqqanman, unga xudo bas kelmasa, bandasi bas kelolmaydi. Hozirning oʻzida uchovoradan chiqdim. Elga qoʻshilolmay qoldim. Undan oʻlib ham qutulolmayman, shekilli. Nima qilay, ayting? – deb arz qilibdi.

Oqin yigitning yuz-koʻziga qarab rahmi kelibdi. Soʻng:

– Yomondin yo qoch-da qutul, yo ton-da qutul!

Sababi:

Yomon xotin koʻp qiladi taqalni,

Qirqqa kirmay oqartirar soqolni,

deganlar. Men sizga bir tumor yozib beray. Keyin bu tumorni kelinga bering. Tumorning ichidagi baytlarni yodlab olsin. Hademay odam soniga qoʻshilib ketadi, – deb mana bu “tumor”ni yozib bergan ekanlar:

 

Aylanayin, maymogʻim,

Achigan sut, qaymogʻim.

Seni olgandan koʻra

Yaxshiydi soʻyilmogʻim.

 

Fikri sayoz, choʻltogʻim,

Yeding yigitlik chogʻim.

Sening bilan qiyinga

Oʻxshaydi yashamogʻim.

 

Siyin bilmas soʻylogʻim,

Behayo, bebalogʻim.

Bu kunlarimdan koʻra

Afzaldir otilmogʻim.

 

Xom-xatala quymogʻim,

Uchmas, toʻqson talogʻim.

Boshqa yoʻli qolmadi

Shu – sendan qutulmogʻim.

 

Yigit “tumor”ga qanday kalimalar bitilganiga qiziqib, uni bir oʻqimishli kishiga koʻrsatib maʼnisini bilib olibdi. Soʻng otasi bozordan toʻlib-toshib kelgan boladay quvonib, beka desa bekasiga, erka desa erkasiga olib borib:

– Nima boʻlganda ham koʻz ochib koʻrgan eringman, ishi koʻpam oʻngidan kela bermagan bir peshona shoʻringman. Oqshomlari tushingda soʻylanib chiqasan, oʻngingda esa oʻylanib yurasan. Shunga bir afsungarga borib tumor qildirib keldim. Tumorda bitilgan duolarni yod olib kechalari oʻqib yotsang haligi kasaldan, sen koʻr, men koʻr demasdan qutulib ketar ekansan. Men ham sendan birvarakayiga qutulib qoʻya qolar ekanman. Gap ana shunday, joningning jon ayamas xotinim, – debdi.

Xotin erdan minnatdor boʻlib, men oʻqishni bilmasam ne qilaman, deb soʻrabdi. Soʻng otasining “Haftiyak”ni tushirib, undan nari oʻtalmagani esiga tushib, “chiqqan qiz – chiydan tashqari”ga – uylariga borib biroz maqtanganday, bu dunyoda eridan yaxshi odam yoʻqligini telba-teskari gaplari bilan aytganday boʻlibdi. Otasi “tumor”ni ochib koʻz yugurtirsa…

Qush tilini qush biladi, it feʼlini – egasi. Oʻz qizlarining feʼl-atvorini bilgan, borgan yeridan baxt topa bilmasligiga koʻzi yetgan shoʻrlik ota-ona sarosimaga tushib qolibdi. Er-xotin gʻijillashib ham olibdi.

– Bir yigitning umriga zavol boʻlmaylik, xotin. Uningsiz ham, jins-bajins, kabutar-bakabutar, deganlar. Qizingning kimligi mendan koʻra senga beshbarmoqday ayon.

– Ota boʻlib siz shu gaplarni aytib turgandan keyin yetti yot kimsalar nima deydi?

– Hali ham ne derini deb boʻldi. Qishlokda bosh koʻtarib yurolmay qoldim. Machitga ham yerning osti bilan borib, yerning tagi bilan kelaman. Shunday qiz oʻstirgan senday xotinni ham…

– It tumshugʻi tekkan yerga suv ichgani sher kelmas. It tekkan qizingizni qayta sotib…

– Or-nomusni oʻrtaga qoʻyib aytganda, qizingga it emas, sher tekkan edi. It endi tegadi. Teng tengi bilan deganday.

Qizning otasi halol, rostgoʻy, chapani tabiatli kishi ekan. Onasining aqli esa haminqadar ekan. Boʻpti toʻpolon! Boʻpti qiyomati qoyim!

Qirgʻich qozonga, qopqoq qora yerga, obdasta obrezga, tufdon tuzliqqa urilibdi. Oxir-oqibat eri:

– Mening-ku umrim shamolga sovurildi-ketdi. Endi qoʻy ogʻzidan choʻp olmagan bir yigitni ham bu dunyodan kuydirib oʻtkazmoqchimisan? Kim nima eksa shuni oʻradi. Endi oʻzing pishirgan oshingni oʻzing ich, – deb qishloq qariyalarini chaqirib, bor gapni aytib, toʻrt oyoqli qizini ashqol-dashqoli bilan qaytarib olib kelib, bir bechora yigitning ozodlikka chiqishiga sababchi boʻlib, xayrli ishga qoʻl urganini oʻzi ham bilib-bilmay qolgan ekan.

 

Toʻra SULAYMON

 

“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.

https://saviya.uz/ijod/nazm/tumor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x