Kunlardan bir kuni Tulki bilan Turna do‘st bo’lishib, birga yashay boshlashibdi. Turna bola ochibdi. Ularni ko‘z qorachig‘iday asrab, ardoqlabdi. Tulki esa Turnaning bolalariga ko‘z olaytirib: «Yesang maza qilasan-da», — debdi ichida.
Bir kuni Tulki bilan Turna ovqat izlab chiqishibdi. Turna uzoqqa, ko‘lga uchib ketibdi. Tulki darrov iziga qaytibdida, Turnaning bolalaridan semizginasini tutib yeb, qornini to‘yg‘azib olibdi.
Bir vaqt Turna kelibdi.
Tulki ko‘z yoshi to‘kibdi:
— Sho‘rimiz quridi. Kelsam, bir bolang yo‘q…
Turna kechasi bilan yig‘lab chiqibdi. Tong otibdi. Ular yana ovqat izlab ketibdi.
Kechqurun ovdan qaytishganda yana Turnaning bir bolasi yo‘q ekan.
— Buni baqa yegan, shu yerda baqaning yurganini ko‘rgandim, — deb aldabdi Tulki.
Ertalab Turna baqadan o‘ch olgani ko‘lga ketibdi. U ko’lni alg‘ov-dalg‘ov qilib, baqalarni in-inlariga quvib yuboribdi. Keyin uyiga kelibdi.
Kelib qarasa, oxirgi bolasi ham yo‘q emish.
— Nima bo‘ldi? — debdi Turna.
— Uying kuydi, — debdi Tulki.
Turna o‘zini qo‘yarga joy topolmabdi.
Tulki bo‘lsa, bir chekkada jimgina yotgan emish. U Turnaning o‘zini ham yeyish payida ekan.
Turna:
— Do‘stim, bu yerda bizga kun yo‘q ekan, yur ketamiz, ko‘l orqasida ovqat mo‘l, — debdi.
— Ko‘ldan qanday o‘taman, qanotim yo‘q-ku! – debdi Tulki.
— O‘zim ko‘tarib o‘tkazaman, — debdi Turna.
Bu Tulkiga ma’qul tushibdi.
— Yerni ko‘ryapsanmi? — deb so‘rabdi u.
— Ha, mushtday bo‘lib ko‘rinyapti.
Turna yana yuqori ko‘tarilibdi.
— Endi-chi? — deb so‘rabdi u.
— Tangaday bo‘lib ko’rinyapti.
— Yaxshi, — debdi Turna va changalini yozib, Tulkini tashlab yuboribdi.
— Bolaxo‘rning jazosi — shu!
Tulki esa yerga tushib, chilparchin bo‘lib ketibdi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые