Tug‘uruqdan keyingi jinsiy hayot

Tug‘ruq jarohatlari asta-sekin bitib, jinsiy a’zolarning o‘zini tiklashi tibbiyot tilida involyatsiya deyiladi. Ya’ni ayol ko‘zi yorigach, uning jinsiy a’zolarida bir necha bosqichli o‘zgarishlar kechadi.
“Involyatsiya davri”da
jinsiy hayotni boshlash ancha-muncha ehtiyotkorlikni talab etadi. Bunda quyidagilarga e’tibor berish zarur:

Bachadon qisqarganmi yo…

Bachadon tubi yo‘ldosh tushgandan keyin kindikdan 1-2 barmoq pastda turadi, chanoq tubidagi muskullar va qin qisqarishi natijasida bajadon bir oz yuqori ko‘tarilishi mumkin.

Tug‘ruqdan so‘nggi birinchi kun oxirida (qovuq siydikdan bo‘sh bo‘lganida) bachadonning tubi kindik to‘g‘risida, uchinchi kuni kindikdan 1-2 barmoq pastda, to‘rtinchi kuni 2-3 barmoq quyida, beshinchi kuni qov suyagi bilan kindikning o‘rtasida, yettinchi kuni qov suyagidan 3 barmoq yuqorida, o‘ninchi kuni qov suyagining yuqori chekkasi ro‘parasida bo‘ladi.

Ko‘p tuqqan ayollarda esa bachadon nisbatan bir oz sekin qisqarishi mumkin.

Chilla davrida bachadon faqat bo‘yiga hamda eniga kichrayib qolmasdan, uning og‘irligi ham sekin-asta kamayib boradi, ya’ni birinchi haftada 1000 g dan 500 g gacha, ikkinchi haftaning oxirida 350 g gacha, uchinchi haftada esa 250-300 g gacha kamayadi. Yettinchi yo sakkizinchi haftalarda o‘z holiga qaytadi, ya’ni 50-60g bo‘lib qoladi.

Olti haftada asliga keladi

Chilla davrining birinchi kunlari bachadonning ichki sathi katta jarohatli yuzadan iborat bo‘ladi, ya’ni bachadondan ivigan quyuq qon va qog‘onoq pardasining qolgan parchalari tushadi. Bachadon ichki yuzasida tug‘ruqdan keyin qolgan epitelial to‘qimalar hisobiga sekin-asta yangi shilliq qatlami paydo bo‘ladi.

Bachadon shilliq qavatida yo‘ldosh ajralgandan keyingi jarohatning va shilliq qavatining homiladorlikdan oldingi asliga kelishi uchun eng ko‘p vaqt (6-8 hafta) kerak.

Bachadon bo‘ynining asliga kelishi bachadon tanasiga nisbatan ancha sust kechadi, ya’ni tug‘ruqdan keyin 12-14 soat o‘tgach, bachadon bo‘ynining ichki teshigi qisqarib, 2-3 barmoq o‘tadigan bo‘lib qoladi. Tashqi teshigining asliga qaytishi esa yanada sustlashib, ikkinchi hafta ohirlarigacha ham sal ochiq bo‘lib turadi va chilla davrining 3-haftlaridagina tamomila bekiladi.

Bu jarayon birinchi va qayta tuqqan ayollarda har xil kechishi mumkin, ya’ni ko‘p tuqqan ayollarda bachadon bo‘ynining kechroq qisqarishi ko‘p kuzatiladi. Bachadon boylamlari hamda uning naylari asta-sekin o‘z holiga qaytadi.

Jarohat tuzalishini kuting

Chilla davrining birinchi haftasida bachadonning ichki yuzasidan ko‘chib chiqayotgan shilliq qavat bo‘lakchalariga biroz qon aralashgan bo‘ladi. Bachadon bo‘yni va qindan ajralgan shilliqlar ham tashqariga chiqadi. Bunga jarohat seli yoki loxiya deyiladi.

Ilk kunlarda loxiya qizg‘ish rangda, 4-6 kunlari jigarrang, keyinchalik sarg‘ish-qo‘ng‘ir tusda bo‘ladi.

7-8 kundan keyin “oq qon tanachalari” ko‘payishi natijasida loxiya sarg‘imtir va 9-10 kundan boshlab oqimtir bo‘ladi. Keyinchalik loxiya kamaya borib oxiri to‘xtaydi.

Chilla davridagi umumiy o‘zgarishlar tug‘ruqning qanday o‘tganligiga va ayol organizmining umumiy holatiga bog‘liq. Tug‘ruqdan keyingi toliqish chilla davrining birinchi kunlaridayoq yo‘qola boradi.

Gigiyenaga rioya qilish shart

Tug‘ruqdan keyingi birinchi kunlarda qin ilvillagan holatda bo‘ladi. So‘nggi kunlarda esa qon va shilimshiq kelishi ozayib, qin qisqaradi va torayadi. Chanoq muskullari ham sekin asta qisqarib, oldingi holiga qaytadi.

Umuman ilk haftalarda jinsiy a’zolar faoliyati va himoyalash qobiliyati ancha susaygan bo‘ladi. Shu sababli bachadonga turli yo‘llar bilan infeksiya tushish ehtimoli kuchayadi. Infeksiyalar esa o‘z-o‘zidan jinsiy a’zolar yallig‘lanishini vujudga keltiradi.

Ayol ko‘z yoriganining to‘rtinchi haftasidan boshlab jinsiy hayotni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Chunki bu vaqtda qindan kelayotgan ajralmalar butkul to‘xtab, qin yo‘llari tug‘ruqdan oldingi holatiga keladi.

Shuni unutmaslik kerakki jinsiy yaqinlashuvda gigiyena qoidalariga rioya qilish shart. Aks holda qinga infeksiya tushib endigina bitayotgan jarohatlarda qayta yallig‘lanish paydo bo‘lishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Tug‘ruqdan keyin jinsiy yo‘llar kengayishi tabiiy holatmi?

Mutaxassis: Mahmuda Imomqulova, akusher-ginekolog.
Manba: «Sug‘diyona» gazetasi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x