Tug‘ruqdan keyingi homiladorlik

Avvalo yosh ona tug‘ruqdan keyin o‘z organizmida qanday o‘zgarishlar kechishi, u navbatdagi homiladorlikka qachon tayyor bo‘lishini bilishi kerak. Bu borada quyidagi ma’lumotlar sizga asqotadi, degan umiddamiz.

Homiladorlik davrida “ishtirok etgan” barcha a’zo va tizimlar yana tiklanishi uchun muayyan vaqt kerak. Akusher-ginekologlar tug‘ruqdan keyingi davr deganda homiladorlik hamda tug‘ruq bilan bog‘liq o‘zgarishlarga uchragan a’zo va tizimlarning oldingi holatga qaytishi yakuniga yetadigan davrni nazarda tutishadi. Bu davr odatda 6-8 hafta davom etadi va deyarli barcha a’zolar faoliyati asta-sekin tiklanadi. Faqat sut bezlari va gormonal tizim “o‘zgargan” holida ham butun laktatsiya davri mobaynida “ishlaydi”.

Tug‘ruqdan keyin hayz sikli qachon tiklanadi?

Ilgari aksariyat mutaxassislar butun emizikli davr mobaynida hayz ko‘rmaslikni normal holat deb baholashgan. Biroq so‘nggi o‘n yilliklarda bir qator sabablarga ko‘ra mazkur qoida o‘zgardi. Xususan, bu o‘zgarish istalmagan homiladorlikdan saqlanish maqsadida ayollar gormonal preparatlaridan jadallik bilan foydalanishi, tug‘ruqning dori-darmonlar bilan amalga oshirilishi va boshqa ko‘plab omillarga bog‘liq. Bundan tashqari, bolani qo‘shimcha ovqatga erta o‘tkazish va ko‘krakdan erta ajratish ham hayz siklining birmuncha erta tiklanishiga ta’sir ko‘rsatadi. U yoki bu sabab bilan bolasini emizmaydigan yosh onalarda esa tug‘ruqdan so‘ng bir oy o‘tgach ham hayz tiklanishi mumkin.

Hayz siklining tiklanishi — birinchi galda gormonal jarayon. Ayol organizmida gormonal holat qancha erta asliga qaytsa, hayz sikli ham shuncha tez tiklanadi. O‘z navbatida gormonal holat tiklanish tezligi avvalo qanday emizishga bog‘liq.

  • Agar bola hech qanday qo‘shimcha ozuqasiz, faqat ko‘krak sutini emsa va kechayu kunduz uning talabiga ko‘ra emizilsa, ko‘pincha hayz go‘dak bir yoshga yetganda, ya’ni laktatsiya davri tugashiga boshlanadi.
  • Yosh ona bolani emizish bilan birga unga qo‘shimcha ovqat ham bera boshlasa va kichkintoy emizishni talab qilavermasa, laktatsiya davri tugamasidan ham hayz kela boshlashi mumkin.
  • Agar chaqaloq tug‘ilganidan boshlab ham emib, ham sun’iy oziqlansa, onada tug‘ruqdan keyingi 3-4-oyga borib, hayz tiklanadi.
  • Agar ona umuman emizmasa, ovulyatsiya va hayz sikli yana-da erta, taxminan tug‘ruqdan keyingi 10-12-haftada tiklanishi mumkin.

Ammo har bir ayol organizmi o‘ziga xos. Shuning uchun tug‘ruqdan keyingi ilk hayz kelish muddatidagi o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.

Muntazam va o‘zgaruvchan

Aksariyat ayollarda tug‘ruqdan keyin qayta tiklangan hayz sikli birdaniga muntazam tusga o‘tadi. Biroq ba’zilarda dastlabki 2-3 sikldan keyin muntazam hayz tiklanadi. Bu davrda hayz muntazam bo‘lmasligi, muddatdan oldin yoki kechikib kelishi mumkin. Ammo dastlabki 2-3 sikldan keyin muntazam bo‘lishi kerak. Agar bunday bo‘lmasa, ayol albatta ginekologga murojaat qilishi lozim. Chunki bunday alomatlar ichki jinsiy a’zolarda yallig‘lanish jarayonlari, endometrioz kabi patologiyalar yuzaga kelganiga bog‘liq bo‘lishi ehtimoli mavjud.

22-23 kunlik hayz sikli normal holatmi?

28 kunlik hayz sikli ideal hisoblanadi. Lekin asabiy zo‘riqish, stress, kasalliklar, ekologiyaning yomonlashuvi hayz sikliga ta’sir ko‘rsatadi. Agar hayz sikli 21 kundan kam, 35 kundan ko‘p bo‘lmasa, normal hisoblanadi. Bunda sikllar orasidagi farq 10 kundan oshmasligi kerak.

Tug‘ruqdan keyingi homiladorlik

Ona salomat bo‘lgandagina sog‘lom farzand dunyoga keladi. Shuning uchun tug‘ruqlar oralig‘idagi muddat uch yil bo‘lishi maqsadga muvofiq. Shunda ayol salomatligi to‘liq tiklanadi, bola sog‘lom o‘sadi. Tug‘ruqlar oralig‘idagi muddatning 3 yildan kam bo‘lmasligi ayol salomatligi tiklanishiga, tug‘ilgan bolaning jismoniy va ma’naviy o‘sishi hamda keyingi homilaning sog‘lom rivojlanishiga zamin yaratadi.

Mutaxassis:Muborak PIRIMQULOVA, ginekolog.

Jurnalist:Nilufar VAHOBOVA.

Manba: Sugdiyona.uz


Hayz siklingizni nazorat qilishni istaysizmi? Homiladorlik uchun unumdor kunlarni bilib, homiladorlikni rejalashtirishni istaysizmi? Unda “Lalu — ayollar kundaligi” mobil ilovasini bepul yuklab oling!

Ilova sizga hayz siklingiz xarakterini tushunib, uni kuzatib borishingizda, ovulyatsiya kunini aniqlashda, homiladorlikni rejalashtirishingizda yordam beradi.
Bundan tashqari, ilova orqali hayz oldi sindromi haqida bildirishnoma olish, sikl buzilishi, fertil kunlar kabi holatlarni prognozlash va kuzatib borish, ginekologiya sohasiga oid maʼlumotlar olish imkoniyati mavjud.

Hoziroq bepul yuklab oling


0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x