Halima Xudoyberdiyeva – oʻzbek sheʼriyatiga yirik tuygʻular, ulkan poʻrtanalarning betakror tasvirini olib kirgan shoira. U chin koʻngil holatlarini tasvirlagan boʻlsa-da, hech qachon faqat oʻz koʻngli bilan andarmon boʻlib qolgan emas. Chunki uning yuragi Haq va haqiqat, degan koʻpniki bilan mudom uygʻunlikda urardi.
Shoiraning sheʼrlari silliq va bir tekis emas. Zero, muvozanatdan chiqqan bezovta yurakning mahsuli boʻlmish bitiklarga silliqlik begona boʻlishi tabiiy. Poʻrtanali yirik tuygʻular oʻzining tabiatiga yarasha ifodani taqozo etadi. Halimaxonim ana shu qirrador sezimlarni boricha tasvirlay olishi bilan koʻp asrlik oʻzbek sheʼriyatida oʻz oʻrnini topdi. Shoiraning quyidagi iqrori mahobat emas, balki haqiqiy holatning poyetik izhoridir:
Yashayapman, bilmay qay rangda sukut,
Betoqat toqatga toʻldir jomimni.
Oʻlsam ham… qachondir oʻldiradi oʻt,
Hayajon oladi jonimni…
Odatiy qarashlarga sigʻmaydigan parodoksal mantiq gʻayritabiiy ifodani taqozo qiladi. Sukut neligin bilmaydigan bezovta va betoqatlik yuragini tark etmasligini istar ekan, shoira ana shu doimiy betoqatlikka toqat qilishga yaraydigan qudrat berishni soʻraydi. Xotirjamlik emas, balki uzluksiz bezovtalik, oʻtli hayajon umrlik yoʻldoshi boʻlishini istagan ijodkor shu yoʻlda jon berishga-da tayyor. Ayni shu jihat uning sheʼrlariga otashin harorat bagʻishlaydi. Yurakdan chiqqani sabab muallif tuygʻulari oʻqirmanlar yuragiga yetib boradi.
“Daʼvat” sheʼrida yozganidek, shoira odamiylik, vatan, millat yoʻlida oʻzidan kecha biladi. Shu bois: “Kunduz yurib yozdim, tun turib yozdim, Yozganda koʻksimga tigʻ urib yozdim. Dardlarimga siyoh kor qilmay qolgach, Qalamni qonimga botirib yozdim”, – deya oladi. Yurak qoniga botirib yozilgani uchun uning bitganlari kishini befarq qoldirmaydi, muvozanatdan chiqarib, hayajonga tushiradi. Ana shu hayajon vositasida oʻqirman koʻnglini poklashga xizmat qiladi.
Maʼlumki, asl sheʼr samimiyatdan tugʻiladi. Samimiylik mahsuli boʻlgani sabab H. Xudoyberdiyevaning daʼvatkor chaqiriq sheʼrlarida ham “qizillik”, tashviqot yoʻq. Yoniq yurakning izhorlari boʻlmish bu satrlar oʻqirmanlar tomonidan ham samimiy qabul qilinadi:
Qon asli yorugʻlik. Yorugʻlan, tiz choʻk,
Asl mard Vatanga tiz choʻkib oʻtar.
Qancha qoning boʻlsa – Vatan uchun toʻk,
Qancha shoning boʻlsa – Vatanni koʻtar!
Ushbu misralar sheʼrxon yuragida ham shoiranikiga muvoziy tuygʻular qoʻzgʻaydi, vatan uchun javobgarlik hissini uygʻotadi. Ular yurt, millatga soʻz emas, amal lozimligini his qildiradi. Halimaxonim sheʼrlariga real hayotdan uzilgan yengil havoyilik begona. Uning tuproqday magʻizli bitiklarining toshi ogʻir. Bitganlari xalqona donolikka yoʻgʻrilgan shoira “qon – yorugʻlik” ekanini taʼkidlar ekan, oʻqirmanni “yorugʻlanish”ga daʼvat qiladi. U bunday “yorugʻlanish” vatan shonini koʻtarishiga ishonadi.
H. Xudoyberdiyeva shoirlikni imtiyozli hunar emas, balki achchiq qismat, deb biladi. Shu sabab poyetik isteʼdod berilgan shaxs xalq uni koʻtarish u yoqda tursin, koʻksidan itarganida ham xalq deya hayqira olgandagina shoir sanalishini qayd etadi. Chin shoirning taqdiri yorugʻ, yoʻli tekis boʻlmaydi. Chunki u – yomonlikka qarshi ezgulik tomon boʻlib kurashishga mahkum. Zero, shunday qilgan taqdirdagina shoir boʻla oladi. Shunchaki koʻngil istagi uchun qofiyali tizmalar bitgan kimsa shoir hisoblanmaydi. Isteʼdodining qudrati ila zaru zoʻrlarni toʻzitadigan, toʻsin-toʻrlarni uzadigan, mangu oromgoh boʻlmish sokin goʻrlarnida chayqaltira biladigan shaxsgina shoir sanaladi:
Nafaqat
Zar, zoʻrlarni,
Uzsang toʻsin, toʻrlarni,
Chayqaltirsang goʻrlarni,
Goʻrdayam hayqirolsang,
Demakki, sen shoirsan.
Halimaxonim – tom maʼnoda milliy shoira. Uning sheʼriyatidagi milliylik mahalliy unsurlar, ekzotik lavhalar tasvirida emas, balki tomirlarda oqib yotgan oʻzbek qonida, olamni oʻzbekning koʻzi bilan koʻrishda, oʻzbekona sezimlarda taʼsirlanishda va oʻzbekning aqli bilan izohlashda namoyon boʻladi. Shoira bitiklarida sirtida jilmayib turgan, ammo koʻngil olamida tuygʻular toʻfoni qoʻpayotgan oʻzbek ayoli ruhiyati butun murakkabligi bilan aks etadi. Uning “Ayol oʻtib borar” sheʼrida bir umr atrofdagilardan koʻngil holatini yashirib, oʻzining qudratli ruhiy olamini sezdirmaslikka mahkum boʻlib yashaydigan oʻzbek ayoli ichki olami, bor koʻlami bilan ifoda etilgan.
Sheʼrning ilk bandida shoira xayoliy suhbatdoshini oʻz koʻngil holatidan ogoh etishni istamasligi sababi ifoda qilinadi:
Sen soʻrama, men ham aytmayin
Kuragimning singanini qars.
Shovqin solma, men uygʻotmayin,
Yuragimda yotar bir yoʻlbars.
Oʻzbek ayoli koʻnglidagi oʻyu xayollarini sirtiga chiqaravermaydi. U – ayni shu sifati bilan qudratli. Shu bois chin oʻzbek ayoli “yuragida yotgan yoʻlbars”ni uygʻotmaslikka intilib yashaydi. Uning ichki dunyosi qasirgʻalarga toʻla boʻlgani holda sirtdan muloyim, koʻnikuvchan, itoatkor. Oʻzbek qizi bir umr koʻnglida yonayotgan baland bir oʻtni pasaytirish, sovutishga urinib yashashi, ayniqsa, qismati shoirlik boʻlgan ayol oʻzga ijodkorlar yangligʻ tuygʻularining bor qudratini toʻla namoyon qilishga emas, balki ularni imkon boricha, yashirib yashashga majbur ekani sheʼrda shunday aks etadi:
Baland bir oʻt yongan ichimni
Men sovutib yashashim kerak.
Oʻz-oʻzimga sarflab kuchimni,
Men ovutib yashashim kerak.
Sheʼrning keyingi bandidagi tasvirni oʻzbek ayolining, ayniqsa, ijodkor opa-singillarimizning tengsiz poyetik kardiogrammasi deyish mumkin. Negaki, unda qudratu imkoniyatini ojizlik bilan pardalaydigan tortinchoq, kechirimli va sabri chegara bilmaydigan oʻzbek ayolining jozibali timsoli oʻta boʻrtiq va taʼsirli aks ettirilgan: “Ayol oʻtib borar… shoʻx yurib, Shamollarda soch yoygan ayol. Ich-ichida yoʻlbars oʻkirib, Sirtdan mayin jilmaygan ayol”. Bu satrlarda sirtqi ojizligi ichki qudratini pardalashga xizmat qiladigan, yaqinlarga fidoyilikni qismat sanaydigan, koʻzga tashlanishga, eʼtibor talab qilishga urinavermaydigan oʻzbek ayoliga xos eng ustuvor belgilar namoyon boʻlgan.
Sheʼrda shoiraning tasvir mahorati oʻziga xos yoʻsinda namoyon boʻlgan. Birinchi banddagi “Kuragimning singanini qars” misrasi gap qurilishi nuqtai nazaridan grammatik qoidalarga unchalik muvofiq emas. Shoira “qars” soʻzini qator oxiriga chiqarish orqali kuragining singani haqida axborot beribgina qolmay, sheʼrxonga uning sinish holatini eshittirib, tuydirib ham qoʻyadi. Maʼlumki, oʻzbek sheʼriyatida satr oxiridagi soʻzga alohida urgʻu tushadi, binobarin, oʻqirman eʼtibori ham shunga tortiladi. Shuningdek, toʻrtlik soʻngidagi “yoʻlbars” soʻzi ham “qars”ni taqozo qilardi. Halimaxonim kuragining singani tasvirini ham bejizga keltirmagan. Chunki odam vujudidagi barcha muchalarga qaraganda singan kurakning bitishi eng qiyin. Shuningdek, ayol yuragida yotgan jonliqning ham aynan yoʻlbarsligi ham bekorga emas. Maʼlumki, yoʻlbars yirtqichlar orasida eng dovyuragi va qaytmasidir.
Halima Xudoyberdiyeva oʻzining yarim asrdan oshiqroq vaqtdan buyon davom etayotgan ijodiy umri davomida oʻzbek oʻqirmanlarini yirik odamiy tuygʻular, pokiza ruhiy tovlanishlar bilan oshno qildi. Bitganlari orqali muxlislari koʻnglini tozartirishga, maʼnaviy dunyosini ezgulashtirishga intilgan shoira bugungi oʻzbekning ruhiyat olami shakllanishida salmoqli oʻrin tutib kelmoqda. Shoiramizga uzoq umr, ijodiy parvozlar yor boʻlishini tilaymiz!
Qozoqboy YOʻLDOSH
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tugyonli-tuygular-tasviri/