TRITIKALE (Triticum bugʻdoy, Secale — javdar) — bugʻdoyjavdar duragayi — ikki xil oʻsimlik xususiyatlarini oʻzida mujassamlashtirgan oʻsimlik; galla ekini. Tritikalening kuzgi va bahorgi shakllari mavjud.
Bugʻdoy va javdarning dastlabki duragayini 1875-y. da Shotlandiya olimi Vilson yaratgan. 1881-y. Germaniyada Rimpau uning doimiy duragayini ajratib olgan. Keyingi yillarda oktaploid (56 xromosomali), geksaploid va oktaploid (42, 56 xromosomali) duragaylari yaratilgan.
Tritikale morfologik belgilari bilan bugʻdoy va javdardan farq qiladi. Ildizi yaxshi rivojlangan, tuproqqa 1,5—2,0 m gacha kirib boradi, murtak ildizlari 6 ta, poyasi nisbatan baland (90—150 sm), boshogʻi uzun (10—15 sm), doni yirik. Boshogʻining tashqi gul qobigʻida qiltanoq oʻsadi. Tritikale 5° va undan yuqori haroratda una boshlaydi, 20° muqobil hisoblanadi. Kuzda ekiladi. Ekilgandan keyin 5—7 kunda unib chiqadi. Tuplanish davri kuzda boshlanib, bahorda davom etadi, qishda 18—20° sovuqqa chidashi mumkin. Oʻzbekistonda ekiladigan navlarining amal davri 165—200 kun, oʻzidan va chetdan chantlanadi. Tritikale yorugʻsevar, uzun kun, namsevar oʻsimlik. Unish paytida, nay oʻrash, donlanish va toʻlishish davrlarida suvni koʻp talab etadi. Tritikale tuproq unumdorligiga talabchan emas, yer tanlamaydi, lekin shoʻrlangan, botqoqlangan tuproqlarni yoqtirmaydi. Qora tuprokli yerlarda yuqori hosil beradi. Tritikale doni toʻyimliligi boʻyicha bugʻdoy va javdarga nisbatan yuqori. Donida 11 — 12%, pichanida 10—11% oqsil bor. T. dan don, koʻkat, pichan, pichan uni, silos, senaj tayyorlanadi. Non pishirish uchun sifati bugʻdoydan past hisoblanadi.
Oʻzbekistonda Tritikalening Prag, Serebristiy, Uzor navlari rnlashtirilgan. Hosildorligi: koʻkat qosili 400 — 500 s/ga, don hosili 50—80 s/ga (koʻkati boshoqlanish davrida oʻriladi). Zamburugʻli va virusli kasalliklarga bardoshli.
Av.: Mirzayev O. F., Xudoyberdiyev T. S ., Yemxashak yetishtirish, Andijon, 2003.