Toʻyona – xalq ogʻzaki ijodi bilan qorishib ketgan, asrlar silsilasi, vaqt dovonini oshib oʻtgan anʼanadir. Shuncha yillardan beri sobit amal qilib kelinayotgan ekan, uning afzallik jihatlari bisyor. U toʻy munosabati bilan shu toʻy egalariga yaqinlari tomonidan qilinadigan pul yoki kiyim-bosh tarzidagi sovgʻa. Yurtimizning turli hududlarida bir qancha shakllarda namoyon boʻlsa ham, ammo asl mohiyati oʻzgarmaydi.
Toʻy-shodiyonalari har bir oilaga baxt, quvonch olib keladi. Toʻyona esa qavm-qarindoshlar, yaqin birodarlarning quvonchingizga sherikligining nishonasidir. Bizning tomonlarda toʻydan oldin kengash boʻladi. Unda oilaning yaqinlari bir uyga yigʻilib toʻyni qanday oʻtkazishni rejalashtiradi, barcha toʻy xarajatlari uchun imkoniyatidan kelib chiqib, biror narsa ataydi. Kimdir guruch, sabzisini, kimdir esa ichimligini boʻyniga oladi va mendan toʻyona boʻlsin deb, qoʻshib qoʻyadi. Bunday yigʻinlar xalqimizning ahilligini, bir-birini quvonchli kunida ham, ogʻir kunida ham qoʻllab-quvvatlashining namunasidir.
Elga osh berib kuy-qoʻshiqlar bilan ikki yoshning baxti uchun yoki toʻybolaning kelajagi uchun ziyofat oʻtkazishning oʻziga yarasha gashti bor. Xursandchiligi olamga tatigulik-kuya, ammo uning tashvishlari ham yetarlicha. Saxovatpesha xalqimiz xarajatlaridan choʻchimaydi, shu oʻrinda isrofgarchilik, uvol nimaligini ham yaxshi bilishadi. Toʻyona esa uy egalarining biroz boʻlsa-da, ogʻirini yengil qilishga yordam beradi.
Soʻzimizning tasdigʻi sifatida bir voqeani aytib beray. Yaqin joʻralarimdan biri oʻgʻlining sunnat toʻyiga bormaganimdan gina qildi. Uzrimni soʻrab, “toʻy qanday boʻldi, tashvishlar bilan qiynalib qolmadingmi?”, dedim. “Maqtanishga yoʻymagin-u, toʻymisan-toʻy boʻldi, mehmonlar ham minnatdor boʻlib ketishdi. Tashvishlarga kelsak, yaqinlar omon boʻlsin, toʻyonalarning oʻzi toʻyxona xarajatini koʻtardi. Ortganini boshqa xarajatlarga ham sarfladim”, – deya toʻlib-toshib toʻy haqida soʻzlay ketdi. Oʻshanda bu udum bejiz ming yillardan beri saqlanib kelmayotganiga ishonch hosil qildim.
Tasavvur qiling, bir tomonda doshqozonda osh damlanyapti. Bir tomonda esa karnay-surnay, kuy-qoʻshiq sadolari, bir kishi “qoʻrga yana osh”, deb suvdek oqib kelayotgan mehmonlarga izzat-ikrom koʻrsatyapti. Bolakay yugurib kelib “kurash boshlandi, aha-ha-hay!”, deb katta-kichikni maydonga chorlayapti. Laganlarda qoʻldan-qoʻlga oʻtib parvoz qilayotgan lagan toʻla osh mehmonlar oldiga qoʻnadi. Qoʻrda oʻtirgan mehmonlar qoʻliga daftar-qalam koʻtarib olgan kishini yoniga chaqirib, ataganini uzatadi. Odatni bilmagan chetdan kuzatib tursa, qarz beryapti, yozib qoʻyishining sababi shu boʻlsa kerak, deb oʻylaydi. Lekin toʻyona qarz emas, hamma koʻnglidan chiqarib, beminnat hadya qiladi. Unda nega roʻyxat qilinyapti deysizmi? Axir, xalqimizda bir soʻz bor, “hisobli doʻst ayrilmas”. Bir kuni mehmoning ham toʻy-shodiyona qilishi tayin. Aslini olganda bu holat toʻgʻrisida turli qarashlar mavjud. Kimdir roʻyxat qilish notoʻgʻri desa, yana kimdir “buning nimasi yomon”, deb eʼtiroz bildiradi. Mening fikrimcha hisob-kitobni oʻrniga qoʻyish uchun roʻyxat qilishning hech yomon tomoni yoʻq. Baʼzi joylarda esa roʻyxat qilinmaydi, ammo toʻyona berish mamlakatimizning har bir burchida saqlanib qolgan.
Toʻy qilish umuminsoniy qadriyatlardan. Har bir millatning oʻziga xos urf-odatlari bor. Ularning baʼzilari bizning tuyonaga oʻxshab ketadi. Masalan, grek toʻylarida raqsga tushayotgan paytda mehmonlar kelin-kuyovning kiyimiga pul yopishtirib ketar ekan. Polshada esa toʻyga kelgan mehmonlar kelin-kuyovni oʻrab oladi. Shunda kuyov kelinning fatasini qoʻliga olib, mehmonlarga tutadi. Har kim ataganini fataga tashlayveradi. Qadim anʼanalarga boy Xitoy mamlakatida toʻy kuni kelin-kuyov mehmonlardan sovgʻa sifatida uy-roʻzgʻor buyumlari va pul solingan qizil konvert olishadi.
Ha, toʻyona ming yillik odatlarimizdan biri. Hadya doimo barchaga quvonch olib kelgan. Baʼzida guvoh boʻlamizki, mehmonlar toʻy egasiga zarbof chopon kiydiradi. Kerakli-keraksiz matolar, qoʻsha-qoʻsha togʻoralarni aytmaysizmi! Zarbof toʻn insonning koʻrki, narxi ham falon pul turadi, ammo undan mezbon bugungi bazmdan keyin foydalanmaydi. Sandiqlarning toʻrida yana kimgadir toʻyona qilinishini kutib yotadi. Shuning uchun uning oʻrniga toʻy xarajatiga yengillik keltiruvchi pulmi yoki yosh oilaga asqotadigan roʻzgʻor buyumlarimi tuhfa etilsa, koʻngildagidek boʻlardi. Bir marta foydalaniladigan narsalarni esa ijaraga olsa ham boʻladi.
Ilohim, toʻylar toʻylarga, shodiyonalar bayramlarga ulansin. Toʻyga toʻyona bilan-da, nima dedingiz?
Sanjar ESHMURODOV
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/toyga-toyona-bilan/