Toʻy soʻziga, uning mazmun-mohiyatiga eʼtibor qaratgan kishi toʻy oʻziga xos xayr-ehson tadbiri ekaniga amin boʻladi. Afsuski, bugungi toʻkinchilik zamonida ana shunday xayrli tadbirni maqtanchoqlik namoyishiga aylantirib olgan ayrim yurtdoshlarimizning safi tobora kengayib borayotgani kishini oʻyga toldiradi.
Avvalo, toʻy yangi hayotga qadam qoʻyayotgan yoshlarning ezgu qarorini el-yurtga maʼlum qilish va yoshu qari, erkagu ayol, qoʻni-qoʻshni, yaqinu yiroq, tanish-bilishlarning duosini olish maqsadida yozgan xayriya dasturxoni ekanini nazarda tutsak, birinchi navbatda, ana shu sanab oʻtilganlardan muhtojroqlarini taklif qilish lozimligi ayon boʻladi.
Toʻyga faqat oʻziga toʻq, boy-badavlat kishilarni taklif qilish kamida riyo, koʻpi bilan pora hisoblanadi. Riyoligi – toʻy bahona kimligini, kimlar bilan aloqasi borligini elga koʻz-koʻzlash boʻlsa, poraligi – taniqli kishilar va mansabdor odamlarga yoqish uchun yozilgan dasturxon oʻziga xos xushomadning bir turidir. Ayni paytda, el ustida yurgan kishiga yoqish uchun ortiqcha maqtov soʻzlarni gapirish ham pora hukmida boʻladi. Shuning uchun ham sizni yuzingizga maqtagan kishining koʻziga tuproq soching, degan keskin gap borki, boisi, u “pora berayotgani” uchun shunday tahqirga loyiq boʻladi. Bular toʻyning mohiyati haqidagi mulohazalarga ilova yoʻsinidagi fikrlardir.
Hozir ayrim toʻylarga borgan kishi u joydagi isrofgarchilikni koʻrib, yeyilmasdan, ichilmasdan qolib ketayotgan, ertasiga axlatga tashlanishi aniq boʻlgan noz-neʼmatlarga qarab, kayfiyati buzilishi, toʻy egasining nodonligi va kaltabinligidan dili xufton boʻlishi tayin. Biz oʻzini musulmon deb hisoblaydigan millatmiz. Muqaddas kitoblarimizda “Yenglar, ichinglar: isrof qilmanglar!” degan hukm borki, bu har birimizga, taalluqlidir. Binobarin, bazmga kelgan odam bir kosa ovqat yesa, toʻyadi. Ayniqa, kechki bazmlarda oshqozoni yorilguday koʻp ovqatlanish har qanday sogʻlom organizmni ham vaqt oʻtib yemirishi kunday ravshan-ku! Masalaga boshqa tomondan qaraydigan boʻlsak, xuddi shu isrof etilayotgan mablagʻlarga muhtoj oilalar har bir mahallada topiladi. Toʻy sohibi farzandlari uchun duo olmoqchi boʻlsa, ana shunday oilalarga yordam qoʻlini choʻzishi mantiqan toʻgʻri boʻlmaydimi?
Endi toʻy kuni kelinlarimizning bir kun, bir necha soatgina kiyadigan yevropacha liboslari ijarasi uchun millionlab soʻmlarni havoga sovurayotgan ota-onalarning nodonligiga, ularni shunga majbur qilayotgan erka-tantiq farzandlarning tiyiqsiz orzu-havaslariga qarab nima deyish mumkin? Bular ham kamdek yana bir yangilik odat tusini olibdi: toʻyi boʻlayotgan yoshlarga vals oʻrgatish uchun ikki yuz dollardan ming AQSH dollarigacha pul oladigan tadbirkorlar paydo boʻlibdi. Qoyil! Tadbirkorga hech bir eʼtirozimiz yoʻq, ammo shu beli ogʻrimay pul topadigan ishbilarmonlarga tayyor luqma boʻlayotgan, hoyu-havasini oʻziga “Xudo” qilib olgan hamyurtlarimizga eʼtirozimiz bor. Ayo nodon! Sen boʻlajak juftingni kimlarning quchogʻiga tashlab muqom oʻrgatayapsan? Sen shu oʻn besh daqiqalik koʻrgazma uchun falon pul toʻlab oʻrgangan hunaringni toʻydan keyin qayerga sarflamoqchisan? Yoki turmush qurish raqs tushishdangina iborat degan sodda tushunchang bormi? Senga Xudo davlat bergan boʻlsa, shuni oʻz foydangga ishlatsang, odamgarchilik sabogʻini olsang va bir umr undan umr yoʻlingni yoritishda foydalansang boʻlmasmi?..
Shu oʻrinda bir mulohaza. Toʻylarda qator-qator mashinalar bilan shahar koʻchalarini tang, quloqlarni batang qilib yurgan shovvozlarning hech biri oddiy dehqonning yo hunarmandning bolalari emas. Ularning amaldor, qoʻli uzun yoki puldor otalari kerakli joylarga qoʻngʻiroq qilib, “Yashil chiroqlarni” yoqib qoʻyadilar. Ayo farzandiga ezgulik tilagan ota-ona! Unutmangki, shahar koʻchalarini shovqinga toʻldirib, axloqsizlik qilib yurgan farzandlaringiz va ularning doʻstlari bunday betayin koʻngilxushliklari bilan keksalar, homilador ayollar va bemorlarning qargʻishini bir umrga yetadigan qilib zaxiraga jamgʻarib olmoqdalar. Ishonmadingizmi? Sabr qiling, vaqt oʻtib soʻzlarim haqligiga guvoh boʻlasiz. “Ey Xudo! Senga nima yomonlik qilgan edim!” deb nola chekkaningizda ana shu yomonliklar uchun qilgan homiyligingiz esingizga tusharmikin? Olloh oʻziga qilingan goʻstohlikni kechiradi, ammo bandalariga qilingan gunohni aslo kechirmaydi.
Bizning bu soʻzlarimiz kimgadir ogʻir botsa, uzr soʻraymiz. Negaki, tabib tigʻ urib malham qoʻyadi. Buning uchun tabibdan ranjimaydilar, balki minnatdor boʻladilar.
Yaqinda koʻp yillardan buyon menga yaxshi tanish boʻlgan otaxonni uchratib qolib, soʻrasha boshladim, u negadir ayanchli jilmayib nima desam, bosh silkib tasdiqlar va oʻzini zoʻr-bazoʻr xursand koʻrsatishga harakat qilardi. Biyron va zukko, koʻp kitob oʻqigan bu otaxonning soʻzlarimni eshitayotganiga ishonmadim. Ming istihola bilan, quloqlariga yaqin borib, deyarli baqirib soʻradim:
– Meni eshitayapsizmi?
Shunda u sir ochilganini bildi va kulib-kulib, bor gapni aytib berdi. Maʼlum boʻlishicha, otaxon tuman markaziga toʻyga borib, tasodifan karnay-surnay ovozi yangrab turgan ovoz kuchaytirgich oldida oʻtirib qolibdi-yu biror soatdan keyin tashqariga chiqsa, quloqlari eshitmas emish.
– Shu-shu kar boʻlib qoldim, – dedi otaxon yigʻlaguday boʻlib.
Menga bu voqea yomon taʼsir qildi va oʻsha kuni kun boʻyi qoʻlim ishga bormay yurdim. Uyga kelib ham shuning taʼsiridan chiqa olmadim. Mana keraksiz dabdababozliklarning kasofati, odamlarga ziyon-zahmati!..
Mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, “80 detsibell (dB) va undan ortiq daraja baland tovush hisoblanadi va asabga tegadi, 130 (dB) esa, miyada chidab boʻlmaydigan darajada ogʻriq paydo qiladi”. Ana endi yopiq zallarda oʻtkazilayotgan toʻylardagi shovqinning darajasini oʻlchang va oʻzingiz xulosa chiqaravering.
Qachongacha toʻyda shovqindan toʻyib, bu haqda bir-birimizga hasrat qilib yuraveramiz? Amaliy chora koʻrishning iloji bormi? Iloji boʻlsa, u qanday va uni kim amalga oshiradi?
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, toʻy aslida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirdir. Ota-bobolarimiz toʻy bahonasida eng yaqin qarindosh-urugʻlarini chorlab mehr-muruvvat izhor etganlar. Bunday toʻylar ortiqcha dabdabalarsiz oʻtkazilgan. Toʻylarda davraboshi ibratli hikoyatlar, hikmatli soʻzlardan aytib, kishilarga soʻz bergan va ular ham tarbiyaviy ahamiyati kuchli sheʼrlardan oʻqib yigʻilganlarni ezgulikka daʼvat etganlar. Shuningdek, baytbaraklar aytilgan. Bugun hayot tarzimizga yot bachkanaliklar urflashib, bunday ezgu odatlar unutilib bormoqda.
Biz ijod ahli chiroyli anʼanalarimiz saqlab qolingan toʻy-tomoshalarni oʻrni kelganda targʻib-tashviq ham qilishimiz lozim. Jizzax viloyatining ayrim tumanlarida davraboshi maʼrifiy sheʼrlardan oʻqib, hikoyat va rivoyatlardan aytib, chiroyli bir tarzda davrani olib borishlariga guvoh boʻldik va ana shu xayrli anʼanani mamlakat boʻyicha ommalashtirish kerak ekan, degan fikr koʻnglimizdan kechdi.
Darvoqe, Jizzax shahrida toʻyga kelgan raqqosa oʻziga ajratilgan joydan tashqariga chiqmas ekan, yaʼni davra oralamaydi. Kim xohlasa, sahnaga chiqib tavoze bilan ataganini beradi. Raqqosa ham taʼzim bilan qabul qilib oladi. Bir chiroyli manzara: ham raqqosaning hurmati joyida, ham toʻyga kelgan mehmon xijolatdan xoli, xotirjam oʻtirib, sanʼatdan bahramand. Nahot hamma joyda shu tartibni yoʻlga qoʻyishning iloji boʻlmasa? Axir, bugun dunyoga yuz tutgan yurtimizga yetti iqlimdan mehmonlar keladi, ularni toʻylarimizga ham olib boramiz. Ommaviy toʻylarimiz toʻrt-beshta mast-alast ulfatlarning bazmidan farq qilmay tursa uyat boʻlmaydimi? Nega aksar hollarda toʻy boshida fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari raislari yoki diniy-maʼrifiy ishlar boʻyicha mahalla maslahatchilari koʻrinmaydilar? Nega ular toʻylarda jilovni qoʻlga olib maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarga aylantirish borasida jonbozlik koʻrsatmayotirlar? Bizningcha, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlariga saylovlarda mahallada oʻz soʻzini oʻtkazib, xalqni oʻziga ergashtira oladigan, toʻy-maʼrakalarda jilovni qoʻliga olib, ularni tarbiyaviy-maʼrifiy tadbirga aylantiroladigan maʼrifatli kishilarni saylashi lozim.
Bu masalada fikr yuritganda biz – jamiyat aʼzolari boʻlgan qalam ahlining ham kamchiliklari yaqqol koʻzga tashlanadi. Nega biz ziyolilar, ijodkorlar oʻz fikrimizni oshkor aytib maʼnaviyatsizlikka maʼrifat bilan qarshi tura olmayapmiz? Axir, Prezidentimiz Oʻzbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan boʻlgan uchrashuvda taʼkidlaganlariday: “Toʻy-maʼraka – bu faqat shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masala!” Bas, shunday ekan nega xalqning vijdoni deb ulugʻlangan biz ijodkor ziyolilar qulochni keng yoyib xalq ichiga kirib bormasligimiz kerak? Nega, kerak boʻlsa, mikrofonni yulib olib oʻz soʻzimizni aytmasligimiz kerak? Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda “… toʻy-hashamlar, maʼrakalarni oʻtkazish boʻyicha musobaqa oʻynab, turli-tuman yangi odatlarni oʻylab topayotgan… maʼnaviy saviyasi past kimsalar” ham shu jamiyat aʼzolari, qolaversa, sizu bizning mahalladoshimiz, qarindoshimiz, doʻstlarimiz yoki tanishlarimiz-ku! Tashabbusni qoʻldan berib qoʻygan aslida biz, oʻzimiz emasmizmi? Kuchli davlatdan kuchli jamiyatga oʻtishimiz uchun birinchi navbatda jamoatchilik fikrini shakllantirishimiz kerak emasmi? Ijtimoiy hayotga taʼsir koʻrsata olmaydigan fikrdan esa hech qanday manfaat yoʻq. Har qanday gʻoya qachonki unga amal qilinsa, hayotga tatbiq etilsa, qadrlidir. Keling, isloh qilishni avvalo oʻzimizdan, yaqinlarimiz, doʻstlarimiz, mahalladoshlarimizdan boshlaylik. Bu ibratning taʼsiri boʻlakcha boʻladi deb ishonaman.
Orif Hoji
1966 yilda tugʻilgan. Samarqand davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetini bitirgan. “Oppoqqina qushginam”, “Oq tulpor” nomli hikoyalar, “Bandi ruh”, “Ozod ruh”, “Yangi ohanglar”, “Samarqand sayqali”, “Qirq hadis va bir rivoyat”, “Onalar oyogʻi ostida jannat”, “Ishq yoʻli”, “Koʻngil qushi” nomli sheʼriy toʻplamlari chop etilgan.
“Sharq yulduzi”, 2017/10
https://saviya.uz/hayot/nigoh/toy-manaviy-tadbir/