DO`STLARGA ULASHING:
Qadimda Boysun bilan Sho‘rchi orasidagi kichik so‘qmoq Qoradaradan o‘tardi. Savdogar, yo‘lovchi karvonlari ming azob bilan dara ichidan o‘tib, Hisor tomonlarga borishardi.
Qoradaraning kunchiqar tomondagi qoyasi ustida dahshatli ajdarho pastga tashlanishga hozirlangancha toshqotgan. Ajdarga diqqat bilan, qarasangiz, go‘yo u hozir tiriladi-yu, pastga sakraydi. Qizig‘i, u faqat pastda turganlargagina ko‘rinadi. Chunki yemirila boshlagan bu baland, tik qoya ustiga chiqishning aslo iloji yo‘q. Xalq orasida bu ajdarho haqida shunday rivoyat yuradi.
Qoradarada bir odamxo‘r ajdarho yashagan ekan. U daradan o‘tayotgan karvonlarga hujum qilib, ko‘p ozor yetkazar ekan. Sarbonlar uning hujumidan omon qolish uchun bir o‘spirin yoki qizni oldinroq keltirib, dara og‘ziga qo‘yib ketar ekan. Ajdarho o‘ljani olib uyasiga chiqib ketgach, karvon xotirjam daradan o‘tib olar ekan. Nihoyat, qurbonlik navbati karvonboshining yosh, go‘zal qiziga kelibdi. Ota-onasining oh-nolasiga qaramay, jasur qiz ajdarhoga yem bo‘lishga rozi bo‘libdi. Karvondagi baquvvat, mard qo‘riqchi bir yigitning qizda ko‘ngli bor ekan. Qo‘riqchi yigit karvondagilarga qarab shunday debdi:
– Bola ketsa botir qolmas, qiz ketsa ona qolmas, har ikkisi ketsa el-yurt qolmas, qachongacha ajdarho zulmiga chidaymiz? Qiz o‘rniga meni qoldiringlar, men u odamxo‘r bilan jang qilaman.
– O‘g‘lim, men karvonboshi bo‘lsam-da, hamma qatori shu xalqning biriman, qanday qilib qizim o‘rniga seni yuboraman? – debdi sarbon.
– Men jangchiman, – debdi qo‘riqchi yigit, – inson o‘zining yer yuzidagi lahzalik umrida uch amalni bajarishi lozim. Bular – daraxt o‘stirish, quduq qazish, ilon o‘ldirish. Men hech bo‘lmaganda, uchinchi qoidani bajaray. Ko‘ksimda yuragim urib turar ekan, bilagimda kuch-quvvatim bor ekan, men sevgilimni ajdarga yem qilib qo‘ymayman. Bu yigit sha’ni uchun haqorat. Yuhoni kurashda yengsam, yo‘lto‘sar qonxo‘r maxluqdan umrbod qutulamiz, o‘lsam, haqqimga duo qilasizlar.
Karvondagilar noiloj rozi bo‘lishibdi. Qo‘riqchi chakmoni ichiga o‘tkir qilichni yashiribdi. Uning qo‘l-oyog‘ini oson yechsa bo‘ladigan qilib yengilgina bog‘lashibdi-da, ajdarga “sovg‘a” qilib qoldirishibdi. Uchar ilon odam hidini sezgan zahoti quyunday kelib, qo‘riqchi yigitni olib cho‘qqi tomon uchibdi. Shu payt darani qop-qora bulutlar qoplabdi. Momaqaldiroq guldurab, yashin chaqnabdi. Qo‘rqib ketgan Ajdarho yigitni tashlab o‘zini ulkan kovakka uribdi. Fursatdan foydalangan yigit iplarni yechib, qilichni orqasiga yashiribdi. Momaqaldiroq tingach, Ajdarho kovakdan chiqib, yigitni yutmoqchi bo‘lib unga yaqinlashibdi. Yigit bor kuchi bilan ajdarning ikki ko‘zi orasiga qilich sanchibdi. Ajdarho jon holatda yigitni dumi bilan urib, qoyadan uchirib yuboribdi. Yigit toshdan-toshga urilib halok bo‘libdi. Birdan chaqnagan kuchli yashin yigitning yerda yotgan qilichiga urilibdi. Ajdarhoni kuydirib toshday qotirib qo‘yibdi. Nafaqat ajdar, yashin zarbidan qoyatoshlar ham kuyib, qop-qora ko‘mirga aylanibdi. O‘shandan buyon tog‘ nomi – Qoradara deb atalar ekan.
Karvondagilar toshni o‘yib, shahid bo‘lgan mard yigitni udumga muvofiq dafn etishibdi. Karvonboshining qizi ham, boshqa qizlar ham soy yoqasidagi oppoq ohaktosh ustida achchiq-achchiq ko‘zyosh to‘kishibdi. Bu ko‘zyoshlar shivalab yog‘ayotgan yomg‘irga aralashib, toshlarga singib ketibdi.
Oradan oylar o‘tib, karvon ortga qaytibdi va yigit halok bo‘lgan joyda, bir ajib mo‘jizaga guvoh bo‘libdi. Qizlar ko‘zyoshlari singgan ohaktoshdan buloq sizib chiqayotganmish. Ajablanarlisi, suv chiqayotgan joyda na bir yoriq, na bir teshik ko‘rinmasmish. Baland toqqa yopishgan ulkan ohaktoshdan sizayotgan suv tosh ostidagi chuqurchaga yig‘ilar, ortiqchasi soyga oqib tushayotgan ekan. Karvondagilar buloqdan miriqib suv ichishibdi. Shunda tanalaridagi charchoq tarqab, o‘zlarini bardam his qilishibdi. Uyga qaytgach, shifobaxsh buloq haqida hamyurtlariga aytib berishibdi…
Mana oradan necha-necha zamonlar o‘tdi. O‘sha sirli ohaktoshdan hamon suv sizib oqmoqda. Buloq suvi – oshqozon-ichak tizimi va teri kasalliklariga davo. Hozirgi kunda ham har bir yo‘lovchi buloq boshida bir zum to‘xtab, undan to‘yib-to‘yib suv ichadi. Zarur bo‘lsa, idishni to‘ldirib oladi. Suvdan oltingugurt hidi keladi. Shuning uchun oltingugurt suvi, ham deyishadi. Ammo suvni idishda biroz saqlasangiz, hidi yo‘qoladi. Buloq saxovatli insonlar tomonidan muhofazaga olingan. Suv to‘planadigan chuqur ustiga temir panjara ishlangan. Panjara o‘rtasiga kichik temir eshikcha o‘rnatilgan. Idishga suv olingach, turli hayvon, jonzotlar suvni iflos qilmasligi uchun eshikcha yopib qo‘yiladi. Eng muhimi – buloq shundoqqina yo‘l yoqasida. Soydagi xarsang toshlar ichidan hatlab, bemalol buloq yoniga boriladi. Baland metin qoya ustidagi ajdartosh, pastdagi shifobaxsh oltingugurtli toshbuloq – ko‘hna tog‘larimiz o‘z bag‘rida qanchalab sir-jumboqlarni saqlayotganini eslatib turadi.
Ochil TOSHQULOV