“Toshqinlar kiradi qalbimga manim”

… Hamon Abdulla Orifsiz!

(Sirojiddin Sayyid)

 

Oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida oʻzbek adabiyoti, ayniqsa sheʼriyati katta yoʻqotishlarni boshidan kechirdi. Akademik shoir Gʻafur Gʻulom, Shayxzoda domla va Oybek birin-ketin bandalikni bajo keltirishdi. Urushdan keyingi yillarda jonlanishga kirishgan adabiyot bogʻi huvillab qolgandek boʻldi. Ayni oʻsha davrda ikki yosh ijodkor – Abdulla Oripov hamda Erkin Vohidovning adabiyotimizga kirib kelishi sheʼriyatimiz bogʻlari andalibsiz qolmaganligini koʻrsatdi. Abdulla Oripovning 1967 yilda yozilgan “Bahor” sheʼri va Erkin Vohidovning “Yoshlik devoni” eʼlon qilinishi avlodlar estafetasi davom etayotganini bildirardi. Biz ana shu ikki adabiy hodisaning yarim asrlik toʻyi arafasida turgan bir mahalda soʻzni Abdulla Oripovning “Bahor” sheʼridan boshlashga qaror qildik.

Rus prozasi “Gogol “Shinel”idan chiqqan” degan ibora bor. Zamonaviy oʻzbek sheʼriyati ham bir soʻz bilan “Bahor” sheʼridan chiqqan deya olamiz. Bu sheʼr yozilguncha Abdulla Oripovning yigirmatacha sheʼrini oʻz ichiga olgan ixchamgina ilk “Mitti yulduz” toʻplami nashr qilingan va yosh shoirga mashhurlik bilan birga ancha koʻngil xiraliklar olib kelgan edi. Buning boisini bilish uchun bir muncha orqaga chekinib, sobiq shoʻrolar saltanati rahbari Nikita Xrushchyov yosh shoir Andrey Voznesenskiyni Kremldagi majlislar zali minbariga chiqarib qoʻyib, hayʼatda turgancha qoʻllarini siltab: “Agar bizning tuzum sizga yoqmayotgan boʻlsa, pasportingizni topshiring-da xohlagan mamlakatingizga chiqib keting!” deya qilgan tahdidli xitobini eslashimizga toʻgʻri keladi (davlat rahbarining gʻazab nishoniga olingan Andrey Voznesenskiy keyinchalik yigirmanchi asrda yetishib chiqqan katta soʻz sanʼatkoriga aylanib, oʻz yurtida vafot etdi, unga chet elga chiqib ketishni taklif qilgan mamlakat rahbarining oʻgʻli Sergey Xrushchyov esa otasining vafotidan soʻng AQSHga koʻchib ketdi.) Ertasi kuniyoq yosh shoirning boshi uzra koʻtarilgan rahbarning mushti aks etgan suvrat mamlakatdagi va xorijdagi kattayu-kichik gazetalarning birinchi sahafasidan oʻrin oldi.

Markazdagi voqealarga “Labbay!” deyishga oʻrgangan laganbardorlar oʻz respublikalaridagi ana shunday sazoyi qilishga loyiq yosh ijodkorlarni izlay boshladi. Abdulla Oripovning “Mitti yulduz” toʻplamidan oʻrin olgan “Tilla baliqcha” sheʼri milliy mahdudlik, Erkin Vohidovning ayrim gʻazallari “oʻtmishni qoʻmsash” ayblari bilan qoralana boshladi. Ularni yolgʻizlatib qoʻymaslik va himoya qilish uchun xayrixoh kishilar, obroʻli adiblar turli yoʻllar izlashga majbur boʻlishdi. Doʻrmonda kasallik zabtidan uzlatga chekingan Abdulla Qahhor oʻz hikoyalariga bu ikki yosh shoirning sheʼrlaridan epigraf olib, ularni mamlakatdagi birinchi raqamli gazeta “Sovet Oʻzbekistoni”da nashr etishidan koʻzlangan maqsad ham aslida shu edi.

 

Olti oykim sheʼr yozmayman, yuragim zada,

Olti oykim oʻzgalarga tilayman omad.

Olti oykim doʻstlarim ham pana-panada

Isteʼdodim soʻnganidan qilar bashorat.

Nimanidir axtaraman, sheʼrdan ham ulugʻ.

Nimanidir axtaraman nondan azizroq…

 

Birdaniga “yoʻlchi yulduzi”ni yoʻqotib qoʻygan shoir axtarayotgan oʻsha narsa nima boʻlishi mumkin?!

Maxtumqulining ustozi bilan aytishuv shaklida yozilgan bir sheʼrida ham shunga oʻxshash savol bor:

 

U nimadir yemadilar toʻydilar?

U nimadir, qiyomatga qoʻydilar?!.

 

Uning “nima”ligini bilmasdan ham izlayotgan yosh shoirni oʻylantirayotgan narsaning nomi aslida IMON ekanligini bilmaganmidi?! Bilgan taqdirda ham buni ayta oladigan zamonlarmidi?! Shu jihatdan olib qaralganda, “yaldo kechasidek” uzoq davom etgan “rutubatli qish”dan soʻng yurtga tashrif buyurgan bahor uning koʻnglidagi azaliy meros – Imon koʻzini ochganligi rost. Mavlono Rumiy aytadi: “Odam oʻzida bor narsani tashqaridan izlaydi. Topmaguncha qidiraveradi…”

Toshkent zilzilasidan soʻng kelgan ilk bahor tashrifidan yosh shoir parishon koʻngliga taskin topish uchun yarim vayron shahar koʻchalari boʻylab kezadi:

 

Yana bahor keldi. Yana olamda

Ajib bir tantana, ajib bir bayot.

Men seni qutlayman shu ajib damda

Ulugʻ yelkadoshim, muzaffar hayot!

 

Shoir bahor yetagida yaqinginada olamdan oʻtgan ustoz shoirlar qabrini ziyorat qilish, ulardan ruhan madad olish uchun Chigʻatoy qabristonini oralaydi.

 

Olti oykim soʻnmish u tanish naʼra…

 

Toshkent zilzilasidan soʻng Gʻafur Gʻulom va Shayxzoda domlalarning, ayniqsa, Qashqadaryoda onasining vafotlari yosh shoirga ayricha taʼsir etadi, barchasiga etak siltgancha qishlogʻiga qaytib ketish kayfiyati ham yuragida qoʻzgʻalib qoladi.

 

Barcha tashvishlardan qutilib, shodon

Qaytgim kelayotir qoshingga butkul…

 

Yosh shoirni “butkul qaytib ketishdan” tutib turgan narsa markazdagi adabiy muhit, ustozu xayrixohlar mehridan boshqa yana bir kuchli rishta ham boʻlib, uning oti – Muhabbat edi va bu haqda maqolamiz davomida toʻxtalib oʻtamiz.

Puryovaliy Pahlavon Mahmud aytadilar:

 

Yoʻlga qara, yoʻlni koʻrarlar ketdi,

Boshla oʻzing, oldda yurarlar ketdi.

Qavmingga borib, holini soʻr, qil yoʻqlov,

Yoʻqlab seni, holingni soʻrarlar ketdi.

 

Hajman sheʼrdan koʻra kichikroq dostonni eslatuvchi “Bahor” sheʼrini bemalol YOʻQLOV deya olamiz. Yoʻqlov qilish motam marosimlarining bir qismi. Gʻam-qaygʻu qoʻshaloq yuradi deganlaridek, 1966 yilda ikki ulugʻ shoir – Gʻafur Gʻulom va Shayxzoda olamdan oʻtdi. Yosh shoir bu yerga bir yillardan soʻng boshqa ustozlari, 1968 yilda dunyodan oʻtgan yana ikki buyuk ijodkor – Oybek va Abdulla Qahhorning dafn marosimlarida kelishini hali bilmasdi. Oradan ellik yillar oʻtib bu qabristonga oʻzbekning yana ikki ulugʻ shoiri – Erkin Vohidov hamda Abdulla Oripovni ketma-ket dafn etilishida taqdirlar oʻxshashligi bordek.

Yoʻqlovda taftish alomatlari mavjud. Inson oʻzgalarnigina emas, oʻz-oʻzini ham yoʻqlab, taftish qilib turishi kerak.

 

Tanish tuygʻularim bormikan tirik?

 

Shoir bahor fazilatlarini vasf etish davomida qalbini junbushga keltirayotgan muhabbatini ham qalamga olib, uni ham yoʻqlab qoʻyadi.

 

Adl teraklarning uchida hilol

Pahmoq bulutlarni etadi nimta.

Qaydadir shoira sheʼr oʻqir behol:

“Bu kecha koʻnglim ham oydek yarimta…”

 

Shoir qabriston ziyoratidan oʻzgacha bir shukuh, hayotga, ijodga ishtiyoq olib qaytadi. Uning qalbida qamalib yotgan ilhom bulogʻining koʻzi ochiladi. “Bahor” sheʼridan soʻng “Birinchi muhabbatim”, “Maktub”, “Onajon”, “Nomaʼlum odam” kabi oʻnlab bebaho sheʼrlar dunyoga keldi.

Shu oʻrinda qabriston ziyoratidan soʻng qalami ravonlashib ketgan boshqa bir shoir taqdirini eslab oʻtsak. Bundan yetti yuz yillar avval dunyoning yarmini zabt etgan moʻgʻillar bosqinidan soʻng vayron holda yashayotgan shaharda voyaga yetgan, oʻziga Hofiz taxallusini tanlagan yosh shoir yigit Muhammadning ijodi hadeganda ijobiy natija beravermaydi. Sheʼrlarini eshitganlar yosh shoirni masxara qilishadi, xajviyalar( parodiyalar) aytishadi. Shoir tushkunlikka tushib qabristonga boradi. Oʻzi ixlos qoʻygan ustozining qabri qoshida choʻkka tushgancha koʻzda yosh bilan qayta-qayta Qurʼon tilovat qilib uyquga ketib qoladi. Tushiga kirgan ustozi yosh shoir shikoyatini tinglagach (ayrimlar uni Hazrati Xizr deb taxmin ham qilishgan), eng soʻnggi yozilgan sheʼrini oʻqib berishni soʻraydi. Yosh shoir oʻngida hali yozmagan sheʼrini oʻqiy boshlaydi va oʻygʻonib ketadi. Kimsasiz, qop-qorongʻu qabristonda yotganligini koʻrgan yosh shoir uyiga, havotirga botgan yolgʻiz onasi oldiga qaytadi. Tushida oʻqigan sheʼrini qogʻozga tushirib, keyingi kuni marosimga boradi. Sheʼrlaridan kulib yurganlar yosh shoirdan yangi bir gʻazalini oʻqib berishini soʻrashadi. Yangi sheʼr mukammalligiga guvoh boʻlganlar kamchilik topisha olmay, shoirni sheʼr oʻgʻirlaganlikda ayblay boshlashadi. Bunga javoban yosh shoir qabristonda koʻrgan tushini aytib beradi. Yigʻilganlar: “Bu shunchaki oʻtkinchi holat, keyingi yigʻinlarda koʻramiz qanday yozib kelishingni!” deyishadi. Shoir esa har gal bir-biridan goʻzal gʻazallar bilan kelib, avval Sherozni, keyin esa borib-borib dunyoni zabt etadi.

“Bahor” sheʼrining siyohi qurimay turib, shoir muxlislaridan biri “Sovet Oʻzbekistoni” gazetasiga eltib beradi. Sheʼr gazetaning birinchi sahifasida bor boʻyicha eʼlon qilinib, “Kim aslida kim”ligini koʻrsatib qoʻydi. Yosh shoirnining yoʻliga toʻgʻanoq boʻlayotganlar vaqtincha chekinishga majbur boʻlishdi. Shu kundan eʼtiboran yosh shoir respublika rahbari, yozuvchi Sharof Rashidov eʼtiboriga tushdi.

Shu paytgacha bu gazetada akademik shoir Gʻafur Gʻulomning sheʼrlari birinchi sahifada eʼlon qilinib kelardi. Abdulla akaning eʼtiroficha, ustoz shoir bilan hamsuhbat boʻlmagan.

 

Hamsuhbat boʻlmadim (kim edim zotan)…

 

Gʻafur Gʻulom yosh shoirni televizorda sheʼr oʻqiyotganini koʻrgan, u haqda qiziqqan ekan. Aytishlaricha, Gʻafur Gʻulom vafoti oldidan eski doʻppisini Abdulla Oripovga berib qoʻyishlarini, uni eslab kiyib yurishini vasiyat qilgan ekan. Bu gap qanchalar haqiqatga yaqin, bilmadigu Abdulla Oripov Gʻafur Gʻulomdan soʻng uning oʻrnini bosa olgani haqiqat! Abdulla akaning oʻzlari ham qirq yoshlarida xastalanib, Moskvada davolanib yotganida:

 

Ukajon, navbating yetdi chamasi,

Men endi saflarga qanday yarayman?!

 

deya vasiyatnamo satrlar bitib, muxlislarining diliga gʻulgʻula solib qoʻygandi. Oʻsha paytlarda buyuk shoirga “oʻrinbosar”lik uchun daʼvogarlar eski doʻppini meros sifatida olishni istaydiganlar son-sanogʻi yoʻq edi… Ha, Abdulla Oripov yosh oʻzbek shoirlarining boʻylashishga, bahslashishga chorlaydigan choʻqqiga aylandi.

“Bahor” sheʼrigacha ham uzun sheʼrlar yozish urf boʻlgan. Bu borada Hamid Olimjonning “Oʻzbekiston”, “Baxtlar vodiysi”, Gʻafur Gʻulomning “Turksib yoʻllarida”, “Sen yetim emassan” kabi sheʼrlari andoza hisoblanardi. Abdulla Oripov bu anʼanani davom ettirarkan “boʻsh qop tikka turmaydi” deganlariga amal qilgancha quruqdan quruq satrlar sonini koʻpaytirishdan qochib, bamisoli belga taqiladigan kamardek uzundan-uzun sheʼrini hissiyotlar marjoni, falsafiy oʻylarning gavhari bilan zargarona bezab chiqadi:

 

Meros atalmagay barchaga fano,

Qismat atalmagay har kimga zavol.

 

Bunday falsafiy hikmatlarni sheʼrlarida qoʻllash shoir ijodiga bir umr hamrohlik qildi, zero shoirning botinida oʻz davriga, oʻz jamiyatiga begona boʻlgan “sirli shaxs” yashab kelardi:

 

U na shoir edi va na mashhur zot,

Lekin dunyo bilan bir edi dardi.

U ham boshqalardek kechirib hayot,

Shoshib ishga borib, sekin qaytardi…

 

Mana shu “nomaʼlum odam” vaqti-vaqti bilan shoir satrlari orasiga qimmatbaho fikr gavharlarini tashlab qoʻyardi:

 

Bamisoli Iskandarday ochiq ketar qoʻllarim.

 

Mensiz ham mukammal ekan bu dunyo,

Mensiz ham baxtga yor ekan odamzod.

 

Dunyoning bu mayda gʻalvasi nechun?!

Bari oʻtadigan, bari nokerak…

 

Bizning vazifamiz koʻnikmoq beun,

Bizning vazifamiz unutmoq faqat…

 

Bahor mavzusi Abdulla Oripov ijodining leytmotivi boʻlib qoldi. Shoirning 1941 yil bahorida, ayni Navroʻz kuni dunyoga kelishi shunchaki rasmiy fakt boʻlib qolmay, ijodda “yangi kun” kishisi boʻlib yetishishining boshlanish nuqtasiga aylanganday:

 

Ha, bahor misrasi menda ham talay,

Bu holning boisi bordir har qalay…

 

“Bu holning boisi”ni bilish uchun esa shoir ijodi mundarijasini koʻzdan kechirib chiqish kifoya: “Shovulladi tun boʻyi shamol…”(1961), “Sen bahorni sogʻinmadingmi…”(1963), “Koʻpdan kutgan edim sogʻinib…”(1965), “Bahor chogʻi edi…”(1968), “Bahor kunlarida kuzning havosi…”(1970), “Keldim qoshingizga chopib, entikib…” (1971), “Bahor senikidir…”(1976), “Bahor hosiyati” (1979), “Bahor tilaklari” (1983)…

“Bahor” sheʼrining yana bir omadli tomoni, uning oʻsha 1967 yilning oʻzida grammplastinka shaklida nashr qilingani hamdir. Sheʼrni shoirning oʻzi oʻqigan:

 

Qizgʻaldoq bargidek uchar dildan gʻam,

Toshqinlar kiradi qalbimga manim.

Bahoring muborak boʻlsin ushbu dam

Mening Oʻzbekiston – dilbar vatanim!

Faqat sen qalbimga choʻkdirmay malol,

Charchagan ruhimga ilhom solursan.

 

Bahor haqida hamma yozadi. Birov sogʻinib, birov tashrifidan quvonib, baʼzilar oʻtib ketgan bahorlariga achinib, afsuslanib yozadi. Abdulla akaning satrlari esa bularga eng yaxshi xulosa boʻla oladi:

 

Umidli insonlar, uni olqishlang,

Faqat hosiyatli boʻladi bahor!

 

Olloyor BEGALIYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–11

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/toshqinlar-kiradi-qalbimga-manim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x