Post Views:
313
Sebzor (forscha — olmazor degan ma’noni bildiradi). Daha hududidan Kaykobus, Shaharariq kabi yirik ariqlar o‘tganligi sabab, soya-salqin joylar bo‘lgan. XVI asrda bu yerlarda shayboniylarning dala hovlilari joylashgan. Shayboniylardan bo‘lgan Suyunxo‘jaxon tomonidan bu yerlarda so‘lim bog‘ barpo qilinib, u Kaykobus chorbog‘i deb atalgan.
Dahada uch madrasa, 78 masjid, 79 mahalla va 65 mavze bo‘lgan. Toshkentning uch darvozasi (Labzak, Taxtapul va Qorasaroy) Sebzor hududida bo‘lgan. Tarixiy manbalarda Imom Qaffol ash-Shoshiy dahasi deb ham yuritilgan. Dahaning eng e’tiborli joylaridan biri Xastimom deb ataluvchi Qaffol ash-Shoshiy memorial kompleksi hisoblanadi.
Qaffol Shoshiy – o‘rta asrlarda Toshkentdan yetishib chiqqan yirik allomalardan biri bo‘lib, mashhur fiqhshunos, faylasuf, va zabardast tilshunos adib Qaffol Shoshiy edi. U hijriy 291, milodiy hisobi bilan 903 yili Toshkent shahrida dunyoga keldi.
Qafol Shoshiyning manbalarda uchragan to‘la nomi Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol ash-Shoshiydir. Hatto bu kishining hurmatini bajo keltirish maqsadida ismi yoniga “alkabir” (katta, ulug‘ va muhtaram ma’nosini bildiradigan) so‘zini ham qo‘shib aytishgan.
Qaffol Shoshiy hunarmandlar oilasida dunyoga kegan bo‘lsa kerak, chunki uning ismi bunga dalolat qiladi. “Qaffol”- qulfsoz degani (arabcha “qufl” – bizning tilimizga o‘tib buzilgan va “qulf” shaklida talaffuz qilinadi).
Shoshiy dastlabki ta’limni o‘z yurtida oldi, keyin O‘rta Osiyo shaharlariga sayohat qildi. Samarqandda yashadi va ta’lim oldi. Dastlab u fiqhshunoslikni o‘rgandi. Bu fan Sharqda juda keng tarqalgan va ijtimoiy hayotda muhim ahamiyatga ega edi, chunki har bir mamlakada bu fan sohibiga zaruriyat katta bo‘lgan. Bu fanni egallagan puxta kishi o‘ta qadrlangan.
Qaffol Shoshiy mana shunday ilm sohibi edi. Meros taqsim qilish, savdo-sotiq, oldi-berdi, yo bo‘lmasa qo‘ydi-chiqdi kabi son-sanoqsiz janjalli masalalarning adolatli, to‘g‘ri hal qilinishi fiqhshunoslikka bog‘liq edi. Buni hal qilish uchun g‘oyat farosatli, yuksak did va zukko, ilm-ma’rifatdan atroflicha xabardor, zamonasining barcha masalalarini o‘z fikr doirasida singdira oladigan shaxslar bo‘lishi kerak edi. Qaffol Shoshiy mana shunday fazilatlarga ega bo‘lish bilan birga, u falsafa, mantiq kabi fanlarni ham puxta egalladi, ularda munozara qiladigan darajaga erishdi.
Keyin u ilm chashmasidan ko‘proq bahramand bo‘lish maqsadida YAqin O‘rta Sharq mamlakatlariga sayohat qildi. Hijoz, Bag‘dod, Damashq kabi shaharlarda bo‘ldi va u yerda zamonasining ko‘zga ko‘ringan olimlardan tahsil oldi. Shoshiyning ustozlariga qarab, ham uning qanday fanlar o‘rganganligi haqida ma’lum xulosaga kelish mumkin. Tarixiy manbalarining shohidlik berishicha, Shoshiyning fiqhshunoslik va tarix sohasidagi ustozi mashhur olim va tarixchi at-Tabariy (839-923) edi. Ma’lumki, Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy Sharq mamlakatlarining eng yirik tarixchisi bo‘lib, ko‘p jildli asarlar yozgan.
Qaffol Shoshiyning ikkinchi ustozi Abu-l Hasan ibn Abu Musa al-Ash’ariy (873-941) edi. Bu kishi Sharqda kalomchilar oqimining asoschisi bo‘lib, bu to‘g‘rida anchagina asarlar yozgan va Sharqda ash’ariya (har ikkisi ham islom falsafasi – Red.) oqimining asoschisi sifatida mashhur. Arab olimi Tojiddin as-Sabkiyning yozishicha, ilm talabida bo‘lgan “Qaffol Shoshiy al-Ash’ariydan kalom ilmini o‘rganar ekan, o‘z navbatida, al-Ash’ariy undan fiqhshunoslikni o‘rgandi”.
Qaffol Shoshiyning uchinchi ustozi Abu-l-Abbos Ahmad ibn Umar ibn So‘rayj (861-928) edi. Bu kishi ham zamonasining yirik olimi bo‘lib, to‘rt yuzdan ortiq asarlar ta’lif qilgan mashhur alloma edi.
Umuman Qaffol Shoshiy ko‘p o‘lkalarga sayohat qilib, qaysi mamlakatlarda zo‘r olim bo‘lsa, ulardan bilganlarini o‘rganishga intilar edi. Arab olimi Ibn Xallikon (1211-1182) o‘zining “Ulug‘ kishilar vafoti” asarida Qaffol Shoshiy haqida shularni yozadi: Qaffol Shoshiy hadis ilmini bilgan, tilshunos, shoir edi. O‘sha vaqtda Movarounnahrda u kishiga teng keladigan olim yo‘q edi. Bu kishi Xuroson, Iroq, Hijoz, Shom va boshqa o‘lkalarga sayohat qilib, o‘z zamonasining mashhur kishisi bo‘lib ko‘p asarlar yaratdi.
Qaffol Shoshiy “Adab al-qozi” (“Qozi fe’l-atvori”) degan asar yozgan. Shu bilan birga u “Odob al-bahs” degan asar muallifi hamdir. Bu haqida arab olimi Ibn Xallikon shularni yozadi:
“Qonunshunoslardan dastlab chiqib “Husni Jadal” (“Dialektika husni”) degan asar yozgan kishi ham shu Qaffol Shoshiy edi.”
Bag‘dodga kelgach, Muhammad al – Xorazmiy asos solgan “Hikmat donish” (Baytul hikma)da ilmga mashg‘ul bo‘ladi. Oradan bir oz vaqt o‘tgach, o‘zidagi favqulodda iste’dod va chuqur bilimi bilan allomalar orasida shuhrat qozonadi. Ayniqsa, fiqhshunoslik ilmiga qattiq kirishadi. Zero, fikh ilmi musulmon olamida keng tarqalgan va ijtimoiy hayotda muhim ahamiyat kasb etgan fanlardan biri edi. U fiqh ilimini egallash bilan birga falsafa, mantiq, adabiyot kabi fanlarni ham puxta o‘zlashtirgan edi. U arab, lotin va hind tillarini o‘z ona tilidek bilardi. Binobarin, mazkur tillarga oid mukammal lug‘atlar yozgan.
Fiqh ilmida Qaffol ash-Shoshiy o‘z zamonasida Bog‘dodda yagona alloma bo‘lib, ma’lum muddatlarda “Baytul hikma”ga rahbarlik qilgan. Qaffol ash-Shoshiyning dovrug‘i xalifa Muntasir qulog‘iga yetib, uni saroyga taklif etib, vaziri a’zamlik lavozimiga tayinlaydi. Qaffol ash-Shoshiy bir necha yillar vazirlik mansabida adolatni mezon qilib siyosat yuritdi.
Manbalarning ko‘rsatishicha, Bog‘dodlik Xo‘ja Muhammad Nomiy degan olim Qaffol Shoshiyning qo‘lida o‘qigan va hatto u bilan juda qalin bo‘lib ketgan edi. Bu kishi o‘z oilasi bilan birga Shoshiyga ergashib, Toshkentga keladi va umrining oxirigacha bu shaharda qolib ketadi. Qaffol Shoshiy 976 yilda Toshkentda vafot etgan.
Hamshaharlari uni ilmu donish, adolatli va fuqaroparvarligi tufayli e’zozlab, unga maqbara bunyod etadilar. Ul zoning qabrlari atrofida Toshkent tarixiga daxldor bo‘lgan mashhur va mo‘’tabar zotlar abadiy uyqudalar.
Hozir Toshkentliklar iborasida “Xastimom” deb ataladigan joy Qaffol Shoshiyga nisbat berib aytiladigan “Hazrati Imom” so‘zining qisqargan shaklidir. 1541-42 yillarda nurab qolgan dastlabki maqbara o‘rniga hozirgi maqbara Toshkent hokimi Baroqxon taxallusli Navro‘z Ahmadxon topshirig‘i bilan saroy me’mori G‘ulom Husayn loyihasi asosida qayta qurilgan. Maqbara 2007 yilda to‘liq ta’mirdan chiqariladi.
Suyunchxo‘jaxon maqbarasi. Baroqxon madrasasi hujralari bilan uyg‘unlashib ketgan ikki maqbaraning biri. Dastlab binoning sharqiy burchagidagi mo‘’jaz maqbara qurilgan. Ikkinchisi maqbara madrasa hovlisi to‘ridagi peshtoqli xonaqohdan iborat bo‘lgan bino. Maqbara XVI asrning 30-yillarida Baroqxon taxallusi Navro‘z Ahmadxon topshirig‘i bilan saroy me’mori G‘ulom Husayn loyihasi asosida qurilgan.
Suyunchxo‘jaxon – Shayboniylardan bo‘lgan Toshkent xoni (1503-25) Abdulxayrxon va Ulug‘bekning nabirasi Robiya Sultonbegimning farzandi. (Abulxayrxon 1412-1468 o‘zbek ulusining xoni) Shayboniyxon Movoraunnahrni egallagach Toshkent hukmdorligini Suyunchxo‘jaxonga bergan (1503). Suyunchxo‘jaxon o‘z hukmronligi davrida Toshkentning Sebzor dahasida, hozirgi Kalkavuz kanali atrofida ajoyib bir so‘lim bog‘ barpo qilib, uni Kaykobus chorbog‘i deb atagan. Hofiz Tinish Buxoriyning “Abdullanoma” (“Sharafnomaiy shohiy”) asarida, XVI asrda Kaykobus kanali bo‘yida (shahar qo‘rg‘oni tashqarisida) “Kaykobus bog‘i” bo‘lganligi va bog‘da Toshkent sultonlari yashaganliklari aytiladi. 1515 yilda Toshkentga kelgan Alisher Navoiyning shogirdi Zayniddin Vosifiy Toshkent bog‘larini ko‘rib lol qolgan va “Toshkent bog‘-rog‘lari vasfinda” nomli 120 misrali qasida yozgan. Asarda shoir Toshkent bog‘larini ta’riflar ekan:
Toshkent mulkin bukun ta’rifin etay,
Nuqtalar shodasin nazmga bitay.
Tegrasin qurshagan go‘zal chorbog‘lar,
Alardin eramning ko‘ksida dog‘lar, deb yozadi.
Toshkent bog‘-rog‘lariga mahliyo bo‘lgan shoir umrining oxrigacha Toshkentda yashab qoladi.
Namozgoh (Zarqaynar ko‘chasi, 45) – Hazrati Imom kompleksi tarkibidagi arxitektura yodgorligi. 1845-67 yillarda qurilgan. Ramazon va Qurbon hayitlari namozlarini o‘qish uchun mo‘ljallab qurilgani sababli shunday atalgan. O‘rta Osiyodagi yirik masjid binolaridan biri hisoblangan. Hozirgi kunda bu yerda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti joylashgan. 2007 yilda to‘liq ta’mirdan chiqarildi.
Tillashayx jome masjidi – 1857 yilda qurilgan bo‘lib, hozirgi kunda ham namozxonlar bilan doimo gavjum. Ular orasida masjid qurilishiga boshchilik qilgan Tillashayxning avlodlarini ham ko‘rish mumkin. 2007 yilda to‘liq ta’mirdan chiqarildi.
Muyi Muborak 1856 yilda qurilgan. Masjidning bunday nomlanishi – Hazrat payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamning sochlaridan tola saqlanib qolganidan bu dargoh shunday deb atalgan. Hozirgi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasining asosiy kutubxonasi sifatida foydalanilmoqda. Butun islom dunyosiga ma’lumu mashhur Qur’oni Karimning nodir, noyob nusxasi – Usmon mushabi shu kutubxonada saqlanmoqda. 2007 yilda to‘liq ta’mirdan chiqarildi.
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkentnoma-sebzor-dahasi-2/