Toshkentnoma. Oqqo‘rg‘on, Qo‘yliq va Mirobod mavzelari


Post Views:
641

Oqqo‘rg‘on – qadimgi Toshkent atrofidagi mavzelarning biri. Oqqo‘rg‘on hududi Oqqo‘rg‘on va Darxon (Darxonotasoy) ariqlaridan sug‘orilgan.

O‘rta asr vaqf hujjatlarida Oqqo‘rg‘on yerlari Xoja Ahrorga qarashli bo‘lib, keyinchalik Xoja Ahror madrasasining vaqf yerlari hisoblangan. Shaharning shu mavzega qaragan Oqqo‘rg‘on darvozasi (1830 yildan Qashqar darvozasi) deb atalgan. Oqqo‘rg‘onda Shayxontohur dahasi mahallalari aholisining dala hovlilari bo‘lib, xalq yoz mavsumini shu yerlarda o‘tkazgan.

1865 yil 9-mayda Chernyayev askarlari bilan amir lashkar Alimqul qo‘mondonligidagi Toshkent mudofaachilari o‘rtasidagi bo‘lib o‘tgan beomon jang (hozirgi Mustaqillik ko‘chasi H. Olimjon metrosi bekati) mana shu Oqqo‘rg‘on hududida Chernyayevni chekinishga majbur qilgan. Tarixchi Muhammad Solih ham shu jangda qatnashib, jang tafsilotlarini o‘zining «Toshkentning yangi tarixi» asarida tasvirlagan. Hozirgi Oqqo‘rg‘on o‘rnida Oqqo‘rg‘on, Ulug‘bek, Darxon va boshqa mahallalar mavjud.

Qo‘yliq mavzesi Mirobod va Sergeli tumanlaridagi turar joy massavi. Toshkent avtomobil xalqa yo‘li janubiy qismi bilan chegaralangan. Loyihalash va qurilish ishlari 1967 yil boshlangan. Qo‘yliq o‘rnidagi mavze qadimdan mavjud bo‘lgan. Bu yerdan ilgari karvon yo‘li o‘tgan. Chirchiq daryosining shu joyida kechuv bo‘lgan.

Toshkent Qo‘qon xonligi tasarrufida bo‘lgan davrda xon Toshkentga tashrif buyurganida shahar hokimi (beklarbegi) qozikalon va boshqa ayonlar aholini o‘sha yerga yig‘ib xonni tantana bilan kutib olardilar.

Qo‘qondan boshlanuvchi yo‘l Qo‘yliq ko‘prigigacha, Qo‘yliq ko‘prigidan boshlangan Farg‘ona yo‘li ko‘chasi shaharning Qo‘qon darvozasiga kelib tutashgan. Qo‘yliq atamasi xususida turli fikrlar yuradi. Bular:

-Mo‘g‘ul sarkadalaridan birining ismi Qo‘yliq bo‘lgan. Toshkent uning nazoratida bo‘lgan;
-Qo‘yliq-qo‘yiliq ya’ni pastlik so‘zining o‘zgargan ko‘rinishi;
-Bu yerlar qo‘y-qo‘zilarga serob joy bo‘lgan. Qo‘yliq bozorida qo‘y-qo‘zilar sotilgan;
-Qo‘yliqda masjid qurdirib imomlik qilgan Hofiz Shayx Qo‘yliqiy ya’ni Qo‘yliq ota nomi bilan bog‘liq degan fikrlar ham bor.

Tarixdan ma’lumki 92 urug‘li o‘zbek qabilalari tarkibida Ko‘kchulak, Qo‘yli kabi birqancha urug‘larni birlashtirgan Do‘rmon qabilasi bo‘lgan. Qabilaning Qo‘yli urug‘i XV asrda Dashti qipchoqdan ko‘chib kelib, shu hududda o‘rnashib qolgan. Joy nomi shundan desak xaqiqatga yaqinroq bo‘ladi. Hofiz Qo‘yliqiyni esa Qo‘yliqlik deb tushunmoq kerak.

Qo‘yliq ota. Xo‘sh unda Qo‘yliq ota kim? Hofiz shayx Qo‘yliqiy bo‘lib, samarqandlik hazrati No‘g‘ay ota avlodlaridan, ya’ni aziz shayxlar sulolasidandir. U kishi amir Imomquli Bahodirxon davrida Samarqandda a’lam (imomlarning imomi) bo‘lgan olim shayxning ona tomonidan Toshkentdagi bobosi edilar. Onalari qadimgi Bonukent (No‘g‘oyqishloq hozirgi O‘zgarish) qishlog‘iga kelin bo‘lib tushganlar, islom dini ilmidan ancha xabardor bo‘lganlar.

Otalari, onalari va No‘g‘oyqo‘rg‘ondagi bobolaridan tasavvuf sultoni Hoja Ahmad Yassaviy tariqatiga oid «Jahriyayi Yassaviy»ni o‘rgangan Hofiz Shayx Qo‘yliqdagi masjidda imomlik qilish bilan birga o‘zi Qurdirgan xonaqohda zikr tushish, iymon va e’tiqodga oid mavzularda suhbatlar o‘tkazish kabilar bilan mashg‘ul bo‘lganlar.

Ayniqsa, o‘sha davrdagi Qur’on suralari va oyatlarini ba’zi yuzaki sharhlovchilarga nisbatan choriyorlar ulug‘ligini isbotlovchi dalillar bilan ul zot Qo‘yliqiy taxallusi bilan risolalar yozganlar.

Qo‘yliq ota vafot etganlaridan keyin tahminan hijriy 893 (miloliy 1475) yili hozirgi Qo‘yliq bozori yonidagi dahmaga dafn etilganlar. Hozirgi yangi maqbara 1994 yilda maxsus loyiha asosida qurildi.

Mirobod – XIX asrning boshida Qo‘qon xoni Toshkentni bosib olgandan keyin shahar hududi birmuncha kengaydi. Xullas, Qo‘qon xonining sobiq o‘rdasiga qarashli Anhor bilan Salor o‘rtasida Qashqar, Mingo‘rik, Mirobod kabi o‘nlab mahalla va mavzelar vujudga keldi. Yangi joylardagi tub aholi siqishtirilib, bu yerlar deyarli boshqa joylardan kelganlarga jumladan, Mirobod mavzesining hududi Qo‘qon xonligining yuqori imtiyozli mirlariga berildi. Mavzening Mirobod deyilishi shundan. 1992 yil may oyidan Temiryo‘lchilar rayoni bo‘lib kelgan tuman, Mirobod tumani deb nomlandi.

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/toshkentnoma-oqqo-rg-on-qo-yliq-va-mirobod-mavzelari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x