Post Views:
278
Kamolon — Beshyog‘och dahasidagi mahalla. Darxon, Eshonguzar, Yangi mahalla, Samarqand darvoza, Guliston mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Xo‘jako‘cha va Fuqaro ko‘chalariga bo‘lingan. Xo‘ja A’lambardor maqbarasi va qabristoni bor. Novza, Qozirobod, Do‘mbirobod, Qonqus mavzelarida dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanganlar. Asli «Kamongaron» ya’ni «Kamonsozlar» keyinchalik og‘zaki tilimizda Kamolon talaffuzida yetib kelgan.
Rivoyatlarga ko‘ra fotih Qutayba ibn Muslim va uning safdoshlari islomni yoyish maqsadida VIII asrning boshlarida Shosh mulkiga kirib keladilar. Uning safdoshlaridan bir guruhi – ya’ni komil kishilar Shoshning hozirgi Kamolon mahallasi deb ataluvchi qismiga joylashadilar. Kamolon, ya’ni komillar deb ataluvining boisi shundan, degan fikrlar ham bor. Muhammad Solih «Toshkentning yangi tarixi» asarida eslatib o‘tgan xiyobon darvozasi rus yozma manbalarining ayrimlarida «Kamolon» darvozasi deb tilga olingan. «Toshkentning yangi tarixi» asarida esa Kamolon mahalla nomi sifatida uchraydi.
Xo‘ja A’lambardor maqbarasi Kamolon darvozasi yonidagi Xo‘ja A’lambardor qabristonida joylashgan. XIX asrda nurab qolgan maqbara o‘rniga qurilgan. Rivoyatlarga ko‘ra maqbara O‘rta Osiyoda Islom dinining dastlabki targ‘ibotchilaridan biri imom Abubakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil al—Qaffol Shoshiy safdoshlaridan biri, ming yil ilgari vafot etgan Xo‘ja A’lambardor (bayroqdor) sharafiga qurilgan. Islom tarixida islom bayroqdorlari eng hurmatli va izzatli insonlar hisoblanganlar. Hozirgi maqbara XVIII asrda uning taxmin qilingan Kamolon darvozasi ortidagi qabri o‘rniga qurilgan. Ensikliopedik ma’lumotlarga qaraganda Islom fotixlari Shoshga kelganda lashkarning bayroq ko‘taruvchisi, ya’ni alambardori Abdul Aziz Kamolon darvozasi tashqarisiga islom tug‘ini qadagan. O‘sha joy hozirda Xoja Abdul Aziz A’lambardor qabristonining o‘rtasida bo‘lib, keyinroq o‘sha joyga sag‘ana qurilgan. Aslida Xoja A’lambardor umrining oxirida Sayramda yashab, o‘sha yerda vafot etgan. Demak, mazkur maqbara ramziy bo‘lib, unga Xoja A’lambardor qo‘yilgan emas. Maqbara ichida o‘sha vaqtda qo‘yilgan islom bayrog‘i tug‘i hamon saqlanadi. Tug‘da “Alloh” va “Muhammad” so‘zlari yozilgan.
Samarqand darvoza dahaning qadimiy mahallaridan biri. Zangiota, Chaqar, Zaxariq, Kamolon mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan, bir chekkasi Chaqarariqqa yondashgan. Hudydida shaharning 12 darvozalaridan biri – Samarqand darvozasi joylashgan (nomi shundan kelib chiqqan). Mustaqillik yillarida darvozaning ramziy ko‘rinishi hozirgi zamon transport harakatini hisobga olgan holda qayta tiklandi. O‘zbek romanchilik maktabining asoschisi Abdulla Qodiriy shu mahallada yashab ijod etgan. Samarqandga boriladigan karvon yo‘li shu yerdan boshlangan. Chilonzor tumanidagi Qatortol shoxko‘chasi Samarqand darvoza ko‘chasining davomi sifatida vujudga kelgan. Ko‘cha Qatortol qishlog‘i hududidan o‘tganligi sababli keyinchalik Qatortol nomi bilan atala boshlangan. Ko‘cha katta karvon yo‘li bo‘lib qadimda Samarqand, Buxoro, Xorazm va yaqin sharq mamlakatlariga karvonlar qatnagan. O‘tgan asrning 70-yillarida ko‘chaning har ikki tomoniga ko‘p qavatli binolar qurilgan. Ko‘chada “Ilonliqtepa”, “Nug‘oyqo‘rg‘on” kabi qabristonlarning bir qismi saqlanib qolgan.
Davomi keyingi maqolalarda
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkentnoma-beshyog-och-dahasi-kamolon-samarqand-darvoza/