Toshkentning bosib olinishi (1865)


Post Views:
3 389

19-asr o‘rtalarida Rossiya chor hukumati o‘zbek xonliklarini bosib olish maqsadida Turkiston o‘lkasi tomon harbiy yurish boshladi. Bu vaqt­da Toshkent hokimligi Qo‘qon xonligi tarkibida edi. Rus qo‘shinlari Toshkent hokimligiga qarashli Oqmasjid (1853), Pishpak, To‘qmoq, Yangiqo‘rg‘on (1860–61), Avliyoota, Turkiston va Chimkent (1864) shaharlarini qattiq janglardan keyin bosib oldi. Shundan keyin dushman qo‘shinlari uchun Toshkent tomon yurishga yo‘l ochildi. Bu davrda Toshkent yirik iqtisodiy, siyosiy va strategik shahar bo‘lib, Qo‘qon–Rossiya savdo karvonlari Toshkent orqali o‘tardi.

1864 yil 27 sentyabrda general M.G.Chernyayev boshchiligidagi rus qo‘shinlari Toshkentni egallash uchun Chimkentdan yo‘lga chiqadilar. Toshkent aholisi ham shahar mudofaasiga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Shahar qalin va baland devor bilan o‘ralgan bo‘lib, 12 darvozasi bor edi. Devor tash­qarisidagi chuqur xandaqlar bu gal ham dushman hujumini qiyinlashtirish uchun suvga to‘ldiriladi. 1864 yil 1 oktyabr kuni 8,5 rotadan iborat rus askarlari Yunusobod tomondan shaharga yaqinlashib Oqqo‘rg‘on tepaligi (hozirgi Toshkent observatoriyasi joylashgan tepalik)da o‘rnashadilar, so‘ngra shaharni qamal qiladilar va to‘plardan o‘qqa tutadilar. Toshkentliklar shaharni qattiq turib himoya qiladilar. Toshkent qamali haqida Qo‘qonga xabar berilgach, Qo‘qon xonligining lashkarboshisi Mullo Alim­qul tezda ko‘p ming kishilik qo‘shin to‘plab Toshkentga keladi. Chernyayev qo‘shinlari bilan Chimkentga chekinishga majbur bo‘ladi. Alimqul qo‘shini toshkentliklar bilan birgalikda Turkiston shahri, boshqa shahar, kent va qal’alarni dushmandan ozod qilish uchun 1864 yil noyabrda yo‘lga chiqadilar. Ular Turkiston shahri yaqinidagi Iqon qishlog‘ida Toshkentni razvedka qilish uchun jo‘natilayotgan rus qo‘shinlarining 100 kishidan iborat kazak otryadini tor-mor qiladilar. Biroq Alimqul harbiy yurishni davom ettirmay Toshkentga qaytadi. Bunga Qo‘qon xonligidagi ichki vaziyatning keskinlashuvi sabab bo‘lgan edi. Mullo Alimqul qo‘shinlari bilan Qo‘qonga qaytib ketadi.

1865 yil 27 aprelda general Chernyayev qariyb 2000 kishilik qo‘shin va 12 to‘p bilan yana Toshkent tomon yo‘lga chiqib Chirchiq daryosi yonidagi Niyozbek qal’asini jang bilan egalladi. Chernyayev ayrim mahalliy xoinlarning, xususan Abdurahmonbek degan kimsaning maslahati bilan shaharni suvsiz qoldirish maqsadida Niyozbek qal’asi yonidagi Kaykovus arig‘i (Bo‘zsuv kanali) suv oladigan to‘g‘onni buzdirib tashlaydi. Lashkarboshi Alimqul o‘z qo‘shini bilan Toshkentga yetib keladi va O‘rda saroyida katta yig‘in o‘tkazib shaharni himoya qilishga chaqiradi. Alimqul Buxoro amiri Muzaffarxonni rus bosqinchi qo‘shinlariga qarshi kurash ishiga putur yetkazayotganlikda ayblaydi.

General Chernyayev 1865 yil 7 mayda Niyozbekda bir garnizon qoldirib, qolgan qo‘shinlari bilan Toshkentga yaqinlashib keladi. Qo‘qon qo‘shinining Siddiq To‘ra boshliq ilg‘or (razvedka) bo‘limi dushmanning bir otliq va bir piyoda otryadi bir to‘p bilan Qorasuv bo‘yidagi SHo‘rtepadan chiqib Oltintepa (hozirgi «Buyuk Ipak yo‘li» metro stansiyasi yaqinida bo‘lgan) orqali Salor arig‘iga tomon kelayotganligini xabar qiladi. Alimqul ham ko‘rsatilgan yo‘nalish bo‘yicha o‘z qo‘shinlarining ma’lum qismi bilan Darxonsoy­ota arig‘ining o‘ng sohili (hozirgi taxminan Mustaqillik shohko‘chasi bilan Oqqo‘rg‘on ko‘chasi tutashgan joy)da dushmanga muqobil turadi. Bosh qo‘mondon harbiy qarorgohi ham Darxon sohiliga joylashtiriladi. Dushman qo‘shinlari Salor suvidan o‘tib Toshkent himoyachilariga qarata to‘pdan o‘q uzdilar. Ikki tomon o‘rtasida qattiq jang boshlanib ko‘p qurbonlar bo‘ldi. Jangda Alimqul katta mardlik ko‘rsatdi. Rus otryadi Toshkent himoyachilari hujumiga bardosh bera olmay yana Toshkentning shimoli-sharqidagi SHo‘rtepa manziliga chekinishga majbur bo‘ladi. Bu g‘alaba shaharda katta shodu hurramlik bilan qarshi olinsa-da, hali hal qiluvchi janglar oldinda edi.

9 may kuni ertalab SHo‘rtepada Toshkent himoyachilari dushmanga qarshi hujumni boshlab yubordilar. Jang dahshatli tus olib, har ikki tarafdan ko‘p qurbonlar va yaradorlar bo‘ldi. Jangda Mullo Alimqul miltiq o‘qidan og‘ir yarador bo‘lib Toshkentda vafot etdi va 1865 yil 10 mayda Shayxontohur qabristoniga dafn etildi. Sardorsiz qolgan himoyachilar o‘rtasida parokandalik va vahima boshlanadi va ular Salor bo‘yiga chekinadilar. Qo‘qon xonligi askarlari shahardan chiqib o‘z yurtlariga ketdilar. Toshkentda Qo‘qon xonligining qariyb 60 yillik hukmronligi tugadi.

Toshkentda umumiy tartibsizlik boshlanib, shaharda amalda hokimiyat barham topdi. Lekin Chernyayev qo‘shinlari bilan shahar ichiga darhol bostirib kirishga jur’at etmadi, qolgan askarlari tor-mor etilishidan qo‘rqdi, chunki shahardagi ichki ahvol hali unga noma’lum edi. Shu sababli rus qo‘shinlari yana SHo‘rtepaga qaytib, 17 maygacha o‘sha yerda turdi. Shu asnoda Toshkent a’yonlari Qo‘qonga, Buxoro amiri Muzaffarxonga va Xiva xoniga yordam so‘rab murojaat qiladi. Qo‘qonliklar yordam berishdan voz kechib rad javobini berdi. Buxoro amiri agar Toshkent hokimiyati Buxoro hukm­ronligini tan olsa va yaqinda Toshkent xoni etib saylangan Sulton Saidxonni amir qarorgohiga yuborsagina Toshkentni o‘z himoyasiga olishni aytib maktub yo‘lladi. Toshkent a’yonlarida birlik yo‘q edi. Bir guruhi hamon Qo‘qonga, ikkinchisi Buxoroga umid bog‘lar edi. Uchinchi guruh asosan nufuzli savdo ahli bo‘lib, ularda savdo manfaatlari ustun edi. Nihoyat Buxoro tarafdorlari guruhi ustun chiqib, Toshkent xoni Sulton Saidxonni Buxoroga jo‘natdilar va Buxoro amirligi panohiga o‘tganliklarini izhor etdilar. Bu Toshkent himoyachilarining ruhini tushirib yubordi. Shahar o‘z qismatiga tashlab qo‘yildi. General Chernyayev fursatni boy bermaslik uchun Toshkentni qamal qilib, Buxoro amirining betaraf bo‘lishini istab, unga xat yo‘lladi. Bu xatda u Qo‘qon xonligiga qarashli yerlarning deyarli yarmini bosib olganini ta’kidlab, qo‘qonliklar tinchimasdan Iqonga hujum qilganini yozadi, ularni jazolash maqsadida Toshkent ostonasiga rus qo‘shinini olib kelganini aytadi. Ayni vaqtda Chernyayev o‘zini amirga xayrixoh qilib ko‘rsatadi, agar zarur bo‘lsa unga yordam berishga tayyor ekanini aytib, Qo‘qon taxtiga Xudoyorxonni o‘tkazishni taklif qiladi. General bosib olingan yerlardan maxsus Turkiston oblasti tuzilganini, o‘zi oblastga harbiy gubernator qilib tayinlanganini ham yozadi. U Buxoro amirining javobini Toshkent ostonalarida kutishini bildiradi. Bu xatni olgan Buxoro amiri Toshkentni bos­qinchilardan himoya qilish uchun toshkentliklarga yordam berishga jur’at etmaydi va Xudoyorxonni Qo‘qon taxtiga o‘tkazishga ko‘maklashishga harakat qiladi. Shunday qilib, general Chernyayev Toshkentni yakkalab qo‘yishga erishadi.

Toshkentliklarning barcha himoya kuchlarini shahar devori bo‘ylab tarqatish va markazda himoya kuchlarini qoldirmaslik maqsadida Chernyayev o‘z qo‘shinlari bilan shahar atrofida aylanib hujum qilish uchun qulay joy qidirayotgandek bo‘ladi. Mudofaachilar shahardan tashqariga chiqib rus qo‘shinlariga hujum qilmadilar. Chernyayev Toshkentni ocharchilik va suvsizlik vositasi bilan olmoqchi bo‘ldi. Shaharda faqat quduqlar suvidan foydalanib turildi, oziq-ovqat zahirasi tugadi.

1865 yil 6 iyundan 7 iyunga o‘tar kechasi Chernyayev shaharga hujum qilishga urinib ko‘rdi. Shaharda umumiy tartibsizlik kuchayib bordi. Bundan foydalangan general Chernyayev askarlari 1865 yil 14 iyunda shaharga bostirib kirishga muvaffaq bo‘ldi. Hujum tong saharda Qo‘qon darvozasi yonida to‘plardan o‘t ochish bilan boshlandi. Ayni vaqtda dushmanning asosiy kuchlari Kamolon darvozasidan kirib keldi. Bir yarim soat davom etgan og‘ir jangdan so‘ng rus askarlari do‘kon va uylarga o‘t qo‘yib, Shayx Shibli arig‘i or­qali qal’a devorining shimol tomoniga o‘tib o‘rnashdi. 15 iyunda dushman yana hujumga o‘tdi. Toshkentliklar qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Xususan, Abdurahim yasovul boshchiligida «Qiyot» mahallasi aholisi dushmanga qarshi shiddat bilan jang qildi. Mardlik ko‘rsatgan mudofaachilar orasida Miryusuf Mirsulton bog‘bon o‘g‘li, Umarxon To‘raxon o‘g‘li, Mirsodiq Mirshodi o‘g‘li, Normuhammad va Mullasher Mergan kabi oddiy xalq vakillari bor edi. Ular dushman hujumini bir necha bor qaytarib, oxiri shahar chetiga chiqib ketishga majbur etdilar. Lekin nisbatan yaxshi qurollangan va qattiq harbiy intizomga bo‘ysungan rus qo‘shinlari ustunlikni qo‘lga kiritdi. Shaharga bostirib kirgan otryad dar­hol O‘rda tomonga harakat qildi va soat 7 yarimda O‘rda saroyini egalladilar. Xon saroyi o‘t ichida qoldi. Rus askarlari ayrim xoin kishilar orqali shahardagi o‘q-dori omborini topib, uni portlatishga muvaffaq bo‘ldi. Bu shahar mudofaa taqdirini hal qilgan omillardan biri bo‘ldi. 16 iyunda Krayevskiy boshliq bosqinchilar guruhi O‘rda saroyi devorlari va istehkomlarni portlatdi. Uch kun davom etgan mislsiz jang, 42 kun suvsizlik, ochlik va o‘q-dori yetishmasligi, qurbon va yarador bo‘lganlarning soni ortib borishi natijasida mudofaachilarning tinkasi quridi. Juda ko‘p odam qurbon bo‘ldi. Chernyayevning buyrug‘i bilan uylar yondirildi, egalari otib tashlandi, miltiq nayzasi bilan sanchib o‘ldirildi, birorta ham yoshu qariga shafqat qilinmadi. Shayxontohur, Beshyog‘och va boshqa joylarda to‘plarini o‘rnatgan general Chernyayev, agar Toshkent mudofaachilari taslim bo‘lmasa shaharni to‘pga tutib vayron qilishini aytdi.

1865 yil 17 iyunda ertalab toshkentliklar dushman hujumlariga bardosh bera olmay taslim bo‘ldilar. Shundan so‘ng shahar a’yonlari Toshkentning 12 darvozasi rasmiy oltin kalitlarini Chernyayevga topshirdilar. Shunday qilib, shaharda va unga qarashli atrof yerlarda chor Rossiyasining hukmronligi o‘rnatildi. Chernyayevning maqsadi Toshkentni bosib olgach, navbatdagi bosib olishlar uchun uni Rossiya imperiyasining janubidagi harbiy tayanch punktiga aylantirish edi. Lekin general Chernyayev chor hukumatining ruxsatisiz o‘zboshimchalik bilan Toshkentga yurish boshlagan edi. Uning g‘alabasi Sankt-Peterburg­da zo‘r mamnuniyat bilan qabul qilingan bo‘lsa ham, tavakkaliga ish yuritishi oqibatida katta ziyon keltirishi mumkin edi. Uning o‘zboshimchaligi oq podsho a’yonlarining nafsoniyatiga tegib norozilik tug‘dirdi.

Darhaqiqat Toshkentning qo‘qqisdan bosib olinishi xalqaro matbuotda shovqin-suron ko‘tarilishiga va rus hukumatiga nisbatan Yevropada norozilik kuchayishiga olib keldi. Hukumat doiralari va matbuotda chor Rossiyasi Turkistondan keyin Hindistonni bosib olmoqchi, degan xabar tarqaldi. Bu ayniqsa, Angliyaning noroziligini uyg‘otib, uning Rossiya bilan munosabatini jiddiy tus oldirdi. Shu sababdan general Chernyayev o‘z bosqinchiligini oqlash maqsadida go‘yo Toshkent ixtiyoriy ravishda rus qo‘shinlariga bo‘ysunganligi haqida shahar a’yonlari nomidan qalbaki hujjat uyushtirishga kirishdi. Bu «Hujjat» oxirida shunday jumla bor edi: «… fuqaro va mamlakat tinchligi uchun tamomi ixtiyorimiz va rag‘batimiz bilan rus sardorlari va askarlarini olib kelib ularga shaharni topshirdik». Bundan ko‘rinib turibdiki, toshkentliklar shahar mudofaasi uchun bo‘lgan qattiq janglar va berilgan qurbonlarni tamoman inkor etib, «ixtiyoriy» ravishda rus askarlariga bo‘ysunganliklarini tan olishlari lozim edi. Qalbaki hujjatning mazmuni bayon etilgandan keyin, o‘sha davr tarixchisi Muhammad Solihxo‘janing yozishicha, ilg‘or fikrli shahar a’yonlaridan Domla Muhammad Solihbek Oxund shunday javob qilgan:

Solihbek Oxund javobi:

«Bizlar voqyea va hodisalarni bekitmasdan ma’lum qilamizki, Toshkentdan Oqmasjidgacha va bu yerdan Fuljagacha bo‘lgan shahar va qal’alar Toshkentga qarar edi. Bu joylarni rus askarlari urush va talash bilan qo‘llariga kirgizdilar. Urush to‘satdan, muhlatsiz va so‘zsiz olib borildi. Toshkent shahri zulhijja oyining yarmidan boshlab safar oyining 12-kunigacha, ya’ni 42 kun davomida suvsiz, oziq-ovqatsiz qoldirildi. Mullo Alimqul lashkarboshi shahid bo‘lgandan keyin (himoyachilar) sardorsiz qoldi. Buxoro, Xorazm va farg‘onaliklar yordam bermadilar. Toshkentliklar vatani va dini uchun qattiq turib urushni davom ettirdi. Seshanba kuni yarim kecha o‘tgandan keyin, saharga yaqin rus askarlari Xiyobon darvozasi va qal’aning devori ustidan fuqaro uyqudaligi vaqtida bostirib kirdi. Shundan keyin yana urushga kirishib, payshanba kungacha ikki kecha-kunduz urushib turdilar. Bu o‘rtada ko‘p imoratlar, do‘konlar va uy-joylarga o‘t tushib och, tashna, suvsiz yakkama-yakka urush bo‘lib oxirida yarashish sulhi tuzildi».

Bu haqiqiy ahvolni aks ettiruvchi javob general Chernyayevni g‘azabga keltirdi. U Domla Muhammad Solihbek Oxund so‘ziga qo‘shiluvchi kishilarning bir tarafga o‘tishlarini buyurdi. Shundan keyin shahar kattalaridan 6 kishi (Hakimboy, Berdiboy, Azimboy, Mulla Mirzaa’lam Oxund, Mulla Muzaffarxo‘ja va Mulla Fayzinor Domla) Domla Muhammad Solihbek Oxund so‘zini quvvatlab ko‘rsatilgan tarafga o‘tdi. Ular va Domla Muhammad Solihbek Oxund darhol rus askarlari tomonidan o‘rab olinib qamoqqa jo‘natildi. Bu holat to‘plangan shahar a’yonlariga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa kerak, ular general Chernyayev aytgan ahdnomani u talab qilgan mazmunda tayyorlab berishni zimmalariga oldilar. Hakimxo‘ja qozi kalon ahdnomani bezash va tuzishni Abdusattor Qorabosh o‘g‘liga topshirdi. Ahdnoma tayyorlangandan so‘ng unga shahar kattalari va savdogarlari qo‘l qo‘yib va muhr bosib general Chernyayevga topshirildi. General Chernyayev Domla Muhammad Solihbek Oxund va uning tarafdorlarini Sibirning Tomsk shahriga surgun qildi.

General Chernyayev ahdnomani Abusaid va Xodixo‘ja ismli savdogarlar qo‘liga berib, Sankt-Peterburgga podshoga olib borishni buyurgan. Rus hukumati bu ahdnomani bosqinchilikni yashirish va jahon matbuotida Turkiston, jumladan Toshkentning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinganligi haqidagi xabarlarini bartaraf qilish maqsadida chet el mamlakatlariga tar­qatdi. Jumladan, Turkiyadagi rus elchixonasi ahdnoma nusxalarini ko‘paytirib Istanbul ko‘chalari, bozorlari va do‘konlariga yopishtirib qo‘ygan.

Shunday qilib, general Chernyayev Toshkentni bosib olgandan so‘ng ahdnomani, ya’ni sulh shartlari va haqiqiy ahvolni buzib ko‘rsatuvchi qalbaki hujjatni tuzishga erishdi. 1865 yil sentyabr oyida Orenburg general-gubernatori Krijanovskiy Toshkentga kelib shahar Rossiya imperiyasi tasarrufiga o‘tganligini e’lon qildi. Buni u Toshkentni Buxoro va Qo‘qon xonliklari ta’siriga berilib ketmasligining oldini olish maqsadida qilgan edi. Chunki shaharda ayrim guruhlarning o‘sha xonliklar yordamida urushni davom ettirish harakati sezilmoqda edi. Buxoro xoni Muzaffar Toshkentga elchi yuborib shahardan rus qo‘shinlarini olib chiqib ketishni Chernyayevdan talab qilgan edi.

Falabalardan dimog‘i ko‘tarilgan Chernyayev o‘z boshlig‘i Krijanovskiy bilan munosabatlarini keskinlashtirib, o‘zboshimcha xatti-harakatlarni avjiga chiqarib yubordi. Bunday harakatlar Sankt-Peterburg hukumati yuqo­ri rahbarlariga ham yoqmadi. Buning ustiga Chernyayev 1866 yil fevral oyida Jizzaxda Buxoro qo‘shinlaridan yengilib qaytdi. Natijada Krijanovskiyning taklifi bilan podsho ma’muriyati 1866 yil mart oyida general Chernyayevni chaqirib oldi va o‘rniga D.I.Romanovskiyni tayinladi. Toshkentni bosib olgani uchun chor Rossiyasi hukumati M.G.Chernyayevga oltin qilich va keyinchalik 10 ming so‘m mukofot va har yiliga 3 ming so‘mdan bir umrlik nafaqa tayinladi.

1866 yil avgust oyida Rossiya imperatorining Toshkent Rossiya tobeligiga olinganligi haqida rasmiy farmoni e’lon qilindi. 1867 yil esa Sirdaryo va Yettisuv oblastlarini o‘z ichiga olgan Turkiston general-gubernatorligi tashkil etilib, general Kaufman gubernator etib tayinlandi. Toshkent shahri Turkiston general-gubernatorligining siyo­siy, iqtisodiy va madaniy markazi bo‘ldi. Anhorning chap sohilida mustamlakachi to‘ralar va harbiylar uchun Yangi shahar qurila boshladi. 1865 yil avgust – oktyabr oylarida Anhor bo‘yida, Toshkentning Ko‘ymas darvozasi yaqinida harbiy qal’a – Toshkent Tuproq­qo‘rg‘oni barpo etildi. Yangi shaharda podsho hukumatining mustamlakachilik siyosatini shaf­qatsizlarcha amalga oshiruvchi harbiy va grajdan ma’muriy idora va mahkamalari o‘rnashdi. Shu vaqtdan tarixiy Toshkent Eski shahar deb atala boshladi. Yangi shahar aholisi asosan ruslar va boshqa yevropaliklardan iborat edi. Toshkentning Rossiya imperiyasi qo‘shinlari tomonidan bosib olinishi butun Turkiston (O‘rta Osiyo) taqdirini uzil-kesil hal qildi. Chor hukumati bu shaharda kuch to‘plab birin-ketin Qo‘qon, Buxoro va Xiva xonliklarini bosib oldi.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/toshkentning-bosib-olinishi-1865-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x