Toshkentliklar. Abdulla Avloniy


Post Views:
1 249

Abdulla AVLONIY (1878.12.7–1934.24.8) – ma’rifatparvar, jurnalist, davlat va jamoat arbobi. Toshkentda tug‘ilgan. 1906 yildan she’rlari bilan matbuotda qatnasha boshlagan. 1906 yil «Taraqqiy», 1907 yil o‘z uyida (Toshkentda) «Shuhrat» gazetalarini chiqargan. Bu gazetalar yopib qo‘yilgach, 1908 yil yashirin ravishda «Osiyo» gazetasini nashr etdi. Toshkent shahrining Mirobod mahallasida yangi usul maktabi ochib (1908), o‘zi ona tili va adabiyotdan dars bergan. 1909 yil «Jamiyati xayriya» tuzib, yetim bolalarni o‘qitgan. Shundan keyin Toshkentning Degrez mahallasida ikki sinfli maktab ochgan (1912). Avloniy yangi maktablar uchun qo‘llanma va o‘qish kitoblari yozib nashr qildirgan [masalan, «Birinchi muallim», 1911; «Ikkinchi muallim», 1912; «Turkiy guliston yoxud axloq», 1913; 4 juz (qism)li «Adabiyot yoxud milliy she’rlar» to‘plami, 1909–15; «Maktab gulistoni», 1915; «Mardikorlar ashulasi», 1917 va boshqalar]. Munavvarqori, Tavallo, Rustambek Yusufbekov, Shokirjon Rahimiy va boshqa ma’rifatparlar bilan birgalikda «Nashriyot» (1914), «Maktab» (1916) kitob nashr qilish shirkatlarini tashkil etgan. 1913 yil «Turkiston» nomli teatr truppasini tashkil etishda va uning ishida faol qatnashgan. 1917 yil «Turon» gazetasini nashr qilgan. Avloniy «Ishtirokiyun» gazetasi tashkilotchisi va muharriri. 1919–20-yillarda SHo‘ro hukumatining Afg‘onistondagi siyosiy vakili va konsuli. «Kasabachilik harakati» jurnali bosh muharriri (1921). Eski shahardagi xotin-qizlar va erlar maorif bilim yurtlari (inproslar)da mudir (1923–24), Toshkent harbiy maktabida o‘qituvchi (1924–29). 1930–34 yillarda O‘rta Osiyo universiteti til va adabiyot kafedrasi mudiri, professori. Shu davrda o‘zbek maktablarining 7-sinfi uchun «Adabiyot xrestomatiyasi» tuzib, nashr ettirgan (1933). Avloniyning she’riy to‘plamlari, dramatik asarlari nashr etilgan. U tanqidiy va ilmiy maqolalar, 4000 misradan ortiq she’r ijod qilgan. Botkin ko‘chasidagi qabristonga dafn etilgan. Toshkentdagi ko‘chalardan biri, Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy instituti Avloniy nomi bilan ataladi. Avloniy yodgorlik muzeyi ochilgan.

AVLONIY YODGORLIK MUZEYI (Ziyo ko‘chasi, 6) – dastlab 1968 yil tashkil etilgan. Bu uyda 1910–34 yillarda A. Avloniy yashagan. O‘zbekiston kitobsevarlar jamiyati tashabbusi bilan 1988 yil dekabrda Avloniy uy-muzeyi nomi bilan rasmiy ravishda ochilgan. Keyinchalik muzey A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy instituti binosiga ko‘chirilgan va 1993 yil 26 dekabrda Avloniy yodgorlik muzeyi nomi bilan ochilgan. Muzeyda jami 682 ta eksponat bor. Muzey yodgorlik va adabiy bo‘limlardan iborat. Yodgorlik bo‘limida Avloniy yashagan turmush sharoiti, shaxsiy buyumlari, o‘zbek hamda rus tillaridagi kitoblar saqlanmoqda. Adabiy bo‘limda Avloniyning pedagogik, ma’rifatparvarlik, jurnalistik, t-r va adabiyot sohasidagi hamda ijtimoiy faoliyati bilan bog‘liq fotosurat, hujjatlar, kitob va jurnallar mavjud.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/toshkentliklar-abdulla-avloniy-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x