Post Views:
599
Qozi – musulmon davlatlarida hukmdor tomonidan tayinlanadigan, shariat asosida sud vazifasini bajaruvchi, sud’ya, sha’riy mahkama raisi.
O‘rta Osiyo xonliklari davrida qozilar xozirgi sud, prokuror, notarius vazifalarini bajarganlar, ya’ni fiqh (shariat qonunlari) asosida fuqarolik ishlari, jinoiy ishlarni ko‘rib chiqqanlar, xar qanday bitim, shartnoma, vasiyatnomalarni tasdiqlaganlar.
Tariximizda muhim o‘rin tutadigan qozilar ko‘plab uchraydi. Jumladan, Turkiston jadidlarining yo‘lboshchisi, o‘zbek milliy teatrining asoschisi, ma’rifatparvar Mahmudho‘ja Behbudiy dastlab Samarqand shahri qozisi bo‘lgan.
Biroq xali faoliyati to‘liq o‘rganilmagan qozilar ham mavjud.
Muhammad Yunus Toib Muhammad Amin o‘g‘li 1830 yilda Toshkentda, Sebzor dahasi, Kunjak mahallasida tavallud topgan. Dastlabki ta’limni Toshkentda olib, keyinchalik Qo‘qon madrasalarida tahsil olgan.
Muhammad Yunus Toib – Qo‘qon xonligi hamda Sharqiy Turkistonning tarixi va madaniyatida katta iz qoldirgan shaxslardan. U 1860 yili Qo‘qon sarkardasi amirlashkar Aliquli (1830-1865) xizmatiga o‘tib, avval mirzo, keyin mirzaboshi, dodxoh va shig‘ovullik (tashqi ishlar vaziri) mansabiga ko‘tariladi. Bundan tashqari, keyinchalik Muhammad Yunus Toib nazorati ostiga boshqa muhim amaldorlar ham beriladi.
Muhammad Yunus Toib 1860-1865 yillari amirlashkar Aliquliga shaxsiy maslahatchi bo‘lib, Qo‘qon xonligining ichki va tashqi siyosatiga oid ishlarda faoliyat ko‘rsatgan. Muhammad Yunus Toib maslahati bilan 1860 yillarning boshlarida Xitoy, Afg‘oniston, Turkiya, Angliya va Rossiyaga elchilar yuborilgan. Muhammad Yunus Toib ba’zi elchilar nomzodini xon va amirlashkar Aliquliga o‘zi taklif qilganini asarlarida ta’kidlagan.
U Avliyoota va Turkiston himoyasida, Chimkent va Toshkent mudofaasida faol qatnashgan. Toshkent ruslar qo‘liga o‘tgandan keyin 1865 yilning oxirlarida Muhammad Yunus Toib Sharqiy Turkistonga borib, Yoqubbek Badavlat tomonidan tuzilgan davlatning Yorkent shahrida hokim bo‘ladi.
Yoqubbek Badavlatning davlatiga g‘arb mamlakatlarining qiziqishi katta bo‘lgan, shuning uchun elchiliklar va sayyohlarning keti uzilmagan. Mazkur mehmonlar deyarli barchasi Muhammad Yunus Toib bilan suhbatlashgan, ular Muhammad Yunus Toibning Yorkentdagi, Yoqubbek Badavlatning davlatidagi faoliyatiga baho bergan.
Misol uchun B.Teylor (B. Taylor)ning “Central Asia. Travels in Cashmere, little Tibet and Central Asia” (New York, 1874 y.) asarida ingliz sayyohlarining Muhammad Yunus Toib bilan suhbati berilgan, suhbat jarayonida Muhammad Yunus Toib o‘zining diplomatik ko‘nikmalarini namoyon eta olgan. Jumladan, 1857 yilda Sharqiy Turkistonda Valixon to‘ra qo‘zg‘oloni davrida Valixon to‘ra tomonidan qatl ettirilgan Adol’f Shlaginveyt ismli nemis olimi uchun uzr so‘ragan. Mazkur kitobda shuningdek Muhammad Yunus Toibning rasmi ham berilgan.
Londonda nashr etiladigan “The Journal of the Royal Geographical Society of London”ning 1871 yilgi 41-sonida Hindistondagi ingliz harbiy amaldori T. G. Montgomerining “Report of “The Mirzas”. Exploration from Caubul to Kashgar” nomli maqolasida ham Muhammad Yunus Toib haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan. Maqolada “Mirza” laqabli Angliya davlati xodimi 1869 yilda Qobuldan Qashqarga sayohat qilganligi, sayohat davomida Yorkentda bo‘lganligi, Yorkent hokimi Muhammad Yunus Toib liberal qarashlarga ega ekanligi, Yoqubbek Badavlatning Sharqiy Turkiston hukumatida barcha (shu jumladan, Yoqubbek Badavlat ham) Muhammad Yunus Toib bilan hisoblashishi, Yorkentning shimoliy qismida Muhammad Yunus Toib masjid va bolalar maktabi qurdirganligini bayon etilgan.
Shuningdek, Qashqardagi Rossiya konsuli A.N. Kuropatkin o‘zining “Kashgariya” (Sankt- Peterburg – 1879 y.) asarida Muhammad Yunus Toib haqida “Muhammad Yunus Toibning mahoratini qadrlovchilarning bizga aytishicha, agar istasa, Muhammad Yunus Toib jiddiy hujjatni shunday yozadiki, siz uni yig‘lamasdan o‘qiy olmaysiz” deydi.
1877 yilda Yoqubbek Badavlatning sirli vafotidan so‘ng, ichki nizolarga yuz tutgan uning davlati Xitoy tomonidan bosib olinadi. Natijada, Muhammad Yunus Toib Yorkand shahrini tashlab, Qo‘qon shahriga qaytib keladi. Muhammad Yunus Toib Qo‘qon shahrida ijod bilan mashg‘ul bo‘ladi, shu bilan birga 1897 yilda Qo‘qon shahri Qatag‘on dahasining qozisi etib saylanadi.
U kishi iste’dodli shoir, muarrix, adib, xattot bo‘lib, mukammal devondan tashqari, “Tarixi Aliquli amirlashkar”, “Xadiqat al-anvor” (Nurlar bo‘stoni) hamda “Tuhfai Toyyib” kabi asarlarni yozib qoldirgan.
Muhammad Yunus Toib 1905 yilda Qo‘qon shahrida vafot etgan. Ayrim manbalarda uning farzandlari, yaqin qarindoshlari haqida sayoz ma’lumotlar uchraydi.
Muhammad Yunus Toibning “Tarixi Aliquli amirlashkar” asari ingliz tilida “The life of Alimqul” nomi bilan 2003 yilda Angliyada, “Tuhfai Toyyib” asari esa 2002 yilda ingliz tilida Yaponiyada nashr etilgan.
Muhammad Yunus Toib ilmiy merosini o‘rganishda olimlardan T. Beysembiev (marhum) hamda tarix fanlari doktori, professor Sh. Vohidovning xizmatlari nihoyatda katta.
Mirkomil Mirmaqsudov,
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanlararo iqtisodiy sudi raisi
https://shosh.uz/uz/toshkentlik-muhammad-yunus-toib-biz-bilmagan-qozi/