Toshkentim – onam

Men Toshkent farzandiman. Odatda, hech qaysi bola oʻz onasiga “Men Sizning oʻgʻlingizman”, degan soʻzni tantana bilan, hayqirib gapirmaydi. Oddiygina qilib, ehtirom bilan aytadi: men Sizning oʻgʻlingizman! Hozir men ham xuddi shunaqa holatdaman. Nihoyatda oddiy qilib, ammo yuragim faxrlanish tuygʻusiga toʻlib, osoyishta quvonch bilan aytamanki, men Toshkent farzandiman.

Esimda, metro qurilayotgan paytlar edi. Boʻlajak “Paxtakor” stansiyasining ulkan hovuzidek kotlovaniga uzundan-uzoq choʻzilgan zinapoyalardan tushdim. Gʻorga oʻxshash metro yoʻliga kirdim. “Gʻor” ichida qon tomirlaridek elektr simlari, toza havo olib boradigan quvurlar… Unda-bunda koʻrinib turgan chiroqlar, xiyol ogʻir, zaxkash havo. Xira yiltirab turgan izlar… Tuproq toʻldirilgan vagonetkalar… Yonimdan guldurab oʻtib ketgan vagonetkadan toʻkilgan tuproqni beixtiyor qoʻlimga oldim. Bir siqim tuproq… Ajab, tuproq undek mayin, qizgʻish tusli, iliq edi. Xuddi hozirgina tomirdan oqib chiqqan qondek… Oʻshanda nima uchun bunday ahvolga tushganimni bilmayman. Rostini aytsam, bunaqa holatni boshiga tushgan odamgina his qilishi mumkin. Bir siqim tuproqni koʻksimga bosgancha, boʻlajak metroning beton devoriga suyanib, uzoq turib qoldim. Bir-biriga zid, uzuq-yuluq xayollar vujudimni larzaga soldi.

Bir vaqtlar, bundan toʻrt yuz ellik yil ilgari Zayniddin Vosifiy taʼriflagan tuproq shumi? Vosifiy “Tuprogʻin gardlari yetsa falakka, boʻlgudek toʻtiyo chashmi malakka! Shuning-chun, yel uni eltib osmona, atru upa qilur huru gʻilmona!” deganda shu tuproqni nazarda tutgan emasmidi? Ehtimol, oʻn beshinchi asr Toshkent tuprogʻi Vosifiyga shunday koʻringandir. Biroq miloddan besh ming yil avval – bugungi kundan yetti ming yil narida ham shu tuproq bor edi-ku! Oʻsha zamonlarda, fan tili bilan aytsak, boʻr davrida ham insonlar yashagan edi bu yerda! Afsuski, tuproqning tili yoʻq. Agar boʻlsa, u juda koʻp narsalarni aytib bergan boʻlur edi.

Qadimiy kitoblarda gʻalati gaplar yozilgan. Tuproqqa qoʻyilganidan keyin hammaning xoki bir-biri bilan qoʻshilib ketarmish. Unday boʻlsa, mana shu bir siqim tuproq kimniki? Kimlarning xoki bu? Miloddan ilgari 329-yili makedoniyalik Iskandarni Sirdaryo boʻylarida tigʻi parronga uchratgan, oʻz yurtini oʻzgalar bosqinidan himoya qilgan shaknikimi yoki ayni oʻzgalar yerini bosib olishdan mast boʻlib yer tishlagan bosqinchinikimi? Oʻz yurtiga sigʻmay oʻzgalar yurtini vayronaga aylantirgan sahroyi Chingiz lashkarining xokimi yoki bundan rosa ming yil ilgari butun dunyoga dongʻi ketgan “Kamoni Shoshiy” deb atalmish, eng uzoqqa otiladigan, moʻljalga eng bexato tegadigan kamon oʻqini yasab dushmanga otgan hunarmandnikimi?

Ehtimol bu tuproq bir vaqtlar Toshkent xoni boʻlmish Yunusxonning qizi, Boburga koʻkrak suti bergan, uning beshigini tebratgan onaizori Qutlugʻ Nigorxonim oyogʻiga toʻtiyo boʻlgandir. Balki bu Toshkentda kindik qoni toʻkilgan, oʻn toʻrtinchi asrda shoirlar shohi unvoniga sazovor boʻlgan Badriddin Chochiy, ulugʻ bobomiz hazrat Alisher Navoiyning eʼtirofiga sazovor boʻlgan shoir Uloyi Shoshiy, zamonasining ulkan olimi Xisomiddin Shoshiy, mashhur tabib Hakim Shavkatiy, bastakor Shohusayn Toshkandiy singari tabarruk zotlarning iziga qorishgan tuproqdir. Ehtimol qadimiy Shoshtepa ahli, Mingoʻrik hunarmandlari “Kampirdevor” deb atalmish yuzlab chaqirimga choʻzilgan himoya devorini qurganlarida mana shu tuproqdan zuvala qorishgandir?! Ehtimol bundan salkam ikki yuz yil ilgari uzoq sharqdan kelayotgan yov qutqusidan qutulish uchun Peterburgga elchi boʻlib borgan Mullajon oxun Maxsum bilan Ashurali Bahodir uzoq safarga ketayotganida mana shu tuproqdan bir hovuch olib tavof qilishgandir?!

Bilmadim… Tuproqning tili yoʻq… Ammo insonning xotirasi bor. Modomiki inson xotirasi bor ekan, tuproq ham tilga kiradi. Tuproqning tili bor ekan, inson xotirasining imoni but ekanki, biz koʻp haqiqatlarni bilib oldik. Shuni bildikki, “Avesto”da yozilganidek “Chayechesto” deymizmi, Ptolomeydan tarjima qilib “Tosh qalʼa” deymizmi, “Shosh” yoki “Choch” deymizmi, “Mingoʻrik” yoki “Binkat” deymizmi, Toshkent rosa ikki ming yildan beri bor. Ikki ming yildirki, u – shahar! Xuddi mana shu haqiqatni oʻzbek arxeologiyasining otasi Yahyo Gʻulomov isbotlab berdi. Shogirdlari esa ustoz boshlagan ishni davom ettirib, inson aqlini lol qoldiradigan dalillarni topishdi. Mana, oʻsha dalil: Shoshtepadan qalam topildi! Suyakdan yasalgan qalam. Ikki ming yil ilgari Toshkentda bunyod etilgan, uzunligi oʻn besh santimetr keladigan qalam… Hayot murakkab. Inson taqdirida nayza ham, oʻq-yoy ham xizmat qilishi mumkin. Goh himoya uchun, goh hujum uchun. Ammo qalam… Qalam pichoq emas. U qon toʻkishga xizmat qilmaydi. Ikki ming yil ilgari Toshkentda qalam boʻlgan ekan, demak xat-savod boʻlgan, ilm boʻlgan. Bu bilan faxrlanmaslikning oʻzi borib turgan gumrohlik! Bundan chiqdi, shahar ahli urushni emas, koʻproq tinchlikni orzu qilgan. Ming yil ilgari yaratilgan siyohdon, kichkintoylarga atab chiqarilgan oʻyinchoqlar shundan darak bermaydimi?

…Oʻshanda, hali bitmagan metroning beton devoriga suyanib turib hovuchimdagi tuproqni koʻksimga bosgancha mana shu haqiqatlarni oʻyladim. Koʻp oʻyladim. Qizigʻi shundaki, hayotning bizga boʻysunmaydigan gʻalati qoidalari bor. Baʼzan oʻzgalar yurtiga hujum qilgan bosqinchi bilan oʻz yurtini himoya qilgan fidoyi bir-biriga baravar nayza sanchadi-yu, ikkalasi ham baravar halok boʻladi. Ikkalasining xoki qoʻshilib ketishi hech gap emas. Biroq inson xotirasi yaxshini yomondan, pokni razildan ajrata oladi. Oʻlganlar oʻladi. Adolatni qabohatdan ajratib olish – tiriklarning vazifasi.

Dunyoda ajib haqiqatlar bor. Mahalliy mahsulot boʻlishi mumkin. Mahalliy doʻppi… Mahalliy komanda… Ammo mahalliy odam, ayniqsa mahalliy ijodkor boʻlishi mumkin emas. Ovozi mahallasidan nariga chiqmaydigan sozanda, yozgani mahallasidan narida oʻqilmaydigan qalamkash eng baxtsiz, eng mayda odam boʻladi! Ijodkor faqat oʻz mahallasining, oʻz shahrining bolasi emas, xalqning, Vatanning, qoʻlidan kelsa, yaxshi niyatli butun insoniyatning farzandi boʻlishi kerak. Bu haqiqatni menga onam oʻrgatgan. Oddiy, chalasavod onam.

Oʻshanda kichkina edim. Maktabga qatnamasdim. Kunlardan birida “tilla koʻzoynak” taqib yuradigan bir “professor”nikiga mehmonga bordik. Men tengi oʻgʻlining uch oyoqli velosipedi bor ekan. Mening unga juda havasim keldi. Ammo jurʼat qilib velosipedini soʻray olmadim. Biron joyiga tegsam sinib qolishidan qoʻrqdim.

Oʻzimizning uyga qaytgandan keyin onamga hiqilladim.

– Sirojning velosipedi bor ekan.

Onam indamadi.

– Hovlisida hovuz bor ekan.

Onam tagʻin indamadi.

– Tomi tunuka ekan.

Onam bu safar ham indamagan edi, dardim yorildi.

– Biznikidan chakka oʻtadi, – dedim oʻkinib.

Shunda onam gʻalati gap aytdi.

– Sirojlarning uyi yaxshi, ammo odam eng avval oʻz uyini yaxshi koʻrishi kerak. Boʻlmasa, boshqa joylarni ham yaxshi koʻrolmaydigan boʻlib qoladi. Sirojlarning hovuzi bor-u, lekin sen oʻzimizning Qonqusni yaxshi koʻr. Chunki biz shu anhordan suv ichamiz, bolam. Agar sen oʻzimizning Doʻmbirobodni yomon koʻrsang, shahringni ham, butun yurtingni ham yaxshi koʻrmaydigan boʻlib qolasan, tushundingmi?

Ehtimol oʻshanda bu gaplarni judayam yaxshi tushunmagandirman. Yillar oʻtib, aqlim ozmi-koʻpmi tiniqlashganidan keyin ajib bir haqiqatni anglab yetdim. Vatan uyingning ostonasidan boshlanadi, degan gapni kim aytgan boʻlsa, xoʻp haqiqatni gapirgan ekan. Oʻz yaqinlariga yaxshilik qilmaydigan odam “men gumanistman” deb harchand koʻksiga urmasin, yolgʻonchidir. Oʻz onasiga qoʻl koʻtargan kimsa Vataniga xiyonat qilmaydi, deb kim kafolat bera oladi?!

…Metro havzasidan olganim bir siqim tuproqni hamon avaylab saqlayman. Bilamanki, bu tabarruk tuproq. Ikki ming yoshga kirgan keksa, ammo hamisha navqiron Toshkent tuprogʻi. Bu tuproq hamisha ezgulikni niyat qilgan, uzoq-yaqin yurtlarda non shahri, vijdon shahri, birodarlik va doʻstlik shahri deb nom chiqargan; Toshkent tuprogʻi! To tirik ekanman, uni hamisha muqaddas deb bilaman.

 

 

Oʻtkir Hoshimov,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/toshkentim-onam/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x