Toshkentdagi Usmon Musʼhafi tarixi (2-qism). Qurʼoni karimning sahifalarga jamlanishi. Yetti xil qiroat


Post Views:
430

1-qismni o‘qish…

Sura va oyatlar tartibi

Shunday qilib, Qurʼoni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida yozilgan va hifz qilingan edi. Undagi sura va oyatlarning tartibi Alloh taolo ilhomi ila Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan belgilangandir. Bu ishning Alloh subhonahu va taolo tomonidan kelgan vahiy asosida bo‘lganligiga “Qiyomat” surasidagi oyatlar dalildur:

«Uni (Qurʼonni sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (yaʼni Jabroil farishta) uni (yaʼni har bir vahiyni) o‘qib bitganimizdan so‘nggina, siz ham uni o‘qishga ergashing!» (17-18-oyatlar).

Qurʼoni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida hifz qilingan, namozlarda va boshqa munosabatlar bilan o‘qilgan kitob bo‘lgani uchun ham uni tartiblanmagan edi, deyishlik ehtimoldan uzoqdir. Suralarning baʼzilari to‘laligicha, baʼzilari parcha-parcha qilib nozil qilindi. Hech shubha yo‘qki, Qurʼoni karim suralari va oyatlarining hozirgi tartibi payg‘ambar alayhissalom ko‘rsatgan va o‘qitgan tarzdadir. Imom Buxoriy asarlarida Payg‘ambar alayhissalomdan quyidagi hadis bor: «Kimki Baqara surasining oxiridan ikki oyat o‘qisa, unga kifoyadur». Mana shuning o‘zi ham Qurʼoni karim Rasululloh davrlarida tartibga solinganligiga dalolat qiladi (“Mal-Qurʼon” kitobi, 213-bet).

Qurʼoni Karimning Abu Bakr Siddiq zamonlarida sahifalarga jamlanishi

Payg‘ambar Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) vafotlaridan so‘ng sahobalar va musulmonlar ul zotga xalifa qilib Abu Bakr (roziyallohu anhu)ni saylashga qaror qildilar. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) vafotlaridan keyin hazrati Abu Bakrning fikrlarini mashg‘ul etgan asosiy narsa, murtad bo‘lgan qabilalarga qarshi qo‘shin to‘plash bo‘ldi. Arab jazirasining sharqida Musaylimatul-kazzob paydo bo‘lib, Islomga jiddiy xavf sola boshladi. Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) Xolid bin Valid (roziyallohu anhu) boshchiligidagi bir jangovar qo‘shinni unga qarshi yubordilar. Jang nihoyatda shiddatli bo‘lib, unda musulmonlardan 1200 kishi, shu jumladan, Qurʼonni yod olgan yetmishga yaqin murattab qorilar shahid bo‘ldi. Buning xabari Madinaga yetib kelganda, hazrati Umar bin Xattob (roziyallohu anhu) qattiq tashvishlanib, hazrati Abu Bakrga murojaat qildilar:

– Ey amiral-muʼminin, boshqa joylardagi janglarda ham ko‘plab qorilar shahid bo‘laversa, Qurʼoni karim yo‘q bo‘lib ketadi, deb qo‘rqaman.

Shunda hazrati Abu Bakr Zayd bin Sobitni huzurlariga chaqirtirdilar.

Ubayd bin As-Sabboqdan shunday rivoyat bor: Zayd bin Sobit (roziyallohu anhu) aytadilar: «Xalifa Abu Bakrga Yamoma jangining xabari keldi, ittifoqo, Umar bin Xattob u kishining huzurlarida edilar. Abu Bakr menga shunday dedilar: «Umar mening oldimga kelib, Yamoma jangi kuni ko‘p qorilar shahid bo‘ldilar, boshqa janglarda ham qorilar shu hilda shahid bo‘lib, Qurʼondan ko‘p narsa zoeʼ bo‘lmasaydi deb, qo‘rqaman. Shuning uchun Qurʼonni jamʼ qilishga buyruq berishingiz kerak deb, o‘ylayman, deyapti. Men Umarga Rasululloh(sollallohu alayhi vasallam) qilmagan narsani biz qanday qilamiz, desam, Umar Allohga qasamki, shunday qilsangiz yaxshi bo‘ladi, deyapti. To Alloh shu narsa xususida menga ilhom berib, Umarning fikriga qo‘shilmagunimcha, u o‘z so‘zini takrorlashdan to‘xtamadi, dedilar».

Zayd hikoyalarini davom ettirib aytadilar: «Abu Bakr Siddiq menga: «Sen aqlli, yosh yigitsan, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning huzurlarida vahiyni yozuvchi eding, endi Qurʼoni Karimni chuqur o‘rganib, uni jamʼ qilgin»,- deb, amr qildilar. Allohga qasamki, agar tog‘ni ko‘tarishga buyurganlarida ham bunchalik og‘ir tuyulmas edi. Ularga: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) qilmagan ishni qanday qilasizlar»,- dedim. «Shunday qilsak, yaxshi bo‘ladi»,- dedilar, Abu Bakr. To Alloh xuddi Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumoga berganidik, menga ham ilhom bermagunicha, u kishi o‘z so‘zlarini takrorlashdan to‘xtamadilar. Shunday qilib, Qurʼonni yod olgan kishilardan, xurmo yaproqlaridan va yapaloq tosh taxtachalardan birma-bir yig‘ib, Allohning kalomini sahifalarda jamʼ qildim. Ana shu sahifalar Abu Bakrning vafotlarigacha u zotning qo‘llarida, so‘ng hazrati Umarning qo‘llarida edi. Keyinchalik esa Umarning qizlari Hafsa onamizda saqlandi».

Yuqoridagi hadisni Imom Buxoriy “Kitobut-tafsir”ning «Qurʼonni jamʼ qilish bobi»da rivoyat qilganlar. (“Fazoilul-Kurʼon”, 15-bet., “Al-Itqon”, 1-jild, 21-bet.)

Xulosai kalom, ular Quryoni Karimni saqlashda, faqat birgina yo‘l tutmasdan, balki, bu ulug‘ vazifani mukammal ado etish uchun parcha-parcha yozuvlarni bitta kitobga jamlash lozimligiga ham qanoat hosil qildilar. Buni bajarishda ular quyidagicha yo‘l tutdilar: tosh taxtachalar, teri va boshqa narsalarga Rasulullohdan yozilgan har bir parcha to‘plandi. Sahobalar yozib olgan bitiklar ham olib kelindi. Bularning to‘g‘riligini aniqlash uchun Qurʼoni Karimni to‘liq yod olgan sahobalar ko‘rigidan o‘tkazish lozim deb topildi. Mana shu uch manbaning bir xil dalolatiga binoan yozilgan va o‘qilgan parchalarda hech qanday xato yo‘qligi isbot qilingach, Qurʼondan har bir lafz yozilar edi.

Ibni Abu Dovud aytadilar: «Hazrati Abu Bakr Qurʼoni Karimni jamʼ qilishga boshlaganlarida Umar bilan Zaydga: «Masjidning eshigi oldida o‘ltiringlar, kimki Qurʼondan ikki kishi guvohligida biron narsa olib kelsa, uni yozib olinglar»,- deb buyurdilar. Hazrati Umar kimning qo‘lida Qurʼondan biron-bir narsa bo‘lsa, olib kelishlikni eʼlon qildilar. Odamlar o‘zlarida mavjud bo‘lgan, har xil narsalarga yozilgan Qurʼon oyatlari va suralarini olib kela boshladilar. Agar ikki guvohi bo‘lmasa, ulardan hech narsa qabul qilinmas edi.

Imom Buxoriy: «Yaʼni, o‘sha yozuv Rasulullohning o‘zlaridan eshitib yozilganligiga ikki kishi guvohlik berishliklari kerak edi»,- deydilar.

Zayd bin Sobit zimmalaridagi masʼuliyatni to‘la his qilganliklaridan bu vazifaga izchil yondoshdilar.

Az-Zuhayriy rahimahulloh aytadilar: «Bundan maqsad faqat, yod olishning o‘zigagina eʼtibor qilmasdan, balki, yodlangan va yozilgan ikki manbaʼga eʼtimod qilish edi. Vaholanki, Qurʼonni yod olganlar ko‘p edi. Zayd bin Sobitning o‘zlari ham Qurʼonni to‘la yod olgan edilar».

Abu Shommaning aytishlaricha, maqsad shunchaki yod olinganini emas, balki, aynan Rasulullohning huzurlarida yozilgan bo‘lishligini isbotlashdan iborat edi.

As-Saxoviy aytadidar: «Maqsad, yoziladigan narsa Qurʼonning nozil bo‘lish tartibiga mos ekanligini o‘sha ikki guvoh tomonidan isbot qilish edi».

As-Suyutiy esa: «Maqsad shu narsa Payg‘ambarning vafot yillarida qilgan xatmlariga muvofiq ekanligini isbotlashdadur»,- deydilar.

Mana shu tariqa, murattab qorilarning qiroatlariga va Rasululloh huzurlarida vahiy nozil bo‘lish paytida yozilganligi isbotlangan narsalarga asosan Qurʼonni sahifalarda jamʼ qilish nihoyasiga yetdi. Bu ulug‘ ish Abu Bakr Siddiq zamonlarida, ul zotning va Umar bin Xattob roziyallohu anhumoning rahbarliklarida amalga oshdi. Abu Bakrning bu xizmatlari o‘z davrlarida qilingan ishlarning eng ulug‘laridan biri bo‘ldi.

Abduxayr aytadilar: «Hazrati Alining: Qurʼoni karim xizmati borasida eng ulug‘ savobga ega bulgan kishi Abu Bakrdir, unga Allohning rahmati yog‘ilsin,- deganlarini eshitdim»,

Abu Bakr Siddiq Qurʼonni jamʼ qilgan birinchi kishidir. Bu ish hazrati Rasululloh(sollallohu alayhi vasallam) ning vafotlaridan olti oy keyin, Yamoma jangida hofizi Kalomulloh sahobalarning shahid bo‘lganlaridan so‘ng, hijratning 12-sanasida boshlanib, taqriban bir yil davom etdi. Bu ishga bosh-qosh bo‘lish Qurʼoni karimni to‘la yod olgan va uni to‘liq bilganlarning eng mashhuri, vahiylarni yozib olishda doimo hozir, hamda Rasulullohning oxirgi xatmlarining guvohi bo‘lgan Zayd bin Sobitga topshirildi. Bu vazifani u zot aʼlo darajada, 23 yoshlarida bajardilar. Usmon musʼhafi yozilgan paytda esa, u kishi 35 yoshda edilar.

Qurʼoni karimning yetti xil qiroatda nozil bo‘lganligi haqida

Imom Buxoriy “Jomiʼus-sahih”larining “Kitobut-tafsir” bobida ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: «Jabroil (alayhissalom) menga Qurʼonni bir qiroat bilan o‘rgatdilar. Men Ul zotga murojaat qilib, qiroat yo‘lini ko‘paytirishni so‘radim. To qiroat yetti xilga yetmaguncha, men so‘rashdan va ul zot esa ziyoda qilishdan to‘xtamadilar».

Al-Buxoriy va Muslim rivoyatlarida ul zoti bobarakot (sollallohu alayhi vasallam): «Bu Qurʼon yetti qiroatda nozil bo‘lgandur, qaysinisi oson bo‘lsa, o‘sha qiroatda o‘qinglar»,- dedilar.

Ulamolar, bu yerdagi «yetti qiroat»dan murod yetti lahjadir, deganlar.

Bayhaqiy “Ash-shaʼb”da aytganlaridek, bular o‘sha zamonda arab jazirasida mavjud bo‘lgan katta qabilalarning lahjalaridir.

Abu Ubayda: «Buning maʼnosi Qurʼonning har bir so‘zi yetti xil o‘qiladi, degani emas, balki, yetti lahja Qurʼonga bo‘lib qo‘yilgan, yaʼni uning (Qurʼonning) baʼzi joylari quraysh lahjasida, baʼzi joylari huzayl lahjasida, boshqa bir joylari havozin lahjasida va yana bir xil joylari yaman lahjasida, degan maʼnoni beradi»,- deydilar.

«Jabroil (alayhissalom) Qurʼonni payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ga har yili bir martadan ko‘rsatar edilar. Vafot yillari esa, mansux bo‘lgan joylari ketgan va qolgan joylari to‘liq holda 2 marta ko‘rsatib, o‘qitdilar. Har safar boshqa-boshqa lahjada ko‘rsatar edilar, toinki yetti lahja (qiroat)ga yetdi. Bu narsa ummatga xuddi shariat osonlikka buyurgani kabi, ularga Qurʼon tilovati oson va yengil bo‘lishi uchun qilingan marhamatdur», – deb, davom etadilar Abu Ubayda.

Qozi Abu Bakr Boqiloniy: «Qurʼoni karim arablarning hamma lahjalarida nozil bo‘lgandur»,- deydilar. «Qurʼonni oson va yengillik bo‘lishi uchun, shu lahjalarning hammasida o‘qilishiga ruxsat berilgan. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) har bir insonga uning tiliga va shevasiga muvofiq qiroatdan taʼlim berar, sahobalarga shu yetti qiroatning qaysinisini hohlasalar, shunda o‘qishlariga ruxsat berar edilar. Agar ixtilof qilsalar va o‘zlaridan boshqalarning qiroati xususida Rasulullohdan so‘rasalar, «Hammasi to‘g‘ri va Alloh tomonidan ruxsat berilgan, Qurʼon xususida ixtilof va janjal qilmanglar»,– deb javob berardilar».

Rasululloh(sollallohu alayhi vasallam) vafot qilgan vaqtlarida ham shu yetti xil lahjada qiroat qilinar edi. Abu Bakr (roziyallohu anhu) jamʼ qilgan Qurʼon to‘plami ham shu yetti qiroatni o‘z ichiga olgan edi.

«Irshodul-qurro val-kotibin» («Qiroat qiluvchi va yozuvchilarga ko‘rsatma») nomli kitobda, Zayd bin Sobit Qurʼoni karimning hamma juzʼlarini zikr qilingan barcha holatlarga rioya etgan holda va «Bu Qurʼon yetti qiroatda nozil bo‘lgan, qaysinisi oson bo‘lsa, o‘sha qiroatda o‘qinglar»,- deb aytilgan hadisga muvofiq yetti qiroatga mos qilib yozdi, deyiladi.

Shayx Abdulaziz al-Buxoriy «Al-muntaxab al-hisomiy» kitobining sharhida aytadilarki, Qurʼon avvalda arab lahjalarining eng fasohatlisi bo‘lgan quraysh lahjasida nozil bo‘ldi, so‘ngra boshqa arablar qiynalganliklari uchun, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning duolari bilan yengillik nozil bo‘lib, boshqa lahjalarda ham tilovat qilishlariga izn berildi. Shunday qilib, asl qiroatga rioya qilishlikning vojibligi soqit bo‘ldi. Kengchilik shu darajada ediki, har bir jamoaga o‘z lahjalarida ham, o‘zgalar lahjasida ham o‘qishlikka ijozat berilgandi. Bunga payg‘ambar (alayhissalom) ushbu so‘zlari bilan ishora qildilar: «Bu Qurʼon yetti qiroatda nozil bo‘lgandur, hammasi shofiyu kofiydur».

Har bir arab uchun o‘z lahjasi qolib, boshqa lahjada, masalan, quraysh arabining tamim lahjasida qiroat qilishligi joiz bo‘ldi. Payg‘ambar vafotlaridan keyin ko‘p joylar fath qilinib, Islom zamini kengaydi. Sahobalar va musulmonlar bir qancha mamlakatlarga tarqab ketdilar. Islom mintaqalarining har bir diyoridagi aholi Qurʼon qiroatini o‘sha yerda mavjud bo‘lgan sahobalar ichidagi mashhur qoriydan olardilar. O‘z navbatida bu qoriy-sahoba biron-bir lahjaga mansub edi. Masalan, Shom ahli Ubay bin Kaʼb qiroatida, Kufa ahli Abdulloh bin Masʼud qiroatida, yana boshqalar Abu Muso al-Ashʼariy qiroatida va hokazo qiroatlarda tilovat qilar edilar. Yuqorida zikr qilinganidek, sahobalarning qiroatlari bir-biridan farq qilgani uchun ular yashab turgan joylar aholisining qiroati ham bir-biridan farq qiladigan bo‘ldi. Mana shu farq turli mintaqa musulmonlari o‘rtasida Qurʼon qiroati to‘g‘risida tortishuvlar kelib chiqishiga sabab bo‘la boshladi. Har bir tomon o‘zining qiroati to‘g‘ri va afzal deb, daʼvo qilardi. Xuddi shunday voqea, Huzayfa bin al-Yamonning Ozarbayjonga g‘azotlari paytida sodir bo‘ldi.

Davomi bor…

Arabchadan Abdulloh shayx Ismoil Maxdum o‘g‘li tarjimasi

Manba

https://shosh.uz/uz/toshkentdagi-usmon-mushafi-tarixi-2-qism-quroni-karimning-sahifalarga-jamlanishi-yetti-xil-qiroat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x