Toshkentdagi Usmon Musʼhafi tarixi (1-qism)


Post Views:
1 616

Muqaddima

Allohga hamd, Muhammad Rasululloh va ul zotning olu asʼhoblariga salotu salomlar bo‘lsin! Bundan yuz yil muqaddam Samarqand shahridagi Usmon Musʼhafi Peterburgdagi podshoh kutubxonasiga olib ketilgan va Oktyabr inqilobidan keyin musulmonlarning talabi bilan O‘zbekistonga qaytarilgan edi. U Toshkentdagi qadimiy yodgorliklar muzeyida maqomiga yarasha ko‘z qorachig‘iday asraladigan va eʼzozlanadigan, muborak boylik sifatida saqlanadigan merosga aylandi.

O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining kutubxonasida shu Musʼhafdan fotografiya usuli bilan olingan nusxalar saqlanar edi. Yaqin yillardan beri ushbu kutubxonani ziyorat qiluvchilar soni ko‘paydi. Ular bu yerda mazkur nusxani ko‘rib, baʼzilari yodgorliklar muzeyiga borib, unda Musʼhafning aslini ziyorat qilishga musharraf bo‘la boshladilar va bundan juda hayratlandilar. Bu orada Musʼhafi Usmoniy xalq ichida juda mashhur bo‘lib ketdi va ommaning unga bo‘lgan qiziqishi ortdi. Shu munosabat bilan diniy idora Musʼhafni o‘rganish, uning qadimiy va hozirgi holatlari ustidan sirli pardani olish lozim va vojib deb bildi. Musʼhafga qiziquvchi va tadqiqotchilarning ehtiyojlariga javob beradigan uning tarixi va haqiqati to‘g‘risida bir kitob chiqarilishini zarur deb topdi. Bu borada olib borilgan ko‘p izlanishlardan so‘ng, Islom olamini Musʼhafning mavjudligi va uning maqomi bilan tanishtirish uchun fazilatli olim, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining rais noiblari, shayx Ismoil Maxdum hafizahulloh hazratlari muxtasar bir kitob tasnif qildilar.

Qo‘lingizdagi mujaz, lekin manfaati katta bo‘lgan kitob shu saʼyi ko‘shishlarning mahsulidir. Alloh taolo ul zotga Islom va musulmonlar uchun qilgan xizmatlariga yarasha mukofotlar ato qilsin. Diniy idora rahbariyati Shayx Ismoil Maxdum hazratlarining bu sharafli vazifani sidqidildan ado etganliklari va Qurʼoni karimni targ‘ib etish yo‘lida qilgan ilmiy izlanishlarini yuksak baholab, chuqur minnatdorchilik bildirish bilan birga, kitobni diniy idora hisobidan nashr ettirishga, nafi hammaga tegishi uchun uni keng tarqatishga qaror qildi. Alloh taolo to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etuvchi zotdir!

O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi

Bismillahir rohmanir rohim

Muallifdan

Qurʼoni karimni olamlarga bashorat beruvchi va ogohlantiruvchi bo‘lishi uchun O‘zining rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin!

Alloh o‘zining Kalomi majidida: “Albatta bu eslatmani (yaʼni Qurʼonni) Biz o‘zimiz nozil qildik va shubhasiz, o‘zimiz uni muhofaza qilguvchimiz”, deb Qurʼoni karimni saqlashga vaʼda bergan (“Hijr” surasi, 9-oyat).

Alloh taolo Qurʼoni karimni eng mukarram va ulug‘ Kitob qilib, bizlarni uning tilovatiga musharraf etdi. Mazkur muborak Kitob orqali bizni diniy va dunyoviy ilmlardan boxabar qildi.

Risolatni ado qilgan, amonatni bizlarga yetkazgan sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga va u kishi bilan bizlarning o‘rtamizda vosita bo‘lgan hamda naql qiluvchilarning eng yaxshilari — avlodu asʼhoblariga salovotu salomlar bo‘lsin! Bu zotlar Payg‘ambar alayhissalomdan olgan taʼlimotlarini, keyingi avlodlarga yetkazishdek yuksak burchni ado etganlarning eng ulug‘lari bo‘ldilar. Agar bu taʼlimot bo‘lmaganida, bizlar hidoyat topmas edik. Buning uchun Alloh taolo hammalariga payg‘ambarlarning ummatlarga va ajdodlarning avlodlarga qilgan xizmatlari uchun beriladigan mukofotlaridan ato etsin.

Qo‘lingizdagi risolani yozishdan maqsad butun Movarounnahr diyori faxrlanadigan va O‘zbekiston yodgorliklar muzeyi uni saqlashdek sharafga ega bo‘lgan Usmon Qurʼoni bilan tanishtirishlikdir. (Ushbu risola 1971-yilda chop qilingan. O‘sha vaqtda mazkur Musʼhaf O‘zbekiston davlat tarix muzeyida saqlanar edi. Tarjimon).

Mazkur Musʼhaf bir paytlar Samarqandda bo‘lib, uning ulug‘ qadriyatiga hamma ham eʼtibor bermas edi, uni asl mohiyati va tarixini bilmagan holda, tabarukkona ziyorat qilinardi, xolos. Chunki, o‘sha vaqtda bu o‘lkada ilmu irfon nuri susaygan va bidʼatlar kuchaygan davr hukmron edi.

Ruslar Samarqandni ishg‘ol qilgach (1285 hijriy va (1868 melodiy) yil.) bu qimmatli gavharga qiziqib qoldilar. Tezda uning dovrug‘i hamma yoqqa tarqaldi. Shu paytdan boshlab uning to‘g‘risida gazeta va jurnallarda maqolalar paydo bo‘la boshladi. Sovetlar davrida bu Musʼhafni tadqiq qilib o‘rganuvchilar ko‘paydi. Bu davrga kelib ilm-fanning ko‘p tarmoqlari vujudga keldi. O‘zbekistonda har sohaning o‘z olimlari yetishib chiqdi. Toshkent asta-sekin ilm-maʼrifat markaziga aylandi. Poytaxtga jahonning barcha yurtlaridan delegatsiyalar, turli sayyohlar kela boshladilar. Ular Musʼhafning xabarini eshitgach, uni ziyorat qilish istagini bildirib, tarixi bilan qiziqdilar. Ayniqsa, musulmon delegatsiyalarining aʼzolari bu muborak Musʼhaf to‘g‘risidagi haqiqatni bilishga katta ehtimom ko‘rsatdilar. Shu bois O‘rta Osiyo va Qozog‘iston (hozirgi Movarounnahr. Tarj.) musulmonlari diniy idorasi bu Musʼhafi sharif to‘g‘risidagi maʼlumotlar asosida bir kitob yozishni zarur deb topdi. Kamina Allohdan madad so‘rab mazkur muhim vazifani ado etish uchun diyorimizda mashhur bo‘lgan Usmon Musʼhafiga taalluqli rivoyatlarni va mashhur asarlardagi unga tegishli xabarlarni jamlab, risola holida tasnif qildim. Uning avvaliga Qurʼoni karim tarixini va hazrati Abu Bakr va Usmon roziyallohu anhumlar davrlaridagi uni jamʼ qilishga taalluqli muhim masalalarni kiritdimki, ushbu Musʼhafi sharifimizning o‘rganilishi ana shularga bog‘likdur. Risolani “Toshkentdagi Usmon Musʼhafining tarixi” deb atadim. Bu ishda mening xizmatim, faqatgina turli davrlardagi maʼlumotlarni yig‘ib, ularni tartibga keltirishdan iborat bo‘ldi, xolos.

“Va (bunga) yolg‘iz Allohning yordami bilangina muvaffaq bo‘lurman. O‘ziga suyandim va O‘ziga iltijo qilurman” (“Hud” surasi, 88-oyat)

Shayx Ismoil Maxdum shayx Sotti Oxund Namangoniy
Toshkent. 1391-y.h. 1971-y.m.

Qurʼoni Karimning taʼrifi

Qurʼoni karim Alloh taolo o‘zining bandasi va rasuli sayyiduno Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilgan hamda musʼhaflarga bitilgan, qalblarda hifz, tillarda qiroat qilingan holda hech bir o‘zgarishsiz, uzluksiz uzatish orqali yetib kelgan ilohiy kitobdir. U Muhammad sollallohu alayhi vasallamga berilgan va qiyomatgacha abadiy bo‘lgan mo‘jizadur.

Qurʼon nozil bo‘lishining boshlanishi

Alloh taolo Qurʼonni o‘zining payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga hijratdan 13 yil avval, 24 ramazonda Makkadagi Hiro g‘orida nozil qila boshladi. Bu Allohning Muhammad sollallohu alayhi vasallamni payg‘ambar qilib yuborgan va ul zotni Rasul etib tanlagan yili edi. Shundan so‘ng, Qurʼoni karimni bo‘lak-bo‘lak qilib tushirish davom etdi. Chunki, Qurʼonning shu tariqa nozil bo‘lishi daʼvatning rivojlanishiga bog‘liq edi. Qurʼoni karimdan turli bo‘laklar daʼvatning ehtiyojlariga qarab, voqeʼlikning holatidan kelib chiqib, daʼvatning boshlanishidan to oxirigacha birin-ketin tusha boshladi. Bu hol yigirma uch yil davom etdi. Qurʼoni karimning ilgarigi samoviy kitoblar kabi yaxlit bir to‘plam holida emas, balki oyatlarning miqdoridagi tafovut bilan bo‘lak-bo‘lak qilib tushirishlik hikmatini Alloh taoloning O‘zi iroda qilgan. Baʼzi paytlarda Qurʼoni karimdan bir oyat, gohida esa besh yoki o‘n oyat nozil bo‘lar edi. Bu to‘g‘rida Alloh taoloning Kalomida ochiq aytilgan: “Siz Qurʼonni odamlarga asta-sekin o‘qib berishingiz uchun Biz uni qismlarga ajratdik va bo‘lib-bo‘lib nozil qildik” (“Isro” surasi, 106-oyat).

“Kofir bo‘lgan kimsalar: «Nega bu Qurʼon unga (payg‘ambar alayhissalomga) bitta to‘plam holida nozil qilinmadi?”- dedilar. (Ey Muhammad), Biz u (Qurʼon) bilan dilingizni ustivor qilish uchun mana shunday (parcha-parcha holda nozil qildik) va uni bo‘lib-bo‘lib bayon qildik» (“Furqon” surasi, 32-oyat).

Payg‘ambar alayhissalom davrlarida Qurʼonning yozilishi

Qurʼon oyatlari Payg‘ambar alayhissalomga nozil bo‘lish chog‘ida, ul zot huzurlaridagi sahobalarga vahiyni tilovat qilib berar va uni yozib oluvchilarga oyatning joyini ko‘rsatib, bu oyatni falon suraning falon joyiga qo‘yinglar deb, amr qilar edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytib turgan oyatlarni xurmo po‘stloqlariga, yapaloq tosh-taxtachalarga, terilarga va hayvonlarning kurak suyaklariga yozib olar edilar. Rasulullohning huzurlarida Qurʼondan nozil bo‘lgan oyatlarni eshitgan kishilar darhol ushbu oyatlarni yodlab olar va boshqalarga yetkazar, qiroat qilish, uni fahmlash uchun takror-takror o‘qir edilar.

Hokim “Al-Mustadrak”da Zayd bin Sobitdan shunday rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida vahiyni yozib turar edim. Ul zot aytib turar edilar. Yozib tugatganimda: «O‘qi!– der edilar, men o‘qib berar edim. Agar biror narsa tushib qolgan bo‘lsa, ul zot to‘ldirar edilar».

Al-Buxoriy Al-Barrodan rivoyat qiladilar: “Lo yastavil-qoʼiduna…” oyati nozil bo‘lgan paytda Payg‘ambar alayhissalom menga:

— Zaydni chaqir, lavhu qalam va kurak suyagini olib kelsin, — dedilar.

Shundan so‘ng, 3aydga:

— Yoz, “lo yastavil-qoʼiduna…” deb, amr qildilar (hadis).

Imom Muslim Abu Saiddan quyidagi hadisni keltiradilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Mendan Qurʼondan bo‘lak hech narsani yozmanglar”.

Mana shu tartibning o‘ziga binoan Payg‘ambar alayhissalom Qurʼonni namozlarda va boshqa munosabatlar bilan tilovat qilgan chog‘larida sahobai kiromlar uni yodlab olar va o‘rganar edilar. Shunday qilib, Qurʼonning yozilishi va qalblarda yod olinishi, uning nozil bo‘lishi bilan bir vaqtda kechdi, sahobalarning baʼzilari Qurʼonni to‘la yod olgan bo‘lsalar, baʼzilari esa bir qancha suralarni yod bilar edilar. Rasululloh vafot etgan vaqtlarida Qurʼoni karim to‘liq holda sahobalar tomonidan yod olinib, xurmo, tosh-taxtacha va boshqa narsalarga yozilgan edi. Rasululloh davrlarida Qurʼonni to‘liq yod olgan sahobalardan o‘ttiz kishi sanab o‘tilgan. Rasulullohning 44 ta vahiy yozuvchi-kotiblari bo‘lgan. Shundan 14 talari mashhur. Ular navbatma-navbat kotiblik qilganlar. Bulardan tashqari huzurlarida hozir bo‘lgan boshqa kishilar ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytgan oyatlarni yozib olar va yodlar edilar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning davrlarida yodlab olish va yozish yo‘li bilan Qurʼonni jamʼ qilinishi

Yuqorida aytilganidek, sahobalardan Qurʼonni to‘la holda yozib va yodlab olganlar bor edi.

Al-Buxoriy Anas raziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Rasululloh davrlarida to‘rt kishi Qurʼonni jamʼ qilgan edi. Hammalari ansorlardan edilar. Bular: Ubay bin Kaʼb, Muoz bin Jabal, Zayd bin Sobit va Abu Zayd”.

Bu haqda Imom Muslim ham Hamomdan rivoyat qilganlar. Imom Buxoriyning hazrati Anasdan keltirgan boshqa bir rivoyatlarida bunday deyiladi: “Payg‘ambar vafot etgan paytlarida to‘rt kishidan boshqa hech kim Qurʼonni jamʼ qilmagan edi: Abud Dardo, Muoz bin Jabal, Zayd bin Sobit va Abu Zayd”.

Ibn Kasir aytadilar: “Bu yerda hazrat Anas to‘rt kishidan boshqa deganlarida faqat ansorlarni ko‘zda tutayaptilar, chunki muhojirlardan ham jamʼ qilganlar borligiga shubha yo‘q”.

Imomi Nasoiy sahih isnod bilan Abdulloh bin Umardan rivoyat qiladilar: «Qurʼonni jamʼ qildim va uni har bir kecha to‘la o‘qir edim. Buni eshitib Payg‘ambar alayhissalom: “Uni (Qurʼonni) har oyda (to‘la) o‘qi(b chiq)”, dedilar. (Hadisning asli “Sahih”da).

Shaʼbiy aytadilar: “Payg‘ambar zamonlarida Qurʼonni olti kishi jamʼ qilgan edi: Ubay, Zayd, Muoz, Saʼd bin Ubayd, Abu Zayd va Mujammiʼ bin Joriya”.

Muhojirlardan Usmon, Ali, ibn Masʼud, Solim Mavlo Huzayfa, Abdulloh bin Umar va ibni Oslar ham Qurʼonni jamʼ qilganliklari haqida rivoyat bor.

Ibni Sirindan rivoyat qilinadiki, hazrati Ali raziyallohu anhu aytdilar: “Rasululloh vafot qilganlarida, to Qurʼonni jamʼ qilmagunimcha jumʼa namozidan boshqa namozlarda rido (ustki kiyim)imni kiymayman, deb qasam ichdim. Shunday qilib uni jamʼ qildim (yod oldim)”.

Xuddi shunday hadis Ikramadan ham rivoyat qilingan. Unda aytilishicha hazrati Abu Bakr Siddiq Ikramaga: “Ha, (Ali ridosini kiyganini) ko‘rmadim”, deganlar.

Qurʼonning nozil bo‘lgan oyatlarini sahobalar yozganliklari va uni tarqatganliklariga Umar raziyallohu anhuning Islomga kirish voqealari ham dalil bo‘la oladi, Hazrati Umar singillarining uyiga bostirib kirganlarida, u yerdagi kishilarning qo‘lida Qurʼon oyatlari bitilgan matoni ko‘radilar va uni o‘qib berishliklarini so‘raydilar. Oyatlarni eshitib, nihoyatda taʼsirlanadilar (Rivoyat).

Imom Buxoriyning “Sahih”larida: “Bizlar kofirlar yurtiga qilingan futuhotlarda Qurʼonni yonimizda olib yurishlikdan manʼ qilingan edik”, degan rivoyat ham bor. Mana shundan maʼlumki, Qurʼoni Karim nozil bo‘lishining birinchi kunlaridayoq yozila boshlagan.

Imom Buxoriy aytadilar: “Qurʼon payg‘ambar alayhissalom davrlaridayoq to‘liqligicha yozilgan va hifz qilingan edi. Lekin, tarqoq holda, yassi tosh taxtachalar va xurmo po‘stloqlariga yozilgan edi. Uni Abu Bakr Siddiq xalifalik davrlarida sahifalarga jamʼ qildirdilar”. (“Mal-Qurʼon” kitobi, 215 bet.)

Roviylardan Hokim va boshqalar, Qurʼon birinchi marta payg‘ambar alayhissalom davrlarida jamʼ qilindi, deydilar.

Zayd bin Sobit aytadilar: “Rasulullohning huzurlarida terilarga yozilgan Qurʼonni tartibga solar edik”. Bayhaqiy: “Bu «tartibga solish”dan murod, nozil bo‘lgan parcha-parcha oyatlarni Rasulullohning ko‘rsatmalariga binoan joy-joyiga qo‘yib, suralarga jamlash bo‘lsa kerak», – deydilar.

Horis al-Muhosibiy “Fahmus-sunan” kitobida “Qurʼonning bitilishi yangidan qilingan ish (yaʼni bidʼat) emas”, deydi. Ibn Sirin rahimahullohdan: “Rasululloh davrlarida Qurʼonni to‘rt kishi jamʼ qilganligida ixtilof yo‘q. Bular: Muoz, Ubay, Zayd va Abu Zayd. Lekin quyidagi uch kishining ikkitalarida ixtilof bor. Baʼzilar Abud-Dardo va Usmon, baʼzilar Usmon va Tamimud-Doriy ham jamʼ qilgan deydilar”.

Qurʼonni to‘plam (musʼhaf) holida jamʼ qilganlar ichida Miqdod bin Amr va Abu Muso al-Ashʼariylar ham bor edi. Al-Ashʼariy keyinchalik o‘zining to‘plamini “Lubobul-qulub” deb atadi.

Rasulullohning amrlariga muvofiq Qurʼoni karim turli hajmdagi 114 ta suraga bo‘lindi va har bir suraga muayyan nom berildi, Qurʼonning oxirgi oyati payg‘ambar vafotlaridan taqriban sakson kun avval nozil bo‘ldi.

As-Suyutiyning “Al-Itqon fi ulumil-Qurʼon” kitoblarida al-Xitobiy degan zot, payg‘ambar alayhissalom davrlarida Qurʼonning musʼhaf (to‘plam, muqovalangan) qilib jamʼ qilinmaganligining sababi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurʼonni baʼzi hukmlariga, uning tilovatiga nosix (bekor qiluvchi) oyatlar yoki ziyoda oyat kelib qolarmikan, deb kutganlaridadur. Payg‘ambarning vafotlari bilan Qurʼonning nuzuli intihosiga yetgach va nosix yoki ziyoda oyat kelishlik ehtimoli tugagandan so‘ng, Alloh taolo payg‘ambar alayhissalomdan keyingi birinchi xalifaga Qurʼonni to‘plam qilishlikka ilhom berdi,— deydilar. (“Al- itqon”, 1-jild, 58 bet.)

Rasululloh va moʻminlar Qurʼondan biron-bir oyat yo‘qolmasligiga ishonchlari komil edi. Bunda yozishdan ko‘ra yod olish qobiliyatiga ko‘proq eʼtimod qilinar edi. Arablar o‘zlarining muhofaza quvvatlariga juda ishonar edilar, ular (o‘z yozuvlari bo‘lishiga qaramasdan. tarj.) yozmaydigan, o‘qimaydigan, omi ekanliklari bilan faxrlanar, uzun-uzun qasida va madhiyalarni bir eshitishdayoq yodlab olardilar. Shuning uchun ham ular Qurʼondan nimaiki nozil bo‘lsa, darhol dillariga jo etardilar. Qurʼoni karim Allohning muqaddas Kalomi ekanligiga sahobalarda hech qanday shubha yo‘q edi. Uni yod olishni Islomning farzlaridan biri deb, bilar edilar. O‘z ahllari, yor-birodarlaridan yiroqda, hijron azobiga sabr qilgan, ko‘p aziyatlarni tortgan, hatto hayotlarini Islom diniga fido qilgan birinchi musulmonlar Qurʼon oyatlarini yodlash va uni tilovat qilishlik bilan buyuk tasalli topar edilar. Ular Qurʼoni karimdan yangi oyat nozil bo‘lgan vaqtlarda, o‘zlarini qaytadan hayotga kelgandek his qilardilar.

Sahobalarning Qurʼonni yod olishga bo‘lgan zavqu shavqlariga dalolat qiladigan xabarlar ko‘p. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurʼondan taʼlim berish, uni tilovat qilishlikka katta ehtimom ko‘rsatar va taʼlim-tarbiya, irshod ishlarini Kalomullohni yod olgan, qorilarga topshirar edilar. (“Mal-Qurʼon” kitobi. 132 bet).

Davomi bor…

Arabchadan Abdulloh shayx Ismoil Maxdum o‘g‘li tarjimasi

Manba

https://shosh.uz/uz/toshkentdagi-usmon-mushafi-tarixi-1-qism/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x