Post Views:
614
NOSHIRLIK – Toshkent hududida bosmaxona paydo bo‘lgunga qadar kitob tayyorlashda kotib, xattotlar mehnati muhim o‘rin tutgan. Bu borada Toshkentda Abdulvadud kotib (15-16-asr), Abdulhaq kotib (1808-1886), Muhammad Yunus kotib (19-asr), Abdulmannop kotib (1880-1945), Muhammad Shohmurod kotib (1850-1922), Sidqiy Xondayliqiy (1884-1934) va boshqalarning faoliyatlari diqqatga sazovor. Ular Toshkentda kitobat san’atini – qo‘lyozma kitoblarni yaratish, ko‘chirish va ziynatlash ishlarini rivojlantirdilar. O‘zbekiston FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida, shuningdek, O‘zbekiston milliy kutubxonasi, O‘zbekiston musulmonlar idorasi kutubxonasida boshqa noyob qo‘lyozma kitoblar qatori toshkentlik kotiblar tayyorlagan kitoblar ham saqlanadi. Butun Turkistonda bo‘lgani kabi Toshkentda ham xattotlik yo‘li bilan kitob tayyorlash uzoq vaqt davom etdi, hatto kitob bosish kashf qilingandan keyin ham, dastlabki vaqtlarda Toshkentda kitoblar qo‘lyozma yo‘li bilan ko‘paytirilar edi. Hozirgi O‘zbekiston milliy kutubxonasida bir guruh xattotlar 2-jahon urushiga qadar qo‘lyozma kitoblar nusxasini ko‘paytirish bilan shug‘ullanganlar. 1943 yilda O‘zbekiston FA Sharqshunoslik in-ti tashkil topgach, kutubxonadagi malakali xattotlar (Ibodulla Odilov, Abduqodir Murodov, Abdulla Nosirov, Usmon Karimov va b.) institutga o‘tishdi, ular noyob qo‘lyozmalarni tiklash, ko‘chirish, tavsif varaqalarni tuzish ishlarini olib bordilar. 20-asrning 80-yillariga kelib, ayniqsa, O‘zbekiston mustaqilligidan so‘ng san’at namunasi sifatida kitobat san’ati qayta tiklana boshladi. Bunda Habibulla Solih, Abdulla Mirsoatov, Salimjon Badalboyev, To‘xtamurod Zufarov, Alisher Shomuhammedov va boshqalarning xizmati katta.
Toshkentda kitob bosishning yuzaga kelishi. Toshkentda bosma usul bilan kitob chiqarish 19-asrning 2-yarmidan, Turkiston o‘lkasini chor Rossiyasi istilo etganidan keyin tarqaldi. Toshkentda dastlabki bosmaxona 1868 yil Turkiston harbiy okrug shtabi huzurida tashkil etilgan, unda rus tilida birinchi bosma kitob – O‘rta Osiyo faunasi, geografiyasi va geologiyasini tadqiq qilgan rus olimi N.A.Severtsovning asari nashr etilgan. Shundan keyin Toshkent O‘rta Osiyoda kitob bosishning m-ziga aylandi. 1871 yil o‘zbek tilidagi birinchi bosma kitob (asosan, savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchilarga mo‘ljallangan) – Sh. Ibrohimovning «Kalendar» kitobi arab alifbosida nashr etildi. Shu davrlarda xususiy bosmaxonalar ham paydo bo‘la boshladi: V.F.Pastuxov bosmaxonasi (1876, 1878 yildan «Laxtin va Pastuxov» firmasi, 1880 yildan S.I.Laxtin tipolitografiyasi), I.Husanboyev (1883), O.A.Portsev (1888), F.H.Orifjonov (1889), M.Bekmuhamedov (1908), I.Inog‘omjonov (1914) tipolitografiyalari va b. Ularda o‘zbek va rus tillarida badiiy va o‘quv adabiyotlari bosilgan. 1882 yil Toshkentda So‘fi Olloyorning «Sabot ul-ojizin» asari, 1883 yil Navoiyning «Devon»i va Mashrabning she’rlari, 1892 yil Bedilning «Tanlangan asarlar»i, Firdavsiyning «Shohnoma»si, keyinchalik Gulxaniy, Muqimiy, Furqat asarlari, Abdulla Avloniy, S.Saidazizov darsliklari va b. nashr etildi. 20-yilning 10-yillarida Toshkentda kitob nashr ettirish va omma o‘rtasida tarqatish ishlari bilan shug‘ullanuvchi shirkatlar va sh.k. paydo bo‘ldi. «Madaniyat», «Maktab», «Turkiston kutubxonasi» shirkatlari shular jumlasidandir. Bu shirkatlarga Toshkentning badavlat va ma’rifatparvar kishilari, jadidchilik harakatining yirik namoyandalari, shuningdek, ilg‘or kayfiyatdagi rus va tatar ziyolilari uyushgan edi. Oktyabr to‘ntarishidan oldingi yillarda Toshkentda bir yilda o‘rtacha tiraji 10 ming nusxadan iborat 10 nomda kitoblar nashr etildi; 13 bosmaxona va litografiya ishladi.
Nashriyotlar. Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng barcha bosmaxonalar musodara qilinib, davlat ixtiyoriga o‘tkazildi.
1920 yil martda Toshkent shahrida Turkiston davlat nashriyoti (Turkdavnashr) ta’sis etildi. Bu O‘rta Osiyoda ilk kitob nashriyoti bo‘lib, unga o‘lkadagi barcha nashr ishlarini birlashtirish, qog‘oz taqsimoti va bosmaxona jihozlarini nazorat etib, rahbarlik qilish vazifalari yuklandi.
Fuqarolar urushi tamom bo‘lib, harbiy interventsiya tugatilgandan keyin barcha nashr ishlari yangi iqtisodiy siyosatga muvofiq qayta qurildi.
1923 yildan Turkdavnashr O‘rta Osiyo davlat nashriyoti deb atala boshlandi. Toshkentda nashriyot ishini yo‘lga qo‘yish va tarjimachilikka Abdulla Avloniy, Abdurahmon Sayyoh Sodiqov, Munavvarqori Abdurashidxonov, Qosim Sorokin va b. salmoqli hissa qo‘shdilar.
O‘rta Osiyoda milliy-davlat chegaralanishidan so‘ng (1925) O‘rta Osiyo davlat nashriyoti negizida O‘zbekiston davlat nashriyoti – O‘zdavnashr tashkil topdi.
30-yillar nashriyotlar mahsulotining g‘oyaviy-siyosiy yo‘nalishida partiyaviy hukmronlik mustahkamlandi. 30-yillarning 2-yarmida tegishli xalq komissarlari va tashkilotlarining ixtisoslashgan tarmoq nashriyotlari barpo etildi.
2-jahon urushi yillarida nashriyotlar front va mamlakat ichkarisidagi ehtiyojga muvofiq qayta qurildi. Toshkentdagi 8 mustaqil nashriyot O‘zdavnashrga birlashtirilib, matbaa korxonalari ham uning ixtiyoriga berildi. Ayrim muassasalarga qarashli nashriyotlar yopildi. Kitob nashri keskin qisqardi.
Urushdan keyingi yillar ixtisoslashgan nashriyotlarni tiklashga harakat qilindi. 1950 yil «O‘zo‘quvpeddavnashr» (keyinchalik «O‘qituvchi» nashriyoti) tiklandi; 1957 yil Adabiyot va san’at nashriyoti (keyinchalik Fafur Fulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti), 1959 yil «Meditsina» nashriyoti (keyinchalik Ibn Sino nomidagi nashriyot) va b. nashriyotlar ochildi. Nashriyotlar mahsulotlari kommunistik mafkuraga xizmat qilishga qaratildi. Shu maqsadda juda ko‘p nomda va nusxada marksizm-leninizm asarlari, ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar nashr etildi. Ayni vaqtda Alisher Navoiyning 15 jildli asarlari, Hamza, Fafur Fulom, Abdulla Qahhor, Oybek, Komil Yashin, Mirtemir va b. yozuvchilarning saylanma asarlari, jahon mumtoz adabiyoti namunalari chiqarildi. 1968 yil O‘zbek Sovet Entsiklopediyasini nashr etish maqsadida O‘zbek Sovet Entsiklopediyasi (O‘zSE) Bosh redaktsiyasi tashkil etildi. Ushbu Bosh redaktsiya tomonidan 1971-80 yillarda 14 jildli O‘zbek Sovet Entsiklopediyasi nashr etildi. 1991 yildan O‘zSE Bosh redaktsiyasi Qomuslar bosh tahririyati deb atalib, qomusiy va ma’lumotnoma adabiyotlar, lug‘atlar nashr etadigan markazga aylanib qoldi.
Lekin sovetlar tuzumi davrida O‘zbekistondagi nashriyotlarning moddiy-texnika bazasi rivojlangan mamlakatlar darajasidan ancha orqada edi. Shu sababli bosilgan kitoblarning matbaa ijrosi sifatsiz edi. Nashr etiladigan kitoblarning nafaqat ijtimoiy-g‘oyaviy yo‘nalishi, balki umuman nashriyotlarning yillik rejalari sobiq Markazdan qat’iy nazorat qilinardi. Ijtimoiy fanlar bo‘yicha mahalliy mualliflar darsliklar yozishlariga imkon qadar yo‘l berilmasdi (Markazda nashr etilgan darsliklar, asosan, tarjima qilinardi).
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng noshirlikda keskin o‘zgarish bo‘ldi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida» qonuni (1996 yil 30 avgust) huquqiy asos bo‘ldi. Mazkur qonun asosida noshirlar o‘z faoliyatlarida, shu jumladan noshirlik yo‘nalishini, mavzularni, ixtisoslashuvini, chiqariladigan mahsulot nusxasini belgilashda, muallif tanlashda mustaqil faoliyat yuritadigan bo‘ldi. Yuridik va jismoniy shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tganidan va litsenziya olganidan keyin noshirlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ldi. Nashrga tayyorlangan qo‘lyozmalar va materiallarni senzuradan o‘tkazish bekor qilindi. Nashriyotlar bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqib, xaridorgir kitoblar nashr etishga harakat qila boshladilar. Kitob mahsulotlari mazmun-mundarijasini belgilashda ularga to‘la erkinlik berildi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi munosabati bilan o‘zbek tilidagi kitoblar salmog‘i oshdi. Amir Temur mavzui, buyuk mutafakkirlar, diniy, milliy qadriyatlar bilan bog‘liq ko‘plab kitoblar chiqarildi. Jumladan T.dagi nash-riyotlarda 33 jildli «Xotira» kitobi chop etildi. «O‘zbekiston» nashriyotida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning ko‘p jildli asarlari nashr qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 20 martdagi «O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyotini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori asosida «O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti tuzilib, uning zimmasiga 12 jildli universal «O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi»ni nashr etish topshirildi va buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Nashriyot 2000-2006 yillar mobaynida «O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi»ning umumalifbo tartibidagi 1-11-jildlarini, O‘zbekiston Respublikasiga bag‘ishlangan 12-jildini nashr etdi. 2006-08 yillarda 5 jildli «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» chop etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 3 iyuldagi «Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoniga binoan O‘zbekistondagi noshirlik ishiga rahbarlik qilib kelgan Davlat matbuot qo‘mitasi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi etib qayta tashkil etildi. Agentlik zimmasiga, boshqa vazifalar qatori, noshirlik ishlari va matbaachilikni keng miqyosda rivojlantirishga ko‘maklashish, amaldagi qonunchilikka rioya etish ustidan monitoringni amalga oshirish, noshirlik-matbaachilik faoliyatining ishlab chiqarish texnika bazasini rivojlantirish va yangilash, standartlashtirish hamda sertifikatlash sohasidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi.
2002 yil 10 aprelda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi Fafur Fulom nomidagi Adabiyot va san’at, «Yozuvchi» nashriyotlari va Rangli bosma fabrika birlashtirilib, Fafur Fulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi (NMIU) tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 11 iyundagi «O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 274-qarori asosida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi «O‘zbekiston», «Mehnat», «O‘zblanknashr» nashriyotlari, Toshkent matbaa k-ti birlashtirilib, «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi («O‘zbekiston» NMIU)ga aylantirildi; «O‘qituvchi» nashriyoti va Toshkent kitob-jurnal f-kasi negizida «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa-ijodiy uyi («O‘qituvchi» NMIU); «Cho‘lpon» nashriyoti (1986 yildan faoliyat ko‘rsatgan), «Ijod dunyosi» nashriyot uyi (2000 yildan faoliyat ko‘rsatgan) hamda bosmaxona birlashtirilib, «Cho‘lpon» nashriyot-matbaa ijodiy uyi («Cho‘lpon» NMIU) tashkil etildi; «O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyotiga Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti va Abu Ali ibn Sino nomidagi Tibbiyot nashriyoti qo‘shilishi munosabati bilan qayta tashkil etilib, «O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti deb atala boshlandi.
2009 yil boshida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligidan ro‘yxatdan o‘tgan 89 nashriyotdan 72 tasi Toshkent shahrida joylashgan. Bulardan 43 tasi davlat, 6 tasi jamoat, 33 tasi xususiy, 7 tasi hissadorlik nashriyotidir.
Nashriyotchilar va matbaachilar o‘z sohalariga zamonaviy noshirchilik, bosma usullar, yangi texnika joriy qilib bormoqdalar. Toshkentda 1290 dan ortiq matbaa korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, «Sharq» nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi, «O‘zbekiston» NMIU, «O‘qituvchi» NMIU, Fafur Fulom nomidagi NMIU, «Yangiyo‘l matbaa servis» ochiq aktsiyadorlik jamiyati va boshqa yirik korxonalar ishlab turibdi.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkentda-noshirlik-2/