Toshkent zargarlik maktabining o‘ziga xos lokal xususiyatlari


Post Views:
147

Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Toshkent qadimdan O‘rta Osiyoning yirik savdo-sotiq markazi bo‘lishi bilan birga hunarmandchilikning barcha turlari rivojlangan yirik shaharlardan biri ham hisoblanadi. Hunarmandchilikning asosiy turlaridan biri zargarlik hunari O‘zbekistonning Buxoro, Samarqand, Qo‘qon, Andijon, Marg‘ilon, Namangan, Xo‘jand, Qarshi, Shahrisabz kabi shaharlar singari Toshkent shahrida o‘ziga xos tarzda shakllanib, lokal-hududiy xususiyati bilan ajralib turadi. Zargarlik sanʼatida Toshkent Samarqand va Buxoro bilan birgalikda, Xorazm, Surxondaryo va Qashqadaryo zargarlik maktablaridan keyin uchinchi o‘rinda turadi.

Manbalarning guvohlik berishicha, qadimgi va ilk o‘rta asrlarda Toshkentda zargarlik juda yaxshi rivojlangan bo‘lib, mahalliy zargar ustalarining ishlari bilan ancha mashhur bo‘lgan.

Hunarmandlar yashaydigan mahallalar shahar markazida joylashgan bo‘lib, bu mahallalar Zargarlik nomi bilan yuritilgan. Zargar hunarmandlar tayyorlagan mahsulotlarning maʼlum miqdori shahar va qishloq aholisi ehtiyojlarini qondirsa, baʼzan uzoq mamlakatlarga sotish uchun ham chiqarilardi.

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida qimmatbaho metallarga ishlov berish zargarlik hunarmandchiligining rivojlangan turlaridan biri edi. Zargarlik buyumlari asosan kumushdan ishlanardi. Qashg‘ardan marjon, Polshadan kumush, turli rang va shakldagi shisha, feruza toshlari sotib olib kelinardi. Toshkentda zargarlik buyumlaridan tillaqosh, tillabargak, nozik o‘yma naqshli yengil qoramtir bilakuzuklar, katta va nafis aylanaga biriktirilgan osilmalardan iborat Toshkent ziraklari, oybaldoqlar ko‘plab ishlab chiqarilgan. Ayniqsa, Toshkent zirak, Samarqand zirak, no‘g‘ay zirak, qozoq ziraklar, sochpopuklar, tillabargaklar, tumorlar, burunbuloqilar, paranji tugmalari juda mashhur bo‘lib, doimo ko‘plab ichki va tashqi xaridorlarni o‘ziga jalb qilib kelgan.

Xalqaro savdo yo‘li Bag‘dod, Hamadon, Nishopur, Marv, Omul (Chorjo‘y) Buxoro, Samarqand, Shosh, Taroz (Janbul), Kulon, (Lugovaya stansiyasi) Marki, Bolosog‘un, Siyob, Issiqko‘lning janubiy qirg‘og‘i va Sharqiy Turkiston, Old Osiyo, Mongoliya va Xitoy bilan birgalikda Toshkent orqali o‘tganligi bois, savdo aloqalarining yaxshi rivojlanganligidan dalolat beradi.

Arxeologik maʼlumotlarga ko‘ra, Toshkentda zargarlik hunarmandchiligi o‘ziga xos tarzda rivojlangan bo‘lib, zargarlar asosan kumush, qimmatbaho toshlardan zargarlik mahsulotlari yasovchi ustalarni tashkil etardi.

ХIХ asr oxirlarida zargarlik ustaxonalarining soni 40 ga yaqin bo‘lib, bu yerda tayyorlangan mahsulotlar shu yerning o‘zidan sotilar edi. Baʼzi bir zargarlarning ustaxona va do‘konlari bozorlarda ham joylashgan bo‘lib, ular asosan zeb-ziynat buyumlarini uyida tayyorlab, bozorga faqat ularni sotish, zargarlikka kerakli buyumlarini sotib olish uchun kelishardilar. XX asr boshlariga kelib esa bu ustaxonalarning soni 70 ga yetib qolgan edi. Zargarlik ustaxonalari alohida qatorlarda joylashgan va mashhur ustalar o‘zining doimiy mijozlariga ega bo‘lgan. Ular buyurtma asosida bozorga mahsulot ishlab chiqarishgan.

XIX asrning ikkinchi yarmida, yani 1886 yil Toshkentning Chorsu bozorida zargarlik buyumlari 20 ta do‘kon-rastalarda joylashganligi va unda mahsulotlar shu yerning o‘zida tayyorlab sotilgan. O‘sha paytda zargarlar soni 135 dan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, ulardan 50 tasi oltin bilan ishlovchi ustalar bo‘lgan. Zargar hunarmandlar orasida hind, ozarbayjon va dog‘istonlik zargarlar ham borligi to‘g‘risida malumotlar uchraydi.

Toshkent zargarlari yozda o‘z ishlarini dala hovlilarida ham davom ettirganlar. Bunday zargarlar kumush ustalari deb atalib, ularning boshida oqsoqol turgan. Ayniqsa, ular yasagan sirg‘a, uzuk, bilakuzuklar mahalliy qizlar va ayollar o‘rtasida juda mashhur edi. Shunga qaramasdan, bu ustalar erkaklar uchun uzuk, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan pichoq, xanjar soplari, kamar to‘qalarini ham yasar edilar.

Toshkentda qadimdan qizlar sepi uchun ham maxsus zargarlik bezaklari buyurtma qilinar edi. Hattoki, aholining quyi qatlami, kambag‘al oilalar ham buyurtma berishga harakat qilishar edilar.

Toshkent zargarlari yasagan mahsulotlar nafaqat Toshkentda balki, Kavkazda, Samarqandda, Chimkent, Avliyoota va boshqa chegaralar qishloqlari aholisi uchun ham xaridorgir edi. Zero, o‘sha paytlarda Toshkent zargarlik mahsulotlariga bo‘lgan talabning kuchayishi asosan, ularning yasalish texnikasida o‘ziga xos lokal xususiyatlarni aks etar edi. Ayniqsa, Toshkent zargarlari yasagan Toshkent ziraklari, hattoki, Samarqand ziraklariga o‘xshash bo‘lsa ham boshqa ziraklardan farq qilardi. Shuning uchun ham ushbu mahsulotlar sotish ayirboshlash tarzida olib borilar edi. Baʼzi bir zargarlar qimmatbaho metallar bilan ishlashda kerak bo‘ladigan murakkab kimyoviy reaksiya va tayyorlov uslubi bilimiga ham ega bo‘lishgan.

Toshkent zargarlari o‘z oilaviy hunarlarini avloddan-avlodga o‘tkazishgan, o‘rgatishgan va bu o‘ziga xos anʼana bo‘lib, doimiy davom etgan.

XIX asr oxiri – XX boshlarida Toshkent hunarmandlari orasida hunarmandchilikni har tomonlama rivojlanishi va mahsulotlarni yuqori sanʼat darajasiga yetishi uchun o‘z hunarlariga sodiqligini, qadimiy anʼanalarni davom ettirish, yaʼni usta-shogird anʼanalari, hunar pirlari, payg‘ambarlari, avliyolari haqiga duolar qilish uchun hunarmandchilik risolalaridan foydalanishgan. Har bir zargar ustaning o‘z mahsulotini yaratish texnikasi va texnologiyasi maxsus hujjat risolaga asoslangan. Zargarlarning ushbu risolalari faqatgina hunarmandchilik ahamiyatiga molik bo‘lmasdan, balki ustaxonalarni rivojlantirish bilimlari, asboblari, hunarmandchilik mahsulotlari, ishlab chikarish texnologiyalari manbasi ham hisoblangan. Risolaga ko‘ra zargarlik hunarining piri – Dovud payg‘ambar hisoblangan.

Hunarmandlarning yuqori qatlami bosh ustalar bo‘lib, ularning qaramog‘ida ustaxona, ishlab chiqarish asbob-uskunalari bo‘lgan. Ular buyurtma qabul qilib olish, ustalar o‘rtasida ish taqsimlash va biror-bir marosim o‘tkazish kabi vazifalarni bajarishgan. Ustalar va hunarmandlar uyushma (sex) ga birlashgan. Har bir uyushmaning o‘ziga xos risolasi bo‘lib, unda tartib va qoidalar mavjud bo‘lgan. Hattoki, birbiriga yaqin sexlar o‘rtasida raqobat bo‘lib turgan.

Zargarlar kumushni mahalliy aholidan asosan davlat banki orqali, boy amaldor yoki tadbirkorlardan esa baʼzan qarzga ham olishgan. Shuningdek, ular zargarlik buyumlari yasash uchun katta pul sarf qilishgan. Turli hajmda bo‘lgan kumush quymasi hunarmandlar orasida “to‘ng‘iz” deb nomlangan. Baʼzan zargarlar bunday quymaning tekislangan holatda, yani plastinka ko‘rinishidagisini Rossiyadan olishardi. Toshkentning zargar ustalari kumushdan tashqari, hunarmandchilikda taqinchoqlar uchun kerakli quyidagi mahsulotlardan foydalanganligi haqida maʼlumotlar uchraydi:

polska – deb atalgan polyak kumushi bu asosan qirg‘izlar taqinchoqlarini yasash uchun sotib olinardi;

shisha – turli rangdagi shishalar bo‘lib, ular qimmatbaho toshga o‘xshardi. Bu mahsulotlar asosan oyna kesadiganlardan siniqlari, qoldiqlari ko‘plab sotib olingan;

marjonlar – korallar. Toshkentga asosan Qashg‘ardan olib kelinardi;

munchoq-feruza – emaltosh bo‘lib, asosan Moskvadan keltirilgan turli xildagi mayda munchoqlardan ustalar maxsus o‘zlari tayyorlardilar;

tanakor – bura, tanakor (rangsiz, baʼzan oq, kul rang yoki sariq tusdagi mineral);

Xitoy shisha yoki mino – alohida emalga o‘xshash shisha bo‘lib, Xitoydan keltirilgan. Unda Xitoy tamg‘asi aks etgan ( bu shishaning bahosi o‘sha davrda 1 rubl 50 kop. turgan). Aksariyat zargarlar o‘z buyumlarini tilla, kumush, mis, bronza, tosh, feruza, shisha, turli tangalar, ko‘zli va rangli munchoqlar, qimmatbaho dur, gavhar, yoqut kabilardan foydalanib ishlashgan. Qimmatbaho zargarlik buyumlariga talab tor doirada bo‘lgani uchun boshqa hunarmandchilik buyumlariga nisbatan kam miqdorda ishlab chiqarilgan. Zargarlikda ishlatilgan qimmatbaho toshlarning har qaysisi o‘ziga xos maʼno kasb etgan. XIX asr zargarlik buyumlarining shakli va bezaklari uchun birbiriga o‘xshamaydigan uslublar: islimiy (o‘simliksimon), geometrik, samoviy maxluqot dunyosi asos qilib olingan.

Zargarlik ustaxonalarda do‘kon yoki qo‘radan tashqari dagan-dan – sariq misdan yasalgan konussimon trubka, sandon, reja, otashkurak, juptak, xarak (ishchi lali, patnis), chiryo, ombir, shingil-kamob, buta kabi zeb-ziynat buyumlari tayyorlash uchun zarur zargarlik asboblari ham bor edi. Bundan tashqari, zargarlarda turli qisgich, ombirlar, qaychilar yig‘masi ham bo‘lgan. Shuningdek, zargarlar bezak buyumlarni tayyorlashda turli usullardan (quyish, taroshlash, o‘yish, qoliplash va o‘tqazish) foydalanishgan.

Toshkent taqinchoqlaridan asosan zirak – sirg‘aning turli xildagi ko‘rinishlari mavjud bo‘lib, ulardan Toshkent zirak, Samarqand zirak, no‘g‘ay zirak (tatarcha sirg‘a), qozoq ziragi deb nomlanganlari juda mashhur bo‘lgan. Ularda 3-5 tagacha osilchoqlar bo‘lib, bu osilchoqlar turli shishachalardan qilingan. Tatarcha zirak oval shaklda bo‘lib, uning o‘rtasiga shishadan feruza ko‘z qo‘yilgan.

Sochpopuklar – soch uchun bo‘lib, ularga asosan konus yoki silindrga o‘xshash asbob to‘liq biriktirib qo‘yilgan. Bu kumushdan qilingan bo‘lib, unda qora iplar sochni o‘rish uchun osilib turgan. Toshkentliklar uni zulfi zar ham deb atashadi;

bargak – (barg tojikcha so‘z bo‘lib barg demakdir) tillaqosh bo‘lib, Toshkentda shunday nom bilan, yaʼni tillabargak, tillaqosh deb yuritilgan. Bargak kumushdan kvadrat shaklida tayyorlangan va bir necha osilma taqinchoqlarga ega bo‘lgan bezak buyumidir;

bilakuzuklar – asosan qalin va keng kumush plastinkadan tayyorlangan. Ular juftjuft yasalib, taqilganda bir-biriga mahkam bog‘lab qo‘yiladigan ilmog‘i ham bo‘lgan;

uzuk – qo‘l taqinchog‘i. Hunarmandchilikda dastavval ayollar taqinchoqlari paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, keyinchalik erkaklar ham turli taqinchoqlar taqishgan. Masalan, Toshkentda rangli toshlar o‘rnatilib, egasining ismi sharifi bitilgan yirik savdogarlar uchun muhr – uzuklar tayyorlangan.

XX asr boshlarigacha qassoblar, sartaroshlar, g‘assollar orasida maxsus uzuklarni (asosan o‘rta barmoqlariga taqishgan) taqish odati bo‘lgan.

Burunbuloqi – XX asrning boshlarigacha bu taqinchoqni Toshkent ayollari burunlariga taqishgan;

paranji tugma – ham maxsus kumushdan qilingan. Tugmalar turli shaklda bo‘lgan, baʼzan bu tugmalarni ayollar xalatlariga ham qadashgan.

Toshkentda tillabargak murakkab shaklli peshona taqinchog‘idir. Unda 2 qator mayda bodomchasimon osilchoqlar bo‘lib, u “shingil” deb ham yuritilgan. Bundan tashqari, tillaqosh (qoshga o‘xshaganligi uchun ham shunday nomlangan) ham taqilib, u asosan kumushdan ishlanib, bosh kiyimi ustidan kiyiladi va qosh ustiga tushib turadi. Unga turli shaklga ega bo‘lgan mayda taqinchoq bezaklar qadalgan.

Samarqand va Buxoroda ham tillaqosh asosan kelinlarning to‘y tantanalarida taqadigan peshona taqinchog‘i hisoblangan.

XIX asr boshlarida Toshkentda “gajak” taqinchog‘i ham taqilgan. Toshkent gajaklari Buxoro gajaklaridan farq qilib, ko‘rinishi bodom shaklida bo‘lgan. Ushbu taqinchoq qalampir yoki bodom ko‘rinishida bo‘lib, uchi qayrilgani uchun ”gajak” deb ataladi. Gajaklar doimo tillaqosh bilan birga taqilgan. Ular do‘g‘acha bilan ikki chakkaga mustahkamlanib, ilmoqlar vositasida soch yoki ro‘molga qistirib qo‘yilgan. Gajaklar asosan Toshkent, Farg‘ona vodiysi, Zarafshon vohasi hamda Janubiy O‘zbekiston viloyatlarida keng tarqalgan.

XX asr boshlarida Toshkentda gajak taqish urfdan qolib, “to‘g‘nog‘ich” (broshka) taqila boshlangan.

XX asr boshlarida Toshkent ziraklari ko‘rinishi tomchi shakliga o‘xshash bo‘lib, turli xil tosh shishalar, sunʼiy feruza, bug‘doysimon munchoqlardan iborat edi. Qizlar, ayollar, kelinlar, yosh va qarilarning taqinchoqlari bir-biridan farq qilgan.

Toshkentda XIX asr oxirlarida ham jevak degan bo‘yin taqinchog‘i taqilgan. Ko‘krak taqinchoqlaridan zebigardon ham bo‘lib, u romb shaklida yasalgan va turli rangli shishalar, ko‘k munchoqlar bilan bezatilgan.

Zeb-ziynat buyumlaridan hisoblanmish Toshkent tumorlari Buxoro va Qo‘qon tumorlaridan farq qilardi. Bu farqni, hatto, taqilishida ham sezish mumkin edi. Tumorlar “bo‘yin tumor”, “ko‘krak tumor”, “qo‘ltiq tumorlar”dan iborat bo‘lib, unda qo‘y shoxlari aks etib, ayollar va bolalar uchun himoya vositasi sifatida taqishgan. Bo‘yin tumori uchburchak shaklda bo‘lib, yaltiroq va turli rangdagi shishalar bilan bezatilgan. Uning chetlariga bug‘doyga o‘xshash osilchoqlari bo‘lgan. Tumor asosan o‘rtada ikki cheti bo‘yinga tutashtirilgan. Zargarlik sanʼatida Toshkent maktabi buyumlari ko‘proq kumush va keyinchalik qotishmaga tilla suvi yuritilib yasalgan. Bu odat Toshkent zargarlarida hozirgacha saqlanib qolgan.

XX asr boshlarida Toshkentda kumushdan buyum yasaydigan zargarlar ancha kamayib ketadi, ular past navli oltindan zargarlik buyumlari yasay boshlashadi. Qolaversa, ularning xorijdan keltirilgan zargarlik buyumlari taʼsiriga tushib qolishi ham zargarlik hunarining rivojlanishiga o‘z taʼsirini ko‘rsatadi. Bugun toshkentlik zargarlar faqat Toshkent maktabi anʼanaviy tajribasinigina o‘zlashtirib qolmasdan, balki, boshqa mahalliy maktablar tajribasini ham o‘zlashtirmoqdalar. Qolaversa, ular ijodida texnik va badiiy usullar bilan birga ko‘proq inson turmush tarzi falsafasining inʼikosi namoyon bo‘lmoqda. Bundan tashqari, bugungi zargarlar ijodida qadim ajdodlarning olamni yaratilish qonuni borasidagi qarashlari ham o‘rin olgan. Toshkentda savdo-sotiqning rivojlanishi natijasida qo‘shni mintaqalardan taqinchoklarning xilma-xil turlarini kirib kelishi, ularning texnikasi, badiiy jihatlari (ornamentlar), umumiy ko‘rinishi, taqinchoqlarning mahalliy turlari bilan yaqinlashib, o‘zaro uyg‘unlashib ketishiga ham olib keldi.

O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishgandan so‘ng zargarlikda qimmatbaho metallardan foydalanishga imkon yaratildi. Mahalliy unutilib borayotgan ananalarni qayta tiklash, anʼanaviy – zamonaviylarini yaratish uslublaridan foydalanish zargar hunarmandlar uchun qadriyatlarning qayta tug‘ilishidir.

Zero, Toshkentda ko‘plab zargarlik hunarmandchilik markazlari, ustaxonalari, sanoat korxonalari, xususiy birlashmalarining faoliyat yurgizishi qadimdan bu hunar turining kuchli rivojlanganligi va alohida zargarlik maktabi yaratilganligidan dalolatdir.

S.T. Davlatova

Локальные особенности ташкентской ювелирной школы

В статье раскрывается история школы ювелиров старого города Ташкента. Рассматриваются локальные особенности, традиции ювелиров-ремесленников, обычаи и обряды, связанные с этим ремеслом.

S.T. Davlatova

Local Aspects of the Jewelry Schools of Tashkent

In the article are attempt to make analyze jeweler schools of old part of Tashkent city. Also it is studying localities, traditions of jewelers and rituals connecting with this profession (handicraft).

Тошкент шаҳрининг 2200 йиллик юбилейига бағишланган Халқаро илмий конференция материаллари,
Ўзбекистон Республикаси Фанлар академияси, «Фан» нашриёти, 2009

https://shosh.uz/uz/toshkent-zargarlik-maktabining-oziga-xos-lokal-xususiyatlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x