Post Views:
2 059
Markaziy Osiyodagi qadimiy madaniyatning shakllanishi va rivojlanishida bu madaniyat ijodkorlari bo‘lmish mahalliy va ko‘chib kelgan aholining diniy e’tiqodlari ham katta ahamiyatga egadir. O‘rta Osiyoda islom dini hukmronlik qilguniga qadar mavjud bo‘lgan yuqori darajadagi madaniyatning rivojida otashparastlik, ma’jusiylik, zardushtiylik, buddaviylik, moniylik (manixeylik), mazdakiylik, xristianlik kabi dinlarning o‘z o‘rni, o‘z roli va hissasi bor. Shunisi e’tiborga sazovorki, islom dini yoyilguniga qadar O‘rta Osiyo hududida ko‘plab diniy dunyoqarashlar bir vaqtda faoliyat yurgizgan bo‘lsalarda, mahalliy aholi bir necha dinlarga e’tiqod qilgan bo‘lsa-da, bu dinlarning birortasi boshqasidan ustun qo‘yilmagan va hech bir din rasman davlat dini darajasiga ko‘tarila olmagan.
Taxminan V asrdan to arablar hukmronligi davrigacha O‘rta Osiyoning markaziy viloyatlaridan biri Sug‘diyona aholisining kattagina qismi, O‘rta Osiyo hududining asosiy qismini egallagan eftalitlar, eftalitlardan keyin Markaziy Osiyoda hukmronlik o‘rnatgan Turk xoqonligini barpo etgan turkiy aholining katta qismi nestorianlikni qabul qilgan [Nikitin, 1984. S.121-137].
VII-VIII asrlarda davom etgan arablar fathi natijasida islom dini qaror topgan hududlarda, shu jumladan, O‘zbekiston hududida ham otashparastlik, ma’jusiylik, zardushtiylik, buddaviylik, moniylik (manixeylik), mazdakiylik kabi qadimiy diniy dunyoqarashlar tamoman yo‘qotib yuborildi. Bu dinlardan mustasno ravishda xristianlik dini yana bir necha asr davomida saqlanib qoldi. Buning sababi xristian dinining asoschisi Iisus Xristos musulmon manbalarida va diniy kitoblarida, shu jumladan, Qur’oni Karimda ham katta hurmat bilan Iso alayhissalom deb yuritiladi, uning tarixiy shaxs ekanligi tan olinadi. Aynan mana shu holat islom dini hukmronlik qilgan mamlakatlarda, shu jumladan, qadimiy O‘zbekiston hududida ham arablardan keyin bir necha yuz yil davomida xristian dinining saqlanib qolishiga sabab bo‘lgan. Somoniylar davrida xristianlik birmuncha cheklovlarga uchragan bo‘lsa-da, qoraxoniylar va qoraxitoylar davrida yanada aktivlashgan.
Ayrim islom mamlakatlarida aholining ma’lum qismi hozirgi kunlargacha ham xristian diniga e’tiqod qilib keladi.
Ko‘plab o‘rta asrlar yozma manbalari O‘rta Osiyo hududidagi qadimiy xristianlik, xristianlar qishloqlari, xristian olimlari to‘g‘risida ma’lumotlar beradilar [Bartold, 1964; 1968]. Mana shu ma’lumotlarning ba’zilari qadimiy Shosh, ya’ni hozirgi Toshkent vohasidagi xristianlik bilan bog‘liq.
Ibn Havqal va yana boshqa arab sayyohi al-Istahriylar aynan mana shu davrda Choch viloyatining g‘arbiy chegarasida Vinkard nomli xristianlar qishlog‘i to‘g‘risida ma’lumot beradilar.
Al-Istahriy “Kitab masolik al-mamolik” da shunday yozadi,-“(Chochning) bir chegarasi Choch daryosining Xorazm dengiziga (Sirdaryo bo‘lsa kerak – R.A.) quyilishigacha, boshqa chegarasi Safijob (Isfijob – hozirgi Qozog‘iston Respublikasining Sayram shahri – R.A.) sarhadlaridagi temir konlarigacha cho‘ziladi, (boshqasi) xristianlar Vinkardigacha boradi” [Bartold, 1964. S. 279; 1964. S. 485]. Arab olimining Choch kabi yirik viloyatning chegaralarini ta’riflashda aynan shu qishloqning nomini tilga olishining o‘ziyoq bu qishloqning X asrda juda yirik va mashhur bo‘lganligini ko‘rsatadi.
XX asrda O‘zbekiston, shu jumladan, Toshkent vohasidagi arxeologik yodgorliklarda olib borilgan tadqiqotlar bu ma’lumotlarning to‘g‘riligini isbotlagani holda, bu din tarixining bizgacha noma’lum bo‘lgan jihatlarini ham yoritish imkonini berdi. Toshkent viloyatidagi qadimgi Xarashket (Qanqa yodgorligi) shahri ham ko‘plab xristianlar yashagan manzillardan biridir. Bu yerda olib borilgan arxeologik qazishmalarda xristianlik bilan bog‘liq osori-atiqalar ko‘plab uchrab turadi. Ushbu shahar mahallalaridan birida xristianlar yashagan uy qoldiqlari ham topilgan [Bogomolov, 1995. S.71-79].
Toshkent shahridagi Salor arig‘i atroflaridan nestorianlarning bir nechta qimmatbaho buyumlari topilgan [Anboyev, 1959. S. 39-40].
1980 yillarda Toshkent vohasi Chorvoq vodiysida joylashgan To‘rtko‘ltepa yodgorligida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar davrida misdan yasalgan xristianlar hochi topilgan. Hoch yupqa qilib yasalgan va u xristian ruhoniysi ridosining ko‘kragiga taqib yurishiga mo‘ljallangan. Hochning ko‘ndalang tayoqchasidan yuqori qismi singan. Uning tik holatdagi uzunligi taxminan 7 sm bo‘lgan, ko‘ndalang tayoqchasining uzunligi esa 3,5 sm bo‘lib, uning har ikkala uchida ip o‘tkazib kiyimga tikish uchun mayda teshikchalar qilingan. Hochning ko‘ndalang tayoqchadan pastki tomoni yalpoq, nayzasimon ko‘rinishda, ikkita bir-birlariga qo‘shilib ketgan doiralar fonida tasvirlangan. Pastki tomonining yuzasi bir-birlari bilan kesishib, to‘r hosil qilgan chiziqchalar bilan bezatilgan. YUqoridagi qismi ham bizningcha, nayzasimon ko‘rinishda, lekin bitta doira fonida tasvirlanganligi haqiqatga yaqin. Bu topilma Chorvoq vodiysida joylashgan To‘rtko‘ltepa yodgorligi o‘rnida bir paytlar faoliyat ko‘rsatgan qishloqda xristianlar ham yashaganligini va ular orasida ruhoniylar ham bo‘lganligini ko‘rsatadi hamda xristianlik tarqalgan hududlar geografiyasini kengaytirish imkonini beradi.Bu topilmani taxminan IX-XII asrlar bilan davrlash mumkin.
Toshkent viloyat Ohangaron tumani tog‘li Norbeksoy vodiysida, Norbeksoyga quyilgan Qizotasoydan 200 m chamasi yuqorida diametri 50 m, balandligi 10-11 m bo‘lgan aylana shaklidagi tepalik mavjud. Bu tepalikning ichida qadimda sun’iy ravishda kavlangan yirik g‘orlar tizimi bo‘lib, u yerli mahalliy aholi tomonidan “Korxona” nomi bilan yuritiladi [Masson, 1953. S. 100-103]. Norbeksoy vodiysi o‘rta asrlarda Movarounnahrning yirik viloyatlaridan biri Iloqning markaziy shahri Tunketdan 6 km chamasi janubda joylashgan.
Bu yerda 30-yillarda M.Ye. Masson tomonidan kuzatishlar olib borilgan va Korxona g‘orlarining planlari qog‘ozga tushirilgan [Masson, 1953. S.100-103]. M.Ye. Massonning ma’lumotiga ko‘ra g‘orlarning asosiy qismi taxminan ilk o‘rta asrlarning oxirlaridan boshlab kavlana boshlangan. Ushbu tepalikning o‘zi ham arxeologik yodgorlik bo‘lib, uning ustida 6m qalinlikdagi madaniy qatlamlar mavjud.
Korxona joylashgan Norbeksoy vodiysida Korxonadan tashqari bir nechta qadimiy qishloqlar xarobalarining mavjudligi bu yerda inshootlar qurish uchun qurilish xom ashyosining yetarli darajada ekanligini ko‘rsatadi. Bunday sharoitda Korxona yer osti g‘orlarining nihoyatda qiyinchilik bilan kavlab bunyod etilishi bu inshootning bu hududda, shu jumladan, ushbu tepalik ustidagi turarjoylarda qadimda yashagan aholi uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lganligidan dalolat beradi.
M.Ye. Masson tadqiqotlar olib borgan 30-yillarda Korxonaning asosiy markaziy zalidan masjid sifatida foydalanilgan.
Korxona majmuasining kirish joyi uning shimol tomonida bo‘lib u yerda 14 m uzunlikdagi ayvon barpo etilgan. Ayvondan eshik orqali janub tomondagi katta zalga kirilgan. Majmuaning asosiy xonasi hisoblanmish katta zal hochsimon tarxga ega. Zalning uzunligi 17 m, eni esa 4 m bo‘lib uning o‘rtarog‘ida g‘arbiy devoriga mehrob o‘yib ishlangan. Bizning fikrimizcha, ayvon keyingi asrlarda, ya’ni Korxona masjidga aylantirilgandan keyin bunyod etilgan. Majmuada asosiy zaldan tashqari yana ko‘plab g‘orsimon, bir nechta hochsimon tarxga ega bo‘lgan va alohida qurilgan boshqa xonalar ham mavjud.
M.Ye. Masson Korxonaning qadimda qay maqsadda faoliyat yurgizganligini tahlil qilar ekan, bu g‘orlarning ayrimlarida, “chiroq o‘chdi” kabi rasm – rusumlar amalga oshirilgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi taxminlarni aytadi. M.Ye. Massonning bu fikrini o‘sha paytdayoq mahalliy qariyalar qat’iyan rad qilishgan. Agar o‘sha odatlar amalga oshirilgan bo‘lsa, bu albatta, mahalliy aholining xotirasida qolgan va bu joylardan hech qachon muqaddas, pokiza joy – masjid sifatida foydalanilmagan bo‘lur edi [Raimkulov, 1999a. S. 54-57; 1999b. S. 92-93].
Korxonaning qadimda qay maqsadda faoliyat ko‘rsatganligi masalasiga Korxona g‘orlarining planlari ham javob berishlari mumkin. G‘orlarning barchasi deyarli bir xil, ya’ni hochsimon (krestsimon – R.A.) ko‘rinishga ega. Korxona g‘orlarining tahlili “ushbu yodgorlik qadimgi xristianlar tomonidan qurilmaganmikin?” – degan tabiiy savol tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, uning qurilish davri ilk o‘rta asrlarning oxirlariga, ya’ni qadimiy xristianlarning O‘rta Osiyoga kirib kelishlari ommaviy tus ola boshlagan va bu hududda xristianlar qishloqlarning, ibodatxonalarning va boshqa inshootlarning tarkib topa boshlagan davrlariga to‘g‘ri keladi. Lekin bu g‘orlardan xristianlik bilan bog‘liq biron-bir ashyo topilmagan.
G‘orlarning barchasida hochsimon ko‘rinish hukmronlik qilishi tasodifiy emas, balki bu holat Korxona g‘orlarning maxsus reja asosida kovlanganligidan dalolat beradi (mana shu hochsimon tarxga ega bo‘lgan katta zal bu yerda faoliyat ko‘rsatgan g‘or-monastirning bosh sajdagohi hisoblangan. Bu xonaga dastlab tepalikning janub tomonidagi hovlidan kirilgan. Uning to‘ri yarim doira shaklida tugallangan va ikki qanotida ikkita xona mavjud. Bunday qurilish usuli xristian me’morchiligining cherkovlar qurilishi amaliyotida qadimdan to hozirgacha qo‘llaniladi. Keyinchalik ushbu sajdagohning to‘ridan eshik ochilgan va eshikning tashqari tomonida hozir aytib o‘tilgan ayvon barpo etilgan).
Bu g‘orlarning bir necha yuz yillar (balki ming yildan ham ziyodroq – R.A.) davomida foydalanilganligini hisobga olsak, ulardagi xristianlik bilan bog‘liq qadimgi dastlabki belgilar yo‘qolib ketgan yoki keyingi asrlarda maxsus yo‘qotilgan bo‘lishlari ham mumkin. O‘rta Osiyo va boshqa hududlarda qazib o‘rganilgan xristianlar inshootlari xarobalarida ko‘p hollarda bu din bilan bog‘liq arxeologik topilmalar umuman uchramaganligini mutaxassislar ko‘p bor e’tirof etishgan.
Bizning fikrimizcha, Korxona keyingi asrlarda masjidga aylantirilgan. Lekin bu aynan qaysi asrda sodir etilganligi noma’lum. Bizga ma’lumki, xristianlar cherkovlarining musulmon masjidlariga aylantirilish tendensiyasi islom hukmronlikka erishgan mamlakatlar hududlarida asta-sekinlik bilan, o‘sha davrdagi siyosiy muhit va sharoitlar hisobga olingan holda olib borilgan. Al-Balazuriyning ma’lumotiga qaraganda Suriyadagi Xamsa shahrining xristian aholisi arab sarkardasi Abu Ubayd bilan tuzgan tinchlik sulhida “shu shart bilanki, ular shaharliklarning hayotlarini, mol-mulklarini, cherkovlarini, tegirmonlarini saqlab qolganliklari evaziga musulmonlarga Ioann (YUhanno) cherkovining chorak qismini masjid sifatida foydalanish uchun ajratishga majbur bo‘lganlar” [Bolshakov, 1984. S. 28].
Manbalarda Ismoil Somoniyning 280/893-894 yillarda Talasga qilgan yurishlari davrida Talas va Mirki shaharlarida faoliyat ko‘rsatayotgan xristianlar cherkovlari musulmon masjidlariga aylantirilgan [Bartold, 1964. S. 287].
Cherkovlarning musulmon masjidlariga aylantirilishi halifalik siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qo‘llanilmasdan faqat sharoit talab qilgan o‘rinlardagina olib borilgan. Xristianlarning cherkov – monastiri sifatida ilk o‘rta asrlarning oxirlarida bunyod etilgan Korxona shu yo‘sinda musulmon masjidiga aylanib ketgan, deb taxmin qilish mumkin.
Qadimgi xristianlikka oid arxeologik yodgorliklarni tadqiq qilishda shu narsa oydinlashdiki, qadimgi xristianlar yer ustida turlicha inshootlar bunyod etishlari bilan birga ko‘p hollarda yer ostida va tepaliklar ichidan ham cherkovlar va boshqa vazifalarni bajaruvchi inshootlar qurganlar. Bunday inshootlar qadimgi Rum (Vizantiya) va Armaniston hududlarida arxeologlar tomonidan ko‘plab tadqiq etilganlar.
Janubiy Turkmanistonning Kushka shahri yaqinidagi Taxta Bozor shaharchasi atrofida, Murg‘ob daryosining tik, baland qirg‘oqlarida sun’iy ravishda kavlangan elliktacha qadimiy g‘orlar majmuasi mavjud. 1986 yilda bu g‘orlarni dastlab o‘rgangan geolog olim V.A.Obruchev bu g‘orlar xonalaridan birining kirish joyida hoch tasvirlanganligini yozgan va bu g‘orlar majmuasini qadimiy xristianlarga tegishli ekanligini taxmin qilgan [Obruchev, 1986. S. 34]. Forlar majmuasi Janubiy Tojikistonning Ayvaj qishlog‘i yaqinida ham topilgan. Tadqiqotchilar T.M. Otaxonov va S.G. Xmelnitskiylarning fikrlaricha, bu sun’iy g‘orlar xristianlarning g‘or-monastiridir [Ataxanov, Xmelnitskiy, 1973. S. 187-204].
Norbeksoy vodiysida Korxonadan tashqari yana bir nechta arxeologik yodgorliklar ham mavjud. Korxonadan janubda Xolboytepa nomli tepalik ilk o‘rta asrlarda faoliyat yurgizgan qasr-ko‘shkning xarobalari bo‘lsa, janubi-g‘arbda joylashgan Mo‘mintepa qandaydir saroyning qoldiqlari, deb taxmin qilinadi [Shapovalova i dr., 1994, yil. 3].
Bizning fikrimizcha, Iloq viloyatining markazi Tunket shahar xarobalaridan janubda joylashgan Korxona g‘orlar majmuasi xristianlarning cherkov – monastiri sifatida bunyod etilgan. Saroy qoldiqlari, deb taxmin qilingan Mo‘mintepa xristianlarning yer ustida qurilgan cherkovining qoldiqlari bo‘lishi ham mumkin. Chunki suv chiqmaydigan baland joyda pishiq g‘ishtlardan saroy qurilishi ko‘p ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Umuman olganda, Korxona joylashgan tog‘li Norbeksoy vodiysi o‘rta asrlarda asosan xristianlar yashagan joylar sifatida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa kerak.
Keyingi yillarda qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar xristianlar O‘rta Osiyoning shaharlari va qishloqlarida yashaganlari, ko‘p hollarda esa uzoq tog‘li hududlarida ham makon qurganliklarini ko‘rsatmoqda. Ibn Havqal tomonidan Samarqandning Shavdor tumanida joylashgan tog‘li Vazkard qishlog‘i tilga olingan [Betger, 1957. S. 18], bu qishloq aholisi o‘sha davrdayoq qishloq yaqinidagi Qizilqoyaga xristian-suryoniy yozuvlarini bitganlar, o‘ntacha hoch tasvirlarini chizganlar. 2007 yilda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridan 65-70 km masofada, Hisor tog‘lari orasida joylashgan tog‘li G‘ilon qishlog‘i hududidan ham sopoldan yasalgan hoch topilgan. Qolaversa, bu fikrimizni Chorvoq vodiysidagi To‘rtko‘ltepadan topilgan mis hoch ham tasdiqlashi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Toshkent vohasida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlar bu hududda qadimgi xristianlik tarixini birmuncha oydinlashtirishga imkon yaratmoqda.
A.A. Raimqulov
Foydalanilgan adabiyotlar
Анбоев И.А. Древний несторианский клад (?) в городе Ташкенте //Известия Академии наук РУз. Серия «Общественные науки». 1959. № 6.
Атаханов Т.М., Хмельницкий С.Г. О работе Шаартузского археологического отряда в 1968-1970 гг. //Археологические работы в Таджикистане. Вып. Х. М., 1973.
Бартольд В.В. О христианстве в Туркестане в домонгольский период (по поводу семиреченских надписей) //Соч., Т. II. Часть 2. М., 1964.
Бартольд В.В. Статьи из “Энциклопедии ислама” Беркай //Соч. Т. V. М., 1968.
Бетгер Е.К. Извлечение из книги “Пути и страны” Абуль-Касыма ибн Хаукаля //Труды Среднеазиатского Государственного университета. Археология Средней Азии. Т. IV. Ташкент, 1957.
Богомолов Г.И. О христианстве в Чаче // Из истории древних культов Средней Азии. Христианство. Ташкент, 1995.
Большаков О.Г. Средневековый город Ближнего Востока. М., 1984.
Массон М.Е. Ахангеран. Археолого-топографический очерк. Ташкент, 1953.
Никитин А.Б. Христианство в Центральной Азии (древность и средневековье) //Воточный Туркестан и Средняя Азия. М., 1984.
Обручев В.А. За тайнами Плутона. М., 1986.
Раимкулов А.А. Об искусственных пещерах на территории Средней Азии //Согд в системе культурных связей Центральной Азии (Тезисы докладов). Самарканд, 1999а.
Раимкулов А.А. Пещерные архитектурные сооружения Средней Азии //Изучение культурного наследия Востока. Материалы межд. конф. СПб., 1999б.
Шаповалова В.В. Ростовцев О.М., Аскаров М.А. Отчет о проделанной работе на памятнике Кархана за 1991-1994 годы //Архив Института археологии АН РУз, ф. 7, 01, д. 147.
Из истории древних религий Ташкентского оазиса (христианства)
В статье рассматривается одно из малоизученных направлений истории Узбекистана – древнее христианство, которой существовало на протяжении тысячелетия и христианские памятники Ташкентского оазиса. На основе привлечения археологического материала и исторических фактов, связанных с христианством, автор вқсказывает мнение о широком распространиении христианства в Ташкентском оазисе. Пещерный комплекс Кархана который расположен к югу от столичного города Илака – Тункета, относится к одному из крупных христианских памятников региона.
А.А. Раимкулов
(A.A. Raimqulov)
From history of religions in Tashkent Oasis (Christianity)
The article deals with ancient Christianity and Christian site of the Tashkent Oasis, one of the less studied fields of the history of Uzbekistan, which existed during the course of almost thousand years. The author concludes on wide distribution of Christianity in Tashkent Oasis using the archaeological and historical data. In his opinion, the cave complex of Karhana located to south of Tunket, the capital city of Ilaq, is one of the largest Christian sites of the region.
Manba: Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
«Fan» nashriyoti
2009
https://shosh.uz/uz/toshkent-vohasidagi-qadimgi-dinlar-tarixidan-xristianlik/