Post Views:
68
TOSHKENT UYEZDI – markazi Toshkent hisoblangan ma’muriy-hududiy birlik (1887–1924; 1867–86 yillarda Qurama uyezdi). 1918 gacha Turkiston general-gubernatorligi, 1918–24 yillarda Turkiston ASSR, 1926–30 yillarda Toshkent okrugi tarkibida. Maydoni 25610 kv. versta, aholisi taxminan 310 ming kishi bo‘lgan (1909). Toshkent uyezdida aksariyat o‘zbeklar, shuningdek, tatarlar, qozoqlar va boshqalar yashagan.
Yerlari Chirchiq, Keles, Ohangaron va boshqa daryolardan sug‘orilgan. Aholisi, asosan, dehqonchilik (asosiy ekinlari: bug‘doy, sholi, paxta va boshqalar), bog‘dorchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan. Toshkent uyezdida paxta tozalash, pivo va ko‘n zavoddlari bo‘lgan, mayda hunarmandchilik rivojlangan. Toshkent uyezdini uyezd boshlig‘i boshqargan. Uyezd 4 bo‘limga: Piskent, Shahar atrofi, Troitsk, Xonobodga bo‘lingan (1909). Shahar atrofi quyidagi mavzelarni o‘z ichiga olgan: Zangiota, Mirobod, Oqqo‘rg‘on, Chilonzor, Qatortol, CHo‘ponota, Oqtepa, Qorasaroy, Yunusobod, Otchopar, Posira, SHo‘rtepa, Yalang‘och, O‘nqo‘rg‘on, Shibli va boshqalar (mavzelar sekin-asta Toshkent hududiga qo‘shilib ketdi). O‘zbekistondagi yangi ma’muriy-hududiy bo‘linish tufayli Toshkent uyezdi tugatilgan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkent-uyezdi/