Toshkent shahri Shayx Zayniddin majmuasidagi chillaxonaning foydalanishi xususida


Post Views:
310

Toshkentning janubi-g‘arbida, Ko‘kcha arig‘i yonida, VI-XII asrlarda qo‘rg‘on bo‘lgan. O‘sha davrda undan sharq tarafda Kuyi Orifon mavzesida ikki qavatli, pishiq g‘ishtdan bino bunyod etilgan va tadqiqotlar bu bino astronomik mohiyatga ega ekanligini tasdiqladi, keyinchalik u Chillaxona deb ataldi.

Bu ob’yektda dastlab V. A. Levina-Bulatova[1] arxeologik tadqiqotlar olib borib, uning natijalarini 1960 yili “O‘zbekiston me’moriy merosi” to‘plamida “Zayniddin maqbarasi tarixi haqida” nomli maqolada e’lon qildi. U o‘z tadqiqotida binoning arxeologik tarixi va me’moriy jihatlari haqida ma’lumot beradi.

Shu joyning astronomik ob’yekt ekanligi haqida dastlab biz O.S. Tursunov bilan hammualliflikda 2000 yili Rossiya Fanlar akademiyasining S.I. Vavilov nomidagi Tabiiy va texnikaviy fanlar tarixi institutining “Astronomiya tarixi tadqiqotlari”[2] yillik to‘plamining 25 sonida “Toshkent markazidagi ilk o‘rta asrlarga oid astronomik qurilma” nomi bilan maqola chop etgan edik. Keyinchalik ushbu ma’lumot 2002 yili Angliyada chop etiladigan “Astronomiya tarixi”[3] jurnalida ham “Toshkentdagi o‘rta asr astronomik jihozi” nomi bilan chop bo‘ldi.

Undan keyin ham tadqiqotlarni davom ettirib, olib borib ushbu mavzuni boyitishga muvaffaq bo‘ldik va hozirgi ma’ruzada Toshkent Chillaxonasi haqida kengroq ma’lumot bermoqchimiz.

Toshkent shahrining hozirgi Ko‘kcha mahallasidagi qabriston hududida XIV asrga oid arxitektura yodgorligi – Shayx Zayniddin (1164 yilda tavallud topgan) qabri uzra qurilgan maqbara qad ko‘tarib turibdi. Shayx Zayniddin Bag‘dod shahridan kelib, Toshkentning “Ko‘yi orifon” mavzesida muqim yashab qolgani tarixiy hujjatlardan ma’lum. Maqbaraning shundoq yonginasida “Chillaxona” deb ataladigan, uncha katta bo‘lmagan qurilma mavjud va u maqbara majmuasi bilan uncha qovushmayroq turadi. Arxeolog V.A. Levina-Bulatova tadqiqotlaridan ma’lum bo‘lishicha, mazkur yodgorlik XI asrga oid ekan va “Chillaxona” sug‘orish tizimi qismlari mavjud madaniy qatlamga qurilgan. Maqbara poydevori tadqiq qilinganda ham shu narsa malum bo‘ldi, ya’ni uning ostida ilgari qurilgan bino poydevori topildi. Qurilish ashyolari, xonalar shakli, Makkaga qaratib ochilgan mehrobga ko‘ra, “Chillaxona” O‘rta Osiyoga islom kirib kelishi davriga taalluqli deyish mumkin. Bu yerda XIV asrda Shayx Zayniddin qabri atrofida qabriston paydo bo‘lgan.

Ma’lumki tasavvufda “chilla” zohidlik xilvati va tariqat yo‘lining o‘ziga xos rasm – rusumlarini anglatadi. Chilla qirq kun davomida nafsdan tiyilishdan iborat bo‘lib qolmay, balki bu davrda xilvatda bo‘lishni ham anglatadi va bu ustoz rahnamoligida amalga oshiriladi. Chilla o‘tiriladigan xona qorong‘u va cho‘zilib yotish imkoni yo‘q, faqat o‘tirishga mo‘ljallangan maxsus joydir. Uxlash ham o‘tirgan holda kechadi. Bu davrda ustoz rahnamodan o‘zgalar bilan suhbat qurish va uning ijozatisiz chillaxonani tark etish taqiqlanadi[4].

Toshkentdagi Shayx Zayniddin qabriston hududida maqbara bilan yonma-yon joylashgan Chillaxonani mahalliy aholi diniy marosim inshootiga tegishli deb bilgan.

Chillaxona me’moriy jihatdan qanaqaligini ko‘rib chiqaylik. Inshoot ikki qism – yer osti va yer usti xonalardan iborat. Ustki xona to‘g‘ri sakkiz qirrali bo‘lib, usti gumbaz bilan yopilgan. Gumbazning yuqori nuqtasida diametri 97 santimetrli doira shaklidagi teshik mavjud. Binoning umumiy balandligi sahndan shiftning yuqori nuqtasigacha 583 santimetr. Teng tomonli sakkiz burchak polning diagonali 615 santimetr, tomonlari esa 236 santimetrdan. Er ostidagi xona yer ustidagi xonaning kichraytirilgan nusxasi bo‘lib, balandligi 230 santimetr. Yer osti xonaning shiftidagi teshik kesik konus shaklida, yuqori asosining diagonali 30 santimetr, pastkisiniki 15 santimetr; yon tomonlari esa 28 santimetrga teng. Bu teshik pol proyeksiyasiga nisbatan shimol tomon 166 santimetrga surilgan. Bunda kesik konus o‘qi yer ustidagi xonaning shiftidagi doira shaklidagi teshik markaziga yo‘nalgan. Xar ikki teshik markazidan o‘tadigan chiziq joyning meridian tekisligida yotadi.

Chillaxonaning sanab o‘tilgan bu xususiyatlari qator savollarni keltirib chiqaradi: 1. Nima sababli har ikki xona gumbazidagi teshik doira shaklida? 2. Nima uchun yer osti xonasi teshigining markazi yer usti xonasi teshigining polga proyeksiyasiga nisbatan shimol tomonga 166 sm surilgan? 3. Nega yer osti xonasi shiftidagi teshik kesik konus shaklida? 4. Nega har ikkala xona shiftidagi teshiklar markazi joyning meridian tekisligida joylashgan? 5. Nima uchun kesik konus o‘qi yer usti xonasi teshigi markaziga yo‘naltirilgan va ufq tekisligiga nisbatan 73 gradus burchakda og‘gan? 6. Nima sababli har ikkala xona balandligi va diagonali nisbatan taxminan 2,2 kattalikka teng? Chillaxona diniy marosimlar o‘tkazilgan joy, deb taxmin qilinadigan bo‘lsa, biz yuqoridagi va boshqa savollarga javob topa olmaymiz. Agar Chillaxona diniy marosim inshooti emas, balki ilk o‘rta asrlardagi dioptrli astronomik qurilma bo‘lgan, deb taxmin qilinsagina mazkur savollarga javob topish mumkin. Biz olib borgan o‘lchash ishlari Chillaxona yer usti va yer osti xonalarining markazlarini birlashtiradigan chiziq pol tekisligiga nisbatan 73 gradus og‘ganini ko‘rsatadi. Bu og‘ish burchagi nima bilan izohlanadi? Toshkent kenglamasi taxminan 41,5 gradusga tengligini bilgan holda uning belgisini 90 gradusga qadar to‘ldiruvchi burchakni osonlik bilan aniqlash mumkin. U 48,5 gradusga teng bo‘lib chiqadi. Osmon ekvatori tekisligining ekliptika tekisligiga og‘ishi 23,5 gradusga teng. Bundan, quyosh yozgi quyosh turg‘unligi kunida meridiandan o‘tishda 48,5+23,5=72 gradus balandlikda bo‘lishini topamiz. Shunday qilib dioptrlar markazlarini birlashtiruvchi chiziqning og‘ishi yozgi quyosh turg‘unligi kunida quyoshni kuzatish bilan bog‘liqligini ta’kidlash mumkin.

Chillaxonaning konstruksiyasi turli astronomik masalalarni hal etish, jumladan, bahorgi tengkunlikni; yozgi quyosh turg‘unligini; ekvator tekisligining ekliptika tekisligiga og‘ish burchagini; quyosh avjga chiqqan tush paytini va sutka soatlarini; kuzatish joyi kenglamasini va hokazolarni aniqlash imkonini bergan.

Chillaxonaning tuzilishi bilan bog‘liq muhim elementlardan biri obskur kamerasi xisoblanadi. Gap shundaki, Toshkent Chillaxonasida osmon ob’yektlari tasvirini yaxshilash maqsadida, bu qurilmada ilk bor yon atrofdan keladigan yorug‘likni to‘sish uchun moslama yaratilgan, deb taxmin qilish mumkin. Unda ikki dioptrdan iborat tizimdan foydalanilganligi hozirgi teleskoplarda hamda fotoapparatlarda qo‘llanilayotgan diafragma halqalarini yodga soladi. Kesik konus shaklidagi dioptrning o‘zi esa teleskoplar va fotoapparatlar ob’yektivlari oldidagi yon atrof yorug‘ligini to‘sish uchun qo‘llaniladigan “blenda”ni eslatadi.

Dioptrli asboblar qadimgi davrlardayoq yaratila boshlangan. Doira shaklidagi teshikli gumbaz Markaziy va O‘rta Osiyo xalqlarining miloddan ancha avval ma’lum bo‘lgan o‘tovlari tuzilishini yodga soladi. Ko‘chmanchi xalqlar o‘tovlardan ikki xil maqsadda foydalanishgan. Birinchidan – turar joy, ikkinchidan, vaqtni aniqlash hamda yulduzli samoni kuzatish uchun quyosh soati tipidagi dioptrli astronomik qurilma bo‘lgan. Markaziy va O‘rta Osiyoda o‘tovdan, ya’ni doira shaklidagi teshigi (dioptri) bo‘lgan imoratdan dioptrli asboblarni yaratishda foydalangan bo‘lishlari ham mumkin. Bu hozirgi fotoapparatlarning prototipi bo‘lgan “obskura kamerasi” (qorrong‘u hona) ning bir turidir. O‘rta asrlar musulmon Sharqida “obskur kamerasi” effektiga asoslangan astronomik jihoz-binolar bunyod etila boshlandi. Obskur kameraci haqida Sharqdagi ilk ma’lumot Ibn al Xaysam (Alxazen) ning ko‘zgularga bag‘ishlangan risolasida qayd qilingan bo‘lib, undan Quyosh va Oyning ko‘rinma gardish diametrini aniqlashda foydalanilgan.

Jihoz- bino ikki qismdan tashkil topgan: biri – obskur kamerasi va ikkinchisi – kuzatish qurilmasi. Obskur kamerada yorug‘lik nuri xona devoridagi dioptr-tuynukdan o‘tib qarshi tarafdagi devorda teskari tasvirni hosil qiladi.

Toshkentdagi Chillaxona (VIII-X), Raydagi “Faxriy sekstanti” (X) va Samarqanddagi Ulug‘bek rasadxonasi (XV)[5] obskur kamerasi prinsipida bunyod etilgan astronomik dioptrli jihoz-binolardir. Davrlar o‘tishi bilan rasadxonalar qiyofasida bu astronomik jihoz ham takomillashib borgan. Masalan, Samarqand rasadxonasi universal bo‘lib, unda kunduzlari va tunlari yoritqichlar: Quyosh, Oy, sayyora va tayanch yulduzlarni kuzatish olib borish mumkin bo‘lgan. Ray rasadxonasida Quyoshni yil davomida kuzatib, uning ufqdan balandligi qayd qilingan.

Toshkentdagi Chillaxonada yozgi Quyosh turishini aniqlash imkoni bo‘lgan va bu o‘z navbatida chilla taqvimi tushunchasi bilan bog‘liq. Toshkent Chillaxonasining asosiy vazifasi ham aynan yozgi quyosh turg‘unligini kuzatib Chilla taqvimining “nul” punktini aniqlab berish bo‘lgan. Chilla taqvimi nihoyatda sodda, foydalanish uchun qulay, mukammmal va kabisasiz; mangu va hisoblidir. Chilla taqvimi kabisali taqvimlardan ancha ilgari paydo bo‘lib, chorvador va dehqonlarning taqvimi sifatida amalda keng qo‘llanilgan.

Chilla taqvimi ikki qism: yoz va qish davrlaridan iborat. Tabiatga oid maqol, iboralar, raqamlar bilan bog‘liq chilla taqvimi muddatlari quyidagicha:

Yoz: Qish:

26.06 – 04.08 = 40 = Chilla. = 40 = 26.12 – 03.02
01.06 – 29.08 = 90 = To‘qson. = 90 = 01.12 – 28.02
01.06 – 08.09 = 100 = Yuz kun = 100 = 01.12 – 10.03
01.06 – 21.09 = 113 = Dehqon hisobi = 110 = 01.12 – 20.03
21.03 – 31.05 = 72 = O‘tish davri. = 70 = 22.09 – 30.11
21.03 – 21.09 = 185 = 365 kun = 180 = 22.09 – 20.03

Toshkent shahri Yevropa va Osiyoni Xitoy bilan bog‘lovchi yo‘l (“Ipak yo‘li”) da joylashgani uchun ishonch bilan Toshkent chillaxonasi sayyohlar orasida ham ancha mashhur bo‘lgan, deb aytish mumkin. Shunday qilib, Chillaxona ilk o‘rta asrlardan yaxshi saqlanib qolgan dioptrli qurilmalardan biri, boshqacha qilib aytganda, biz hozirgi vaqtda teleskop deb ataydigan astronomik jihozning uzoq o‘tmishdagi dastlabki sodda ko‘rinishidir.

YUqorida keltirilgan tahlildan kelib chiqib, Toshkentdagi Shayx Zayniddin majmuasida joylashgan Chillaxona o‘z davrida astronomik kuzatuv ob’yekti yoki o‘ziga xos rasadxona bo‘lgan deyishga asos bor. Ayni vaqtda uni islomiy tushunchadagi chillaxona deyish bilan bir qatorda, astronomik ob’yekt sifatida ham e’tirof etmoq zarur.

S. Azizov

О функциональном назначении чиллаханы (VII-X вв.) у комплекса Шайха Зайниддина в Ташкенте

Входящее в общий комплекс памятника небольшое помещение чиллахоны (дословно – комнаты 40 – дневного поста) находится в непосредственной близости к мавзолею Шайха Зайниддина и представляет собой особое сооружение. Археологи установили, что чиллахона была построена в XI в, а позже, в XIV в. возведен остальной комплекс. Планировка помещения (алтарь направлен в сторону Мекки) говорит о том, что оно возведено как религиозное сооружение ислама. Однако исследователями доказано, что это сооружение исторически использовалось в качестве астрономического инструмента – взаимное расположение двух диоптров служило для наблюдений за перемещением летнего солнцестояния. Оно сходно с устройством диоптра в городах Рей, Марага и Самарканд. Это уникальный хорошо сохранившийся средневековый диоптровый астрономический инструмент был прообразом изобретенных впоследствии телескопов.

S. Azizov

Astronomical meaning of Chillahona is in a complex Shayh Zayniddin in Tashkent in VII-X centuries

The small apartment Chillahona is near the mausoleum Shayh Zayniddin and including a general complex of the monument nevertheless represents the special structure. Archaeologist founded, that chillahona was built in XI century and the other complex is erected later in XIV century. The plan of apartment (altar is directed to Mecca) says that it was erected as a religious structure of Islam. But researchers proved, that this structure was used historically as the astronomical tool – mutual arrangement two diopters which was served for supervision over moving summer sun standing. It is similar to the device diopter in cities Rey, Maraga and Samarkand. It is unique well saved medieval diopter the astronomical tool was a prototype subsequently invented telescopes.

[1] Левина- Булатова. В. А. К истории мавзолея Зейниддина. Ўз ССР ФА нинг “Архитектурное наследие Узбекистана” тўпламида. Тошкент Cанъатшунослик институти. 1960. –Б. 75-84

[2] Турсунов О. С., Азизов С. Х. Астрономический инструмент раннего Средневековья в центре Ташкента // Историко-астрономические исследования вып. XXV. Москва, Наука, 2000. С. 56-60

[3] Azizov S., Tursunov O.S/ Journal for the history of astronomy. Volume 33 Partt 1, February 2002, No. 110. A Medieval Observational Instrument in Tashkent

[4] Исмоил бин Муҳаммад Саъид. Ал – Фуйузот ар – Раббонийа. – Қоҳира, 1353 (1934 – 1935)

[5] Розенфельд. Б. А. Астрономия стран ислама. Исторические астрономические исследования. 1984. XVII. С. 67-122

Manba:

Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, «Fan» nashriyoti, 2009

https://shosh.uz/uz/toshkent-shahri-shayx-zayniddin-majmuasidagi-chillaxonaning-foydalanishi-xususida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x