Post Views:
92
TOSHKENT QAMALI (1852) – Toshkent hokimi Normuhammad qushbegining Musulmonqul mingboshi siyosatiga qarshi bosh ko‘tarib, Toshkentni Qo‘qondan mustaqil deb e’lon qilishi sabab bo‘lgan. Musulmonqul 1852 yil bahorda yosh Xudoyorxon hamrohligida Toshkentga yurish boshlagan, 7 martda 40 ming kishilik qo‘shin bilan Toshkentga yetib kelgan. Muhammad Solihxo‘janing yozishicha, Chirchiqdan o‘tgan qo‘shin Niyozbek qal’asiga hujum boshlagan, lekin qal’ani egallay olmagan Musulmonqul uning ro‘parasida Tanaso‘ydi mavzeida yangi qal’a qurdirib, u yerga qurol-yarog‘, oziq-ovqat zaxirasini bir qism navkarlari bilan qoldirib, o‘zi Toshkent qo‘rg‘oniga yetib kelgan. Jang vaqtida qo‘qonliklar safidan O‘tabboy qushbegi o‘g‘illari va yaqinlari bilan Normuhammad qushbegi tomonga o‘tib shahar ichiga kirib ketgan. Natijada Qo‘qon qo‘shinida tartibsizlik yuz berib, Musulmonqul Niyozbekka chekinib, Parvizshohi mavzeiga kelib to‘xtagan. Ertasi kuni Qo‘qonga qaytishda Chirchiqdan o‘tayotgan Musulmonqul qo‘shiniga shahardan chiqib kelgan O‘tabboy qushbegi boshliq Toshkent qo‘shini hujum qilib, katta talafot yetkazgan. Biroq, Musulmonqul 1–2 oydan so‘ng Toshkentga qayta qo‘shin tortib, uni qamal qilgan. Normuhammad qushbegi shahar mudofaasini kuchaytirish maqsadida shahardagi barcha savdogarlardan bir necha bor pul yiqqan, aholidan esa «tanob puli» solig‘ini olgan. Bundan tashqari, Buxoro amiriga o‘z vakilini, keyinroq tortiq sifatida 6000 qo‘y yuborib, Musulmonqulga qarshi kurashda yordam so‘ragan. Shaharga kirish-chiqish qattiq nazorat ostiga olingan, toshkentliklarga hatto Chirchiqdan o‘tish ham taqiqlangan. Shahar qozikalonini esa Musulmonqul bilan xufiya aloqasi borligi uchun hibsga olgan. «Tarixi jadidayi Toshkand» asariga ko‘ra shu paytda (1852 yil may) Xudoyorxon Toshkentda oq kigizga chiqarilib, qaytadan xonlikka ko‘tarilgan. O‘tabboy qushbegi amirlashkar etib tayinlanib, Qo‘qonga Musulmonqul tarafdorlariga qarshi yurishga jo‘natilgan. Bu yurish, ko‘p o‘tmay, xonlikda qipchoqlar qirg‘iniga olib kelgan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkent-qamali-1852-2/