Post Views:
277
O‘rda – Turkiy va mo‘g‘ul xalqlarida harbiy-ma’muriy manzilgoh, O‘rta asrlarda oliy hukmdor qarorgohi, arki. Yirik Turkiy va mo‘g‘ul davlatlari hamda ko‘chmanchi qabilalar ittifoqlari (Oltin o‘rda va No‘g‘oy o‘rda kabilar)ning nomi shundan kelib chiqqan. Podshoh, xon yoki biror oliy martabali shaxsning saroyi. Ayrim hollarda «ark» ham deb atalgan.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, qadimiy Toshkentning beshta o‘rdasi o‘rni aniqlangan:
1. Shahrimizning hozirgi Movarounnahr, Said Baraka, Moshtabib va Farg‘ona yo‘li (avvalgi Proletar, Pavlov, Klara Setkina va Kuybыshev) ko‘chalari oralig‘ida kattagina maydonni egallagan qadimgi Shoshning poytaxti xarobalaridan bizning davrimizgacha faqat 100×40 metrli kichik bir qismigina saqlanib qolgan Mingo‘rik deb atalgan tepalikda o‘tkazilgan arxeologik qazilmalar natijada, bu yerda qadimgi Shosh davlati poytaxtining 0,5 gektarga teng o‘rdasi ekanligi ma’lum bo‘ldi. O‘rda mudofaa devorlari va o‘z shahristoniga ham ega bo‘lgan. 713 yilda Chochga kirib kelgan arab qo‘shinlari tomonidan shahar vayron qilingan. 1830 yillarda Qo‘qon xonligi davrida shahar qoldiqlari o‘rnida o‘rikzorlar barpo qilingan. Yodgorlikning «Mingo‘rik» deb atalishining sababi shundan. Mingo‘rik Shayxontohur dahasining mavzelaridan biri bo‘lgan. Toshkentning 2200 yillik yubileyi munosabati bilan konservatsiya qilib qo‘yildi.
2. Toshkentning ikkinchi o‘rdasi hozirgi Eskijo‘va maydoni hududida bo‘lgan (IX—XVI asrlar). X asr tarixchilari Ibn Xavqal, Maqdisiy, Istarxiy qoldirgan malumotlarga ko‘ra, Toshkentning o‘rdasi alohida devor bilan o‘ralib, 2 darvozadan iborat bo‘lgan, biridan rabotga, ikkinchisidan shahristonga chiqilgan. O‘rda ichida xon saroyi, zarbxona va qamoqxona joylashgan bo‘lib, o‘rda devoriga tashqaridan jome masjidi tutashgan. Umumiy maydoni 1 gektar atrofida bo‘lgan. Shahriston arkka qaraganda katta hududni egallab, u ham devor bilan o‘ralgan. Shahristonning Abul Abbos, Gumbaz, Qasr nomli uch darvozasi bo‘lgan. Darvozalardan biri hozirgi Abror Hidoyatov nomli teatr binosi oldida joylashgan. Shahristonda hunarmandlarning mahallalari, mulkdorlarning ko‘shk va qo‘rg‘onlari, savdo do‘konlari bo‘lgan. Shahristonning Gulbozor mahallasida butun Turkistonda va Xurosonda piri murshidlarning biri maqomiga ko‘tarilgan, nomi islom dunyosida ulug‘langan Xoja Ahror Valiy hazratlari tomonidan jome masjidi va madrasasi qurilgan (XV asr).
Shahristonning janubiy-g‘arbiy qismida keyinchalik Ko‘kaldosh madrasasi qurilgan.
3. XV-XVII asrlar shahar hududi Beshyog‘och va O‘rda tomonlarining kengayishi munosabati bilan Beshyog‘och dahasining Qoratosh va Olmazor mahallari hududi o‘rnida Yangi o‘rda qurilgan. Shahar atrofi yangitdan yagona devor bilan o‘ralgan. O‘rda hududida ma’muriy binolar va xon saroyi bo‘lgan. XVII asr boshlarida Buxoro xoni shahar bilan o‘rdani butunlay vayron qilgan. Natijada, markaziy boshqarilayotgan katta shahar inqirozga yuz tutib, to‘rt dahaga bo‘linib ketgan, har bir dahada alohida-alohida xonlar shaharni o‘z holicha boshqara boshlagan (bu davr chorhokimlik nomi bilan tarixda qolgan). XIX asrda bu yerdagi mahalla Eskio‘rda mahallasi nomi bilan mashhur bo‘lgan. Eski o‘rdadan o‘sha davrga xos Qoratosh hammomi xarobalari saqlanib qolgan edi.
4. To‘rt daha (Beshyog‘och, Sebzor, Ko‘kcha va Shayxontohur) xonliklari o‘rtasida tez-tez nizolar chiqib turardi. Chorsu bozorini kesib o‘tgan Jangob arig‘i bo‘ylarida va Janggoh mahallari hududlarida (hozirgi A. Qodiriy nomli istirohat bog‘ining bir qismi) dahalar o‘rtasida ochiq janglar bo‘lib o‘tdi. Bu jangda Shayxontohur dahasining hokimi Yunusxo‘ja g‘olib kela boshladi va shahar, viloyat hokimligini qo‘lga kiritadi. XVIII asrning 80-yillarida Yunusxo‘ja Shayxontohur dahasida mudofaa devorlari bilan o‘ralgan kichik o‘rda qurdiradi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, bu o‘rda Anhorning o‘ng sohilidagi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi binosi atroflarida bo‘lgan.
XIX asrning boshlarida Qo‘qon xoni Olimxon tomonidan Toshkent bosib olingach, bu o‘rda ham vayron qilinadi.
XIX asrning 30-yillarida Qo‘qon xoni Anhor kanalining chap sohili (tahminan hozirga Mustaqillik maydoni o‘rnida) yangi o‘rda qurdiradi. O‘rda ichida mustahkamlangan qasr, garnizon kazarmalari, qurol-yarog‘ omborlari, hammom va mamuriy binolar joylashgan edi. Hammom 1966 yilda buzilgan. («Anhor» kafesining orqasida edi). Hammom devorlarinig g‘ishtlari 1985 yili Abulqosim madrasasi ta’miriga ishlatish uchun olib kelingan.
O‘rda qal’asi 10 ming askar sig‘ishiga mo‘ljallangan edi. O‘rda shahar va viloyat hokimi uchun maxsus qo‘rg‘on-qarorgoh bo‘lgan. Keyinchalik qo‘shimcha mudofaa devorlari qurilishi bilan shahar tarkibiga kiritilgan. Qo‘qon xonining Toshkentdagi noyibi – beklarbegining mahkamasi va xon saroyi ham shu yerda edi. Qo‘qon xoni Toshkentga kelganida juda dabdaba bilan kutib olinar edi.
Toshkent Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingach, (1865) Chernyayev o‘z shtabi bilan o‘rdadagi xon saroyiga, bosqinchi askarlarning bir qismi saroy yonidagi sarbozlar yotoqxonasiga joylashtirildi. Ofitserlar esa o‘rda tashqarisidagi egasiz qolgan Qashqar mahalladagi xonadonlarga joylashtiriladi. Lekin, mustamlakachilar o‘sha yili zudlik bilan qurilgan Tuproqqo‘rg‘onga ko‘chib o‘tadilar. O‘rdadagi xon saroyi, mudofaa devorlari keyinchalik buzib tashlanadi va yangi shaharga qo‘shib yuboriladi.
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkent-o-rdalari/