Post Views:
324
TOSHKENT MINERAL SUVI – Toshkent atrofi artezian havzasiga mansub, maxsus xossa va komponentlarga ega bo‘lgan mineral suvi. YUqori bo‘r – senoman yarusidagi gravelit va qumtosh qatlamlarida joylashgan. Dastlab 1948 yil Eshonqo‘rg‘on strukturasi (Qozog‘istonning Janubiy Qozog‘iston viloyati, Sariog‘och shahri)da topilgan. Toshkent atrofidagi senoman yarusida o‘nlab burg‘i qudug‘i kovlangan. Bu quduqlardan suv bosim ostida chiqib, ular favvora rejimida 1,35 l/sek.dan 10,6 l/sek. debit bilan ishlagan. Toshkent mineral suvi 1100 m dan 2345 m gacha bo‘lgan gorizontda topilgan. Bu azot-ishqorli issiq suv bo‘lib, 0,6–1,14 g/l minerallanishga ega. Suvning joylashish chuqurligiga qarab temperaturasi 360 dan 710 gacha. Tarkibi gidrokarbonat-natriyli, sulfat-gidrokarbonat-natriyli, ba’zan xlorid-sulfat-gidrokarbonat-natriyli bo‘lib, unda radon konsentratsiyasi 4–9, ba’zi mikroelementlar (Si, Al, Fe, Ti, Mo, V) ham mavjud. Toshkent mineral suvida geliy 0,2–1,6, argon 0,5–1,7, SO2 1,2–1,3 hajmli foizlarda erigan. Suv tarkibida (4,8–8,12) 10-6 g/l uran, (1,4–9,9) 10-12 g/l radiy; gazlardan 89,6% erigan azot, 12–18,6% kislorod, 0,5–8,9 karbonat angidrid bor. Suvning umumiy qattiqligi 7,2–8,2. Shifobaxsh omillari – yuqori temperaturasi, kremniy kislotaga (30–40 mg/l) boyligidir.
Toshkent mineral suvidan hozirgi vaqtda Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy markazi va «Chinobod», «Turon», «Botanika», «Chatqol» va boshqa fizioterapevtik shifoxonalarda foydalaniladi. Mineral suv tayanch-harakat organlari, asab sistemasi, ginekologik, ekzema, neyrodermit, oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda qo‘llanadi. Shuningdek, 1952 yildan shifobaxsh ichimlik suvi sifatida iste’mol qilinadi. Toshkent mineral suvidan ko‘plab foydalanish oqibatida burg‘i quduqlaridan suvning tabiiy bosim ostida chiqishi (1l/sek. yoki undan kam) keskin kamayib, pyezometrik sathning muntazam ravishda pasayishi kuzatilmoqda. Shuning uchun, Toshkent mineral suvidan foydalanishni qat’iy nazorat ostiga olish zarur.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkent-mineral-suvi-2/