Post Views:
594
Qadimgi Toshkent taraqqiyotining dastlabki bosqichlaridagi tuzilishi va planlashtirilishi ko‘p jihatdan bizga noaniq. Ehtimol, shahar aholisi o‘troq yerlarda, sharqdan g‘arb va janubga qarab ketgan katta karvon yo‘li bo‘yida joylashganligi uchun ham siyosiy vaziyat va harbiy to‘qnashuvlar tufayli o‘z o‘rnini o‘zgartirib turgandir. U davrlarda bir joyda gurkirab turgan shahar xarobaga aylanishi va biroz narida qayta bunyod bo‘lishi tabiiy edi. Bunga ma’lum darajada shaharning kuchli seysmik zonada joylashganligi ham sabab bo‘lgan. Arxeologik qazishlar natijasida turli tepalar (bag‘rida aholi yashaganligidan darak beradigan xarobalar) ochildi. Bulardan eng muhimlari – Jo‘n arig‘i bo‘yidagi Shoshtepa va Salor arig‘i bo‘yidagi Mingo‘rik xarobalaridir. Ulardagi inshootlar, asosan, xom g‘isht va paxsadan qurilgan. 5–7-asrlar arxeologik yodgorliklari orasida Yunusobod Oqtepasi alohida e’tiborga loyiq. Ikki qavatli qo‘rg‘onning atrofi qalin paxsa devor bilan o‘ralgan, ravoqli. Qo‘rg‘onning doira va to‘g‘ri to‘rburchak tarhli xonalari bo‘lgan. Qo‘rg‘on tarkibida O‘rta Osiyo me’morligidagi dastlabki namunalardan hisoblangan gumbazli xona – otashparastlarning ibodatxonasi bor. Shahar me’morligi aholi tabaqalanishini yaqqol aks ettirgan. Qo‘rg‘onda shahar hukmdorlari yashagan bo‘lsa, uning chekkalaridan boshlanib, istehkom devorigacha tutashgan, tashqi ko‘rinishi oddiy, past-baland uylarda hunarmandlar, dehqonlar yashagan. Rivojlangan zamindorlik davriga kelib, shahar shimoli g‘arbga qarab, Jangob arig‘i bo‘ylariga ko‘chgan (q. Binkat). 10–12-asrda bu shahar qurilishida qismlarga ajralish yaqqol sezilgan. U, asosan, 4 qismdan – ark (O‘rda), shahriston (ichki shahar) va qo‘sh (ichki hamda tashqi) raboddan iborat bo‘lgan. Arkdan hokim saroyi va boshqa ma’muriy binolar o‘rin olgan. Shahristonda binolar ancha zich joylashgan. Markaziy Chorsu bozori va Registon maydoni shahristonga tutash bo‘lgan. Savdo-sotiq do‘konlari, hunarmandchilik ustaxonalari, asosan, ichki raboddan o‘rin olgan. Tashqi rabodda turar joy, imoratlar oz, bog‘-rog‘lar ko‘p bo‘lib, shaharni meva-cheva, sabzavot bilan ta’minlagan. Shaharning qismlari mustahkam paxsa devor bilan o‘ralgan (umumiy devorga ega bo‘lgan va yonma-yon joylashgan ark bilan shahriston bundan mustasno), devorlarga darvozalar qurilgan. Darvozalardan shahriston markaziga tomon ketgan yo‘l shaharning kelgusidagi tarhiga aniqlik kiritgan.
Toshkent Chirchiq daryosi bo‘yidagi boshqa shaharlar va qishloqlar bilan yaxlit shaharsozlik tizimini tashkil qilgan. Voha mudofaa devori (Kanpirdevor) bilan muhofaza qilingan. Mo‘g‘ullar istilosi (1220 yil) shaharga katta talafot keltirdi. 13-asrda Toshkentda yirik qurilishlar deyarli olib borilmagan. Shu davr inshootlaridan Ko‘kchadagi Shayx Zayniddinbobo maqbarasi bizgacha yetib kelgan.
14-asr oxiri – 15-asrga kelib Toshkentning qo‘rg‘on devori tiklangan. Shahar ichida va atrofida me’morlik haziralari paydo bo‘lgan, mahobatli inshootlar qurilgan. Zangiota qishlog‘idagi Zangiota va Anbarbibi maqbaralari, Eski shahardagi Jome masjidi, Pushti hammom, Shayx Xovandi Tohur maqbarasi, Yunusxon xonaqohi shular jumlasidandir. Shahristondagi ko‘p qurilishlar Xoja Ahror Valiy nomi bilan bog‘liq. Xususan, uning homiyligida qurilgan (1451) Xoja Ahror masjidi va madrasasi shaharda juda mashhur bo‘lgan.
16-asr Movarounnahrda Toshkent mavqyei o‘sib, koshinkor binolar qurila boshlagan: Chorsudagi Ko‘kaldosh madrasasi, Hasti Imomdagi Qaffol Shoshiy maqbarasi va Baroqxon madrasasi, Qoratoshdagi hammom va boshqalar. 17-asr va undan keyingi asrlarda qurilgan yodgorliklar qatoriga Qorasaroydagi Ibrohimota maqbarasi, Chilonzordagi Xayrobod maqbarasi va masjidi, Beshyog‘och ko‘chasidagi Baland masjidi va madrasasi, «Istiqlol» san’at saroyi oldidagi Abulqosim madrasasi, Hazrati Imomdagi Mo‘yi muborak madrasasi, Tilla shayx masjidi, shuningdek, «Yalangqar», «Oxunguzar», «Kallaxona» mahallalarining yirik masjidlari kiradi.
18-asr 1-yarmida Toshkentning ikki qo‘rg‘on devori ichki hamda tashqi qismlarini o‘rab turgan; 40 ga yaqin jome va juda ko‘p mahalla masjidlari bo‘lgan. Registon maydonida xarsang tosh bilan qoplangan, tomonlari 20 m li hovuz qurilgan, uning chetlarida daraxtlar o‘sgan. Yunusxo‘ja Toshkentda chorhokimlikka barham berib, shahar dahalarini birlashtirgach (80-yil o‘rtalari) nurab qolgan qo‘rg‘on devorlari qayta tiklandi. Hokim Yunusxo‘janing qarorgohi Qoratoshda bo‘lgan (Eski O‘rda).
19-asrning 1-yarmida Toshkent har tarafga, ayniqsa sharqqa qarab kengaygan. Anhorning aholi kelib o‘rnashgan chap sohili Yangi mahalla yoki Yangi shahar deb atalgan. O‘sha asr boshida Anhorning chap sohilida (hozirgi «Anhor» kafesining sharqiy tomonida) Yangi O‘rda qurildi. O‘rdaning janubi-g‘arbiy burchagi turtib chiqqan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida (sharqiy devori – 540 m, janubiysi – 490 m) bo‘lgan. Ichida beklarbegi saroyi, sarbozlar maydoni, boshqa binolar joylashgan. O‘rda aholisi Fadir arig‘idan suv ichgan, talaygina hovuzlari bo‘lgan.
19-asr o‘rtasida Toshkent qo‘rg‘on devorining balandligi 8 metrga yetgan; tepasida ikki otliq bemalol yonma-yon yura olgan; boru va burj kabi muhofaza inshootlari bo‘lgan. Devor shimolda Kaykovus arig‘iga yaqin joydan, sharqda Shibli arig‘ining o‘ng sohili, janubi-sharqda Bo‘rijar arig‘ining yuqori qismi bo‘ylab, janubda Zax arig‘ining shimolidan o‘tgan. Shahar atrofidagi mavzelar bilan bog‘lanish uchun qo‘rg‘on devorida katta (darvoza) va kichikroq (qopqa) eshiklar bo‘lgan. Darvozalar 12 ta, qopqalar soni esa aniq emas. Darvozalardan boshlanadigan ko‘chalar nisbatan to‘g‘ri va katta bo‘lib, shahar ichkarisida asosiy markazi (Chorsu) bilan bog‘lansa, tashqarisida boshqa shahar va qishloqlarga olib boruvchi yo‘l sifatida davom etgan. Chorsu va O‘rdani (narida Qashg‘ar darvozasi bilan ham) birlashtiruvchi ko‘cha alohida ahamiyatli bo‘lib, Katta ko‘cha (keyinchalik Toshko‘cha) deb atalgan. Asosiy ko‘chalarga tutashgan boshqa ko‘chalar tor va egri-bugri bo‘lgan. 1909 yil ma’lumotiga ko‘ra, ko‘chalarning umumiy uzunligi 1343 km ga yetgan.
«Chorsu» bozori nafaqat savdo, balki hunarmandchilik markazi ham bo‘lgan. Tomoshalar va bayram kunlari tungi bozor (bozorshab) o‘tkazilgan. Bir xil mollar bilan savdo qiluvchi bozorcha maydoni alohida joy olgan. Hunarmandlar rastasi ham maxsus joylarni egallagan. 20-asr boshlarida alloflik, g‘allabozor, arpabozor, bedabozor, somonbozor, bordonbozor, gilambozor, kigizbozor, namatbozor, ko‘rpabozor, kattabozor, ko‘mirsaroy, kulolbozor, tovoqbozor, ko‘chatbozor, mevabozor, nonguzar, sabzavot kabi bozorcha-maydonlar hamda bazzozlik, chitfurushlik, beshikchilik, vassabozor, dukchilik, zargarlik, ko‘nchilik, romsozlik, sovungarlik, sarrojlik, sahhoflik, tunukachilik, etikdo‘zlik, misgarlik, charxchilik kabi jami 40 ga yaqin hunarmandchilik rastalari bo‘lgan. Rastalarning ba’zilari usti berk (tomi avval tuproq, keyin tunuka) timda joylashgan. Tim yozda soya-salqin bo‘lgan. Qor-yomg‘irda loygarchilikdan asragan. Do‘konlar, odatda, oldi ko‘tarib qo‘yiladigan ravonli sinchkor katalak xonada bo‘lib, ularning umumiy soni 4,5 mingga yetgan. Bozorda Chorsu arig‘ining yaqinida usti tomli Dukkosha (Ukkosha) bulog‘i, uning oldida Badalmat hammomi (hozirgi «Chorsu» mehmonxonasi o‘rnida) bo‘lgan. Bozordagi boshqa hammomlar [Pushti hammom – erlar uchun, Mahsido‘zlik ko‘chasida; xotin-qizlar uchun alohida bo‘lgan, saqlanmagan (hozirgi Bolalar ijodiyoti markazi orqa qismida)] ham o‘ziga xos uslubda qurilgan. Bozor ichida va atrofida bir qancha karvonsaroylar mavjud edi. Shahar qadimdan Ko‘kcha, Sebzor, Shayxontohur va Beshyog‘och dahalariga bo‘lingan. 20-asr boshlarida Toshkent tarkibiga 280 ga yaqin mahalla, 170 ga yaqin mavze kirgan.
Xalq me’morligida paxsa, guvala, xom g‘isht va yapaloq pishiq g‘isht qo‘llangan. 19-asrning so‘nggi choragidan to‘g‘ri to‘rtburchak yuzli (salloti) g‘isht, fanera, tunuka, oyna kabi qurilish materiallaridan foydalanilgan. Sinchkor konstruksiyalar keng tarqalgan. Ravoq, toqi, gumbazlar ko‘proq madrasa, masjid, maqbara, hammom kabi binolarda qo‘llangan. Bezak sifatida rangdor naqsh, ganch va yog‘och o‘ymakorligidan foydalanilgan. Toshkent amaliy san’atining o‘ziga xos xususiyatlari T.Arslonqulov, A.Boltayev, S.Xo‘jayev kabi xalq ustalari ijodida aks etgan. Aholi yashaydigan uylar bir-biridan farq qilgan. Kambag‘allarniki sodda va kichik, boylarniki ko‘p xonali, naqshinkor bo‘lgan. Uylar, asosan, 2 xona, dahliz va ayvondan tashkil topgan. Aksari tashqari va ichkari hovlilardan iborat bo‘lgan. Hovli sahnida supa bo‘lib, tok, tut, o‘rik, olma kabi mevali daraxtlar ekilgan. Deyarli har bir hovlidan ariq o‘tkazilib, undan suv ichilgan, ekinlar sug‘orilgan. Toshkentda usti yopiq hovlilar ham keng tarqalgan. Badavlat kishilarning uylari ikki qavatli bo‘lgan. Shahar devoridan tashqaridagi dala hovli (qo‘rg‘on)larning muhofazasiga alohida e’tibor berilgan. Devorlari paxsadan urilib, ba’zan guldasta (devorga tutash minorasimon element)lar bilan bezalgan. Qo‘rg‘on uylarda ayvonlar ko‘proq o‘rin olgan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkent-me-morchilik-va-shaharsozlik-1-qism/