Post Views:
153
TO‘XTABOY JOME MASJIDI, To‘xtaboyvachcha masjidi (Forobiy ko‘chasi, 13) – 20-asr boshiga oid me’moriy yodgorlik (1908). Shu mahallalik tijoratchi boylardan To‘xtaboyota tomonidan qurilgan. Masjid 1500–2000 namozxonga mo‘ljallangan. 1998 yil avgustda ro‘yxatdan o‘tgan. Masjid sho‘rolar davrida, xususan 2-jahon urushi yillarida harbiy komissariat, keyinchalik maktab, so‘ngra shisha idishlar saqlanadigan omborxona ham bo‘lgan. 1989 yil musulmonlar ixtiyoriga qayta topshirilgan. Mustaqillik yillarida ta’mirlanib, muhtasham binoga aylantirilgan. Masjidning old qismi 30×4,5 m lik ayvon, 15×5 m lik peshayvon, 4 namozxona, 3 ta kichik xonalar: imom-xatib xonasi, qorovulxona, noib imomlar xonasi; mutavalliyot va oshxonadan iborat. Hovli sathi 25×16 m ni tashkil qiladi. masjid, asosan, Hofiz Ko‘hakiy, «Eski shahar» va «Qo‘shtut» mahallalariga xizmat qiladi.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkent-masjidlari-to-xtaboy-jome-masjidi/