Toshkent gerbi


Post Views:
660

TOSHKENT GERBI – ilk o‘rta asrlardayoq Toshkentning o‘ziga xos ramzi yuzaga kelgan. 8-asrda Choch (Shosh) shahrining nishoni qoplon (tog‘ barsi) bo‘lgan. Buni 8-asrning 1-yarmida hukmdorlik qilgan yabg‘u Tarnavch nomi bilan zarb qilingan tangalarning old tomonida qoplon, orqasida esa qang‘arlarning ayri tamg‘ali va sug‘d yozuvida «Tarnavch» deb bitilgan muhri tasvirida ko‘rish mumkin (1-rasm).

Chor Rossiyasi davrida ham Toshkentning gerbi – shahar emblemasi bo‘lgan. Turkiston general-gubernatorligi tomonidan 1909 yil 21 aprelda qabul qilingan shahar gerbi oltin qalqon shaklida ishlangan. Qalqon o‘rtasidan to‘lqinsimon moviy belbog‘ bilan o‘ralgan, belbog‘ning yuqori va pastida tok barglari tasvirlangan. Gerbning yuqori qismiga 3 tishli toj minora o‘rnatilgan. Atrofi Aleksandr tasmasi bilan biriktirilgan 2 ta zarhal tok novdasi bilan o‘ralgan. Gerbdagi belbog‘ o‘lka hayot manbai – Sirdaryo daryosi timsoli, tok barglari va novdalari esa o‘lkada uzumchilik rivojlanganini ifodalaydi (2-rasm).

Shaharning sho‘rolar tuzumi davrida – 1981 yil 20 martda tasdiqlangan gerbi ochiq kitob shaklida, yarmida respeblikaning o‘sha davrdagi davlat bayrog‘i tasvirlangan, o‘rtada quyosh gardishi ichida Toshkentning asosiy muzeyi binosi, Toshkent yirik paxtakor respublika markazi, do‘stlik va tinchlik shahri ramzi sifatida bir chanoq paxta va kabutar tasvirlangan. Kompozitsiya markazidagi shesternya Toshkentning yirik industrial shahar ekanligi ramzidir. Gerbning yuqori qismida «Toshkent» so‘zi yozilgan (3-rasm).

Toshkent shahrining hozirgi gerbi shahar hokimligining 1997 yil 23 yanvardagi qarori asosida qabul qilingan. Hokimlikning 2003 yil 4 fevraldagi qarori bilan uning tasviriga o‘zgartirishlar kiritilgan. Toshkent gerbi doira shaklida ifodalangan. Doiraning yuqori qismi gardishida chiziqlar orasida Amir Temurning «Kuch – adolatdadir» degan so‘zlari lotin alifbosida bitilgan. Doiraning markaziy qismida ikki tabaqali ochiq darvoza tasviri solingan. Darvozaning yuqorisida sharqona gumbaz ifodalangan. Gumbaz ostida, quyosh shaklidagi non rasmi bor. Non tasviridan pastroqda tog‘lar, undan quyiroqda oqib kelayotgan daryolar tasviri tushirilgan. Shaklning quyi qismi so‘l tomonida o‘rik gullari va barglari, o‘ng tomonida uzum va tok yaproqlari tasvirlangan. Gerbning pastki qismida «Toshkent» deb yozib qo‘yilgan. Doira – Yer kurrasi ma’nosini ifodalaydi. Doiraning gardishida joylashgan jimjimador halqasimon shakl – yer, suv, ariq va favvoralar jilosi. Ochiq darvoza Toshkentning qadimdan Sharq darvozasi ekanligi ramzidir. Non shaklidagi quyosh – Toshkentning rizq-ro‘z, to‘kin-sochinlik manbai, farovon, serquyosh shahar ekanligi belgisi. Baland tog‘lar va ikki daryo respublikamiz tabiatining timsoli. Gerb tasvirida Toshkent – sanoat, ilm-fan, madaniyat, ma’naviyat markazi, do‘stlik timsoli, mustaqil respublika poytaxti, Vatan yuragi, yurt ko‘rki sifatida ifodalangan (4-rasm).

Toshkent shahrining temir yo‘l vokzali maydonida «Toshkent gerbi» yodgorlik kompozitsiyasi yaratilgan. Me’moriy kompozitsiya yirik granit bloklardan yasalgan postament va jajji sharsharali chiroyli suv havzasini birlashtiradi. Kompozitsiya atrofidagi maydon dam olish zonasiga aylantirilgan. Yodgorlik loyihasi 1995 yil «Toshkentboshplan LITI» instituti tomonidan ishlab chiqilgan (me’mor N.G.Narutskaya, hayk. R.Avakiyan).

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/toshkent-gerbi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x